<

Tuzoqqa tushgan kelin (5-qism)

“Ana endi aqling kiribdi. Ishdan beri kelmaydigan erkak bilan yashagandan ko'ra boshqalar bilan maishat qilmaysanmi menga o'xshab?”

Nazokat bu gapga javob yozmadi. Yozolmadi.

“Nega indamaysan, yo gapim noto'g'rimi?” degan xabar keldi Salimadan.

Nazokat bu safar ham hech narsa yozmadi. Chunki u javob bersa, Salima yana nimadir yozar, suhbat suhbatga ulanib ketardi.

* * *

— Assalomu alaykum, Davron aka, yaxshi keldingizmi?

Nazokat erini samimiy tabassum bilan kutib oldi.

— O'zing yaxshi o'tiribsanmi?

Davron odatdagidek kiyimlarini almashtirdi-da, karavotga cho'zildi. Uning kayfiyati yo'q, chunki Tolibning gaplari fikru-xayolini o'g'irlab qo'ygandi. “Nahotki xotinim ham… Yo'q, bo'lishi mumkin emas”, degan o'y kun bo'yi miyasida o'rgimchakdek o'rmaladi. Tezroq uyga qaytgisi kelaverdi.

— Dadasi, siz issiqqina choy ichib turing, men hozir ovqat ham suzib kelaman.

Nazokat, garchi hali farzand ko'rmagan bo'lsa-da, Davronni dadasi deb chaqirishga o'rganib qolgandi. Boshida Davronga bu erish tuyildi, ammo keyinchalik o'rganib ketdi, hatto bora-bora qulog'iga moydek yoqa boshladi. Hozir ham ko'nglidagi g'ashliklar biroz tarqab ketgandek bo'ldi.

— Telefoningni berib tur, — dedi ammo, baribir, shubhalariga oydinlik kiritish uchun.

Nazokat cho'chib qolmadi, ko'zini olib qochmadi, telefonni xotirjam holda eriga tutqazdi. Davron xotinining ko'ziga ataylab qattiq tikildi. Yo'q, Nazokatning bir tuki ham qilt etmadi.

Davron telefonni oldi-da, o'zicha titkilagan bo'ldi. Lekin hali biror marta ijtimoiy tarmoqlarga a'zo bo'lmagani uchun hech narsani tushunmadi. Ayolidan so'ragani esa uyaldi. Bilgani, musiqalar-u rasmlarga kirdi-da, keyin Nazokatga qaytarib berdi.

— Kecha Tolib bilan gaplashgandim, — dedi choy quyib uzatgan Nazokatga qarab. — Ayoliga telefon olib bergan ekan. Xotini esa internetda kimlar bilandir tanishib olibdi. “Iflos, men bunga zerikmay o'tir deb telefon olib bersam, bu menga xiyonat qilyapti”, deb jig'ibiyron bo'lib yuribdi.

Davron ataylab biroz jim turdi. Nazokatning esa ichidan qirindi o'tdi. Ammo buni sirtiga chiqarmadi. Davron ataylab to'qigan yolg'onini davom ettirdi:

— Tolib shunaqa jig'ibiyron bo'lib yuribdi, asti qo'yaverasan. Axir uning o'rnida men bo'lganimda ham shunaqa bo'lardi. Tasavvur qil, agar sen birortasi bilan gaplashib yursang-u, men buni sezib qolsam, men uchun bundan dahshatliroq narsa bo'lmaydi.

Davronning gapi naq nishonga tekkandi. Nazokat joyida o'tirolmay qoldi. Sezdirmaslikka qanchalik urinmasin, baribir, qo'lidan kelmadi. Yuziga qizillik tepchiyverdi.

— Choy qo'ygandim, esim qursin, — dedi o'rnidan shoshilgancha turib. — Qaray-chi, qaynab ketgan bo'lmasin tag'in.

Aslida, Nazokat choy qo'ymagandi. Shunchaki bahona izlagandi. U oshxonaga bordi-da, gazga choy quyib biroz kutib turdi. Keyin qaytib keldi.

— Sal shoshibman, hali qaynamagan ekan, — dedi jilmayishga urinib.

— Ha, qaynasa, damlab kelarsan, hozir ovqatingni yeb ol.

Davron hech narsa demadi. Uning shubhalari o'z isbotini topgandek edi. Nazokatning xatti-harakati uni tashvishga solib qo'ydi. Nima qilishini bilmay qoldi. Ayoliga hech narsa demadi-da, yotib uxladi. Nazokat esa bir soatcha internetda o'tirdi. Endi u o'rgimchak to'rining tuzog'idan chiqib keta olmayotgandi. Unga yordam kerak edi, aksiga olib, Salima yordam berish o'rniga Nazokatni battar botqoqqa botirardi.

* * *

Davron odatdagidan ancha kech uyg'ondi. Chunki bugun yakshanba. U kerishdi-da, yoniga qaradi, Nazokat yo'q. Oshxonada, shekilli, allaqanday ovozlar eshitilyapti. Davron yuz-qo'lini yuvish uchun o'rnidan turgandi hamki, Nazokatning telefonidan SMS kelganini bildiruvchi ovoz eshitildi. U telefonni qo'liga oldi-da, yangi xabar kelganini bildiruvchi belgini bosdi. Shu zahoti xabar ochildi. “Nazokatxon, charchamayapsizmi?” deb yozilgandi unda. Davronning miyasiga kimdir gurzi bilan tushirgandek bo'ldi. Yuzi g'azabdan bo'g'riqib ketdi. Beixtiyor boshqa xabarlarni ham o'qiy boshladi. “Men internetga shunchaki zerikkanimdan kiraman, kim bilandir tanishish uchun emas”, deb yozgandi Nazokat. Davron keyingi xabarlarga ham ko'z yugurtirdi.

“O'sha robot eringizning nimasini yaxshi ko'rasiz? Ertalab ketib, kech kelsa. Sizga vaqt ajratmasa, mehr bermasa”.

“U ko'z ochib ko'rganim, axir men uchun oilasi uchun yugurib yuribdi-ku! Agar unga xiyonat qilsam, nomardlik qilgan bo'laman”.

“Nazokatxon, iltimos, taklifimga yo'q demang, telefon raqamingizni bering, bir marta gaplashaylik”.

“Men siz o'ylagan ayollardan emasman. Aytdim-ku zerikkanim uchun kirdim deb. Endi chiqib ketolmayapman. Qani endi kimdir meni shu jarlikdan tortib olsa”.

“Bu nima deganingiz, nima, men bilan gaplashish yoqmaydimi sizga?”

“Siz bu narsalarni tushunmaysiz. Xiyonat og'ir narsa. Uning tovoni ham og'ir bo'ladi. Men buni xohlamayman”.

Davron boshqa xabarlarni o'qiy olmadi. O'z tinchini o'ylab, katta xatoga yo'l qo'yganini, sal bo'lmasa, sevgan insonidan ayrilib qolishini, oilasi parokanda qilishi mumkinligini bildi. Yuz-qo'lini yuvib keldi-da, oshxonada nonushta tayyorlayotgan Nazokatning yoniga bordi.

— Ie, qachon turdingiz? — deya Nazokat salom berib, yana ovqatiga unnadi.

Davron esa rafiqasining qo'lidan kapkirni oldi.

— Bugun mening qo'limdan ovqat yeysan, — dedi ko'z qisib qo'ygancha. — Xo'sh, nima tayyorlab beray?

Категория: Detektiv | Просмотров: 123 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (5-qism), Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ