Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (15-qism)
19:55
Tuzoqqa tushgan kelin (15-qism)
— Nima desang, degin-u, — deb dugonasiga yaqinroq keldi Salima, — lekin bunaqa tuhmat qilma, xo'pmi?!

— Tuhmat degin. Unda men senga jo'natgan rasm qanday qilib Odilning telefoniga tushib qoladi, gapir?! Rasmning oyog'i yo'q-ku yurib ketsa. To'g'rimi?

— Men… bundan xabarim yo'q! — ko'zini olib qochdi Salima. — Odil kompyuterniyam, internetniyam yaxshi biladi, bir yo'lini qilgandir-da.

— Sen haqsan. Lekin buni sud aniqlaydi. Ishni yaxshilab tekshirishadi, bu yog'i sen bilan mening ishim emas.

— Sud?!

— Albatta. Nima, hammasiga indamay qo'l siltab ketadi deb o'ylaganmiding?! Sen bilan anavi hamtovog'ingni hali shunaqa pushaymon qilaman-ki, qochgani teshik topolmay qolasanlar.

Tolib uyga bir ahvolda kirib keldi. Ko'zlari ancha toliqqan, shashti past.

— Yaxshi keldingizmi, dadasi? — deya unga peshvoz chiqdi Shodiya. — Tinchlikmi, nima bo'ldi sizga?

Tolib tuflisini yecha turib, ayoliga o'qraydi.

— Odam degan ham shuncha befarosat bo'ladimi? Oldin ichkariga kirishimga, o'tirib nafas rostlashimga qo'yib ber. Keyin so'raysan nimani bilging kelsa.

Erining vajohatidan cho'chigan Shodiya ortga tisarildi.

— Ahvolingizni ko'rib, tashvishlandim-da, — dedi so'ng boshini egib.

Shu payt ichkaridan bolalar yugurib chiqishdi.

— Dada, menga nima olib keldingiz? — dedi jajji Botir otasining bo'yniga osilib.

Tolib o'g'ilchasini istar-istamas bag'riga bosdi. Keyin esa yuzidan sovuqqina o'pib qo'ydi.

— Hech narsa, ertaga olib kelaman, xo'p.

U shunday deya kiyimini almashtirib chiqdi-da, ayoli suzib kelgan ovqatni shoshilgancha yeya boshladi.

— Kayfiyatingiz yo'q, tinchlikmi? Yoki ishxonangizda…

— Ishxona dema uni! — deb xotinining gapini kesdi Tolib. — O't tushsin unaqa ishxonaga! Bugun ariza yozdim, bo'shadim!

— Nega?! Boshlig'ingiz bilan kelishmay qoldingizmi?!

— Yo'q, oyligi kam. Lavozimimniyam oshiring, degandim, ko'zini lo'q qilib yo'q deydi jo'jaxo'roz. Kechagina kelvolib, xo'jayinlik qilishiga o'laymi buning?

— Topganingiz ro'zg'orga yetib turibdi-ku, nega yana oylik kam deb…

— Bu ro'zg'or ro'zg'ormi? — aftini bujmaytirdi Tolib, — ahvolingni qara. Na nafosat bor senda, na nazokat.

Shodiya yalt etib eriga qaradi. Ayol kishi hamma gapni ko'tarishi mumkin, lekin bunday kamsitishga dosh bera olmaydi. U ham eriga biroz tikilib turdi-da:

— Shunaqa deng. Hali biz nafosatsiz bo'lib qoldikmi? Ertalabdan kechgacha bolalarga qarayman, uy ishlarini qilayman, pardoz-andozga ketadigan vaqtni boshqa foydaliroq ishlarga sarflayman. Sizni kuni bo'yi kutib o'tiraman. Olgan rahmatim shumi?

— Ha, — deya choy ho'pladi Tolib, — minnat qil. Boshla diydiyoyingni. Boshqalarga o'xshab hovlida yashaganingda o'lib qolarkansan-da, a? Uyda nima ish bor? Qilsang, ovqat pishirasan, haftada bir, nari borsa ikki marta kir yuvasan. Bolalar o'zini eplaydigan bo'lib qolgan. Ayt, nima ish qilib charchayapsan?!

— Siz erkaklar nuqul shunaqa o'ylaysizlar. O'zingiz bir kun uyda qolib, ishlab ko'ring-chi…

— Bo'ldi qil ezmaligingni. Erkak kishi ko'chaning odami. Sen esa aytanni qil, isqirtga o'xshab yurmasdan.

Tolibning xurmacha qiliqlari-yu qolipga sig'mas gaplari shundoq ham Shodiyaning sabr kosasini to'ldirib yuborgandi. Uning to'lib-toshishi uchun birgina tomchi yetarli edi. Tolib ana shu tomchini tomizdi. Tomchi bo'lgandayam ta'mi juda taxir tomchi edi. Shodiyaning ichi portladi. Sirtiga esa o'sha portlashning bir zarrasigina chiqdi, xolos.

— Eshakning mehnati halol, o'zi harom ekan-da, shunaqami?

Tolib bu gapga parvo ham qilmadi. Aksincha, ayolini yerga urishda davom etdi.

— Tushungan odamning sadag'asi ketsang arziydi. Sen menga xotinmas, xizmatkorsan, tushunyapsanmi, xizmatkor. Xotinni esa ko'chadan topib olaveraman.

Shodiya olov bo'lib yondi, bu olov hamma joyni kuydirishi mumkin edi, lekin ayol bolalarini o'yladi, ularning peshonasiga “tirik yetim” degan tamg'a tushishini istamadi.

— Gapingizni o'ylab gapiring. Men ham odamman. Biror-bir ro'shnolik ko'rarman, baxtimni toparman, deb sizga turmushga chiqqanman.

— Nima yetishmaydi senga? Yeganing oldingda, yemaganing ortingda. Hamma narsa muhayyo. Sen baxtlisan. Baxtsiz deb mana meni aytsa bo'ladi. Shuncha yelib-yuguraman, evaziga-chi?.. O'ziga qaramaydigan, alvastidan farqi yo'q ayol-u uning ta'na-dashnomlari. Qiyin-qiyin erkaklarga qiyin.

— Alvastiga teng bo'ldimmi? Shu ko'yga tushganimga siz sababchisiz. O'nglanim olgunimizcha siz bilan tengma-teng mehnat qildim, tengma-teng ishladim. Bu erkakning ishi, bu ayolning ishi deb qarab o'tirmadim. Pulingiz ko'payib, boshingiz oftobga chiqqanida endi kerak bo'lmay qoldimmi?! Endi alvasti bo'ldimmi?!

Shodiya o'rnidan turdi-da, oshxonaga qarab ketdi. Oshxonada-ku hech qanday ishi yo'q edi, shunchaki vaziyat jiddiy tus olmasligi uchun shunday qildi. Agar biroz o'tirganida janjal chiqishi aniq edi.

* * *

— Nazokat, yana qanaqa sud?! Esing joyidami sening?! Men senga nima yomonlik qildim?! Qaytanga siring fosh bo'lmasin, ering bilmasin…

— Sirim?! — dugonasining gapini bo'ldi Nazokat. — Qanaqa sir?! O'sha Odiling qanaqa nayranglar qilganini bilmaydi deb o'ylaysanmi?! Eng alam qiladigani, sen ham uning hamtovog'i bo'lgansan!
Категория: Detektiv | Просмотров: 81 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (15-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz