Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (28-qism)
07:51
Tuzoqqa tushgan kelin (28-qism)
Tolib ayoli ketgach, ko'chaga chiqdi. Bir ko'ngli o'g'lini ko'rgani bormoqchi bo'ldi, ammo quruq qo'l bilan borolmadi. “Shodiya kelsa, nimadir qilib boramiz”, dedi-da, bozor aylanishga tushdi. Shu mahal telefoni jiringladi.

— Assalomu alaykum, — dedi bir yigit hovliqqannamo. — Amaki, yaxshimisiz?

— Rahmat, uzr, tanimadim.

— Men, Javlonman, Kozim qassobning o'g'li. Qishlog'ingizdan.

Davron eslashga harakat qildi.

— E, ha, — dedi so'ng ovozini biroz balandlatib. — Esladim, ahvoling yaxshimi?! Uydagilar tinchmi?!

— Xudoga shukr. Men hozir shahardaman, o'qishga keluvdim.

— Ie, zo'r-ku!

— Shu… Siz bilan bir uchrashsam degandim!

— Bo'pti, bugun kechqurun uyga kel.

Tolib yigitga manzilni tushuntirgach, uyga qaytdi.

* * *

Folbinning ezmalanishidan Shodiya siqilib ketdi. Lekin chidab o'tirishga majbur edi. Folbin esa qahva quyqasiga tikilgancha nimalarnidir aniqlardi.

— Eringizning jazmani sariq sochli, o'rta yoshli ayol, — dedi u qoshini chimirib. Eringizning u bilan tanishganiga ancha bo'lgan, faqat sizga sezdirmagan.

— Qancha bo'lgan?! — deya so'radi bu yangilikni mutlaqo kutmagan Shodiya esankirab.

— Ikki yilcha! U eringizni yaxshi taniydi. Eringizning lavozimi oshganini sezgach, tuzoq qo'yishga o'tgan va buni uddalagan. Eringizning ham ayollarga suyagi yo'q. Bundan oldin ikki-uchta ayol bilan yurgan.

Shodiyaning esxonasi chiqib ketdi. Vaziyat u kutganidan mutlaqo boshqacha ko'rinish tus olgandi. Endi tilla zanjirning o'g'irlangani ayolning yodidan chiqib ketgan, folbin uni tamomila boshqa muammo — Tolibning xotinbozligi-yu Shodiyaga anchadan beri xiyonat qilganligiga duchor qilgandi.

— Qizning ismi Lena. Yashaydigan joyi sizlarning uyingizga yaqin. U sizni ham yaxshi tanirkan!

— A?! Meni yaxshi tanirkan?!

— Bo'lmasam-chi… U eringizga ishonishingizni sezgani uchun ham bemalol yuribdi.

Shodiya tanishlari, dugonalari orasida sariq sochli ayol bor yoki yo'qligini xotirlashga urindi. Lekin eslay olmadi.

— Bunaqa tanishim yo'q, —dedi so'ng biroz ikkilangancha.

— Bor, yaxshilab eslang. Men hech qachon yanglishmayman! Balki, sochini bo'yab olgandir. Yuzi dumaloqroq, to'laroqdan kelgan, kulgichi bor!

Shodiya endi esladi. Ha, uning shunaqa dugonasi bor edi. Bir marta uchrashishgandi ham. “Xo'jayining yaxshigina ishga joylashibdimi?” deb so'ragandi u. Shodiya shu gapni esladi-yu, folbinning gapiga chippa-chin ishondi.

“Endi o'zingdan ko'r, — deya o'yladi yuzi jahldan bo'g'riqib. — Shu ishing uchun sening ham, anavi xotinbozning ham tavbalaringga tayantiraman”.

— Lekin uning ismi Lena emas, Laylo!

— Ha, xuddi shu! Laylo! Biroz chalg'ibman!

Shodiya g'azab otiga mindi. Qo'yib bersa, hozirning o'zidayoq o'sha Layloni yumma talashga tayyor edi.

* * *

— Rustamni topdinglarmi?! U bilan tezroq ko'rishishim kerak.

Odil Davronga “ijod mahsuli”ni jo'natganidan keyin o'zini Rustam deb yana bir bor tanishtirib, shu bilan g'oyib bo'lgandi. Davron esa buni “Ataylab qilyapti, sabrimni sinayapti”, deb o'yladi. Aslida esa…

* * *

Rustam (Odil) Nazokat bilan munosabatlariga nuqta qo'ygach, o'ziga boshqa o'lja topib oldi. Bu safar uning qarmog'iga o'zidan ikki do'kon narida ishlaydigan Mariya ismli ayol ilindi. Eridan ajrashib, bir nafar qizchasi bilan qolgan, Rustam uchun muhimi qaddi-qomatini binoyidek saqlagan hamda topish-tutishi tuzukkina bo'lgan Mariya ko'ngildagidek o'lja edi. Ayol uning tuzog'iga osongina ilindi ham.

— Charchamayapsizmi? — dedi Rustam oldindan ko'z ostiga olib yurgan ayolga gap tashlarkan.

Mariya yuklarini joylayotgandi. U ishini to'xtatdi-da, qaddini rostlab, ro'parasida tirjayib turgan erkakka tik qaradi. Rustam: “Gapim yoqmadi, shekilli, ishqilib, gapirib tashlamasin-da”, deb hadiksirab turdi. Ammo Mariya:

— Ming marta hol so'ragandan ko'ra, bir marta yordam ber, degan ekan donishmandlarimiz, — deya miyig'ida kulib qo'ydi.

Rustamning aft-angori o'zgardi. Yuzidagi hadik o'rnini jilmayish egalladi. Shartta ayolning qo'lidagi kattaroq sellofan paketni oldi.

— Donishmandlaringiz bilib gapirishgan ekan. O'zi aqlli ayoldan aqlli fikr chiqadi-da.

— Xushomadniyam qotirib qo'yarkansiz. Sizni ilgarilari ko'rganimda bunaqa deb o'ylamagandim.

— Qanaqa? — biroz ajablandi Rustam.

— Ayollarning ko'nglini olishga ustasi-farang deb.

— Men haqimda noto'g'ri xayolga boryapsiz, — yuziga jiddiy tus berdi Rustam, — mening hamma gaplarim samimiy.

— Qo'ysangiz-chi, sizga samimiy gapirish yarashmaydi. Siz aldash, yo'ldan urish, kayfu-safo qilish uchun tug'ilgansiz.

Rustam ayoldan bunaqa gapni kutmagandi.

— Juda cho'rtkesar ekansiz! — dedi hayron qolganini yashirmay.

— Tilyog'lamalik, xushomadni yomon ko'raman. Borini aytaman-qo'yaman.

Shu kuni Rustam ayolni uyigacha kuzatib qo'ydi. Shu-shu ular har kuni uchrashib turadigan bo'lishdi.

— Men uzoqroq yerdan mol olib kelishga ketyapman, — dedi Rustam ular juda yaqin bo'lib ketganlaridan so'ng. — Menga ozroq pul kerak bo'lib qoldi.

Mariya Rustamga g'alati qaradi. Buni o'zicha tushungan Rustam:

— Sen meni noto'g'ri tushunding, — dedi gapiga izoh bergan bo'lib. — Pul o'zimdayam bor. Faqat biroz kamlik qilyapti. Shunga…

Mariya biroz sukut saqladi. So'ng:

— Qancha kerak? — deb so'radi. Keyin esa uyiga borib, Rustam so'ragan pulni sanab berdi.
Категория: Detektiv | Просмотров: 63 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 28, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz