<

Tuzoqqa tushgan kelin (24-qism)

— Mendan xavotir olma. Undan ko'ra, yeyishga biror nima olib kel. Qornim o'lgudek och.

Shu suhbat asnosida Nazokatning asabi ancha taranglashdi. Davronning xotirjamligi, tap tortmay yolg'on gapirishi jahlini chiqargandi. Biroq boshqa tomondan eri unga rost gapirayotgandek tuyildi. Chunki Davron odatda yolg'on gapirmas, mabodo aldamoqchi bo'lganda ham buni uddalay olmas, ko'zlari olazarak bo'lib, kipriklari pirpirab qolardi. Hozir esa Davron hatto odatdagidan ancha xotirjam edi.

“Balki, adashayotgandirman, — deb o'yladi Nazokat osoyishta ovqatlanayotgan eriga zimdan termilib. So'ng bu fikriga o'zi ham ishonmadi. — Yo'q, bo'lishi mumkinmas. Axir o'z ko'zlarim bilan ko'rdim-ku! Nega unda buni tan olgisi kelmayapti?”

Ertasi kuni erini ishga kuzatib qo'yganida ham Nazokat turli qarama-qarshi o'ylar iskanjasida edi. Eshikni yopdi-yu, o'zini karavotga tashladi. Ko'zini chippa yumib, uxlashga urindi, lekin ko'nglidagi shubha po'rtanasi ojizgina miltillab turgan osoyishtalikni ham yutib yubordi. Ko'z oldiga bozorda turgan eri kelaverdi. Boshini yostiq bilan burkab, barchasini unutishga urinib ko'rdi. Shu payt eshik qo'ng'irog'i jiringlab qoldi.

— Obbo, Davron akamning nimasidir qolib ketibdi, shekilli, — deya Nazokat eshikni ochdi.

Ayol bir muddat jim qoldi. Qarshisida ko'zida yosh bilan Salima turardi.

— Mumkinmi, dugon? — dedi u ko'z yoshini artarkan. — Bezovta qilmadimmi?

Nazokat bir og'iz ham gapirmasdan Salimaga yo'l berdi.

“Sen yetmay turuvding o'zi, — deya o'yladi eshikni zarb bilan yoparkan, — yana nimalarni mo'ljallagan ekan bu g'alamis?”. Biroq Nazokatning tiliga umuman boshqa so'zlar ko'chdi:

— Hozir eslab turuvdim o'zi seni, ayni paytda kelding-da.

Bir tomondan, Nazokat hozir yolg'on ham gapirmagandi, boisi chindan ham unga aynan Salomat kerakligini hozir his qildi. Ko'nglini vayron qilayotgan savollarga aynan ana shu dugonasi yordamida javob topishi mumkindek edi.

— Men afsusdaman, — deya Salima Nazokat ko'rsatgan joyga o'tirarkan, qizini ham yoniga o'tqazdi. — O'ylay-o'ylay yoningga kelishga qaror qildim. O'zi avvalroq kelmoqchi edim, ammo ikkilandim. Meni qanday qabul qilishingni bilmaganim uchun oyog'im tortmagandi. Ammo… Dugonajon, seni bunday ahvolga solib qo'yganim, baxtingdan, oilangdan boylik orttirish yo'lida foydalanganim uchun meni kechir, iltimos.

Salima endi oshkora ko'z yosh to'kishga o'tdi. Qalbi tosh bo'lib, keyinchalik yaxshi insonga aylanishga harakat qilgan insonda, baribir, mehr tuyg'usining uyg'onishi qiyinroq. Chunki uning yuragida, eng avvalo, yovuzlik kurtak otgan bo'ladi. Yomon yo'lga kirib ketgan, aslida esa yaxshi bo'lgan insonning ko'nglida esa ezgulik zarracha bo'lsa-da, iz qoldiradi. Shuning uchun uning qalbida mehr-shafqat tuyg'ularini uyg'otish osonroq. Ayni paytda Nazokat bilan ham xuddi shunday holat yuz berayotgandi. Qanchalik nafratlanmasin, Salimaning ko'z yoshlari ko'nglini bo'shashtirib yubordi.

— Bo'ldi, siqilma, — dedi dugonasining sochini silab. — Qilgan ishingdan pushaymon ekansan, mayli, kechiraman. Faqat bunday qabihlikni boshqa takrorlamasang bo'ldi.

Salima o'rnidan shartta turdi-da, Nazokatni bag'riga bosdi.

— Rahmat, bilardim, kechirishingga ko'zim yetgandi. Demak, endi ish sudgacha yetib bormaydi, to'g'rimi?

Nazokat Salimani bag'ridan itardi. Keyin ko'zlariga tik qaradi.

— E, gap bu yoqda degin. Sen hali sud bo'lishidan qo'rqib yuribsanmi? Demak, gap vijdonda, insoniylikda emas, moddiy zararda ekan-da! Men bo'lsam bu aybini tan olib, pushaymon bo'lib kelibdi, vijdoni uyg'onibdi deb o'ylab yuribman!

Salima biroz dovdiradi. Shoshganidan ko'nglidagilarni qanday qilib tiliga chiqarganini sezmay ham qolgandi.

— Men… sen meni noto'g'ri tushunding! Men aybimni tan olaman, Nazokat, qanday qilib bunchalik tubanlashib ketganimni o'zim ham bilmayman. Sudga keladigan bo'lsak, qizimning kelajagidan qo'rqaman.

Salima yonida o'tirgan qizalog'ining yuzini siladi.

— Agar menga nimadir bo'lsa, u qarovsiz qolib ketadi. Qizimning mendan boshqa suyanadigan insoni yo'q. Shu haqda o'ylasam, ko'zimga hech narsa ko'rinmaydi. Agar hayot menga boshqatdan berilganida…

— Tushundim, bo'ldi. Hozir o'zimning ham bo'larim bo'lib turibdi. Yuragimni battar siqma!

— Nima bo'ldi, tinchlikmi?! Haliyam anavi yaramas Odilning ishlari…

— Yo'q. Aslida, shunday, lekin bu safar biroz boshqacharoq. Gap shundaki…

— Gapiraver, menga ishonishing mumkin.

— Singlimni bir yaramas aldab ketgan ekan, bozorda ishlarkan u yigit. O'shani qidirib bozorga borgandim, erimni ko'rib qoldim.

Nazokatning sukut saqlab qolganini ko'rgan Salima:

— Xo'sh, nima bo'pti shunga? — deb so'radi.

— Erim uyga kelganidan keyin “Ishxonadan hech qaerga chiqmadim”, dedi. Bozorga borganini mendan yashirdi.

Категория: Detektiv | Просмотров: 110 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (24-qism), Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ