Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (38-qism)
07:59
Tuzoqqa tushgan kelin (38-qism)
Zufar ketdi. Shu bilan ularning o'rtasidagi munosabatga nuqta qo'yildi.

Guli yoshligidan o'zining chiroyli, kelishgan qiz ekanligi borasidagi maqtovlarni ko'p eshitar, shu sababli o'ziga keragidan ortiq bino qo'ygandi. U birorta oshig'i bilan tortishib qolsa, sira past ketmas, “Sen menday qiz bilan yurganingga shukr qil, xo'pmi?” degan gapini takrorlardi. Bu gap uning quroliga aylangandi. Bu qurol aksariyat hollarda ish berardi. Xususan, “Jip”li oshig'i ham shu gapidan keyin Guli bilan arazlashishni to'xtatgandi. Biroq u ikki marta pand yedi, ya'ni uning quroli Zufar va Toliblarga nisbatan ish bermadi. Tolib Gulining bu gapiga javoban baqirib berdi va aloqani uzdi. Zufar ham shunday qilgandi…

Osmonning bag'ri so'kildi, shekilli, yomg'ir tomchilari yerga qulay boshladi. Guli esa bunga parvo qilmadi. Uning ko'z o'ngidan shu paytgacha yashagan umri kino tasmasidek o'ta boshlagandi…

… — Qizim, mana, seni institutga ham kiritdik! Endi o'zingni eplab, yaxshi o'qib, yuzimizni yorug' qilasan, deb o'ylagandik! Lekin sen…

Oydin opaning boshi egildi. Biroz sukut saqladi. Aftidan, qizidan javob kutdi. Biroq Guli lom-mim demadi.

— Bu gapni otang eshitsa bormi?! Birorta og'aynisi: “Qizing shaharda don olishib yuribdi”, desa, u qanday bosh ko'tarib yuradi?!

— Bu nima deganingiz, oyi? — nihoyat tilga kirdi Guli. — Men kim bilan don olishibman?! Kim bilan yuribman, gapiring?!

— Ie, hali inkor ham etasanmi? Unda manavi qaerdan keldi?! — deya qizining xiyla ko'rinib qolgan qorniga ishora qildi ayol. — Osmondan tushmagandir?!

Guli tilini tishladi. Indamadi.

— Bu mening aybim emas, — dedi so'ng. — Men domlamga ishonib… bilmay qolib…

— Yosh bolamisan, qizim?! Nega bilmay qolasan?! Yana yoshroq yigit bo'lsa ham mayli edi… Qirqdan oshgan erkakmish… O'z domlang bilan… Qizim…

Ayol ortiq gapira olmadi. Hiqillab yig'lab yubordi. Gulining yoshlik qilibmi, yoki chindan ham yengiltaklik qilibmi, yo'l qo'ygan xatosi unga ancha qimmatga tushgandi…

* * *

Guli qo'lidagi kitobini bag'riga bosgancha imtihon bo'layotgan xonaga yaqinlashdi. Eshik oldida uning kursdoshlari turishardi.

— Tayyormisan? — so'radi qizlardan biri Gulidan.

— Yo'q…

— Bu domla juda qattiqqo'l ekan. Ayniqsa, sessiya paytida… Hozir ikkita qiz yig'lab chiqib ketdi. Qoldirib yuborganmish…

— Qoldirib?! — tushunmaganidan ajablandi Guli.

— Kursdan qoldirib yuborganmish… Eng yomoni, a'lochi qizimiz bor edi-ku, Nuriya, o'shayam qoniqarsiz baho olibdi.

— Yo'g'-e…

Gulining vahimasi ikki barobar ortdi. O'z-o'zidan o'qiganlari ham yodidan ko'tarilib ketdi. Qo'l-oyog'i qaltiray boshladi.

— Shundan baho olvosam, sessiyani yopardim… Beshga… — dedi u eshitilar-eshitilmas ovozda.

— Beshga? — qo'l siltadi boyagi kursdoshi. — Qo'ysangchi, besh tugul uch olsang ham xursand bo'laver!

Tamom bo'ldi Guli. Vahima ichida navbati qanday yetib kelganini ham sezmay qoldi.

— Hey, Guli, kir, sening navbating.

Dugonasi turtganidan keyingina sekin domlasining xonasiga kirdi.

— Assalomu alaykum, — dedi domlasining ko'ziga tik qaray olmay.

— Keling, — boshini jurnaldan ko'tarmay gapirdi domlasi Jobir aka, — Aliyeva, yaxshimisiz?

— Rahmat…

Guli yerga qarab turaverdi. Domla ham jim. Axiyri Jobir akaning o'zi gap boshladi:

— Bu yerga jim turgani keldingizmi? Gapirmaysizmi?

— A?.. Ha-ha… gapiraman… Men… haligi… bitta shu fan qoldi, domla… Shuniyam a'lo bahoga yopsam…

— Buni qo'ya turing, — uning gapini bo'ldi Jobir aka, — oldin bilet oling-da, savollarga javob bering.

Guli to'g'ri kelgan biletni olib, savollarini o'qidi. Aksiga olib, unga eng qiyin mavzular tushgandi. Eng yomoni, vahima ichida o'qiganlari ham yodidan ko'tarilib ketdi. Shunday bo'lsa-da, Guli mavzularni xotirlashga urinib ko'rdi, ammo…

— Xo'sh, yana qancha kutishim kerak? — bu safar qat'iyroq, tahdidliroq ohangda so'z qotdi domla. — Javob berasizmi?

— Domla, men o'qigandim… Lekin hozir eslolmayapman…

— Tushunarli, — deya Jobir aka ko'zoynagini to'g'irlab, jurnalga yuzlandi, — demak sizga ham qoniqarsiz baho…

— Domlajon!..

Beixtiyor Gulining ko'zlari yoshlandi. Yonidagi stulga o'tirdi-da, yuzini kaftlari bilan berkitib oldi.

— Ie, shunday chiroyli qiz ham yig'laydimi? — kutilmaganda muloyimlashib qoldi domla. — Bo'ldi, shungayam yig'laysizmi? Keyingi safar yaxshi o'qisangiz, a'lo baho olasiz.

— Lekin… Qoniqarsiz degani men kursdan qoldim degani-ku!

— Nega endi? Yana bitta imkoniyatingiz bor! Yaxshilab tayyorlanib, qayta topshirasiz, ana o'shanda yaxshi baho olasiz!

Jobir aka haqiqatan ham juda qattiqqo'llik qo'ldi. Guli imtihonni topshirolmay, xonadan chiqib ketdi.

Qiz keyingi safar Jobir aka ishlaydigan fakultetga borishga majbur bo'ldi. Chunki domlasi: “Qayta topshiradiganlar kafedramga kelsin”, debdi. Guli yaxshilab tayyorlanib, aytilgan joyga bordi. Bu safar domla kursiga suyangancha choy ichib o'tirardi.

— Ie, keling, Aliyeva, sizniyam ancha qiynab qo'ydim-a, qani, o'tiring.
Категория: Detektiv | Просмотров: 81 | Добавил: Admin | Теги: 38, Kelin, tushgan, Qism, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz