Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (9-qism)
19:48
Tuzoqqa tushgan kelin (9-qism)
Aslida, Nazokat buni yozmoqchi emasdi, ammo turmush o'rtog'i bilan faxrlanishni istadi. Dugonasining javobi esa bu faxr hissini ikki barobar oshirdi.

“Tabriklayman, dugon, kimga turmushga chiqishniyam bilasan-da. Ering rostdan ham uddaburon, qolaversa, sen ham uning omad farishtasisan”.

Nazokat bu javobni o'qirkan, lab-lunjini yig'ishtirolmay qoldi. So'ng birozdan keyin kelgan xabarni o'qishga chog'landi.

“Oyligiyam oshib qolgandir?” deya savol bergandi dugonasi.

“Bilmadim, so'raganim yo'q”.

Salima biroz ko'rinmay qoldi. Aniqrog'i, Nazokatga xat yozmay qo'ydi. Nazokat esa telefonini titkiladi, biroz qo'shiq eshitdi, rasm tomosha qildi. Axiyri zerikdi. Endi internetni o'chirmoqchi edi, yangi xabar keldi.

— Bu Salima hech charchamas ekanda, a, — deya xabarni ochdi-yu, biroz dovdirab qoldi.

“Boshimizni aylantirib, tuzog'ingizga ilintirib, endi juftakni rostlaganingiz nimasi, oyimtilla?” qabilidagi SMS ayolni karaxt qilib qo'ydi. Bu xabar Odilga tegishli edi.

“Tushunmadim, bu nima deganingiz? Men qachon sizni tuzog'imga ilintiribman, boshingizni aylantirganim ham yo'q! Nimalar deb aljirayapsiz o'zi?” deya javob yozdi Nazokat barmoqlari titrab.

“Ie, xonimcha, hali shunaqa ikkiyuzlamachiman, deng. Uyimga kelib, qo'yarda-qo'ymay menga yopishib, “Sizni jonimdan ham ortiq ko'raman”, deganlaringiz yodingizda yo'qmi?”

Nazokatning qorachiqlari kattalashib ketdi. Titrab-qaqshab javob yozdi:

“Shunaqayam tuhmatchi bo'lasizmi?! Oilali ayolga bunaqa gaplarni aytishga qanday haddingiz sig'di?! Nega tuhmat qilasiz?!”

Javob xabari esa Nazokatning shundog'am alam po'rtanasi hukmron bo'lgan qalbida portlashdek yangradi:

“Tuhmat deng! Hali men bilan tong orttirganingizni ham rad etarsiz?! Unda mana bu suratni ko'ring! Hozir jo'nataman!”

Birozdan keyin kelgan rasmni ko'rgan Nazokatning qo'lidan telefoni tushib ketdi. Telefonni qayta qo'liga oldi-da, rasmga qaradi. Qorachiqlari dahshatga to'ldi. Chunki rasm haqiqatan ham dahshatli edi.

— Bu… Bu nima?! — deb baqirib yubordi beixtiyor.

So'ng birdan og'zini yopdi. Chunki Davron hali uxlamagan, tashqarida nimalardir qilib yurardi.

Nazokat rasmga yaxshilab tikildi. Rasmda u Odil bilan bir to'shakda, bir ahvolda yotardi.

— Axir bu yolg'on-ku! — dedi boshini changallab. — Axir men uni umuman ko'rmagan bo'lsam! Bu qanday?..

“Ha, oyimtilla, ajablanmang, axir har kim ekkanini o'radi” — bu birozdan keyin kelgan SMSda yozilgan jumlalar edi. Nazokat internetdan chiqib ketdi. Xayriyatki, shu vaqt oralig'ida Davron kelib qolmadi. Aks holda, ayolining xavotirini sezib qolar va nima go'p bo'lganini bilmaguncha qo'ymasdi. Davron xonaga kirganida esa Nazokat ko'rpaga o'ranib olgandi. Davron rafiqasini uxlagan xayol qildi-da, bezovta qilmay qo'ya qoldi.

* * *

— Rosa qo'rqib ketdi-yov. Tutagani xabarlaridan ham bilindi. Menga qara, u rostdan ham telefon, internet deganlarini unchalik tushunmaydimi?

Salima o'ziga ayyorona tikilib turgan Odilga qarab kulib qo'ydi. So'ng oldidagi ichimlikdan bir ho'pladi-da:

— Yo'q, bilganlarini ham men o'rgatganman. Shunday ekan, internetni o'zim bilmayman-u, unga yo'l bo'lsin.

— Unda oshig'imiz olchi. Gapimga laqqa tushdi baliqcha. Anavi lavozimi oshgan erchasidan jaraq-jaraq pul olib berib turadi endi.

— Qoyilman senga. Doim omading keladi. Guli bilan oralaringiz buzilganidan keyin nima qilarkin bu deb o'ylab turgandim. Mana, navbatdagi xo'rak ham darrov ilindi-qo'ydi.

— Sening yordamingsiz hech narsaga erisholmasdim, Salima, — deya ayolning burnidan chimchib qo'ydi Odil.

— Shu gaping zo'r bo'ldi. Bu yog'iga pichog'ing moyga to'laveradi. Faqat meni sotib qo'ymasang va baliqchani qarmoqdan chiqarib yubormasang bo'ldi.

— Men bitta gapiraman, — deya cho'ntagidan yon daftarchasini oldi Odil. — Endi navbatdagi rejaga o'tamiz. Hozir oyimtillaning ko'ngliga cho'g' solib qo'ydim. Endi shundoqqina kerosin sepib yuborsam, tamom.

— Endi nima qilmoqchisan?! Sir bo'lmasa, albatta.

— Nima qilardim?! Cho'ntakni bir yo'qlaymiz-da endi. Aytganday, sen anavi Davron deganlari haqida to'liqroq ma'lumot berishing kerak.

* * *

Nazokat Davronni ishga kuzatdi-yu, yana internetga kirdi. Keyin rasmni qayta-qayta ko'rdi. Yo'q, qiziqib qolmadi, shunchaki bu holat yo'q joydan qanday paydo bo'lganiga qiziqayotgandi. U rasmga uzoq tikildi, lekin hech narsa topolmadi. Shu payt telefoni jiringladi.

— Ahvoling yaxshimi, ko'rinmay ketding, — Salimaning g'amgin ovozi eshitildi narigi tomondan. — Nimalar qilib yuribsan, ahmoq?!

Nazokatning jahli chiqdi. Chunki shundog'am bir ahvolda o'tirganiga dugonasining he yo'q, be yo'q ta'na qilishga o'tgani yoqmagandi.

— Bu nima deganing?!

— Nima deganim?! Men senga internetni shuning uchun o'rgatganmidim?! Davronchikka xiyonat qilgin deb o'rgatganmidim?!

Nazokat dovdirab qoldi. “Demak, Odil bungayam ko'rsatibdi-da anavi rasmni” degan xayol miyasidan yashin tezligida o'tdi.

— Men… bu yolg'on! — deya oldi zo'rg'a.

— O'v, menga qara, qilg'ilikni qilib, endi tonyapsanmi?! Xo'p, mayli, yoqtirib qolding ham deylik. Bu — ko'ngil ishi. Lekin shunchalik chuqurlashib ketish shartmidi?!

— Menga qara, — nihoyat, o'zini o'nglab oldi Nazokat. — Nimalar deb aljirayapsan? Men u Odil deganingni umuman ko'rmagan, hatto gaplashmagan bo'lsam, u bilan qanday qilib birga bo'lishim mumkin?!

— Buni sen bilasan! Balki, ko'zlaringni yumib olgandirsan, — piching qildi Salima, — qulog'ingga paxta tiqib olgandirsan. Ana, rasm turibdi-ku manaman deb.

— Men ham shunga tushunmayapman, dugonajon, axir bormagan bo'lsam, qanday qilib?..
Категория: Detektiv | Просмотров: 89 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (9-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz