<

Tuzoqqa tushgan kelin (27-qism)

Davron ham hovuridan tushdi.
— O'ylama, shu muammoyimni hal qilib olay, keyin hammasi joyida bo'ladi. Bo'pti, men ishga bora qolay, bugun kechroq qaytaman, qiladigan ishlarim ko'p.
Nazokat Davronni ishga kuzatdi-yu, singlisiga qo'ng'iroq qildi.
— Nazira, tez yetib kel, — dedi salom-alik ham qilmasdan.
Singlisiyam ortiqcha savol berib o'tirmadi. U yetib kelguncha Nazokat shubhayu-gumonlarning ming bir ko'chasiga kirib chiqdi. Oradan o'tgan vaqt uning uchun asrdek tuyilib ketdi. Nihoyat, eshik qo'ng'irog'i jiringladi-yu, uning shubha ko'chalarini tentirab yurishi barham topdi. Shosha-pisha eshikni ochdi.
— Kir, — dedi Nazirani ichkariga boshlarkan, — muhim gap bor.
— Tinchlikmi, opa?! — Nazokatni bunaqa ahvolda birinchi marta ko'rib turgani uchun muhim yangilik bo'lsa kerak, deb o'ylagan Nazira opasiga tikildi. — Biror yangilik bormi?!
— Bor! Menga qara, menga jo'natgan rasming o'sha seni tashlab ketgan ablahniki ekanligi rostmi?!
— Ha!
— Aniq Rustamning rasmiya shu?!
— Ha!
Nazokat telefonini oldi-da, o'sha rasmni singlisiga ko'rsatdi.
— Mana shu rasm-a?!
— Xuddi shu! Nega so'rayapsiz, ochiqroq gapiring, opa?!
Nazokat gapni nimadan boshlashni bilmay qoldi. Shuning uchun og'ziga kelgan gapni qaytarmadi:
— Kecha pochchangga og'aynisi qo'ng'iroq qilib, “Yaxshimisan, Rustam?” dedi. Pochchangni “Rustam” deb chaqirdi.
— Xo'sh, shunga nima bo'pti? — dedi hech nimani tushunmaganidan ajablanib turgan Nazira.
— Gapimni bo'lma. Men o'sha Rustam ishlaydigan do'konga borgandim. Do'konda kimni ko'rdim, bilasanmi?!
— Kimni?!
— Pochchangni.
— Pochchamni?
— Ha.
— Biror ish bilan borgandir-da. Yoki Rustam akamni tanirmikin?
— Men boshqa narsani o'ylayapman. Balki, o'sha sen aytgan Rustam pochchang bo'lsa-ya?!
— Opa?!
Nazira opasiga yaqinroq keldi-da, peshonasini ushlab ko'rdi. So'ng yana qattiqroq tikildi.
— Shu gaplarni qaysi miya bilan aytyapsiz?! Axir men pochchamni yaxshigina taniyman-ku! Ham rasmda boshqa yigit ekanligi ko'rinib turibdi-ku!
— To'g'ri, lekin anavi fotoshopmi, bir balomi, shu haqda eshitganimdan keyin qo'rqib qolganman!
— Opa, shunaqaqangi g'alati gap aytdingiz-ki, — Naziraning yuziga tabassum yugurdi, — birinchidan, men Rustamni ko'rganman. U umuman boshqa odam. Ikkinchidan, men pochchasi bilan yuradigan darajada iflos emasman!
Nazokat ancha yengil tin oldi.
— Xayriyat, — dedi o'zini karavotga tashlarkan, — lekin mana bu yerimda nimadir bor-da! Pochchang do'konga borganini ham mendan yashirdi!
— Pochcham Rustam akamni qidirib borganmikin?! Topgan bo'lsa-ya?! — Nazokatning qorachiqlari kattalashib ketdi. — Siz pochchamgayam aytganmidingiz?!
— Yo'q, — boshini sarak-sarak qildi Nazokat.
— Unda nega qidirgan ekan?! Menimcha, nimadir olgani borgan.
Shu payt Nazokatning esiga nimadir tushdi-yu, yuzi yana tashvishli tus oldi.
— Nazira, unda nega anavi erkak pochchangni “Rustam” deb chaqirdi?! Qayta-qayta aytdi shunday deb.
— O'zidan so'ramadingizmi?!
— Yo'q! Karaxt ahvolga tushib qolganim uchun telefonni o'chirib qo'ya qoldim!
— Bunaqa o'zingizni yeb yurgandan ko'ra, pochchamdan so'rab aniqlashtirib oling, tamom!
— Bo'pti. O'zingda nima gaplar?! Nima qilding?!
Nazira opasi nimani nazarda tutayotganini sezdi.
— Bilmadim. Hali o'zgarish yo'q. Biror nima seziladigan bo'lsa, oldirib tashlayman!
Nazokat labini tishlagancha ko'zini bir yumib ochdi.
— Oldirib tashlayman degin! Afsuski, boshqa ilojing ham yo'q! Hayotning beshafqatligini qara, kimlardir tirnoqqa zor, farzand ko'rish uchun borini berishga tayyor, yana kimlardir esa tirik jondan osongina voz kechib yuboradi!

Opasining gaplari Naziraning jon-jonidan o'tib ketdi.

— Bu yerga ta'na qilgani chaqirdingizmi?! — dedi qoshlarini chimirib. — Nima qil deysiz?! Boshqa ilojim yo'qligini bilasiz-ku!
— Bilaman, afsuski, bilaman! O'sha ablahni topsam, o'zim bilaman nima qilishni! Maraz! Shunaqayam vijdonsiz, razil odam bo'ladimi?!
Hozir Nazokatning ko'nglidagi barcha alamlar qorishib ketgandi. Davron bilan bog'liq shubhalar singlisiga nisbatan alamzadaligi bilan qorishib, ayolning yuragida nafrat, g'azab po'rtanasini paydo qilgandi. Biroq Nazokat bu po'rtanani ichiga yutishga harakat qildi. Garchi qiyin bo'lsa-da, shunday qilishga majbur edi. Chunki o'zining ham, singlisining ham asabi birgina zarba tegsa, uzilib ketadigan darajada omonat bo'lib qolgandi. Buni Nazokat vaqtida sezdi. Sezdi-yu, tilini tishladi.
* * *
Shodiya allambalo narsalar qo'yib tashlangan xonaga kirgach, bir muddat taraddudlanib qoldi.
— Assalomu alaykum, — dedi to'rdagi ko'rpachada o'tirgan ayolga qarab.
— Keling, marhamat, o'tiring.
Ayolning o'rnidan turmay kutib olgani Shodiyani biroz noqulay ahvolga soldi. Qolaversa, bunaqa narsaga birinchi marta ishi tushgani uchunmi, boshqacha muhim hukm surayotgan xonada o'zini biroz noqulay his etdi.
— O'tiring, singlim, — deya folbin oldidagi qahva quyqasiga qarab oldi. — Sizni jiddiy bir muammo qiynayapti. Anchadan beri halovatingiz yo'q!
— To'g'ri, — dedi Shodiya.
Ayni damda ko'nglidagi ikkilanishlar o'rnini folbinga bo'lgan ishonch egalladi.
— Bu muammoyingizning yechimi eringizga borib taqaladi, — quyqaga tikilib gapirishda davom etdi folbin, — hammasi eringizga bog'liq.
Shodiya hayron qoldi. Birdaniga xayoliga erining gaplari keldi: “Agar o'sha folbining “Tilla zanjirni ering o'g'irlagan”, desa, nima qilasan?!”.
— U sizdan ko'p narsani yashiryapti. Sizni qiynayotgan muammoning yechimini ham!
— Men ham shunday deb o'ylayapman! Oldingizga…
— Oldimga nega kelganingizni allaqachon bilib oldim!
— Yo'g'-e? — dedi soddalik bilan Shodiya. — Boshida ishonmagandim, lekin hozir…
— Ixlos qiling, ixlos.
Folbin “jim turing” degandek ishora qildi.
— Eringiz o'rta yoshlardagi kishi, to'g'rimi?
— Ha…
— Xo'sh, yaxshigina joyda ishlaydi, topish-tutishi yomon emas.
Shodiya bu safar bosh silkib qo'ydi.

Категория: Detektiv | Просмотров: 106 | Добавил: Admin | Теги: 27, Qism, tushgan kelin, Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ