Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (33-qism)
07:56
Tuzoqqa tushgan kelin (33-qism)
— Tolib aka, men sizga oldin “O'sha Gulidan voz kechib, oilangizni saqlab qolsangiz, ishga olaman” degandim. Yodingizdami?

Tolib tasdiq ma'nosida bosh irg'adi.

— Mana, — gapini davom ettirdi Davron. — Siz shartni bajaribsiz, to'g'ri yo'lga kiribsiz. Men ham va'damda turaman. Faqat oldingi lavozimda emas, sal bundayroq ishda ishlaysiz.

Tolibning yuzi yorishib ketdi. O'rnidan turib, Davronning qo'lini minnatdorona qisdi.

— Rahmat, rahmat sizga, bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman. To'g'risini aytsam, ishga olmaysiz deb qo'rqqandim.

— Siz men uchun nafaqat hamkasb, balki do'st ham edingiz. Birgina xatoni deb do'stdan voz kechish insoniylikka to'g'ri kelmasdi. Bemalol ishga kelaverishingiz mumkin. Aslida, o'rningiz ancha bilinayotgandi. Chunki ishimizni o'zingiz bilasiz, qiyin, sizdek xodimlarning o'rni darrov seziladi.

Davron oxirgi gapini Tolibning ruhiyatini ko'tarish, ko'nglidagi g'ashlikni tarqatish uchun aytdi. Tolib ham buni sezdi, biroq hozir ana shunday bir daldaga, maqtovga muhtoj bo'lgani uchun bu gapni samimiy deb qabul qildi.

— Ishonchingizni oqlashga harakat qilaman. Endi oldingidan ham yaxshiroq ishlashga, faolroq bo'lishga so'z beraman.

* * *

Nazokat avval telefonni ko'tarishni istamadi, lekin Salima qayta-qayta qo'ng'iroq qilavergach, javob berishga majbur bo'ldi.

— Ha, namuncha javob berging kelmaydi, — dedi Salima noligudek bo'lib. — Men senga yaxshi xabar aytaman deb tursam-u, sen telefonni ko'tarmay, odamni xunob qilasan.

— Yaxshi xabar? Xo'sh, eshitaylik-chi…

— Anavi Odil bor edi-ku, Rustam, o'sha boshqasi bilan osh-qatiq bo'lib olibdi. Seni unutib ham yuborgani aniq.

— Xudoga shukr. Tinch qo'ygani rost bo'lsin. Lekin agar oilam buzilib ketadigan bo'lsa, men uni tinch qo'ymayman!

— Qo'ysangchi bunaqa gaplarni, Nazokat. Bo'ldi-da endi. Mana ko'rasan, senga jin ham urmaydi. Axir Davron akangning ishonchi ancha baland-ku, to'g'rimi?!

— To'g'ri, ammo rashkiyam kuchli. Shuning uchun…

— Bo'ldi, yaxshi niyat qil. Menda shunaqa gaplar. O'zingda tinchlikmi?!

— Tinchlik…

Nazokat gapini tugata olmadi, aloqa uzilib qoldi.

* * *

Davron bu safar boshqacha, tushunarsiz kayfiyatda edi. Telefonini qo'lidan qo'ymas, bir ovqat yesa, bir telefonga qarardi.

— Bugun negadir bezovtasiz, — yurak yutib gap boshladi Nazokat. — Ishingizda biror nima…

— Tinchlik. Indamay ovqatingni yeyaver.

Bu gap juda sovuq chiqdi. Buni Davronning o'zi ham sezdi, shekilli, muloyimroq ohangda:

— Menga parvo qilma. Oxirgi paytlarda ishda muammo ko'payib ketyapti, hozir muhim qo'ng'iroq bo'lishi kerak edi. Shuni kutyapman, — dedi.

Nazokat bu safar gapirmaslikka qaror qildi. Chunki biladi, agar Davronning bir jahli chiqsa, keyin o'ziga kelishi qiyin. Nihoya telefon jiringladi. Davron darhol yashil tugmachani bosdi.

— Allo… Xo'sh… Topdingmi?! Qaerda ekan?! Shoshmay tur, yozib olay…

U xotiniga “Ruchka bilan qog'oz olib kel”, deb pichirladi, keyin esa Nazokat keltirgan qog'ozga allaqanday joy nomlarini yozdi.

— Yaxshi… Juda yaxshi… — yuziga tabassum yugurdi uning. — Uddalashingni bilardim. Bo'pti… Qachon o'taman?! Xo'sh… Dam olish kuni borganim ma'qul… Ha-ha, shunday qilaman!

Davronning kayfiyati ko'tarilganini ko'rib, Nazokat ham yengil tin oldi.

— Ishingiz hal bo'ldimi?! — dedi eriga kulib qararkan.

— Ha, deyarli hal bo'ldi. Bittasining manzilini qidirayotgandim. Nihoyat, topdim. Ertaga ish, baribir, vaqtim bo'lmaydi. Shuning uchun yakshanba kuni o'ta qolaman.

Nazokat Salimaning gapini eriga aytmoqchi, bu bilan o'zini qiynab yurgan yukdan xalos bo'lmoqchi edi. Ammo hozir bunga o'zi ham, Davron ham tayyor emasligini sezdi. “Salima Rustam boshqasini topib olganini aytdi, ishqilib… Ie, shoshma, u Rustam dedimi?” Dugonasining gapini endigina Salimaning miyasi chaqdi. Darhol telefonini oldi-yu, Davron nima deb o'ylashini xayoliga ham keltirmay, tanish raqamlarni terdi. Ammo “Siz so'rayotgan abonent apparati o'chirilgan”, degan ovozni eshitdi. Asabi taranglashdi. “Rustam, Odil?! Balki, bu boshqa Rustamdir?! Yer yuzida Rustam degan odam bittamas-ku! Lekin, baribir, so'rab ko'rishim kerak. Salima nega telefonini o'chirib qo'ygan ekan-a! Uff!” Nazokat o'ylay-o'ylay bir qarorga keldi. “Davron akam yakshanba kuni qaergadir borarkan. Shundan foydalanib qolishim kerak. Boshqa vaqt hech qanaqasiga imkonim bo'lmaydi. Eng yaxshisi shu, dam olish kuni Salimanikiga borib, hamma narsaga oydinlik kiritib kelaman! Ishqilib, oxiri yaxshilik bilan tugasin-da”.
Категория: Detektiv | Просмотров: 72 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, 33-qism, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz