Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Yomonligi o'ziga qaytgan qaynopalar
19:32
Yomonligi o'ziga qaytgan qaynopalar
— Oilada uch opa-singilning kenjasiman. Oilamizga havas qiladigan dadamning do'sti: «Bitta qizingni kelin qilaman», deb niyat qilgan ekan. Ikki opam uzatilgach, bu tilakni amalga oshirish mening chekimga tushdi. «Ikki qizingdan quruq qoldim, endi uchinchingni o'g'limdan boshqasiga bermaysan», deb turib oldi bo'lajak qaynotam.
«Sendan qizim aylansin», deya dadam ham qo'l tashlab rozilik beribdi. Xullas, taqdirim mening ixtiyorimsiz boshqa bir insonga bog'landi. Kuyov bo'lmish xorijda bo'lgani uchun fotihani tayin qilib, kelishi hamonoq to'y qilishga kelishib olishdi. Bir olam orzularim bor edi. Hattoki opalarim singari kuyov bilan shirin entikib uchrashish ham nasib etmadi. Yolg'on bo'lmasin, to'yga ikki kun qolganda u bilan uchrashdik. Qahramon ekan ismi. Bo'y-bas-ti kelishgan, qirra burun, hind yigitlariga o'xshab ketarkan. Menga boshdan-oyoq razm solgan yigit:
— Hm, Muattar deganlari sizmisiz?.. — dedi allaqanday mensimagan ohangda. Ichimda uyg'onayotgan shirin tuyg'ular uning bu gapidan so'ng bir zumda o'chib qoldi.
— Men sizga uylanolmayman, — dedi u dabdurustdan. Yigitning ko'zlariga qaradim. Uning ko'zlari qahrli va kibrli boqardi.
— Nega unday deysiz? Axir fotihamiz… — gapim og'zimda qoldi.
— Mendan so'ramay fotiha qilishgan. Mening o'z suyganim bor.
Bir olam shirin orzular bilan uchrashuvga chiqqan ko'nglim yer bilan chilparchin bo'ldi. Yig'lagancha yugurib ketdim. Keyin bu haqda katta opamga aytdim. Voqeadan xabar topgan dadam darhol do'stini yoniga chorladi.
— Qahhor, bu nima gap? O'g'ling o'z sevganim bor, deganmish. Axir ikki kundan keyinga to'y belgilangan…
Dadamning e'tirozini tinglagan bo'lajak qaynotam bo'g'riqib gapirdi:
— U tentak bola gapiraveradi. Ahamiyat berma. Albatta, to'y bo'ladi. Bitta o'g'il deb ko'ngliga qaraganimga juda haddidan oshib ketibdi. To'y bo'ladi, vassalom.
To'y bo'ldi. Yig'lab-yig'lab kelin bo'ldim. Yangi xonadonda meni nimalar kutayotganini o'zimcha tasavvur qilishga ham qo'rqardim.
Qaynonam vafot etgan. Qaynotam esa menga mehribon edi. Ammo erim va uning ikki opasi menga qarshi tish qayrashardi. To'y kuni kechasi erim ikki yelkasining orasiga o'yib yozilgan ismni ko'rsatdi:
— Uni juda sevardim. Sevgimning isboti sifatida mana, azobiga chidab, ninada o'yib yozdirganman. Ammo seni deb dadam meni undan judo qildi.
Unga qarshi biror so'z aytolmasdim. Yostiqqa bag'rimni bergancha yig'lardim. Ikki qaynopamning qilmishlari esa erimnikidan ham o'tib tushardi. Kunda-kunora kelib, qilgan har bir ishimdan kamchilik topishga, meni boshqalar oldida mulzam qilishga urinishardi ular.
Bir kuni kir yuvib o'tirsam, katta qaynopam Risolat kirib keldi.
— Ha, kir yuvyapsizmi? — dedi mensimay.
— Keling, opa, — deya o'rnimdan turdim. Endi so'rashmoqchiydim, u yuzini o'girdi. So'ng ilondek vishillab:
— Sen tufayli ukam bilan otam teskari bo'lib qolishdi. Shuning uchun seni yoqtirmayman. Sho'rlik jigarim o'z sevganiga erisholmadi. Hammasiga sen sababchisan. Baribir, bu uydan ketmaguningcha tinchimayman, — dedi.
Muzlab qoldim. Axir men sho'rlikda nima ayb?
— Risolat, uyingga ket. Nima bor bu yerda? — degan ovoz eshitildi ortimdan.
O'girildim. Bizning gapimizni eshitib turgan qaynotam qizini urishib berdi.
— Ada, sizlarni ham ko'rgani kelolmaymanmi, endi… — yolg'ondan otasiga yig'lamsirab gapirdi qaynopam.
— Kelsang, to'g'ri kelib, to'g'ri ket, — dedi qaynotam. So'ng menga yuzlandi: — Qizim, choy qo'yvoring.
Oshxonaga o'tib, choy qo'ydim. Non, qand-qurs, choy qilib qaynotam va qizi o'tirgan xonaga kirdim. Garchi gaplaridan ko'nglim ranjigan esa-da, ammo bildirmay ochiq chehra bilan choy uzatdim. Ota-bolani yolg'iz qoldirib, ishimga qaytdim. Ne ko'z bilan ko'rayki, oppoq kirlar ivitilgan tog'oraga kimdir (to'g'rirog'i, qaynopam) rangi chiqadigan sochiqlarni ham solib qo'ygandi. Ko'k va qizil ranglar oppoq ko'ylakni ko'rib bo'lmaydigan darajaga keltirgandi. Yig'lab yubordim. Alam qildi. Ammo qaynotamga sezdirmadim. Bunday yuvilgan kir uchun erimdan tarsaki yedim. Xullas, qaynopalarimning biri kelib, biri ketar, har gal turli nag'malar bilan meni shu uydan ketkazishga urinishardi. Ammo sabr qilardim. Albatta, bir kuni baxtim yuzaga chiqishiga ishonardim.
Boshqorong'i bo'lganimni eshitib, erim biroz iliq munosabatda bo'la boshladi. Biroq bu yangilikni eshitgan ajdaho opalarimiz boladan qutulish yo'llarini o'ylashdi. Shunday kunlarning birida ularning gapini eshitib qoldim.
— Choyiga qo'shib qo'y, tez ta'sir qilarkan, — dedi katta qaynopam.
— Aniqmi? — dedi kichigi.
— Kampir aytdi, shu choyni ichsa, bolasi tushishi aniq ekan.
Qo'rqib ketdim. Men nima yomonlik qildim axir? Qornimdagi ham begonamas, jigarining zurriyodi-ku… Shu qadar ham tuban ayollar bo'ladimi?
Ularning rejasidan boxabar bo'lganim uchun qaynopalarim bergan choyni yolg'ondan uyga olib kirib ketgan bo'ldim-u, hammasini derazadan tashqariga to'kib yubordim. Ikki kun davomida biri qo'yib, biri: «Yaxshimisiz, Muattar? Hech qaeringiz og'rimayaptimi?» deb so'rashdi. «Yo'q, yaxshiman», dedim. Ular bir-biriga savolomuz qarab qo'yishardi. Xullas, bolam tug'ilguncha o'z ehtiyotimni qilib yurdim.
Xudoga shukr, oy-kunim yetib, pahlavondek o'g'illi bo'ldim. Erimning quvonchi cheksiz edi. O'g'lini yeru ko'kka ishonmasdi. Qaynotam ham nabira bilan andarmon bo'lib qoldi. Biroq bolamning ammalari o'z niyatidan kechay demasdi. Risolat opam kelib, erimga: «Onam bo'lganida bizni chiroyli kutib olardi. Manavi xotining na choy qo'yadi, na ovqat qiladi. Esizgina, o'z ota uyimizga ham sig'maymiz», deb yolg'ondan bizni urishtirardi. Tabiiyki, menga ko'ngli yo'q erim opalarining gapiga kirib, rosa kaltaklardi. Bolamni bag'rimga bosgancha, unsiz yig'lardim. Ammo na opalarimga, na ota-onam yoki akamga dardimni aytolmasdim. Xudodan faqat va faqat sabr tilab yashardim.
Ikkinchi bolam — qizim tug'ilganda, qaynotamning ahvoli og'irlashdi. Bir kuni u meni yoniga chorlab:
— Muattar, qizim, bilaman, sizga qiyin. Bir tarafdan o'g'lim azoblasa, ikkinchi tomondan qizlarim tinch qo'yishmaydi. Ammo siz bardoshli bo'ling. Vaqti kelib, ular o'z xatosini tushunishadi. Men o'lgach, oilangizning buzilishiga yo'l qo'ymang. Nima bo'lsa ham chidang, jon bolam, — dedi yoshli ko'zlarini artarkan.
— Bunday gaplarni aytmang, dadajon. Hali ko'p yashaysiz. Rahimjonning to'yini ko'rasiz, — deya tasalli berdim u kishiga.
Ammo inson ko'ngli sezarkan. Oradan ikki kun o'tib, qaynotam bandalikni bajo keltirdi. Qaynopalarim: «Otamga yaxshi qaramading!» deb ayyuhannos solishdi. Ularning tuhmatiga, ta'na-malomatiga ham indamay bosh tutib berdim. O'zga choram ham yo'q edi. Bu gaplar ko'chaga ovoza bo'lganida opalarim ahvolim qay darajada ekanini bilishdi. Biroq men hech kimga nolimay yashashda davom etdim. Oradan yillar o'tdi. O'g'lim 12 ga, qizim 10 ga kirdi. Bu orada ota-onam ham vafot etishdi.
Bir kuni qornimdagi qattiq og'riqdan yiqilib tushdim. Aksiga olib erim ham ishga ketgandi. Arang o'rnimdan turib, akamga qo'ng'iroq qildim. «Tez yordam» bilan yetib kelgan akam meni shifoxonaga yetkazdi. Ko'richak bo'lgan ekanman. Darhol operatsiya qilishdi. Shifokorlar ruxsat bergach, akam ota hovlimga olib ketdi.
— Bir muddat dam olib, o'zingga kel. Borasan, o'sha uyingga, — dedi qat'iy ohangda.
— Bolalarim-chi? — o'tinch bilan tikildim akamga.
— Ularni o'zim olib kelaman, — degancha akam chiqib ketdi.
Biroq qaynopalarim: «Nega bizga aytmay operatsiya qildirdinglar», deb akam bilan janjallashishibdi. Bolalarimni ham ko'rsatishmabdi. «Bola kerak bo'lsa, o'zi kelsin», deyishibdi.
Asabiy tarzda kelgan akam:
— Ular ajdarhoning o'zi ekan-ku, singlim. Shuncha yildan buyon qanday qilib yashayapsan? — dedi. — Shu yerda turasan. Bolalaring sog'inishsa, o'zi kelishadi.
Shu tariqa akamning uyida besh oy yashadim. Bolalarim maktabga borishganida yashirincha kirib ketishardi. Ular ham ammalaridan qo'rqishardi. Erim besh oydan so'ng keldi. Akam bilan gaplashgach, kelib meni uyga olib ketdi.
Yillar o'tib borardi. Katta qaynopam qiz uzatdi. Bu dunyo qaytar dunyo, degani rost ekan. Qizi qaynopalari bilan urishib, uyiga qaytib kelgach, u o'z xatosini tushundi. Kelib mendan uzr so'radi.
— Muattar, meni kechiring. Sizga qilgan yomonliklarim o'zimga qaytdi, — dedi Risolat opam.
Men nima ham derdim.
— Opa, sizni allaqachon kechirganman, — dedim kulimsiragan ko'yi.
Ikkinchi qaynopamning yolg'iz o'g'li bepusht ekan. Shu sabab kelini ajrashib ketibdi.
— Bir paytlar sizning bolangizni tushirmoqchi bo'lgandim. Mana, Xudoyim o'z bolamni bepusht qilib qo'ydi, — deb yig'ladi Farog'at opa.
Unga nima deb taskin berishni bilmadim. «Qo'ying, hali hammasi yaxshi bo'ladi», dedim, xolos.
Xudoga shukr, kelin tushirib, qiz uzatdim. To'yda qaynopalarimdan maslahat so'rashni unutmadim. Ular yigirma yil deganda mening «yaxshi kelin»ligimni tan olishdi. Bugun meni ham hurmat, ham izzat qilishadi. Sabrim ortidan bugun oilam but, ko'nglim xotirjam yashamoqdaman.
Категория: Hayotiy | Просмотров: 87 | Добавил: Admin | Теги: qaytgan, Yomonligi, o'ziga, qaynopalar | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz