Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (30-qism)
07:53
Tuzoqqa tushgan kelin (30-qism)
Shodiya ham biroz gangib qolgandi. Folbinga ishonay desa, almoyi-aljoyi, noto'g'ri gaplarni aytyapti. Ishonmay desa, eri chindan ham bittasi bilan yurganini sezardi. Buni Tolibning o'zi ham sezdirgandi.

“Nahotki o'sha Laylo bo'lsa?! — deb o'yladi Shodiya folbinnikidan chiqarkan. — Agar shunday bo'lsa…”

Shodiya ayni damda shubhalari tasdiqlansa, nima qilishiniyam o'ylab ko'rmagandi. Umuman, u bunaqa vaziyatga tushishini xayoliga ham keltirmagandi. Unga havo yetishmayotgandek tuyildi. Ko'ylagining yoqasini biroz ochib, yelpigan bo'ldi. Shunda bo'ynida doim taqib yuradigan zanjiri yo'qligini bildi. Bu esa bevosita yo'qolgan tilla zanjirini yodiga soldi. Aslida, folbinning oldiga zanjirni kim olganini so'rash uchun kelganini esladi. Esladi-yu, achchiq kulimsiradi. Sumkachasidan telefonini oldi-da, Layloga qo'ng'iroq qildi. Telefonni hech kim ko'tarmadi. Shodiya dugonasining uyiga bormoqchi edi, atrofga qorong'ilik yoyila boshlagani uchun bu ishni ertaga qoldirishga majbur bo'ldi.

* * *

— Ie, jiyan, ahvoling yaxshimi?! Sog'liging joyidami?! Qani, kir.

Tolib ostonada katta sumkasini yelkasiga osgancha iymanib turgan yigitni ichkariga chorladi.

— Obbo, seni qara-yu, o'qishga keldim degin. Bu deyman kechagina imtihon boshlangandi, darrov javoblari ham chiqdimi?

— Ha, — dedi Javlon yuklarini bir chetga qo'yib. — Byudjet asosida o'qishga kirdim.

— Bunisi zo'r bo'libdi-yu, qoyilman, mana, o'qiydigan bolalar ham bor ekan-ku!

— Aytganday, amaki, yotoqxona olishim kerak. Shunga yordam bera olasizmi?!

— Yotoqxonani nima qilasan? Mana, biznikida turaver. Bemalol kelib-ketaverasan.

— Lekin… sal noqulay-da.

— Noqulaylik joyi yo'q. Qishloqdoshlar shunaqa kunda bir-birining koriga yaramasa, qachon yaraydi? Sen hech xijolat bo'lma. Biznikida turaver.

* * *

Davron ishini vaqtliroq tugatdi-da, og'aynisi bergan manzilga yo'l oldi. Yo'l-yo'lakay og'aynisining gapini eslab ketdi: “Rustam hozir Mariya degan ayol bilan oshiq-ma'shuq bo'lib yurganmish. Hozir ham o'sha ayolnikida ekan”.

— Maraz, — dedi Davron qoshini chimirib. — Yer bunday odamlarni qanaqa qilib ko'tarib yuradi, hayronman! Tuppa-tuzuk odamsan, bozor qilarkansan, oilang bilan tinchgina yashab yursang bo'ladi-ku! Nima foyda topasan birovlarning oilasini buzib?! Qarg'ishga qolasan, xolos. Ayollargayam hayron qolaman, nuqul shunaqa mashenniklarning tuzog'iga tushishadi yoki o'zlari shuni istasharmikin?! Tavba qildim, o'sha Mariya deganiniyam oilasi, eri, bolasi bordir. Kuni bilan boshqasining qo'yniga kirib, keyin uyiga qanday borarkin?! Erining, bolalarining ko'ziga qanday qararkin?! O'zidan jirkanmasmikin?!

Davron jahl otiga minganidan atrofdagilar o'ziga ajablanib qarayotganini sezmasdi ham. Chunki u nafaqat o'ziga o'zi gapirar, balki ovozi biroz balandroq ham chiqayotgandi.

— Nihoyat katta bir tashvishdan qutuladigan bo'ldim. E, Xudo, ishqilib, Nazokat aybsiz bo'lsin-da.

Davron aytilgan manzilga yetib kelganida cho'ntagini paypaslab, telefonini oldi-yu, anchadan beri yuragiga g'ulg'ula solib qo'ygan videoga qarab oldi. U videoni ko'rganidan beri halovatini yo'qotgan, bu haqda Nazokatga ham lom-mim demagandi. Avval hammasiga o'zi aniqlik kiritib, keyin rafiqasi bilan bu haqda suhbatlashib olishni, agar Nazokat aybsiz bo'lsa, bu haqda umuman suhbatlashmaslikni niyat qilgandi. Davron manzilda ko'rsatilgan xona ro'parasiga keldi-da, qo'ng'iroqni bosdi. Birozdan keyin ichkaridan “Kim u?” degan ovoz eshitildi.

— Men, — dedi Davron betoqatlanib. — Haligi… Rustamning tanishiman.

Shu mahal eshik ochilib, Davronning ro'parasida sochini yoyib olgan, ko'p uxlaganidanmi, ko'zi shishib ketgan ayol paydo bo'ldi.

— Keling, — dedi u Davronga boshdan-oyoq razm solib. — Sizga nima kerak?

Davron bir ahvolda turgan ayoldan darrov ko'zlarini olib qochdi. Bunaqa manzaraga duch kelishini kutmagani uchun biroz dovdiradi.

— Rustam uydami?!

— Yo'q, unda nima ishingiz bor edi?

— Men uning do'stiman. Bir masala bo'yicha…

— U sizniyam chuv tushirgan, shekilli, — Davronning gapini bo'ldi ayol. — To'g'ri topdimmi?!

Davron ayolga yalt etib qaradi.

— Siz Mariyamisiz?
— Ha, Mariyaman. Nima deb aldagan sizni u?! Pullaringizni ishlatib qo'ydim deganmi yoki?..
— Siz adashyapsiz. Men uning do'sti…
— Qo'ysangiz-chi, yolg'on gapirishni uddalay olmas ekansiz. Rustam esa haqiqiy aferistlar bilan ulfat bo'ladi. Masalan, menga o'xshaganlar bilan. Hayron bo'lmang, tabiatim shunaqa, hamma narsani ochiq-oydin aytishga o'rganganman! Siz ham sir saqlamasdan, nima gapligini aytavering. Qulog'im sizda!
— Ammo siz…
— Men uning do'sti emasman. U bilan o'zimniyam hisob-kitoblarim bor. Xohlasangiz, sizni qiynayotgan muammoning yechimini topishingizga yordam berishim mumkin. Bahonada o'zim ham oladiganimni olaman. Nima dedingiz?
Davron ortiq ikkilanishni istamadi. Ichkariga qadam qo'ydi.
* * *
Shodiya eri bilan ko'p narsalarni gaplashib olmoqchi edi. Lekin Javlonning kutilmagan tashrifi unga xalal berdi. Shunday bo'lsa-da, Tolibga oldingidek muomala qilmadi. Qovog'ini solib yurdi.
Ertasi kuni uyda er-xotin yolg'iz qolganidan keyin esa endi tashqariga otlanayotgan Tolibni to'xtatdi.
— Layloni yaxshi taniysiz-a?
— Qaysi Laylo? — to'satdan berilgan savoldan hayron bo'ldi Tolib. — Anavi dugonangmi?!
— Ha, o'sha.
— Taniyman dugonang bo'lganidan keyin.
— Faqat dugonam bo'lgani uchunmi yoki?..
— Bu nima deganing?! — ayoli nimadandir qattiq ranjiganini sezgan Tolib eshikni yopib, ichkariga qaytib kirdi.
Категория: Detektiv | Просмотров: 98 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 30, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz