Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (26-qism)
07:46
Tuzoqqa tushgan kelin (26-qism)
O'ziga o'zi pichirlarkan, ayolning qorachiqlari kattalashib ketdi. Bir ko'ngli erini uyg'otib, janjal ko'tarmoqchi ham bo'ldi, ammo ba'zi ikkilanishlari bunga xalal berdi.

* * *

— Dadasi, men folbinga ketdim.

Dasturxoniga allanimalarni tugib olgan Shodiya eshikka yetar-etmas ichkaridan ingragan ovoz eshitildi. Ayol ham hayron bo'lib, ham xavotirlanib ichkariga qaradi. Xonada Tolib qornini ushlab yotardi.

— Dadasi, sizga nima bo'ldi? — deya erining tepasiga kela solib, qo'lidagi dasturxonni yerga qo'ydi Shodiya. — Meni qo'rqitmang, dadasi!

Tolib xotiniga o'girilib qaradi-yu, aftini bujmaytirdi.

— Uff, ichim og'riyapti, — dedi so'ng yana teskari qarab, — nimadir yoqmagan, shekilli.

— Endi nima qilamiz? — ayolning ko'zi kattalashib ketdi.

— Nima qilarding, dorixonaga borib, dori olib kel, — Tolib “odam bo'lmaysan sen” degandek boshini sarak-sarak qildi.

Shodiya esa:

— Hozir g'izillab borib kelaman! Chidab turing! — deya tashqariga yo'naldi.

Rafiqasi uydan chiqib ketgach, Tolibning yuz ifodasi o'zgardi.

— Xayriyat, ishondi, — deya chuqur xo'rsindi, — lekin keyingi safar qanday bahona topaman?! E, Xudo, shu Guliga qaerdan ham yo'liqdim-a?! Iflos, shuni deb sal qolsa bolamdan… Ey, nimalar deyapman o'zi?! Hali hammasi yaxshi bo'ladi! Endi nima qilsam ekan?! Folbinlar g'irt yolg'onchi bo'ladi deyishadi! Balki, Shodiya aytgan folbin ham, oti nimaydi, Sarvimidi, xullas, o'shayam aferistlardan biridir! Ha, aniq shunaqa! Topolmaydi! Topsayam, Shodiya hech qachon men shu ishni qilganimga ishonmaydi! “Ko'rdingmi, bu folbining g'irt yolg'onchining o'zi, pulingni shilish uchun og'ziga kelgan gaplarni aytgan”, deyman qutulaman! Qoyil! Nega shu fikr miyamga ertaroq kelmadi?! Mana bunaqa qilib qorinni yolg'ondakam og'ritib o'tirmasdim!

Tolib o'ylay-o'ylay eshik qanday ochilganini ham sezmay qoldi. Yaxshiyam Shodiya eshikni ochdi-yu, eriga emas, oyog'ining ostiga qarab, eshik tagiga to'shalgan gilamchani tuflisining uchi bilan to'g'irladi. So'ng shu barobarida:

— Dadasi, ahvolingiz yaxshimi? Men keldim, — dedi.

Tolib bir amallab joyiga yotib oldi. Keyin esa yolg'ondakam inqillab qo'ydi.

— Qaerdan yaxshi bo'lardi? Ichim burab-burab og'riyapti. Jonimni sug'urib olay deyapti!

— Mana, — Shodiya qo'lidagi sellofan paketdan dori olib uzatdi, — ichib oling. Ko'rmagandek bo'lib ketasiz.

Tolib dorini ichayotib, jo'rttaga aftini bujmaytirdi.

— Buncha taxir buning? — deya norozi ohangda to'ng'illadi so'ng.

— Ta'siri kuchli ekan. Tezroq tuzala qolsaydingiz, anavi Sarvi folbinning oldiga borib kelardim.

Tolib o'rnidan turib o'tirdi. So'ng ayoliga sinchkovlik bilan tikildi.

— Menga qara, Shodiya, sendan bir narsani so'rasam maylimi?!

Shodiya ajablanganini yashirib o'tirmadi.

— So'rang.

— Agar o'sha folbining “Tilla zanjirni ering o'g'irlagan”, desa, nima qilasan?!

— Esingiz joyidami?! Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a?! Axir siz o'z xotinining narsasini o'g'irlaydigan darajada nomard, ablah emassiz-ku!

Tolibning ichida nimadir chirt etib uzilgandek bo'ldi. U ayolidan “Bu nima deganingiz? Men sizga ishonaman” qabilidagi javobni kutgandi. To'g'ri, Shodiya ham shunaqa dedi. Ammo oxirgi gapini Tolib kutmagandi. Bu gap Tolibning vijdoniga tarsaki bo'lib tushdi. Ko'zini chippa yumdi. Labini qattiq tishladi. Ayoliga shunaqa qattiq tikildiki, Shodiya qo'rqib ketdi.

— Nega bunaqa qaraysiz?! — dedi ayol titroq ovozda. — Noto'g'ri gapirdimmi?!

“Ha, noto'g'ri gapirding. Men shunaqa nomardman, shunaqa ablahman!” dedi. Faqat ichida aytdi gaplarni. Tiliga esa boshqa gaplar ko'chdi.

— Yo'q, to'g'ri gapirding. Shunchaki sal mazam qochdi yana. Ichimda nimadir buralib yotgandek bo'ldi. Hozir yaxshiman, hammasi o'tib ketdi. Sen, yaxshisi, boradigan joyingga borib kelaver. Xo'pmi?!

Shodiya “Mayli” degancha Sarvi folbinnikiga yo'l oldi.

* * *

Davron telefonining o'chiqligini ko'rib, hayron bo'ldi. Keyin “Zaryadi tugab qolgandir-da”, degan xayolda cho'ntagiga soldi. Nazokat esa erining “Nega telefonim o'chirilgan?” deb so'rashini kutgandi. Shunda u ko'nglidagilarni aytib olar, shubhalariga aniqlik kiritardi. Ammo Davron hech narsa so'ramagach, he yo'q be yo'q erini so'roqqa tutishga Nazokatning jur'ati yetmadi. Aksiga olib, Davron nonushta paytida lom-mim demadi.

— Sizga nimadir bo'ldimi?! — dedi ayol choy suzib, eriga uzatarkan. — Negadir o'zgarib qolgansiz. Oldingidek emassiz.

— Hammasi joyida, — dedi Davron pinagini ham buzmay. — Xavotir olma. Shunchaki bosh og'riqlar ko'payib ketdi.

— Necha marta aytdim sizga menga ko'nglingizni yoring, yordamim tegib qolar, deb!

— O'zim hal qilaman, og'rimagan boshingni og'ritib nima qilasan?!

— Lekin siqilib ketyapman. Sizni har kuni shu ahvolda ko'rish…

— Menga hech narsa qilgani yo'q, — bu safar dona-dona qilib gapirdi Davron. — Ham choy ichayotganda gapirishni yomon ko'raman, bilasan-ku!

— Dadasi, bo'ldi-da endi! Meniyam o'ylang-da bundoq! Kechqurun kelasiz, shu ahvol. Ertalab ketasiz, yana shu ahvol! Men ham nima…

— Tinchgina choy ichgani qo'yasanmi, yo'qmi?!

Davron shunaqa baqirdiki, xona devorlari zirillab ketdi. Nazokatning esa gapi og'zida qoldi.

— Ishga borishim kerak! Kuni bo'yi ishlayman! Shu bugun tinchgina, janjalsiz kuzatsang, nima qiladi?! O'zi muammoyim boshimdan oshib yotibdi! Ishxonada har kuni asabbuzarlik! Nima, shu menga kerak deb o'ylaysanmi?! Hech bo'lmasa, uyda tinchgina o'tiray!

Davron shu paytgacha ayoliga biror marta ham qo'l ko'tarmagan. To'g'ri, jahli chiqqan paytlari qattiq gapirgan, ammo urmagan. Chunki o'zi rafiqasiga qo'l ko'targan erkaklardan nafratlanadi. Shuning uchun alamini boshqa narsadan oladi, yo nimanidir sindiradi, yoki yirtadi. Hozir ham shunday bo'ldi. U qo'lidagi choyi yarimlab qolgan piyolani zarb bilan xontaxtaga urdi. Zarb bilan urganidan piyola ikki bo'linib, qo'lini ham kesib ketdi. Kaftidan qon sizib chiqdi.

— To'ydim, — dedi dastro'molini kaftiga bosib.

Nazokat erining qo'li qonayotganini ko'rib:

— Voy, hozir, shoshmay turing, doka bilan bog'lab qo'yaman! — degancha shkafni ochdi.

— Shartmas, men ketdim.

— Dadasi, shoshmang, mana, hozir boryapman!

Nazokat Davronni amallab ko'ndirdi-da, qo'lini mahkam bog'ladi.

— Meni kechiring, — dedi so'ng nigohini yerga qadab, — shunchaki har kuni qiynalib, nimalarnidir o'ylab yurishingiz meniyam siqib yubordi. Shunga xavotir oldim-da!
Категория: Detektiv | Просмотров: 69 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, Qism, 26, Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz