Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (4-qism)
19:47
Tuzoqqa tushgan kelin (4-qism)
— Tinchlikmi, Nazokat? — dedi Davron xotinining salomiga alik olib, ichkariga kirarkan. — Ochishing qiyin bo'ldi.

— Oshxonada edim, — ko'zini olib qochdi Nazokat. — Ovqat bilan ovora bo'lib, eshitmay qolibman.

— Xudoga shukr-e, men biror nima bo'libdimi deb qo'rqib ketibman. Mayli, o'lguday ochman, ovqating tayyormi?

Nazokat nima deyarini bilmay qoldi. Biroz jim turdi. Oshxona tomonga qarab-qarab qo'ydi.

— Nega indamaysan? — dedi Davron ayolining ahvolidan ajablanib.

— Ovqat… boshlab qo'yuvdim… Shu ozgina mazam bo'lmay qolgandi, shunga…

— Nima bo'ldi? Ahvoling yaxshimi?!

— Yaxshi, biroz boshim og'ridi. O'tib ketdi. Shunga ovqatim kechikib…

— Hech qisi yo'q, kutib turaman. Yo'q, shoshma, kartoshkami, tuxummi qovuraqol. Osonroq. Xo'pmi?

Nazokatning ichidan nimadir chirt etib uzilgandek bo'ldi. Davronning muloyim gaplari, mehribonligi yuziga tarsaki bo'lib tushardi. Undan ko'ra eri “Nega internetda birovlar bilan yozishib o'tirasan?” deb tarsaki tushirgani, jonini og'ritgani ming marta afzal edi. Nazokat shunday xayollar girdobida oshxonaga borib, tuxum qovurdi. So'ng tuxumning o'zini olib borishga ko'zi qiymay, kartoshka ham qovurdi. Qaytib kelganida esa Davron yostiqqa suyangancha uxlab yotardi.

* * *

— Ha, namuncha qulog'ingiz og'zingizda, — deya xonasiga kulib kirib kelgan Tolibga qo'l uzatdi Davron. — Oltin baliqni tutib oldingizmi deyman?

Tolib hamkasbiga tikilib turdi.

— Shu urug'ingizda folbin-polbin chiqmaganmi? — dedi dabdurustdan.

— Yo'q, nega unday deyapsiz?

— Unda oltin baliqcha tutib olganimni qaerdan bildingiz?

— Men… shunchaki…

— Hazillashdim. Lekin chindan ham oltin baliqchani ilintirdim. Shunaqa ketvorgan, shunaqa dahshat! Endigina yigirmaga to'libdi.

— Baliqmi? — peshonasini tirishtirdi Davron. — Baliq yigirmaga kirarkanmi?

— Vey, soddasiz-da, soddasiz, Davron aka. Baliq — ketvorgan qiz, jonon.

— Shunaqa demaysizmi? Qaerda tanisha qoldingiz?

— Internetda. Rasmini ko'rsangiz edi, yeb qo'ygingiz keladi. Yana-chi, shu ofatijonni yaxshi ko'rib qoldim-ov. Kechasi bilan gaplashib chiqamiz. U aytgan gaplarni-chi xotinimdan umuman eshitmasam kerak.

— Qo'ysangiz-chi, yoshingizga yarashmagan gaplarni gapirasiz-a. Bu ish sizga to'g'ri kelmaydi. Oilangiz bor, to'rt nafar farzandning otasisiz. Endi bu qiliq yarashmaydi-da.

— Bu nima deganingiz? Umr bir marta beriladi. Yayrab qolish kerak. Siz manavi qog'ozlarga o'ralashib, zamondan orqada qolib ketibsiz. Agar bilsangiz, hozir hamma internetga mukkasidan ketgan. Kimdir internetdan kimlar bilandir tanishib, keyin turmush quryapti. Kimdir internetda tanishgan odami bilan oila qurish uchun ajrashyapti. Endi bizga ikkinchisi…

— Jim bo'ling-e, nafasingizni yel uchirsin. Har gapgayam farishta omin deydi. Tuzukroq gaplardan gapirsangiz bo'lmaydimi? Keyin ja siz aytgandek hammayam internetga… haligiday…

Hamkasbining nima demoqchi ekanligini payqagan Tolib qo'l siltadi.

— Aytdim-ku zamondan orqada qolgansiz deb. Deyarli hamma shunaqa, aka. Bu internet deganlari juda zo'r narsa-da lekin…

Davronning ko'ngliga g'ulg'ula tushdi. Ilk bora xotiniga telefon olib berganidan afsuslandi. Ammo negadir Nazokatga ishongisi keldi. Ishondi. Ayni damda ko'ngli xotirjam bo'lishi uchun ham ishonishi shart edi.

* * *

“Nazokatxon, faqat yozishaverish jonimga tegdi. Bilasizmi, inson boshiga og'ir kun tushganida bir darddoshga muhtoj bo'lib qolarkan. Menga ham shunaqa do'st kerak edi. Boshida Salimadan yordam so'ragandim, u esa sen bilan gaplashishimni maslahat berdi. Hozir ana shu ishi uchun Salimadan minnatdorman. Chunki u ko'nglimdagi odamni menga ro'para qilibdi. Menga xarakteringiz yoqdi. Shuning uchun, keling, endi faqat yozishib o'tirgandan foyda yo'q. Undan ko'ra, telefon raqamingizni bering, o'zim sizga qo'ng'iroq qilaman. Qani, eshitaychi, dardimga malham bo'lgan madad farishtasining ovozi qanday ekan?”

Ishga ertalab ketib, kechqurun keladigan eridan xushomad eshitmagan Nazokat boshqacha bo'lib ketdi. Bir tomondan, Odilning xushomadidan jahli chiqqan bo'lsa, ikkinchi tomondan, bu o'ziga ham xush yoqdi. Javob yozishni ham, yozmaslikni ham bilmadi. Bir qarorga kelguniga qadar esa Odil yana bir xabar jo'natishga ulgurdi. U telefon raqamini yozib jo'natgan, ostiga “Vaqtingizni topib, gudok tashlang, qaytib chiqaman, o'zingizni tanishtirsangiz bo'lgani”, degandi. Nazokat nomerni saqlab qo'ydi, lekin o'z raqamini yozmadi. Shu payt Salimadan xabar keldi:

“Qalaysan, dugon, bu deyman, Odilchik seni zeriktirmayapti, shekilli, menga umuman yozmay qo'yding”.

“Nega unaqa deysan? Uy ishlaridan ortmayapman, shunga…” deya javob yozdi Nazokat.

“Aldashga boshqa odam topgin, xo'pmi? Deyarli har kuni internetda onlayn bo'lib turasan-ku! Mayli, bu yaxshi. Zerikmaysan, anavi robot eringdan ming marta quvnoqroq bo'lgan Odilchik seni aslo zeriktirmaydi. Maza-da senga”.

“To'g'ri aytasan, rostdan ham odam vaqt o'tganini sezmay qolarkan. Davron akam kelib ovqat yeyishni-yu uxlashni biladi, xolos”.
Категория: Detektiv | Просмотров: 59 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (4-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz