Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (25-qism)
07:44
Tuzoqqa tushgan kelin (25-qism)
— Shuni o'ylab o'tiribsanmi? — qo'l siltadi Salima. — Oilada erning ham, xotinning ham o'z siri bo'ladi. Balki, ering senga aytolmagandir. Ehtimol, keyinroq aytmoqchidir.

— Gap boshqa yoqda, Salima. Davron akam aynan men izlayotgan do'konda edi. Singlimni aldab ketgan ablah ishlayotgan do'konda, tushunyapsanmi?!

Salimaning qorachiqlari kattalashib ketdi. Nazokatga yaqinroq tikildi-da, keyin labini tishladi.

— Nahotki?! Bo'lishi mumkin emas! Yo'q, Nazokat, sen qattiq yanglishyapsan! Ering singling bilan… Davronning shunaqa hunari bo'lishi mumkinmi?! Lekin aftidan u bunaqa erkakka o'xshamaydi-ku!

— Bilmayman, Salima. Singlim umuman boshqa ismni aytgandi. Menga shu narsa taskin beryapti, xolos.

— Ismni o'zgartirish muammo emas, Nazokat. Mana, anavi itdan tarqagan Odilchik ham ismini qalbakilashtirgan. Uning asl ismi boshqa. Balki, ering ham shunday…

Nazokat yuzini kaftlari bilan berkitib oldi. Birozdan keyin barmoqlari ko'z yoshidan ho'l bo'ldi.

— Nega?! Qaysi gunohim uchun?! — deya baralla yig'lab yubordi ayol. — Nega aynan erim?! Nega aynan singlimni?!

— Bas qil yig'ini. Namuncha vahima qilasan-a?! Balki, hammasi biz o'ylaganimizchalikmasdir. Vahima qilishga o'rin yo'qdir. Yig'lama! Menga qara, ering birorta yangi kiyim olib keldimi?!

Nazokat yo'q ma'nosida bosh chayqadi.

— Aytmoqchimanki, — deya bir nuqtaga tikildi Salima, — ering bozordan biror nima olmoqchi bo'lgan-u, to'g'ri o'sha do'konga borgan! Tamom! Xuddi shunday bo'lgan! Menga qara, singling senga u yigitning rasmini ko'rsatganmidi?!

Shu payt Nazokat birdan yig'idan to'xtadi.

— Voy, esim qursin, — dedi u telefonini cho'ntagidan olarkan.

Singlisi telefonidan o'tkazib bergan rasmni ko'rgach, Nazokat biroz hovuridan tushdi. Salima ham rasmga diqqat bilan tikildi.

— Lekin juda o'xshasharkan, ikkalasining ham yuzida moshdek xoli bor.

— Bu bilan nima demoqchisan?! — yalt etib dugonasiga tikildi Nazokat.

— O'zim, shunchaki… Xullas, o'z ko'zing bilan ko'rding, eringning hech qanday aybi yo'q bu yerda.

— Unda nega bozorga borganini yashirdi? Aytaversa ham bo'lardi-ku!

— Endi buni o'zi biladi. Sen ha deb xavotir olaverma.

* * *

Kechga yaqin kirib kelgan erini Nazokat quvnoq kayfiyat bilan kutib oldi.

— Yaxshi keldingizmi? — dedi jilmayishga urinib.

Davron xotinidagi o'zgarishni ko'rib, biroz tikilib turdi. So'ng tuflisini yechdi-da, ichkariga kirdi.

— Quyosh qayoqdan chiqdi?

— Xafa bo'lsam ham, xursand bo'lsam ham nimadir deysiz-a, — dedi Nazokat yolg'ondakam arazlab. — Rosa charchagandirsiz, qani, kiyimingizni almashtirib chiqing, shavla pishirganman siz yoqtirganday qilib.

— Unda senga aniq nimadir bo'lgan. Menga qara, bugun ham ishdan charchab keldim, ishxonadan hech qaerga chiqqanim yo'q. Tag'in kechagidek…

— Bo'ldi-da endi. Kecha bir anglashilmovchilik bo'libdi. Sizga ishonaman, shuning uchun hech qanaqa savol bermayman. Faqat…

— Nima faqat…

— Bir narsani aniqlashda menga yordam bersangiz degandim. Aniqrog'i, bir odamni topish kerak.

Turmush o'rtog'idan bunaqangi gapni umuman kutmagan Davronning qoshiq ushlagan qo'li havoda muallaq qoldi.

— Bir odamni?! — dedi qoshiqdagi ovqatni kosaga qaytib solarkan. — Qanaqa odam?! Senga nega kerak bo'lib qoldi u?!

Davron gapini noto'g'ri tushunganini fahmlagan Nazokat singlisi bilan bo'lib o'tgan voqeani gapirib berdi.

— Shunaqa demaysanmi?! O'sha marazning ismi nima ekan?!

Nazokat yigitning ismini aytish uchun endi og'iz juftlagandi, Davronning telefoni jiringlab qoldi.

— Hozir, bir o'rtog'im zarur ish bilan qo'ng'iroq qilyapti, — dedi xotiniga, so'ng javob berdi, — allo, Nodir, yaxshimisan?! Men aytgan ish bo'yicha yangilik bormi?!

Davron suhbatlashish asnosida o'rnidan turib, narigi xonaga kirib ketdi. Nazokat erining ortidan bormoqchi edi, Davron “Menga ishonmayapti”, deb o'ylamasligi uchun o'rnidan qo'zg'almadi. Erining qaytib chiqishini kutdi.

Davron shu bo'yi yarim soatcha xonadan chiqmadi. So'ng ko'zlari qizargan holda chiqib keldi. Yuzi ancha tashvishli tus olgandi.

— Tinchlikmi?! — dedi Nazokat eriga tikilib.

— Tinchlik, o'zim. Bir muammoning yechimini topa olmayapman.

— Qanaqa muammo?! Menga ayting, balki, yechimini birgalashib toparmiz.

— Men ham boshida shunday o'ylagandim, — deya xotiniga sinchkov tikildi Davron. — Lekin keyinchalik o'ylay-o'ylay bunga seni aralashtirmaslikka, vaziyatni murakkablashtirmaslikka qaror qildim. Bu yog'ini o'zim uddalayman.

— Nima ekan u men aralashsam murakkablashadigan?! Shunchalik maxfiymi?!

— Judayam. Bu mening hayotimni hal qiladi. Yo u yog'lik bo'laman, yo bu yog'lik.

— Davron aka, odamni qo'rqitmang. Ochiqroq ayting, nima gap o'zi? Nima bo'ldi?!

— Qo'yaver. Ayol kishi aralashadigan ish emas. Aniqrog'i, ayol kishiga bog'liq ish. Bir ayolning baxtiga chang solishyapti, turmushini buzishmoqchi. Shu muammoni hal qilishim kerak, — Davron ochiq-oydin gapirib o'tirmadi, — bunday ishlarni ayol kishi bilan hal qilib bo'lmaydi. Shuning uchun boshqa savol berma. Undan ko'ra, yaxshi narsalar haqida gaplashaylik!

— Hayotimni hal qiladi deganingizdan keyin qo'rqib qoldim-da! Ishqilib, hal bo'ladiganmi?!

— Ha, xavotir olma. Hal bo'ladi.

Davron rafiqasi bilan ko'p gaplashib tura olmadi. Nodir bilan suhbatlashganidan keyin boshiga qattiq og'riq kirgandi. Shu boisdan hech narsa yoqmayotgandi. Nazokat bergan dorini ichganidan keyin esa uyqu elita boshladi. Ko'zi yumilib-yumilib ketaverdi.

— Uxlamasam bo'lmaydi, boshim yorilib ketay deyapti, — dedi axiyri Davron.

Nazokat eriga joy solib berdi. Rostdan ham qattiq charchagan ekan, Davron darhol uxlab qoldi. Dasturxonni yig'ishtirib, idish-tovoqlarni yuvib kelgan Nazokat biroz televizor ko'rdi-da, keyin uxlashga yotdi. Ammo shu payt erining telefoni jiringlab qoldi. Nazokat Davron uyg'onib ketmasligi uchun telefonni ovozsiz holatga keltirmoqchi bo'ldi, lekin shoshganidan yashil tugmani bosganini sezmay qoldi. Gapirish-gapirmasligini bilmay, picha ikkilanib turdi. So'ng javob berishga qaror qilib, telefonni qulog'iga yaqinroq olib bordi.

— Nega jim bo'lib qolding? — degan dag'al ovoz eshitildi narigi tomondan. — Odam ham shunaqa dovdir bo'ladimi?!

Nazokat bir cho'chib tushdi. Birozdan keyin esa tag'in boyagi ovoz eshitildi:

— Ha, nega jimsan, tilingni yutib yubordingmi, Rustam?!

— Allo, Rustam dedim…

Nazokatning tili aylanmay qoldi. Aloqani uzdi, keyin telefonni umuman o'chirib tashladi, chunki boyagi erkak qayta-qayta qo'ng'iroq qilayotgandi. Nazokatning yuzi oqarib ketdi.

— Bo'lishi mumkin emas, nahotki erim…
Категория: Detektiv | Просмотров: 99 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (25-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz