Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (6-qism)
19:48
Tuzoqqa tushgan kelin (6-qism)
Nazokat bir muddat jim turdi. Ochig'i, erining xatti-harakatidan behad quvongan bo'lsa-da, Davronning bunchalik o'zgargani uni ajablantirardi ham.

— Nega jim bo'lib qolding? Nima, ovqat qilolmaysiz, demoqchimisan? He, mana ko'rasan, pazandalikda sendan o'tib ketaman.

Davron shunday dedi-yu, lekin ishni nimadan boshlashni bilmay qoldi. Keyin kapkirni qozonga soldi-da, qo'lini sochiqqa artdi. Nazokat kapkirni olmoqchi bo'lgandi, qo'ymadi.

— Bugun seni mehmon qilaman, qani, bir chiroyli bo'lib ol-chi.

— Qaerga boramiz?

— Ilk bor tanishganimizda ko'p boradigan restoranimiz bor-ku, o'sha yerga. Yoshligimizni bir eslaylik.

Nazokat hali-hamon eriga tushunolmasdi. Xonasiga kiyinish uchun kirib ketgan Davronga qarab turdi-da, telefoni esiga tushib ketdi. Shosha-pisha telefonini qo'liga oldi-yu, yangi xabar kelganini, Davron uni o'qiganini bildi. Shu paytgacha “Davron akam bilib qolsa, o'ldiradi meni”, deb o'ylab yurardi. Mana, qo'rqqani sodir bo'libdi. Lekin Davron janjal qilish o'rniga mehribon bo'lib qoldi. Nazokatning ko'zlariga yosh keldi. Turmush o'rtog'ini yanayam qattiqroq yaxshi ko'rib ketdi.

— Ie, seni qara-yu, haliyam tayyor bo'lmadingmi? Qani, tez kiyinib chiq, — deya beozor urishdi Davron.

Ular avval restoranga borishdi, keyin xiyobon aylaniщdi. Nazokat turmush qurganidan beri ilk bora juda-juda quvondi. Davron ham o'zida yo'q xursand edi. “O'zim seni jarlikdan qutqarib olaman, — deya o'yladi yonida yuzidan tabassum arimagancha ketib borayotgan ayoliga mehr bilan tikilib. — Menga sensiz hech narsa tatimaydi”.

— Rahmat, dadasi, — dedi Nazokat ular uyga qaytib kelganlaridan keyin. — Meni kechiring.

Davron nega deb so'ramadi, chunki u hammasini tushunib turgandi. Shuning uchun Nazokatning qo'lini mahkam qisdi-da:

— Hamma narsani yodingdan chiqar. Balki, bu biz uchun sinov bo'lgandir. Sen ham kim do'st-u, kim dushman ekanligini bilib olding. Bu yog'iga hammasi a'lo bo'ladi, — dedi.

* * *

— Dadasi, bir daqiqa shoshmay turing, — dedi Nazokat uxlab qolganidan vaqt o'tganini bilmay, ishga shosha-pisha ketayotgan erini to'xtatib.

— Shoshib turibman, nima deysan?

— Bir narsa bermoqchiydim sizga, hozir, qaerga qo'ygandim-a?

— Obbo, kelganimdan keyin berarsan.

— Yo'q, ha, mana.

Nazokat Davronga kecha ataylab qutisiga solib, tayyorlab qo'ygan telefonni tutqazdi.

— Bu menga kerak emas, dadasi, bir kunda uch marta telefon qilib tursangiz bo'ldi.

— Albatta.

Davron jilmayib qo'ydi. Bu tabassum zamirida ko'ngil xotirjamligi, baxtdan masrurlik mujassam edi.

Ishxonasiga shoshayotgan bo'lsa-da, Davron bir zum joyida to'xtadi. Ayoliga o'girildi. Nazokat bundan biroz ajablandi.

— Tinchlikmi, nimadir esingizdan chiqib qolibdimi?

— Ha, — dedi Davron telefonni ayoliga tutqazarkan, — buni o'zingda olib qolaver. O'ylab qarasam, agar buniyam olib qo'ysam, senga tuzukroq sovg'a bermagan bo'lib qolaverarkanman. Shuning uchun bu seniki. Senga ishonaman, demak, telefonni olib qo'yishimga hojat yo'q.

Nazokat yo'q deya olmadi. Aslida, o'zi ham telefondan unchalik ajralgisi kelmayotgandi. Turmush o'rtog'ini ishga kuzatib qo'ygach, telefonni bir chekkaga qo'ydi-da, uyini tartibga keltirdi. Shu payt telefoni jiringladi. Singlisi ekan.

— Assalomu alaykum, o'zimning bemehr opaginam, — dedi Nazira beozor koyinib. — O'zim xabar olmasam, yo'qlamaysiz ham.

— Ahvoling yaxshimi? — singlisining ginasiga parvo qilmadi Nazokat. — Oyimlar yaxshilarmi?

— Yaxshilar. Raqamingizni pochchamdan oluvdim. Sizdan bir iltimosim bor edi, opa. Bugun oldingizga o'tsam maylimi?

— Mayli, xohlagan vaqting kelaver.

* * *

Davron kompyuterdan kerakli hujjatni uzoq qidirdi. Har bitta papkani titkilab chiqdi. Lekin topolmadi.

— Tolibni chaqirvoring, — dedi so'ng kotibasi bilan bog'lanib.

— Tolib aka kelmadi.

Davronning peshonasi tirishdi. Kotibadan “Nega kelmadi?” deb so'ramoqchi bo'ldi-yu, maqsadga o'tib qo'ya qoldi.

— Qo'ng'iroq qiling, tez yetib kelsin.

Oradan biroz vaqt o'tib, halloslagancha Tolib kirib keldi.

— Assalomu alaykum, Davronjon, uzr, kech qoldim, — dedi u chuqur-chuqur nafas olib.

— Qani, o'tiring, tinchlikmi? Nima gap? Kech qoladigan odatingiz yo'q edi-ku!

Tolib teskari qaragancha qo'l siltadi.

— E, so'ramang, aka. O'ynab qo'yay hammasiga!

— Hay-hay, bu shashtingizdan tushing. Nima bo'ldi o'zi? Bunday ochiqroq gapirsangiz-chi?

— Shu bitta ofatijon bilan tanishgandim. Naq farishtaning o'zi. Lekin u muammo tug'diryapti.

Hamkasbidan jiddiyroq gap kutgan Davronning tepa sochi tikka bo'ldi. Biroq jahlini jilovlay oldi.

— Bir jiddiyroq sabab bormikin deb o'ylabman, — dedi bosiqlik bilan. — Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a?!

— Nimasi qayoqdagi gaplar? E-ha, siz endi bitta ayolga uylanib, o'sha bilan umringizning oxirigacha yashaydiganlardansiz-da. Mening yo'rig'im boshqa.

Davron hamkasbiga gapirish befoyda ekanligini sezdi.

— Har kim o'z tamoyili bo'yicha yashashi mumkin. Xo'sh, o'sha oyimtillangiz qanaqa muammo tug'diryapti?

— Aslida-ku, muammoyam emas, bo'ladigan ish, faqat u tezroq bo'lishini istayapti.

— Namuncha qog'ozga o'radingiz-a, sal ochiqroq gapiring.

— Xullas, xotinim bilan ajrashib, unga uylanishimni talab qilyapti.

Davron o'rnida bir qimirlab oldi.

— Nima, hali siz u bilan jiddiy…

— Ha-da, chunki unaqa ofatijonlar bilan shunchaki o'yin-kulgi uchun yurish uvol. Lekin hozir yangangiz bilan ajrasholmayman, shunisi o'ylantiryapti odamni.

— Sizni aqlli odam desam, esingizni yeb qo'ygan ekansiz-ku, a? Qayoqdagi bir xotinni deb guldek oilangizni xarob qilmoqchimisiz?
Категория: Detektiv | Просмотров: 56 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (6-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz