Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (36-qism)
07:58
Tuzoqqa tushgan kelin (36-qism)
— Agar Salima…

— Salimaniyam ayblama. Uyam seni majburlagani yo'q.

— Menga kir, a'zo bo'l demagani-da…

— Menga qara, sen birov buni qil, desa, o'sha ish to'g'ri yoki noto'g'riligi bilan qiziqmaydigan yoki bunga fahmi yetmaydigan darajada yosh bolamiding? Yo'q! Kim nima desa, qilib ketaverasanmi?! Salima kir degan bo'lsa, bu uning aytganini qilish kerak, degani emas-ku! O'zingning ko'zing qayoqda edi? Men bilan yozishayotganingda oilali ayol ekanliging, boshingda ering borligi yodingga tushmadimi?! Bilmasang, bilib qo'y! Erli ayol uchun hatto boshqa bir erkak bilan gaplashish ham xiyonat! Hatto boshqacha qarash ham xiyonat! Boshqa erkaklarning qo'yniga kirish ham xiyonat!

— Men qo'yningga kirganim yo'q! Bu sening…

— To'g'ri, bu mening ayyorliging. Lekin men rasmingni qaerdan oldim? O'zing berding!

— Men senga berganim yo'q…

— Buning nima farqi bor. Rasming internetda turishini, eng chiroyli ayol bo'ldishni xohlading. To'g'rimi? Nega o'shanda odamlar rasmimga suq bilan qaramaydimi, har xil gap gapirmaydimi, erim bu haqda eshitib qolsa, qanday xayolga borarkin, deb o'ylamading? Men ham shundan keyin bu ham ba'zilarga o'xshab yengiltak bo'lsa kerak, deb o'yladim! Xo'sh, yana nima deb o'ylay?! Shuning uchun menga jahl qilma, xo'pmi?!

— Hammasiga meni aybdor qilib, suvdan quruq chiqmoqchimisan?! Hali mening hayotimni buzmoqchi bo'lganing, singlimning hayotini barbod qilganing uchun javob berasan.

— Barbod qilganim?! Singlingning hayotini men barbod qilibmanmi?! Nima, uni majburladimmi?! Yoki nomusiga tegdimmi?! Singlingni chaqirda, yaxshilab tekshirib ko'rchi, birorta ko'kargan joyni topa olasanmi?! Qars ikki qo'ldan chiqadi, oyimcha, agar u ko'zini suzmaganda, men uning yoniga bormasdim. Bo'lmasa, undan boshqa qizlar ham bor edi-ku! Bilasanmi, men bir kunda juda ko'p qizlarga gap otaman, qarmoq tashlayman, lekin nari borsa bir yoki ikkitasi bilan tanishaman, xolos. Qolganlari esa jahl qiladi yoki parvo qilmay o'tib ketadi. Singling ham o'shanda e'tibor bermasdan o'tib ketganida hozir mana bu ahvolga tushib o'tirmasdi.

Nazokat ayni damda Rustam haqligini sezib turar, lekin buni tan olgisi kelmasdi. Rustamning suvdan quruq chiqib ketishini istamasdi.

— Baribir, singlimga uylanasan, boshqa ilojing yo'q!

— Uylanaman?! Qo'ysang-chi bunaqa gaplarni. Men Naziraga uylanamanmi?! Xo'sh, menga tegib olganidan keyin ham boshqa birov gap otsa, ko'z suzmasligiga kim kafolat beradi?! Senmi?! Yo'q. Chunki sening o'zing ham shunaqa yengiltak bo'lsang. Qo'y, men duch kelganga osilib ketaveradigan qizga hech qachon uylanmayman.

— Singlim haqida bunaqa gapirishingga yo'l qo'ymayman.

— Sen yo'l qo'yasanmi, qo'ymaysanmi, bu hech narsani o'zgartirmaydi. Haqiqat haqiqatligicha qolaveradi. Yaxshi odam yomon bo'lib qolsa, bunga boshqalar emas, o'zi aybor bo'ladi! Shu bois menga hech qachon yomonligim haqida gapirma. Oldin o'z etagingni to'g'irlab ol! Singlingga keladigan bo'lsak, o'zi pishirgan oshni o'zi yeyaversin!

Nazokatning yuzi qizarib ketdi. Rustam aloqani uzgach, o'rniga behol o'tirib qoldi. Beixtiyor o'tmishini esladi. Davron bilan tanishgan, turmush qurgan onlari yodiga tushdi. Muloyim, birovga baqirish tugul, hatto qattiqroq gapirmaydigan qiz edi. Davron ham uning aynan shu xislatini yoqtirib qolgandi. Kechagidek esida, o'shanda Davron yo'lda uni beixtiyor turtib o'tgan, Nazokatning qo'lidagi kitob yerga tushib ketgandi. O'shanda Nazokat indamagan, faqat kitobini yerdan olib, changini qoqqancha indamay ketgandi. “Hozir baqirib tashlasa kerak”, deya xijolat bo'lib turgan Davron esa bu holatdan hayratlanib qolgandi. Hatto uzr so'rashga ham ulgurmagandi, chunki qiz tezda undan uzoqlashib ketgandi.

Xullas, Nazokat o'zining kamgapligi, muloyim xulqi bilan Davronning muhabbatini qozongandi. Hatto bir safar buni Davronning o'zi ham aytgandi. “Yaxshiyam sen falon-falonlarga o'xshab zahar, jag'i tinmaydigan, qo'pol ayol emassan”, degandi. Ammo vaziyat, muammo insonni hamma narsaga majbur qilarkan. Nazokat Rustam bilan tanishganidan keyin tamomila o'zgardi. Ayniqsa, boshiga muammo orttirib olgach asabiy bo'lib qoldi. Mana, masalan, hozir ham Rustamga baqirdi, sensiradi. Bo'lmasa, u shu paytgacha hech kimni sensiramagandi. U hozir o'zini eri bir paytlar yomonlagan shallaqi ayollardek his qildi. To'g'ri, bunda uning aybi yo'q, hammasi Rustam tufayli bo'ldi, ammo, baribir, ayol kishi ayolligicha qolishi kerak edi. U hozir o'zi bozorda ko'rgan voqeasini esladi…

Nazokat kerakli narsalarini xarid qilib, endi avtobus bekatiga yaqinlashganida bozorga kiraverishda ikki nafar ayolning gap talashayotganini eshitib qoldi.

— E o'l, megajin, — derdi bittasi ikkinchisiga o'shqirib, — sen ham ayolmisan? Sen ham o'zingni ayolman deb yuribsanmi?! Turishingni qara!

— Turishimga nima qipti? — bo'sh kelmasdi ikkinchisi ham. — Oldin o'zingga qara. Kap-katta ayolsan-u, torgina qilib shim kiyib olganingga o'laymi?! Xuddi eri o'lib, boshqalarga ko'z suzishni xohlab qolgan suyug'oyoqlarga o'xshaysan-a. Ie, nega o'xshaysan deyapman, o'shalarning xuddi o'zisan-ku!

— O'v, manjalaqi, ko'p valdirama-da, manavi matohlaringni yo'qot! Bu — mening joyim. Tushundingmi?

Tor shim kiyib, yuziga turli bo'yoqlarni chaplab olgan ayol yonida turgan xontaxtani tepib yubordi. Natijada uning ustidagi narsalar tuproqqa qorishdi. Buni ko'rgan narigi ayolning ko'zlari kattarib ketdi.

— Nega tepasan?! Nima haqing bor tepishga?! Onang olib berganmi buni?! Gapir! Hoziroq terib olasan, hoziroq! Bo'l!

Ayol gapirish asnosida ikki qo'lini beliga qo'yib oldi. Qo'yib bersa, hozir raqibasini yumma talashga tayyor edi. Ammo narigi ayol ham sira bo'sh kelay demasdi.

— Bilganingni qil! Bunaqa sassiq, chirigan mevalaring bilan bozorni bulg'ama, xo'pmi?! Undan ko'ra, buni anavi haromi bolalaringga yedir.
Категория: Detektiv | Просмотров: 91 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 36, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz