Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (34-qism)
07:57
Tuzoqqa tushgan kelin (34-qism)
Mariya Rustamdan avvalroq uyg'ondi. Yuz-qo'lini chala yuvdi-da, narigi xonaga kirdi. Rustamni uyg'otib yubormaslik uchun imkon qadar sekin harakat qilardi. U shkafga ilingan kostyum-shimlarning cho'ntagini titkiladi, topa olmadi. Shu payt tasodifan shkafning tepadagi qavatida turgan qutini tushirib yubordi. Uy ichi tinch bo'lgani uchun ovoz yaqqol eshitildi. Mariya bir muddat jim turdi, Rustam yotgan xonaga quloq tutdi.

— Eshitmabdi, — dedi ayol o'ziga o'zi pichirlab. — Yo'qsa, yugurib chiqardi bu qurumsoq.

Mariya hech narsa topolmadi. So'ng boshqa qidirgisi kelmadi-da, xonadan chiqib ketdi.

* * *

— Nazokat, biror nima olib kel yeyishga. Qornim rosa ochdi.

Davronning kayfiyati ancha yaxshi edi. Chunki u kecha kechqurun tush ko'rdi, yaxshilikka yo'ydi. Tushida osmonda uchib yurganmish. Shu payt oldidan bir bulut chiqibdi, boshqacha bulut. Davron darhol to'xtabdi. “Endi qanday o'taman?” deb o'ylabdi. Ammo qo'rqmabdi. Bir harakat bilan bulutning bag'rini yorib, uni har tomonga sochib tashlabdi.

Davron bu bulutning kimligini ham topdi.

— Rustam, bu o'sha nusxa bo'lishi kerak, — dedi u yuzini sochiqqa artayotib. — U bilan orani ochiq qilib olishimga ham oz qoldi. Ayol kishidan foydalanish qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yaman unga.

— Nimalar deyapsiz dadasi? Kim bilan gaplashyapsiz?!

Davron dasturxonga yeguliklar olib kelib qo'ygan ayoliga qarab jilmaydi.

— Ko'zgu bilan. U ko'p narsani ko'rsatadi. Hozir choy ichib, bir joyga o'tib kelaman, xo'pmi?!

Nazokat ham shu gapni kutayotgandi. Shu bois yuziga bilinar-bilinmas tabassum yugurdi.

— Mayli, lekin yaxshilab nonushta qilib oling.

* * *

Nazokat erini kuzatib qo'yganidan keyin apil-tapil kiyinib, ko'chaga chiqdi. Keyin esa “Borishimni aytib qo'yay, yana biror joyga ketib qolmasin”, degan xayol bilan Salimaga qo'ng'iroq qildi.

— Dugonajon, qalaysan? — dedi Salima telefonni ko'tarib. — Ahvollaring yaxshimi?

— Yaxshiman. Uydamisan?

— Nima edi? Uydaman.

— Oldingga borayotgandim. Bir narsani aniqlashtirib olmoqchi edim.

Salimaning avzoyi o'zgardi.

— Uyga? — dedi tutilib-tutilib. — Lekin nega?!

— Nega qo'rqib ketding? Nima, borishimni xohlamayapsanmi?

— Nega endi?! Shunchaki bugun mehmonlarim bor edi, shunga…

— Mehmonlarim degin… Bugun bormasam bo'lmaydi-da. Boshqa payt vaqt topolmayman. Mehmonlaring boshqa vaqt kelsa bo'lmaydimi?!

— Bilmadim. O'zi nimani so'ramoqchi eding, shunchalik muhim gapmi?

— Sen o'tgan safar gaplashganimizda Odil haqida gapirganding, esingdami?

— Ha, uning boshqa jazman topib olganini aytgandim.

— O'shanda uning asl ismi Rustam deganding. To'g'rimi?

Salima bu gapni kutmagani uchun indamay qoldi. Nima deb javob berishni bilmasdi. “Ha”, desa, Nazokatning savollari tinmaydi. “Yo'q”, desa, baribir, qachondir bor haqiqatni aytishi kerak.

— Gapir, nega jim bo'lib qolding?! — dugonasining jim bo'lib qolganidan ko'ngli nimanidir sezgan Nazokat yana qistovga oldi. — Tilingni yutib yubordingmi?

Nazokat biroz jim turdi. Yo'q, narigi tomondan hech qanday ovoz eshitilmadi. Shunda Nazokat telefonining ekraniga qaradi. Aloqa uzilgandi.

— Telefonni o'chirib qo'yibdi, demak, bu yerda bir gap bor, — dedi u o'zicha xayolga berilib. — Uyiga borib aniqlamasam bo'lmaydiganga o'xshaydi.

* * *

Salima sezdi. Nazokat uyiga keladi, bu aniq. U qanday yo'l tutishni bilmay turdi. Keyin hamma yukni Rustamning yelkasiga ag'darib qo'ymoqchi bo'ldi. Tanish raqamlarni terdi.

— Rustam, ahvoling yaxshimi? — dedi so'ng narigi tomondan erkak kishining ovozi eshitilgach. — Senda muhim gap bor.

— Tinchlikmi?! Ovozing boshqacha eshitilyapti. Shundog'am bugun mehmonga boramiz. Bir piyola choy ustida gaplashamiz, agar choy bersang, — xunuk kuldi Rustam.

— Hozir hazilning payti emas. Anavi Nazokat bor-ku dugonam, shunga asl ismingni aytib qo'yibman. Endi u seni surishtiryapti.

— Nima bo'pti shunga? Nima, u asl ismimni bilmasa surishtirmasmidi? Shundoq ham meni izlab yurgandi shekilli.

— To'g'ri. Lekin negadir mendan asl isming chindan ham Rustammi yoki yo'qmi, rosa so'radi. Bu yerda bir gap bor deb qo'rqaman-da.

— Nega qo'rqasan? Bilganini qilmaydimi? Sen bir narsani tushun, asl ismimning Rustam ekanligi uning qalbidagi nafratni kuchaytirmaydi ham, so'ndirmaydi ham. Shunday ekan, bunga parvo qilma. Yana so'rasa, ha, shunday-shunday de. Bo'ldi.

— Bu gaping ham to'g'ri, — yengil nafas oldi Salima, so'ng yig'lamsirash ohangida dedi, — shu ishga qaerdan ham aralashdim o'zi? Halovatim yo'qolgani qoldi.

— Bo'ldi qil, namuncha podadan oldin chang chiqarmasang?! Hech narsa bo'lmaydi. O'sha Nazokating nimadir qilmoqchi bo'lganida haligacha amalga oshirardi o'sha ishni. Lekin ayol kishi bu borada unchalik qasoskor bo'lmaydi. Bo'ldi, tinchidi-ku deb ketaveradi. Shuning uchun bo'lmagan narsalarga ham vahima qilaverma. Undan ko'ra, dasturxon tuza. Biz Mariya bilan hademay borib qolamiz.

Salima aloqani uzgandi hamki, yana telefoni jiringladi, Nazokat ekan.

— Yaxshimisan? — dedi u telefonni ko'tarib. — Uzr, boya telefonim o'chib qoldi.

— Shunaqa de? Telefoning o'chganiga hech qancha bo'lmay, yana yonibdi-da! Shunchalik tez-a?!

Nazokatning pichingi Salimani dovdiratib qo'ydi.

— Ha, shunaqa bo'ldi, — dedi-yu, boshqa gapirolmadi.

— Menga qara, anavi hamtovog'ingning ismi chindan ham Rustammi?! Nima ish qilardi o'zi uning?!

Nazokatning gap ohangi boyagidan mutlaqo boshqacha, sovuqroq va keskinroq edi. Ya'ni Salimaning oradagi ishidan jahli chiqqani va nimadandir shubhalangani sezilib turardi.

— Nima ish qilardi uning deb so'rayapman?!
Категория: Detektiv | Просмотров: 72 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 34, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz