Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 14 » Tuzoqqa tushgan kelin (23-qism)
07:43
Tuzoqqa tushgan kelin (23-qism)
Shodiya Tolibga nimanidir imladi. Tolib dastlab tushunmadi, keyin ayoli cho'ntagiga ishora qilayotganini bildi-da:

— Do'xtirga pul berish kerak ekanmi? Xavotir olma, yetadi, — dedi.

— Telefoningiz jiringlayapti. Ovozsiz qilib qo'ygan ekansiz, ko'taring.

Tolib telefonini olib qaradi, Guli ekan. Noqulay vaziyatga tushib qoldi. Ammo sezdirmadi. Yashil tugmachani bosdi-da, balandroq ovozda gaplasha ketdi:

— Ie, Qulmurod, qalaysan?

— Qanaqa Qulmurod? — dedi Guli ajablanib. — Davron aka, bu menman, Guliman.

— Sen o'zi odammassan-da, jo'ra. Hozir yoningda bo'lsam, bir urib dabdalangni chiqarardim. Yo'q, yo'q, mendan boshqa hech narsa umid qilma. Endi sen men uchun yo'qsan, men sen uchun yo'qman. Tushundingmi, og'ayni?

Tolib telefonni o'chirdi.

— Kim ekan? — dedi Shodiya hech narsadan shubhalanmay.

— E, bitta yulg'ich, oti Qulmurod. Tunov kuni o'g'limizning operatsiyasi uchun qarz so'rab turganimda bermagandi, nomard. Endi o'zlariga pul kerak bo'lib qolganmish. Odam ham shunaqa surbet bo'ladimi? Bermayman deganingga ko'nmaydi. Qayta-qayta so'rayveradi.

— Parvo qilmang. Asabiylashishingizga arzimaydi. Bo'pti, uyga qaytaylik, o'g'limga kechqurun ovqat olib kelishim kerak.

Ular uyga qaytishdi. Shodiya kechki ovqatni tayyorlayotganda televizor ko'rib o'tirgan Tolibdan:

— Dadasi, qo'shni qishloqdagi Sarvi folchi haqida eshitganmisiz? — deb so'radi.

— Sarvi folchi?! Yo'q! Nega kerak bo'lib qoldi u?!

— O'sha ayolning oldiga bormoqchi edim!

Tolib beparvo ohangda so'radi:

— Nima bo'ldi yana? Sen folchi haqida gapirdingmi, demak, yana bir palakatni boshlayapsan.

— Shu desangiz, tilla zanjir bor edi-ku, yaqinda yo'qolgandi.

Tolib sergak tortdi. Televizorning ovozini pasaytirdi-da, qulog'ini ding qildi.

— Xo'sh?

— O'sha qaerga yo'qolganini bilmoqchiman.

Tolib ayolining yoniga keldi.

— Nima, folbining buni topa oladi, deb o'ylaysanmi? — dedi qattiq tikilib.

— Odamlar shunaqa deyishyapti. Yaqinda bitta dugonamning uzugi yo'qolgandi, o'sha folbinga borgan ekan, kim olganu, qaerga yashirganigacha aytib beribdi. Negadir o'sha folbin mening tilla zanjirimniyam topib berishiga ishonyapman. Ertaga bir dugonam bilan bormoqchiman. Zanjirim topilsa, yaxshi bo'lardi-da, dadasi.

Shodiya gapirardi-yu, Tolib holsizlanib borardi. “U folbinga bormasligi kerak, — o'yladi Tolib. — Yo'q, bunga yo'l qo'yib bo'lmaydi, hech qachon!”

* * *

Nazokat o'zini darhol odamlar orasiga oldi. To'g'risidagi do'kon oldida turgan erini ko'rib, g'alati ahvolga tushib qolgandi u. Ayol erining ketishini kutib turdi.

— U bu yerda nima qilyapti? — so'radi o'zidan o'zi. — Axir hozir ishxonada bo'lishi kerak-ku!

Vaziyatning bunday tus olishini umuman kutmagan Nazokat ayni damda ko'ngliga g'ashlik solayotgan savolga javob topishga ham ojiz edi. Uning qo'lidan kutish kelardi, xolos. U shunday ham qildi. Aksiga olib, Davron ketay demasdi. Bir mahal Davronning yoniga yoshroq yigit keldi-da, nimalardir dedi. Keyin esa ichkariga kirib ketib, birozdan keyin stul olib chiqdi hamda Davronga nimalarnidir tushuntirgan bo'ldi. Eri stulga o'tirgach, Nazokat Davron hali-beri ketmasligini taxmin qildi. Shu bilan birga, ortiga qaytish-qaytmaslikni ham o'ylab ko'rdi. Aslida, qaytishdan boshqa chorasi ham yo'q edi uning. Nazokat eriga qaray-qaray bozordan chiqib ketdi.

U uyiga ming xil o'ylar qurshovida yetib keldi. O'lganning ustiga tepgandek, singlisining tashvishi yetmagandek, bu yoqda endi eri bilan bog'liq mavhum voqea chiqib turibdi. Nazokat o'zini nima bilandir chalg'itmasa bo'lmasligini sezib turar, ammo ana shu chalg'ish qiyin bo'layotgandi. U o'zini karavotga tashladi-da, ko'zini yumdi. Ammo uyqu qayoqda? Ko'nglingga vahm oralab turganda, shubha ichingni ilon kabi kemirganda ko'zingga zarracha uyqu kelmaskan. Nazokat bir yoqqa, bir bu yoqqa ag'darildi, ko'zini yumib, yaxshi narsalarni o'yladi, biroq ko'z oldidan erining bozordagi ahvoli ketmasdi. O'zini chalg'itmasa, ich-etini yeb qo'yishini tushungan ayol o'rnidan turib, oshxonaga kirdi. O'zi yaxshi ko'rgan ovqatni tayyorlashga kirishdi. Hartugul, bu unga qo'l keldi. Ancha chalg'idi. Ovqati endi tayyor bo'lganida esa eshik qo'ng'irog'i jiringladi.

Nazokat negadir eshikni ochishga unchalik shoshilmadi. To eshik oldiga kelguniga qadar Davrondan nimalarni so'rashini, erining esa nima deb javob berishini taxmin qilib bordi. Shuning uchun Davron ancha kutishiga to'g'ri keldi.

— Namuncha chiqishing qiyin? — dedi Davron eshikni ochgan ayoliga xo'mrayib qararkan. — Odam ham shunaqa imillaydimi?

Nazokat hech narsa demadi. Eshikni qulfladi-da, erining ortidan xonaga kirdi.

— O'lguday charchadim, bir joyda o'tiraverish g'ir azobning o'zginasi, — dedi Davron kerishib. — Tag'in kompyuterga qarab o'tirishni aytmaysanmi?

Nazokatning shubhasi battar ortdi. Chunki, odatda, Davron ishxonasidan hech qaerga chiqmaganini, umuman, bunaqa mayda gaplarni xotiniga aytib o'tirmasdi.

— Rostdan ham faqat ishxonada o'tirdingizmi? Hech qaerga chiqmadingizmi? — so'radi ayol kostyumini yechib, xontaxta yoniga o'tirgan eridan.

Davron taajjublandi. Boisi, shu paytga qadar Nazokat eriga bunaqa savol bermagandi. Shu paytga qadar Nazokatning gap ohangida shubhalanish, kinoya sezilmagandi. Shunday bo'lsa-da, Davron o'zini xotirjam tutishga harakat qildi.

— Qaerga ham chiqardim. Axir ishimni yakunlashga zo'rg'a ulguraman-ku!

— Demak, hech qaerga chiqmagansiz?!

— Albatta. Nima, gapimga ishonmayapsanmi?

— Yo'q, shunchaki so'radim-da. Tinimsiz kompyuterga qarab o'tirish ham sog'liqqa zarar. U-bu joyga chiqib turish kerak.
Категория: Detektiv | Просмотров: 65 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (23-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz