<

Tuzoqqa tushgan kelin (12-qism)

Salima Nazokatga achingannamo tikilib turdi-da:

— Mayli, chin dugonam bo'lganing uchun roziman, — deya soxta jilmaydi. So'ng qo'shib qo'ydi. — Yana ikki pachka mingtalik olib kelasan. Senga bu muammo emas-ku. Bo'pti, men ketdim.

Nazokat tilini tishlab qoldi. Chunki u Salimaning yordamida Odildan qutulishni niyat qilgandi. Ammo aksincha bo'ldi, Salimani deb yana bitta muammo orttirib oldi.

* * *

— Tinchlikmi, ja xursandsiz?

Davron so'nggi paytlarda Tolibni faqat asabiy holatda ko'rishga o'rganib qolgandi, shuning uchun ham bu safar hamkasbini xursand ko'rib, o'zining ham yuziga tabassum yugurdi.

— Nimasini aytasiz, — dedi Tolib stulga o'tirib. — Ajrashyapman va uylanyapman.

— Nima? Bu qanaqasi bo'ldi?

— Shunaqasi. Buni zamonaviylik deydi. Gulixonga uylanyapman. Vah-vah, u shunaqa chiroyli-ki…

— Yanayam bilmadim-u, “Chiroylining ichida shayton bo'ladi”, deyishadi. Tag'in…

— E, qo'ying bunaqa gaplarni. Aytganday, yana bir gap bor. Endi buni qanday qabul qilasiz, bilmadim.

— Qanaqa gap ekan?

— Shu… o'zingiz bilasiz, chiroyli qizning talablari ham ko'p bo'ladi. Shunga keliningiz ham… endi, xullas, bu yog'i pulga borib taqalyapti. Agar yo'q demasangiz, lavozimimni ko'tarish haqida…

— Shoshmang, shoshmang, Tolib aka, siz men shu paytgacha bilgan o'sha Tolibmisiz? Bizning ishxonadagi qonun-qoidalarni bilasiz. Bizda lavozim nechchi marta uylanishiga qarab emas, qilgan mehnatiga qarab ko'tariladi. Yo bundan bexabarmisiz?

Davron hamkasbidan keskin gapni, “Siz meni kim deb o'ylayapsiz? Bunday piching qilganingiz nimasi?” qabilidagi isyonni kutgandi. Ammo umuman teskari voqea sodir bo'ldi. Tolib Davronga yaqinroq keldi-da:

— Davronjon, yo'q demang, iltimos sizdan, qo'lingizdan keladi-ku, meni yaxshiroq lavozimga tavsiya qiling, sizni hurmat qilishadi-ku, gapingizniyam inobatga olishadi.

— Meni kechirasiz. Lekin arzimaydigan odamga yuqori lavozim taklif qilolmayman. Ilojim ham, imkonim ham, xohishim ham yo'q.

Davron bunchalik keskin gapirmoqchi emasdi. Ammo Tolibning hozirgi ahvoli uning g'ashini keltirgandi. Shuning uchun ayab o'tirmadi.

— Shunaqami? Bu ishxonaga ancha mehnatim singgan. Men kelganimda siz yo'q edingiz. Ishga keyin keldingiz. Endi esa kursiga o'tirib olib, odamni mensimayapsiz.

Davron miyig'ida kulimsiradi.

— Bunaqa gaplaringizni qo'ying. Hozirgi ahvolingizga bir tashqaridan qarang. Qo'lingizdan ko'p narsa keladi, o'zingizga yarasha oringiz, nomusingiz bor. Endi qayoqdagi bir ayolni deb shu ko'yga tushib o'tirish shartmi? Yana tuppa-tuzuk oilangizni ham buzdingiz. Qoyilmasman sizga, qoyilmasman.

Tolib bir og'iz ham gapirmasdan, eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketdi.

* * *

“Bugun oyning birinchi haftasi tugaydi. Yana uch hafta qoldi. Demak, roppa-rosa yigirma bir kundan keyin siz bilan uchrashamiz, bahonada bir-birimizni ko'rib ham olamiz. Nima dedingiz?”

Nazokatning peshonasi tirishdi. “Erkak bo'lmay o'l, — dedi ichida. — Ayol kishini qo'rqitib, bir ojizaning hisobiga yashashni qanda y qilib o'zingga ep ko'rasan-a?”

“Bilaman, barmoqlaringiz qaltirab, yurak urishingiz tezlashib ketdi. Hech qisi yo'q, o'tib ketadi. Ha endi, mendan shuncha foydalandingiz, rohatini ham ko'ring-da”.

Nazokat, baribir, javob yozmadi. Internetdan chiqib ketib qo'ya qoldi.

Ayol ikki o't orasida qolgandi. Davronning lavozimi ko'tarilgan bo'lsa-da, xarajati ham o'ziga yarasha edi. Kvartiradan chiqib, yangi hovliga ko'chib o'tish harakatida yurgandi. Qolaversa, Nazokat o'zining ta'biri bilan aytganda, “surbet”ga pul berishni istamasdi.

Davron ishdan kelganida Nazokat endigina kechki ovqatni tayyorlab bo'lgandi. Ular kechki ovqatni yeb bo'lishgach, Davron karavotga yonboshladi.

— Bugun juda qiziq voqea bo'ldi, — dedi shiftga o'ychan tikilib. — Sevara degan kotibam bor, o'sha bir yigit bilan gaplashib turarkan. Haqiqatan ham Sevara yigitni yaxshi ko'rardi, bu haqda eshitgandim, lekin yigitni ko'rmagandim. Yigit esa bir vaqtning o'zida boshqasi bilan ham yurarkan.

— Voy beting qursin, — dedi Nazokat bosh chayqab.

— Bu yog'ini eshit. Sevara buni bilib qolib, yigit bilan orani uzibdi. Bugun o'sha yigit keldi ishxonaga. Qizga rosa baqirdi. Nima gap deb chiqsam, yigit nuqul telefonini ko'rsatadi qizga. Sevara esa yig'laydi. Jahlim chiqib ketdi, yigitning qo'lidan telefonni tortib oldim-da, kompyuterga ulab, videoni ko'rdim. Ablah maxsus programmada Sevaraning rasmidan foydalanib, boshqa bir qizga Sevaraning boshini qo'yib, montaj qilibdi. Ishxonadan haydab yubordim.

Nazokat yalt etib eriga qaradi.

— Bir odamning rasmiga boshqasining boshini qo'yish mumkinmi?

— Ha, hozir texnika rivojlangan zamonda hamma narsaning iloji bor. Aytdim-ku, rasm tugul videoga shunaqa montaj qilibdi.

Lolaning ko'zi charaqlab ketdi.

— Rahmat sizga, — dedi turmush o'rtog'iga qarab.

— Qo'ysang-chi, — bu rahmatni o'zicha tushundi Davron. — Burchimni qildim, xolos.

* * *

Nazokat erini ishga kuzatib qo'ygach, tezda telefonining rasmlar saqlanadigan papkasiga kirdi-da, Odil jo'natgan rasmni diqqat bilan tomosha qildi. Boshida ko'zi yaxshi ilg'amagandi, rasmni kattalashtirdi.

— Nega ertaroq shu ishni qilmadim-a? — dedi Nazokat rasmdagi qizning barmog'idagi xolga qarab. — Axir menda xol yo'q-ku! Endi ahmog'ingni topib bo'psanlar, ablahlar!

Категория: Detektiv | Просмотров: 113 | Добавил: Admin | Теги: (12-qism), Kelin, tushgan, Tuzoqqa
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ