Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (39-qism)
08:00
Tuzoqqa tushgan kelin (39-qism)
Bunday mulozamatni kutmagan Guli biroz o'zini yo'qotib qo'ydi. Domla ko'rsatgan stulga omonatgina o'tirdi. So'ng tayyorlab kelgan vazifalarini va konspektlarini stol ustiga qo'ydi.

— Mana, hamma topshiriqlarni bajardim…

— Yaxshi… Juda yaxshi… Barakalla. O'zi tirishqoq qiz ekanligingizni bilardim. Lekin, bilasizmi, hech bo'lmasa bir marta sessiyadan yiqilgan talaba talaba emas-da… Endi “Samovolkaga chiqmagan soldat general bo'la olmaydi”, deyishadi-ku, shunga o'xshagan gapda buyam.

Jobir aka gapirish asnosida o'rnidan turib, xona bo'ylab yura boshlagandi.

— Xo'sh, — dedi u qizning tepasiga kelib, — qolgan fanlaringizni yopdingiz-a?

Qiz tasdiq ma'nosida bosh irg'adi.

— Yaxshi… Xo'sh, hamma vazifani tayyorlab keldingiz.

Jobir aka qizga juda yaqin keldi. Uning qo'li Gulining yelkasiga tegib turardi. Qiz o'zini tortdi, domlaga qovog'ini uyib, hayron bo'lib qaradi. Harakati qizga yoqmaganligini sezgan domla esa o'zini tortdi.

— Yaxshi… Unda sizni sinab ko'ramiz.

Guli Jobir akaning savollariga birin-ketin javob bera boshladi. Bu safar hayajonini ancha bosib olgan, bu esa unga qo'l kelardi.

— Tuzuk… Haqiqatan ham yaxshi o'qiganga o'xshaysiz…

— Endi bahoyimni qo'yib berasizmi? — deya o'rnidan turib, sumkachasidan reyting daftarchasini olishga chog'landi qiz.

— Yo'q, hali shoshmang. Savollarim tugamadi.

Jobir aka endi Gulidan umuman notanish bo'lgan narsalar haqida so'rashga tushdi. Tabiiyki, Guli javob bera olmadi.

— Nolsiz-ku, Aliyeva, nol, — dedi domla bosh chayqab. — Bu turishda qanday qilib baho olasiz, bilmayman! Kursdan qolasiz, tamom!

— Lekin… Men hamma savolingizga javob berdim-ku! Keyingi savollaringizni esa umuman bilmayman. Siz bizga bularni o'tmagansiz, darslikda ham bunaqa ma'lumotlar yo'q!

— Yo'q?! — domla qizning oldiga umuman notanish darslikni tashladi. — Mana, mana bunda bor-ku! Nega yolg'on gapirasiz?!

— Siz bizga bunaqa adabiyot bermagansiz-ku?!

— O'zlaring topinglar edi. Bu sizlarning muammolaringiz. Hozirgi talabalargayam hayronsan-e, kitobniyam topib bersak, o'qitib ham qo'ysak, sizlar nima qilasizlar unda? Xullas, gap shu, Aliyeva, imtihonni yanagi yil kichik kurslar bilan topshirasiz!

— Ammo, domlajon, iltimos sizdan, shundog'am щartnoma asosida o'qiyman! Agar kursdan qolib ketsam, yana bir yil pul to'lashimga to'g'ri keladi! Bunga imkonim yo'q! Axir o'qib keldim-ku! Harakat qildim-ku! Kursdan qoldirmang, jon domla, qoldirmang! Nima desangiz ham tayyorman!

Gulining aynan ana shu gapi xato bo'ldi. Jobir akaga esa shu gap kerak edi.

— Hamma narsaga tayyormisiz? — dedi qizga sinchkov tikilib. — Hammasiga-ya?!

Imtihonni topshirish imkoni borligidan sevingan qiz beixtiyor “Ha”, deb yubordi.

— Yaxshi… Unda ertaga tushdan keyin kafedraga… yo'q, men o'zim aytaman manzilni, o'sha yoqqa borasiz!

— Nega?! Nima qilaman?!

— Menga boshqa kursdagilarning konspektlarini tekshirishga yordam berasiz. Faqat bu haqda boshqalarga gapirib yurmang. Noto'g'ri tushunishlari mumkin.

Guli ertasi kuni konspektlarni tekshirish uchun bordi. Faqat fakultetgamas, qandaydir kvartiraga. Boshida qiz biroz ajablandi, domlasi: “Fakultetda erkin ishlay olmayman, shu yer tinchroq”, degani uchun bordi. Biroq…

Jobir aka o'sha yerda Gulining hayotini ag'dar-to'ntar qilib yubordi. Kursdan qolib, yana bir yil shartnoma pulini to'lashdan qo'rqqan, uydagilarining qiynalishini istamagan qiz o'zi istamagan holda nomusidan ayrildi.

— Maraz! — dedi u ishini bitkazib bo'lib, qizga irjayib qarab turgan domlasiga nafrat bilan tikilib. — Iflos! Shunaqayam bo'lasanmi?!

— Hay, tilingga erk berma! O'zing ham o'lib turganding-ku! Hamma narsaga tayyorman deding! Endi jahl qilib, o'zingni oppoq ko'rsatmoqchimisan?! — beo'xshov kuldi Jobir aka.

U kostyumining cho'ntagidan bir pachka pul olib, qiz tomon uloqtirdi.

— Mana haqing… Istasang, har hafta shunchadan pul berib turaman. Faqat chaqirgan paytim kelsang bo'ldi!

Xullas, Guli bora-bora shu hayotga o'rganib qoldi. Ilgari pulni tejab-tergab ishlatadigan qiz endi hech o'ylamay xarajat qiladigan bo'ldi. Sumkasida doim pachka-pachka pul yura boshladi. Imtihonlarni ham a'lo bahoga yopdi. Xullas, uyatchan, tortinchoq, doim o'yga cho'mib yuradigan qiz endi bir gapirib o'n kuladigan, haddan tashqari bo'yanadigan va ochiq kiyinib yuradigan qizga aylandi. Eng yomoni ikkinchi kursni bitirar jog'ida yuz berdi. Ya'ni o'sha voqeadan keyin homiladorligi ma'lum bo'ldi.

— Nima? — dedi Jobir aka qiz bu haqda unga aytgach. — Yig'ishtir bu mashmashangni. Homilangni oldirib tashla. Nima qilasan tashvish orttirib? Qomating ham buziladi. Yuzingga ajin tushadi. Mana, mening xotinimni qara, birinchi uchratgan paytim dunyoda undan chiroyli qiz yo'q edi. Hozir esa yetmish yoshli kampirga o'xshab qolgan. Negaligini bilasanmi? Chunki to'rttalab bola tug'ib tashlagan. Hozir unga qaragim ham kelmaydi. Shuning uchun senga oshiq bo'lib yuribman. Agar tug'aman deydigan bo'lsang, men o'zimga boshqa chiroyliroq qiz qidirishga majbur bo'laman.
Категория: Detektiv | Просмотров: 100 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 39, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz