Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (18-qism)
19:57
Tuzoqqa tushgan kelin (18-qism)
Davronning boshi og'rib ketdi. U, odatda, bunaqa paytda qahva ichib, miyasiga dam berardi. Lekin hozir qahvayam yoqmay ketdi. Toza havodan to'yib-to'yib nafas olish uchun tashqariga chiqishga qaror qildi. Ammo ulgurmadi. Eshikni ochgani zahoti qarshisida Tolib paydo bo'ldi. Davron terlab, yuzi qizarib ketgan sobiq hamkasbini ko'rib, ajablandi.

— Assalomu alaykum, Davronjon, tuzukmisiz? — dedi Tolib shoshilgancha. — Oldingizga bir iltimos bilan keluvdim!

— Marhamat, o'tiring, tinchlikmi?! Ko'rinishingizdan biror kor-xol…

— O'g'ilchaning mazasi bo'lmay qoldi. Shunga ozroq pul kerak edi, — gapning indallosiga o'tib qo'ya qoldi Tolib. — Kattaroq summa… Shunga…

Tolibning o'rtalarida kelishmovchilik bo'lib o'tganini esdan chiqarib kelganidan Davron vaziyat haqiqatan ham jiddiy ekanligini bildi.

— O'g'ilchangizga nima qildi?!

— E, so'ramang. Operatsiya qildirish kerak ekan. O'zimda bor pul yetmayapti.

— Xo'p, mayli, siz qancha kerakligini ayting, harakat qilib ko'ramiz!

* * *

Salima ishtaha bilan muzqaymoq yeyayotgan qizchasiga qarab turarkan, ichida nimadir g'imirlagandek bo'ldi. Bu nimaligini o'zi ham bilmaydi.

— Menga nima bo'ldi o'zi? Axir vijdon, insof degan tushunchalar hech narsaga yaramasligini, qorin to'ydirmasligini, kiyintirmasligini bilaman-ku! Endi Nazokatning birgina gapini deb hamma narsadan voz kechishim kerakmi? Yo'q! Faqat qizimga yedirmayman. Tag'in bir nima bo'lib…

Salima qizalog'i muzqaymoq yeb bo'lgunicha ko'p narsalarni o'yladi. Uni ayni damda ko'proq Nazokatning gaplari xavotirga solardi.

— Agar shikoyat qilsa… Aksiga olib, dalillari ham yetarli. Aybimni to'liq isbotlab bera oladi. Meni jazolashadi. Yo men hech narsani bilmayman deb turib olsammikin?

Salima muammoning yechimini topgandek quvondi. Ammo quvonchi bir lahzadayoq yo'qqa chiqdi.

— Odil sotib qo'yadi, — dedi chuqur xo'rsinib. — Uni yaxshilab so'roq qilishsa, hammasini gullaydi. Yaxshisi, buni tinchgina hal qilish kerak.

— Oyi, yeb bo'ldim, — dedi qizalog'i unga termilib.

— Shirin ekanmi?

Qizcha tasdiq ma'nosida bosh irg'adi.

— Endi uyga boramiz. Keyin sen bilan bir joyga o'tib kelamiz.

— Qaerga boramiz?

— Nazokat xolang bor edi-ku, o'shanikiga.

* * *

— Padariga ming la'nat bu tashvishlarning, endi nima qilaman?

Tolibning miyasi g'ovlab ketdi. Pul hadeganda topilavermas, bu yoqda o'g'li…

— Shu xotinimning tilla zanjirini negayam sotdim? Hozir kerak bo'lardi. Endi nima qilaman?! Nima qilaman?!

Shu payt uning telefoni jiringladi. Tolib telefon ekranida “Notanish” degan yozuvni ko'rdi-yu, peshonasi tirishdi.

— Uff, bu nima der ekan shu paytda? — deya norozi ming'irlab, yashil tugmachani bosdi. — Allo, eshitaman.

— Nega ko'rinmay ketdingiz, Tolib aka? — degan nozli ovoz eshitildi narigi tomondan. — Buncha sog'intirdingiz odamni?

— O'zim, shunchaki… Ishim ko'payib ketdi. Tinchlikmi, nima gap?

— Voy, bu nima deganingiz? Nima, sizga faqat ishim tushganda telefon qilishim kerakmi? Sog'inganimdan keyin qo'ng'iroq qilaveraman-da! Yo mumkinmasmi?

— Yo'g'-e, nega noto'g'ri tushunasiz? Xavotir oldim-da…

Suhbatni tugatishni istasa-da, xayrlashishga jur'ati yetmayotgan Tolib ataylab sovuq gapirardi. Biroq Guli bunga e'tibor ham qilmayotgandek edi.

— Tolib aka, anavi olib bergan zanjiringiz bor-ku, menga juda yarashdi-da. Shunaqa chiroyli bo'lib ketdim. Keling, o'zingiz guvohi bo'lasiz.

Tolibning g'azabi qaynadi. Ko'z oldida qorong'ida mehmonxonaga kirib, ayoli tokchaga omonatgina qo'ygan, ertasi kuni sotishga mo'ljallagan zanjirni o'g'irlayotgani gavdalanib, battar asabi buzildi. Biroq jahlini tiliga chiqara olmadi.

— Nega gapirmayapsiz, Tolib aka? Yo mendan xafamisiz?

— Tinchlik. O'zim, negadir boshim og'riyapti.

Baribir, Tolib gaplashishni istamayotganini oshkora bildira olmadi. Ichida nimadir bunga xalal berardi.

— Tolib aka, mendan nimanidir yashiryapsizmi?!

— Yo'q dedim-ku, Guli, keyinroq gaplashsak maylimi?

— Yo'q, hozir gaplashamiz. Mendek qiz qo'ng'iroq qilsa-yu, siz o'zingizni tarziga solsangiz, shu yaxshimi?

Tolib baqirolmasligini allaqachon his qilgandi. Shu bois telefonni o'chirib qo'ya qoldi. Guli qo'ng'iroq qilavergach, ovozsiz rejimga qo'ydi. Keyin yana muammosiga sho'ng'ib ketdi.

* * *

Eshik qo'ng'irog'i jiringlagach, Nazokat soatiga qaradi.

— Hali vaqtli edi-ku, — dedi qo'lini sochiqqa artib, eshikni ochishga chog'lanarkan, — yo Davron akammasmikin? Bugun boshqa hech kim yo'qlamasdi, shekilli.

U eshikni ochdi-yu, ro'parasida singlisini ko'rib, biroz dovdirab qoldi. Chunki Naziraning qovog'i yig'idan shishib ketgandi.

— Tinchlikmi, qani, ichkariga kirchi? — deya singlisidan ko'z uzmay eshikni yopdi Nazokat. — Nega bu ahvolda yuribsan?!

Nazira bir og'iz ham gapirolmasdan opasining yelkasiga bosh qo'ydi-da, yig'lab yubordi.

— Bo'ldi, bo'ldi, o'zingni qo'lga ol. Bir boshidan gapir, nima bo'ldi?

— Ablah, meni aldagan ekan, — dedi Nazira hiqillab. — Senga uylanaman, deb va'da berib yurdi-da, niyatiga yetgach, tashlab ketdi.

Nazokat hammasini allaqachon anglab yetgandi. Faqat singlisining “niyatiga yetgach” degan gapi diqqatini tortdi.

— Bu nima deganing?! Hali sen u bilan… Kim o'zi u?

Nazira yana yig'lashga tushdi. Gapirolmadi. Nazokat esa jahlini bosib turolmadi.

— Axir sen aqlli qiz eding-ku, Nazira, bunga qanday yo'l qo'yding?! Hozirgi yigitlarning qanaqaligini yaxshi bilarding-ku! Yaxshisidan yomoni ko'p ularning!

— Bilaman, opa! Lekin Rustamni boshqacha deb o'ylardim. Menga g'amxo'rlik qilardi, hech kimga xafa qildirib qo'ymasdi. Uylanaman deb va'dayam bergandi. Men unga ishongandim-da…

Nazokat labini qattiq tishladi, shu yo'l bilan vujudini yorib chiqayozgan jahlini, g'azabini jilovlashga urindi.

— Nima ish qiladi, o'qiydimi?!

Nazira “yo'q” degandek bosh chayqadi.

— Nima ish qiladi bo'lmasa?! Qaerdan topsa bo'ladi uni?!

— Savdo qiladi.

Nazokat Naziradan yigit haqida barcha tafsilotlarni bilib oldi.

— Sen kuyinma, — dedi so'ng singlisiga mehr bilan tikilib. — Yigitni izlab topaman. Gaplashaman.

— Lekin men nima qilaman, opa?!
Категория: Detektiv | Просмотров: 74 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (18-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz