<

Tuzoqqa tushgan kelin (16-qism)

— Bu nima deganing?! — Salima dovdirab qoldi. — Qanaqasiga uning hamtovog'i bo'laman?! Shu gapni o'ylab aytyapsanmi?! Men u bilan shunchaki tanishman. Agar bilsang, bu qilig'i uchun Odilga rosa dakki berdim.

O'zini oqlashga berilib ketgan Salima shu yerga kelganda tilini tishladi. Ammo kech bo'lgandi.

— Demak, bundan xabaring bo'lgan. Nega ertaroq aytmading?! Nega o'sha marazga birovning oilasini buzish gunoh ekanligini uqtirmading?! — Nazokat biroz jim turdi, so'ng dugonasiga qattiqroq tikildi. — Savolimni qara, kulgili a? Axir uning sherigisan-ku! O'zim ham hayron bo'lgandim bu mendan nega rasmimni so'rayapti deb?! Gap bu yoqda ekan-da!

— Rasmingni bir so'rovnoma uchun… anavi guruhdagi tanlov uchun so'ragandim… — tutilib-tutilib gapirdi Salima. — O'zinggayam aytgandim-ku!

— Aytganding. Shunchaki o'sha payt g'irt ahmoq bo'lgandim-da. Senga jo'natgan rasmim bilan Odil fotoshop qilgan rasm, aniqrog'i, “rasmim”ni solishtirdim, — dedi Nazokat piching aralash, — bosh bir xil. Sen juda ham ayyorlik qilgan ekansan. Tanlash imkoni bo'lishi uchun ataylab ko'proq jo'natishimni so'ragan ekansan-da! Odamning olasi ichida bo'lishi rost ekan. Men senga nima yomonlik qilgandim o'zi?!

— Bo'ldi qil-e? — kutilmaganda basharasi boshqacha tus oldi Salimaning. — Indamaganga rosa haddingdan oshib ketding. Ha, men Odil bilan til biriktirib, seni boplab aldadim. Xo'sh, nima qila olarding? Qanday isbotlaysan? Guvohing yo'q-ku! Sen shoxida yursang, men bargida yuraman, bilib qo'y.

— To'g'ri aytasan, sen bargida yurasan, barg esa shoxdan mo'rtroq bo'ladi. Aybingni isbotlashga kelsak, bundan xavotir olmay qo'ya qol. Undan ko'ra, aybingni yuvishni o'yla.

Salima qah-qah otib kulib yubordi. Boshini orqaga tashlab, yoyilib kuldi. Lekin kulgisi soxta edi, soxtaligi bilinib qoldi. Ammo Salimaning bu kulgidan maqsadi boshqa edi. U: “Bilganingni qilaver, men hech narsadan cho'chimayman”, demoqchi edi. Buni Nazokat tushundi. Biroq parvo qilmadi. Dugonasining gapirishini kutdi.

— Seni sodda desam, ichidan pishgan ekansan-ku, a? — dedi Salima nihoyat kulishdan to'xtab. — Aslida, odamning olasi ichida bo'ladi deb seni aytish kerak.

— Bir narsani unutma. Ayol kishi sodda bo'lsa, uni aldash juda oson bo'ladi. Lekin g'azabi qaynasa, uni hech kim alday olmaydi, jahlidan ham tushurolmaydi. Sen shu paytgacha yaxshi tomonimni ko'rding, endi yomonimni ham ko'r, dugonajon! Aytganday, manavi pullar, — Nazokat Salima sumkasidan chiqargan mingtaliklarga qaradi, — senga. Bosh-ko'zimdan sadaqa! Bolalaringga yedirarsan!

Nazokat sumkachasini yelkasiga ildi-da, kafedan chiqib ketdi. Salima esa dugonasining oxirgi gapidan karaxt ahvolga tushib qolgan, shu bois ketishini ham, qolishini ham bilmay o'tirardi.

* * *

Kun peshinga yaqinlashganida uyg'ongan Tolibning boshi lo'qillab og'rirdi. U soatga qaradi-yu, peshonasini tirishtirdi.

— Shodiya! — deya baqirdi o'rnidan qo'zg'alib, divanga o'tirarkan. — Qaerdasan?!

Oradan biroz vaqt o'tib ayoli ko'rindi.

— Nima deysiz? — dedi sovuqqina qilib.

— Nega ertaroq uyg'otmading?!

— Baribir, ishga bormaysiz-ku! Kecha charchagandingiz, shuning uchun yaxshiroq dam oling deb uyg'otmagandim.

Shodiya erining yana nimadir deb baqirib berishini kutgandi, lekin Tolib bu safar indamadi. O'rnidan turib, yuz-qo'lini yuvib keldi-da, kiyina boshladi.

— Choy ichmaysizmi? — dedi Shodiya eriga cho'chibroq tikilib.

— Ishim ko'p! Qo'y, bir kun kelib o'sha choyingniyam minnat qilasan men choy damlab charchayman deb. Undan ko'ra, ko'chadan biror nima yeb olaman, o'sha tinchroq. Hech kim minnat qilmaydi.

Tolib gapira-gapira tashqariga chiqib ketdi.

U Gulining oldiga shoshilardi. Chunki uchrashuv vaqti allaqachon tugab bo'lgan, Tolib Guli uni ancha vaqtdan beri kutib o'tirganini o'ylab, qadamini tezlatardi. U adashmagandi, Guli haqiqatan ham xiyobondagi o'rindiqlardan birida yon-atrofga tikilib o'tirardi.

— Uzr, — deya uning yoniga keldi Tolib, — bilaman, kuttirib qo'ydim!

— Quruq uzr bilan qutulmaysiz, — istehzo aralash gapirdi Guli, — bizning ovunishimiz ancha qimmat turadi.

— Sizga jonimiz sadqa, qoqindiq, — erkalagan bo'ldi Tolib. — Nimani xohlaydilar, ayting? Sizdek sohibjamolga baxillik qilsak, yarashmaydi endi.

Bu tarzdagi xushomad Tolibga yarashmadi. Juda kulgili ko'rindi. Shuning uchun Gulining ensasi qotdi. Ammo unga hozir bu muhim emasdi.

— Ko'ramiz, va'dangizda turarkanmisiz?!

— Xo'sh, ayting, nimani xohlaysiz?!

Guli ancha tajribadan o'tgan usulini qo'lladi:

— Yaqinda bir dugonam tilla zanjir sotib olibdi, aniqrog'i, yigiti olib beribdi. Shunaqangi havasim ketdiki… Qaniydi meniyam shunaqa ziragim bo'lsa, deb niyat qilgandim. Qarang, farishta omin degan ekan, niyatimga yetadigan ko'rinaman.

— Albatta. Bugun sizni mashinamda aylantiraman. Ertaga esa zanjir olamiz, kelishdikmi?

— Hmm, mayli, ertagacha kutaman.

Guli aynan mo'ljalidagi erkakni qarmoqqa ilintirganidan mamnun edi. Tolibning ko'zlari allaqachon ko'r bo'lib bo'lgan, qiz nima desa, bajarishga tayyor edi.

Tolib bilan Guli kechgacha aylanishdi. Keyin Tolib qizni uyigacha olib borib qo'ydi.

— Bugun qolsangiz bo'lardi, mehmon qilardim, — dedi Guli Tolibga nozlanib qararkan.

Категория: Detektiv | Просмотров: 104 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (16-qism), Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ