Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Urgutdagi arvoh kelinchak
19:23
Urgutdagi arvoh kelinchak
Bu voqeaga ancha bo'lgan bo'lsa-da, hanuz esimdan chiqmaydi. Chunki o'sha kungi voqealar xotiralarimni ag'dar-to'ntar qilib yuborgandi.

Xullas, o'qishdan ta'til olgach, qishloqqa oshiqdim. Ota-onamni, qarindoshlarimni va Diloromni qattiq sog'ingandim. Dilorom bilan maktabda birga o'qigandik. Uning chaqnoq ko'zlari, bilimi, zukkoligi es-hushimni o'g'irlab qo'ygandi. O'qishga kirgunimga qadar unga sovchi jo'natmoqchi edim, ammo orada onamning tobi qochib qolgani uchun bu ishni keyinroqqa qoldirdik. O'qishga kirganimdan keyin esa sovchi jo'natish yanada keyinga surildi.

* * *

Birinchi kursni tamomlab, qishloqqa qaytayotgan vaqtimda juda xursand edim. Chunki anchadan beri rejalashtirib yurgan ishimni qilmoqchi, Diloromga sovchi jo'natib, o'zim yaxshi ko'rgan, qalbimni zabt etgan malikaga erishmoqchi bo'lgandim. Shu niyatda, kechki ovqat mahali onamga Dilorom haqida og'iz ochdim. Ammo onamning:

— Dilorom allaqachon boshqa xonadonning kelini bo'lgan, — degan javobini eshitib, karaxt bo'lib qoldim.

— Nima?! Axir bu bo'lishi mumkin emas! Biz ahdu paymon qilgandik-ku, hamma narsa hal bo'lgandi-ku!

— To'g'ri, lekin qiz sho'rlik ota-onasining ra'yini qaytara olmadi, shekilli, shunga majbur bo'ldi.

— Ota-onasining ra'yini? Onasi rozi edi-ku! Otasiyam…

— Otasi bir o'rtog'i bilan ahdlashib qo'ygan ekan. Onasi sovchilar haqida og'iz ochganida “Qizim og'aynimga kelin bo'ladi, boshqa gapga o'rin yo'q!” debdi. Botir akani bilasan, aytgan gapida turadigan odam. Erining xarakterini bilgan Barno opa hech narsa deya olmabdi. O'z-o'zidan Dilorom ham taqdirga tan berdi. Shunaqa gaplar, bolam…

Birov miyamga gurzi bilan tushirgandek ko'z oldim qorong'ilashib ketdi. Ne-ne umidlar bilan kelgandim, ammo bir lahzada barcha orzularim chilparchin bo'lgan, bu menga qattiq ta'sir qilgandi. Ahvolimni tushungan onam esa:

— Bolam, siqilma, inson peshonasiga yozilganidan qochib qutula olmaydi, hali baxtingni topasan, — dedi.

— U qaerda?

— Dilorommi?

— Ha, — dedim boshimni ko'tarib.

— Qo'shni tumanga kelin bo'lib tushgan, — onam shunday dedi-yu, ko'zlarini katta-katta ochib qo'shib qo'ydi:

— Yana birorta ahmoqlik qilib yurma, u endi oilali.

— Xavotir olmang.

Ertasi kuni og'aynilarim chaqirishdi. Tashqariga chiqmoqchi emasdim, onam qo'ymadi:

— Chiq, bolam, uyda ich-etingni yeb yotaverasanmi? Harna chalg'iysan, ham og'aynilaring noto'g'ri tushunishadi. Bu shaharda o'qib, bizni mensimay qolibdi, deb o'ylashmasin.

Onamning ra'yini qaytarmaslik uchun ko'chaga chiqdim. Og'aynilarimdan biri mashina olgan ekan. Biz to'g'ri shu og'aynimizning uyiga yo'l oldik.

O'zimni chalg'itishga qanchalik urinmay, buning uddasidan chiqa olmasdim. Qalbimni to'ldirib turgan tuyg'ular birdaniga sarobga aylangani uchun karaxt ahvolga tushib qolgandim. Nima qilarimni, qalbimni kemirayotgan iztirobdan qanday qutulishni bilmasdim.

— Tinchlikmi, Komil, nima gap? — miq etmay o'tirganimni ko'rib, so'radi Davron. — Kelganingdan beri kuzataman, qovog'ingni ochmaysan.

— Diloromni o'ylayapsanmi? — gapga qo'shildi Sarvar. — Qo'ysang-chi, yigit kishi bitta qiz uchun oh-voh qilib yurmasligi kerak. Ayniqsa, u seni tashlab ketsa.

Sarvar gapi menga yoqmaganini sezdi, shekilli, tushuntirgan bo'ldi:

— Nima, hozir u ham meni o'ylab, iztirob chekyapti, deb o'ylayapsanmi? Adashasan, og'ayni. Dilorom hozir maza qilib yashab yurgandir. Eriyam uncha-muncha odam emas, Damir boyvachcha. Botir akayam bejizga quda bo'lmadi og'aynisi bilan. Shuning uchun, mening gapimga xafa bo'lma-da, o'zingga kerakli xulosani chiqar. Dilorom seni allaqachon unutib yuborgan, Damirning qasrida yallo qilib yuribdi. Sen bo'lsang bu yerda shumshayib o'tiribsan. Bu adolatdan emas!

— Kelinglar, boshqa narsalar haqida gaplashaylik, — deya gapni boshqa mavzuga burdi Davron. — Sarvar, kechagi o'yinda kim yutdi?

— Kim bo'lardi, albatta, bizning o'yinchilar-da…

Menga Sarvarning gaplari qattiq ta'sir qilib: “Dilorom rostdan ham meni unutib yuborganmikin? Ha, unutgan. Mana, Sarvar u qasrda yashayapti, dedi-ku! Hamma narsasi yetarli, yegani oldida, yemagani ortida. Shunday ekan, meni boshiga uradimi? Qolaversa, men unga o'shanday shohona hayot hadya qila olarmidim? Yo'q. Demak, men ham uni unutishim kerak”, degan xayolga bordim.

O'sha kuni tun yarmidan oqquncha o'tirdik. Bir amallab ko'nglimdagi iztiroblarni bir chetga uloqtirib tashlab, og'aynilarim bilan suhbatga kirishib ketganligim uchun vaqt o'tganini ham sezmay qolibman.

— Endi men boray, — dedim soat tungi o'n ikkidan o'tganini bilganimdan keyin. — Kech bo'lib qoldi, uydagilar xavotir olib o'tirgan bo'lishmasin.

— Shoshma, biz ham ketamiz, — deya o'rnidan qo'zg'aldi boshqa og'aynilarim ham.

Tashqariga chiqib, oyoq kiyimimni kiyarkanman, Safar ortimdan ergashdi:

— Komil, seni uyingga tashlab qo'yaman.

— Yo'g'-e, shart emas, ikki qadam-ku! Jarlikni kesib o'tsam, tamom, uyim. Shungayam endi mashinangni ovora qilib o'tirasanmi?

— Hamma gap o'sha jarda. Qo'rqmaysanmi?

— Odamni mazax qilyapsanmi? Nima, men senga yosh bolamidim qo'rqadigan?

— O'zing bilasan. Qara, keyin mendan o'pkalab yurma.

Ko'chaga chiqqanimda atrof zim-ziyo edi. Aksiga olib, hamma uyning chiroqlari o'chgandi. Bir ko'nglim jarlikdan yurmay, aylanib borsammi, deb ham o'yladim. Ammo keyin qo'rqqanim uchun o'zimni o'zim koyidim.

Jarlikka tushganimda qanchalik xotirjam bo'lishga urinmay, yurak urishim tezlashib ketdi. Miyamga har balolar kelaverdi. Xayolimda xuddi daraxtlar ortidan nimadir chiqib kelib, menga tashlanadigandek edi. Bir amallab jarlikning yarmini bosib o'tdim. Jarlikdan olib chiquvchi yo'lga yaqinlashganimda esa ko'zimga oppoq libos kiygan qiz ko'ringandek bo'ldi. U mendan xiyla uzoqroqda boshini egib turardi. Ko'zimni ishqalab, boshqatdan qaraganimda uni yaqqolroq ko'rdim, bu Dilorom edi. U menga qaraganida esa qo'rqib ketganimdan hushimni yo'qotibman…

Ko'zimni ochganimda shifoxonada yotardim. Onam tepamda girdikapalak bo'lar, otamning esa peshonasi terlab ketgan, nuqul uf tortardi. O'zimga kelganimni ko'rib, ikkovlari ham quvonib ketishdi. Onam:

— Xayriyat, sendan ayrilib qoldimmi deb qo'rqdim, bolam! Nega o'sha jarlikdan yurding, gapir, nega yarim kechgacha qolib ketding?! — deya urishib berdi.

— Bo'ldi qil! — onamni koyidi otam. — Mana, o'ziga keldi-ku! Xayriyat!

Javob berishga madorim yetmadi. Onamning yonida turgan hamshira esa mendan, aslida, nima bo'lganini so'radi.

— Jarlikda Diloromni ko'rdim, — dedim zo'rg'a. — U oppoq libosda turgandi.

Onam otamga ma'noli qarab qo'ydi.

— Nima gap? Biror nima bo'ldimi? — so'radim bu yerda bir gap borligini sezib.

— Kecha kechasi Dilorom olamdan o'tibdi!

— Nima?!

— Eshitishimizcha, eri mast bo'lib kelib, bo'g'ib o'ldirib qo'yganmish!

Onamning boshqa gaplarini eshitmadim. Ko'z oldimga oppoq libosda boshini egib turgan Dilorom keldi. Yana shuni angladimki, boylik baxt keltirmas ekan!

Ta'til tugagandan keyin yana shaharga qaytdim. O'qishni bitirib, uylandim. Hozir shirindan-shakar farzandlarning otasiman. Ammo, baribir, Diloromni unuta olganim yo'q!
Категория: Fantastik | Просмотров: 111 | Добавил: Admin | Теги: arvoh, Kelinchak, Urgutdagi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz