Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (31-qism)
07:54
Tuzoqqa tushgan kelin (31-qism)
— O'zingizni go'llikka solmang, — ortiq chidab turolmagan Shodiya nihoyat portladi, — o'sha jazmaningiz Laylo ekanligini bilaman! Mendan afzal ko'rganingiz, meni haqoratlashingizga sabab ham aynan o'sha Laylo!

— Esing joyidami?! Bu nima deganing?! Janjal ko'tarishga boshqa bahona topa olmadingmi?!

— Endi alday olmaysiz! Tushundingizmi?! Kelib-kelib shunaqa jirkanch ishingizni Laylo bilan qildingizmi?! Qanday haddingiz sig'di?!

Tolib nafasi siqilib ketgani uchun ko'ylagining yoqasini asabiy tarzda ikki tomonga tortdi. Ammo kuch bilan tortib yuborgan ekan, old tugmalardan biri uzilib tushdi.

— U Laylo emas! Umuman, Laylong bilan tuzuk-quruq gaplashmayman ham!

— Unda kim?! Kim?! — ko'z yoshi yuzini yuvayotganiga parvo ham qilmay, yig'isiga battar erk berdi Shodiya. — Gapiring! Savolimga javob bering!

— Endi nima qizig'i bor?! U esimdan ham chiqib ketgan! Allaqachon unutib yuborganman! Hamma ham xato qiladi-ku, Shodiya! Hadeb yuzimga solaverasanmi?!

— Ie, nima, siz bemalol boshqasi bilan yurasiz-u, men buni osonlikcha unutib yuboraymi?!

— Nega tushunmaysan?! Men hozir umuman boshqa odamman! O'zgarganman! O'g'limiz va sen uchun borimni berishga tayyorman! Manavi boshim, — boshini changalladi Tolib, — allaqachon devorga urilib bo'lgan! Iltimos sendan, bu mavzudagi janjallarga boshqa tobim yo'q! Agar menga ishonmaydigan bo'lsang, dugonangning o'zidan so'ra! Tavba qildim, bunaqa gapni qaerdan olding?!

Tolib eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketdi. Picha muddat nima qilarini bilmay yurdi. Aslida, Davronning oldiga borishni, ishini qayta tiklashni rejalashtirgandi. Ammo xayollari ag'dar-to'ntar bo'lib ketdi. Shu mahal telefoni jiringlab qoldi.

— Obbo, yana deydi bu? — dedi telefonini olarkan.

Ammo telefon ekraniga ko'zi tushdi-yu, battar asabi buzildi.

— Uff, bundan umuman qutulib bo'lmas ekan-da! Yana nima gapi bor ekan?!

Tolib telefonni ko'tarmadi. Biroq Guli qayta-qayta qo'ng'iroq qilavergach, boshqa iloji qolmadi.

— Nima deysan?! — dedi salom-alikni yig'ishtirib. — Nega qo'ng'iroq qilyapsan yana?!

Guli bunday qo'rs muomaladan dovdirab qolmadi. Aksincha, po'pisa qilishda Tolibdan ham o'tib tushdi.

— Menga qara, erkakmisan o'zi?! Nima, ishingni bitirib, endi osonlikcha qutulaman deb o'ylayapsanmi?! Chuchvarani xom sanabsan!

— Bu gapingni anavi “Jip”da olib yuradigan jazmanlaringga aytasan, tushundingimi?! Men tinch qo'y! Aks holda…

* * *

— O'zingiz bundoq o'ylab ko'ring, shuncha paytgacha sizga sadoqatli ekanligini isbotlab kelgan ayol kelib-kelib endi xiyonat qilishi mumkinmi? Men bunga ishonmayman. Ayolning qandayligini ayol biladi. Xiyonat qiladigani top etib yoki tasodifan bu ko'chaga kirib qolmaydi. Uning ichida azaldan shunaqa tasavvur, kir tushuncha bo'ladi. Agar ayolingiz shu paytgacha boshqaga qayrilib ham qaramagan bo'lsa, demak…

Mariya “Bu quruq safsata” degandek yelka qisib qo'ydi. Davron esa ayolga telefondagi faylni ko'rsatdi.

— Unda mana buni qanday tushunish mumkin?

— Ja boplabdi-yu Rustamchik, — dedi Mariya kulimsirab. — Kompyuterda rosa ishlangani shundoqqina ko'rinib turibdi-ku. Nima, shunga aqlingiz yetmadimi?!

— O'zim ham shunday deb o'yladim, lekin Rustam shunchalikka boradi deb…

— U bundan ham battariga boradi, hamma narsani kutish mumkin Rustamdan. Shuning uchun bunaqa soxta narsalarga ishonib o'tirmang. Maslahatim, birovlarning aldoviga uchib, oilangizni barbod qilgandan ko'ra, ayolingizga ishoning, uning sadoqatini hurmat qiling. Xo'pmi?

— Rustamning o'zi bilan gaplashsammikin?!

Davron bu fayl soxta ekanligini shaxsan Rustamning o'zidan eshitishni istardi. Shu bois o'ziga qolsa, Rustamning kelishini istagancha kutishga tayyor edi. Mariya esa boshqa narsani istardi. U azaldan o'ylab qo'ygan rejasini amalga oshirish uchun ataylab Rustam bilan ko'chaga chiqmagandi. Davron esa uning vaqtini olayotgandi.

— Unga nima deysiz? Nimani isbotlaysiz? Yoki u hamma narsani menga ochiq-oydin aytadi deb o'ylayapsizmi? — boshini sarak-sarak qildi Mariya. — Yo'q, u hech qachon bunday qilmaydi. Aksincha, sizga tarmashadi, keyin o'zining yoqasini yirtib, boshini devorga uradi-da, manavi mani do'pposladi deb ustingizdan arz qiladi. Rustam bunaqa ishlarning hadisini olgan. Shu sabab boshingizga ortiqcha muammo orttirib olmang-da, ishingizni qilavering. Yana bir gap, Rustamning bir tanishi bor, adashmasam, ismi Salima edi-yov. O'shanikiga boring, undan ham anchagina ma'lumot olishingiz mumkin. Menimcha, ayolingiz bilan Rustamni tanishtirgan ham o'sha. Rustam bir safar shu haqda gapirganday bo'luvdi. Endi esa xayr, qiladigan ishlarim bor edi.

Mariya Davronni kuzatib qo'ydi. So'ng ichkari xonadagi katta sandiq ichidagi latta-puttalarni tashqariga ota boshladi.

* * *

— Nima aks holda?! Gapir, lapashang! O'zing bir nimani amallab qo'y-da, keyin meni gapir! O'sha “Jip”dagilar sendan ming marta yaxshi, bildingmi?!

— Ey, iltimos, meni tinch qo'y! Hozir shundog'am muammolarim yetib turibdi! Senga yo'liqqan kunimga ming la'nat! O'zi ko'ngilsizliklarning bari o'shandan boshlandi! Bor, o'zingga o'xshaganlar bilan o'ynashib yur! Menga boshqa qo'ng'iroq qilma, maylimi?! Aytganday, anavi tilla zanjirni qaytar! Men uni olish uchun…

Tolib shu zahoti tilini tishladi. Jahl ustida sirini ochib qo'yishiga bir bahya qoldi. Yaxshiyam vaqtida tilini tiydi. Narigi tomondan esa Gulining baland ovozda kulgani eshitildi.

— “Tilla zanjirni qaytar”mish… Gapini qara buning! Men olgan narsasini qaytarib beradigan ahmoqqa o'xshaymanmi?! U zanjir men bilan o'tkazgan damlaringning badali, tushundingmi?! O'zi menga ancha to'lashing kerak edi-yu, mayli, men gadoylardan pul olmayman!

Bunisi endi oshib tushdi. Erkak kishi haqoratlarga chiday olmaydi. Tolib esa ayol kishidan “Gadoy” degan gapni eshitib o'tiribdi. Uning labi titrab ketdi. Telefonni mahkam qisdi, ammo jahlini bosdi. Guliga lom-mim demasdan telefonni o'chirdi.

Keyin biroz muddat tentirab yurgach, ko'chaga nima uchun chiqqani yodiga tushdi. Davronning oldiga borishi, undan ish so'rashi kerak. “Qayta ishga olarmikin? U juda g'ururli yigit. Mayli, haqorat qilsa ham, qattiq gapirsa ham ishga olsa bo'ldi. Ishlab, Shodiyaning tilla zanjirini qaytarmasam, bir umr vijdon azobida qolib ketaman!”

Tolib o'ylay-o'ylay sobiq ishxonasiga yetib keldi. Markaziy darvoza oldiga yaqinlashganida qo'riqchilar uni to'xtatishdi.

— Ie, Rasulbek, — dedi Tolib bo'yi uzun, sochini kalta qilib oldirgan yigitlardan biriga qarab, — ishlar yaxshi ketyaptimi? Meni taniysan-ku, shundoq o'tkazib yubor, Davronjonda ishim bor edi.

Rasul xijolatomuz iljaydi.

— Uzr, Tolib aka, bu yerning qonun-qoidalarini bilasiz-ku, begonalar kiritilmaydi. Ishlagan bo'lsangiz, oldin ishlagansiz, hozir esa bu yerda hech kimsiz.
Категория: Detektiv | Просмотров: 88 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 31, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz