<

Tuzoqqa tushgan kelin (22-qism)

Tolib telefonning qizil tugmachasini bosdi-da, Gulini kuzatishda davom etdi. Qiz nimalardir deb, aftini bujmaytirdi, yuzida bepisandlik ohangi paydo bo'ldi. So'ng xiyobon tomonga imo qilib yana o'sha bepisandlik bilan nimalardir dedi. Shunda Tolib o'zi haqida gap ketayotganini angladi. Bu unga berilgan bir turtki edi. Xiyobonga qaytib bormadi-da, to'g'ri kasalxonaga jo'nadi. Yo'l-yo'lakay ayoli bilan ham gaplashib oldi.

* * *

— Dadang bilan gaplashdim, — dedi Shodiya o'g'lining yoniga qaytib kelgach, — keyingi safar, albatta, boraman dedi. Hozir muhim ishi bor ekan.

— Mayli. Ishlarini bitirib kelaversinlar. Mendan xavotir olmasinlar, ahvolim ancha yaxshi, — dedi Botir onasiga tikilib.

Shodiyaning ko'ngli g'alati bo'lib ketdi. O'g'lining aqlli, zukko bo'lib voyaga yetayotgani uchun ming qatla shukr aytdi.

— Oyi, — dedi Botir ko'zlarini katta-katta ochib. — Yangi yil qachon keladi?

— Yangi yilmi? — ayol biroz hisoblab turdi, o'g'liga esa biroz yolg'on gapirishga majbur bo'ldi. — Oz qoldi, bolam. Hademay kelib qoladi.

— Qorboboni sog'indim, o'tgan safar u menga juda ko'p sovg'a bergandi, esingizdami?

— Albatta, ayniqsa, mashinachang zo'r edi, — o'g'li bilan birga xotiralar bag'riga sho'ng'idi Shodiya, — o'shanda shunchalik quvonganding-ki.

— Mashinani yaxshi ko'raman. Katta bo'lganimdan keyin dadam mashina olib beradilar-a?

— Albatta.

— Qanaqasini tanlasam ekan?

— Qop-qora, katta, signal chalganida ovozi hamma joyga eshitiladiganidan, o'g'lim.

Endi gapirishga og'iz juftlagan Shodiya ovoz kelgan tomonga qaradi. Xona eshigi oldida Tolibni ko'rdi-yu, beixtiyor yuziga tabassum yugurdi. Botirning xursandchiligini-ku tasvirlashga til ojiz edi.

— Dadam, — deya u o'rnidan qo'zg'almoqchi bo'ldi, lekin Shodiya joyiga qaytib yotqizdi.

— O'zim boraman oldingga, — dedi Tolib o'g'lining yoniga kelarkan, — qalaysan, polvon, ahvoling yaxshimi?

— Endi yaxshiman. Nega shu paytgacha kelmadingiz? Sizni sog'indim.

— Chunki… Men seni xursand qilish uchun butun shaharni aylanib chiqdim.

— Yo'g'-e, — ko'zlari hayratdan katta-katta bo'lib ketdi Botirning. — Butun shaharni-ya?

— Ha, bilsang, shaharni aylanish uchun bir-ikki kun yetmaskan. Shuning uchun oldingga kelolmay qoldim.

— Aylanib bo'ldingizmi? Endi boshqa aylanmaysizmi?

— Yo'q, chunki kerakli narsamni olib bo'ldim. Mana…

Tolib bir chekkaga qo'ygan sumkasidan katta, qanotlari yaltirab turadigan samolyotni chiqarganida Botir quvonib ketdi.

— Buncha zo'r, — dedi samolyotni aylantirib tikilarkan, — kattagina ekan-a?

— Ha, chunki sen mashina minadigan yoshdan o'tding. Endi samolyotda uchasan, uzoq-uzoqlarga uchasan. O'zim senga samolyot haydashni o'rgataman.

— Siz samolyot haydashni bilasizmi?

Bu savolni kutmagan Tolib ayoliga “Nima dey?” degandek qaradi. Shodiya esa kulishdan o'zini zo'rg'a tiyib turardi.

— Bo'lmasamchi, — dedi Tolib o'z joniga faqat o'zi ora kira olishini bilib. — Hozir biroz yodimdan ko'tarilgan, lekin oldin zo'r uchirardim. Sengayam o'rgataman.

Botir ancha xursand edi. Shodiya esa quvonchi ichiga sig'mayotgan bolasiga qarab turarkan, ko'zlariga yosh keldi. Sekin eriga imo qildi, ular tashqariga chiqishdi.

— Ko'rdingizmi? — dedi Shodiya. — Siz kelganingizdan keyin Botirjonning kayfiyati ancha ko'tarildi. Yuzidan kulgi arimay qoldi. Iltimos, dadasi, meni yomon ko'rishingizni bilaman. Hech bo'lmasa shu o'g'limiz uchun…

— Nega bunday deysan? Seni yomon ko'rmayman. Sen ko'z ochib ko'rganimsan. Kasalxonaga kelayotganimda yo'l-yo'lakay o'yladim. Endigina ishga kirgan paytlarim, cho'ntagimda hemiri bo'lmagan damlarda juda qiynaldim. Sen esa ana shu qiyinchiliklarni men bilan birga qarshi olishga qaror qilding. Vaholanki, oldingda boshqa yo'llar ham ko'p edi. Eshigingdan sovchilarning oyog'i uzilmasdi. Lekin sen meni tanlading. Qo'lim kaltaligini, sen orzu qilgan hayotni va'da qilolmasligimni bilsang-da, baribir, meni tashlab ketmading. Hatto bir safar “Shodiya, menday bir ovsarni boshingga urasanmi? Hech nimaga qodir bo'lmasam, tagimda mashinam yo'q, dang'illama hovlim yo'q, undan ko'ra, birorta boyrog'ini topib olmaysanmi?” deganimda “Qiziqmisiz, o'zingizdan qo'ymasin. O'sha qo'sha-qo'sha mashinasi-yu, uylari borlarni ko'rganimda ham yuragim zig'ircha jiz etmaydi”, deganding. O'shanda seni umuman xafa qilmaslikka so'z bergandim. Lekin va'damni bajarolmadim!

— Qo'ying, siqilmang. Siz bilan o'tkazgan umrimga achinmaganman, bundan keyin ham achinmayman.

— Menga qara, — dedi Tolib ayoliga qarab. — Meni ko'rsang yuraging haliyam jizillaydimi?

— Bergan savolingizni qarang, — ko'zini olib qochdi Shodiya, shuyam gap bo'ldi-yu?

— Nima bo'pti? — shumligi tutdi Tolibning. — Ko'ngil haliyam ancha yosh. Agar bilsang, yoshgina qizlarni ko'rsam, shunaqa…

Tolib ayoli o'ziga yomon qarab turganini ko'rib, tilini tishladi.

— Hazillashdim, — dedi qo'lini ko'tarib, — boshqa bunday bo'lmaydi.

Категория: Detektiv | Просмотров: 102 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (22-qism), Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ