<

Tuzoqqa tushgan kelin (13-qism)

Shu payt Nazokatning miyasiga ajoyib fikr keldi. Shartta Salimaning raqamini terdi.

— Allo, yaxshimisan, Salima, tunov kuni senga qancha pul bergan ekanman?

Salima biroz o'ylangan bo'ldi-da:

— Nega so'rayapsan, qo'rqma, kam berganing yo'q, jim yurishimga yetadi, — dedi.

— Yo'q, sen meni tushunmading. O'sha pulning aniq miqdorini bil-da, ertaga qaytarib ber.

— Nima?! — bu gapni umuman kutmagan Salima ajablanganini yashirib ham o'tirmadi. — Qaytarib beray?!

— To'g'ri eshitibsan, menga pul kerak bo'lib qoldi. Ertaga o'sha kafeda uchrashamiz, pul esingdan chiqmasin-a.

Nazokat dugonasining javobini ham kutib o'tirmasdan, telefonining qizil tugmachasini bosdi.

* * *

— Mana bunga qo'l qo'yib bering.

Tolib Davronning oldiga arizasini tap etib qo'ydi. Davron hayron bo'lib qaradi.

— Nima bu? — dedi qog'ozni qo'liga olib.

— Ko'rmayapsizmi? Ishdan ketmoqchiman. Bu esa ariza.

— Nega ketyapsiz?

— Hurmatimizni bilishmagani, oyligimiz kamligi va yana bir dunyo sabablar tufayli. Men uchun mehnatim singgan bu ishxonadan ketish og'ir, ammo nima ham qilamiz? Dunyoda adolatsizliklar ham bo'ladi.

Davron hamkasbining gaplariga e'tibor ham bermay, arizaga qo'l qo'yib berdi.

— Marhamat, ketishingiz mumkin.

Tolib eshikka yaqinlashgandi, Davron uni to'xtatdi:

— Bir gapni qulog'ingizga quyib oling. Ha deb mehnatim singgan, xizmatim singgan, deysiz. Siz ishga kelganingizdan beri hovli, mashina sotib oldingiz, turmushingiz, shaxsiy hayotingiz o'zgardi. Lekin ishxona-chi? Ishxonada nima o'zgardi? O'z sohangiz bo'yicha maqtashga arzigulik biror ish qilganmisiz? Yo'q! Shuning uchun ishxona sizdan emas, siz ishxonadan minnatdor bo'lishingiz kerak. Shuning uchun boyagiga o'xshash ta'nali gaplaringizni boshqa eshitmay.

Tolibning yuzi duv qizardi, biroq hech narsa deya olmadi. Eshikni zarb bilan yopgancha chiqib ketdi.

* * *

“Hormang, oyimtilla, oxirgi paytlarda sukut saqlashni yoqtirib qolibsizmi?”

Nazokat Odilning xabarini o'qirkan, oldingidek cho'chimadi, qo'rqmadi.

“Endi arziydigan odamlarga xabar yozamiz-da”, deya javob jo'natdi ayol.

“Piching qiladigan bo'lib qoldingizmi?”

Nazokat, aslida, javob yozmoqchi emasdi. Lekin qalbida Odilga nisbatan shunaqa nafrat uyg'ongandiki, uni tiliga chiqarmasa bo'lmasdi.

“Odamiga qarab muomala qilamiz-da”.

“Ja tilingiz ham burro bo'lib qolibdimi?”

“Ba'zi bir pastkashlarga aytadigan gaplarim yig'ilib qolgan-da, shunga bo'lsa kerak”.

“Bo'pti, gapni cho'zmang, muddat oz qolyapti, yig'ib boryapsizmi?”

“Qanaqa muddat, — javob yozdi Nazokat, — nimani yig'ishim kerak?”

“Nima, odamni mazax qilyapsizmi? Yo barcha hunarlaringizni erjoningizga aytib, a?”

“Hunarlaringizni emas, iflosligimni deng, bir ayolning rasmini montaj qilib, o'shaning hisobiga nomardlarcha, ifloslarcha yashamoqchi bo'lganimni deng”.

Odil bu gapni umuman kutmagandi, shekilli, javob xabari o'zini ancha kutdirdi. Nazokat esa hamon g'azabini jilovlay olmagandi.

“Siz erkak kishisiz, qanday qilib bir ayolni qo'rqitish, oilasiga tahdid qilib kun kechirasiz? Men sizni insofli odam deb o'ylagandim”.

“Hali qilg'ilikni qilib, endi meni iflosga chiqaryapsanmi? Kim iflosligini ko'rsatib qo'yaman senga, megajin”.

“Endi bilganingni qil, — sensirashga o'tdi Nazokat ham. — Qo'rqadigan joyim yo'q”.

* * *

Davronning miyasi g'ovlab ketdi. Ikki soatdan beri nuqul bir hujjat ustida bosh qotiradi. Axiyri bo'lmadi. Kotibasiga:

— Menga qahva olib keling, — dedi-da, asab tolalarini dam oldirish uchun boshini uqalay boshladi.

Qancha uqaladi, bilmaydi, telefon ovozi cho'chitib yubordi uni. Unga kimdir MMS jo'natibdi. Notanish raqam. Davron hayron bo'ldi. MMSni ochdi-yu, bir muddat toshdek qotdi, peshonasida chuqur-chuqur ajinlar paydo bo'ldi. Avval ko'zlariga ishonmadi, ammo MMSdan keyin “Yoqdimi, Davronbek, xotining juda ketvorgan ekan, omadli yigit ekansan”, degan xabar kelgandan keyin g'azabi qo'zidi. MMS kelgan raqamga darhol qo'ng'iroq qildi.

— O'v, ablah, kimsan? — dedi narigi tomondan ovoz eshitilgach.

Odil hiringladi. Uzoq kuldi. Atayin shunday qildi, chunki u hiringlagani sayin Davronning asab tolalari taranglashib boraverdi.

— O'v, maraz, nega kulasan? Kimsan deyapman senga?

— Hay-hay, — deya kulishdan to'xtadi Odil, — tilingizga erk bermang. Men siz uzib olgan atirgulni hidlab, undan asal yig'ib yurgan ariman-da.

— Mazax qilma odamni?! Bu rasmni qaerdan olding?!

— Qaerdan oldim?! Olganim yo'q, birga rasmga tushgandik Nazokat bilan. Endi visol onlarini tarixga muhrlab qo'ymasak…

— Ovozingni o'chir, ablah! Tuhmat qilgani uyalmaysanmi?! Qo'limga tushsang, abjag'ingni chiqaraman!

— Tuhmat? Tuhmat degin. Nazokat ham shunday deydi. Bag'rimda to'lg'anib-to'lg'anib, keyin aldamang deydi. Endi hushi joyida bo'lmagan-da. Qolaversa, ozmuncha hayajonlanmadikmi?

— Itdan tarqagan! Tilingni sug'urib olaman!

Категория: Detektiv | Просмотров: 120 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (13-qism), Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ