Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (11-qism)
19:49
Tuzoqqa tushgan kelin (11-qism)
Tolib ortiga o'girildi-yu, qop-qora ko'zoynak taqqan, oldi ochiq ko'ylak kiygan, sochlarini yelkasiga tashlab olgan chiroyli qizni ko'rib, bir muddat es-hushini yo'qotib qo'ydi.

— Ie… ie, siz Gulixonmisiz? Ha, — deya qizga boshdan-oyoq qarab chiqdi yigit, — xuddi o'zisiz. Men o'ylagandan ham chiroyli ekansiz.

— Siz ham chakkimassiz, — deya erkalangannamo gapirdi qiz, — balki, biror joyda o'tirarmiz?!

— Albatta. Albatta, Gulixon, sizdek sohibjamolga yo'q deyish gunohi azim.

Ular yo'l bo'yidagi restoranga kirishdi. Tolibning jag'i ochilib ketdi. Bir gapirib, o'n kuladi. Guli esa ofitsiant keltirgan menyuni bittalab o'qib chiqdi-da, buyurtma berdi.

— Obbo Gulixon-ey, bu internet deganlariyam bor bo'lsin-da, buni qarang, sizdek sohibjamolni qaerdan topardim bo'lmasa?!

— Hmm… Mening taklifim nima bo'ldi?

Tolib gapirishdan to'xtab qoldi. Xuddi qizning gapini anglolmaganday turdi. Keyin esiga tushgan bo'lib, qo'lini siltadi.

— Ha, umi? Bo'ladi Xudo xohlasa. Endi ajrashish osonmas-da. O'rtada bolalar bor. Ham salkam o'n yillik turmush. Sekin-sekin…

— Tolib aka, — deya gapni bo'ldi Guli, — sekin emas, tez bo'lsin. Men siz bilan mana bunaqa qilib yashirincha uchrashib yurmoqchi emasman. Bemalol davrimni surmoqchiman. Yo siz buni xohlamaysizmi?

— Nega endi, — og'zining tanobi qochdi Tolibning, — sizdek qiz bilan birga yashash har qanday erkakning orzusi-ku!

— Unda tezlashtiring…

Tolib restorandan shalvirab chiqdi. Chunki juda nozik, ingichka ko'rinadigan Gulixon bir dunyo narsani paqqos tushirgan, bu yeguliklarning narxini to'lagan Tolibning esa cho'ntagida miri ham qolmagandi.

* * *

Nazokat Salimani naq yarim soat kutdi. Kutganda vaqtning ham imillashi rost ekan. Shu yarim soat yarim asrdek tuyildi unga. Nihoyat, uzoqdan shoshilib kelayotgan Salimani ko'rdi-yu, yengil nafas oldi.

— Kutdirib qo'ymadimmi?! — deya u bilan so'rashdi Salima yetib kelgach. — Yur, birorta kafeda o'tirib gaplashamiz.

Ular shinamgina kafelardan biriga kirishdi. Salima ikkita qahva aytdi-da, ro'parasidagi stulga o'tirgan dugonasiga biroz qarab turdi.

— Odam puli ko'payib, boyib ketsa, bosar-tusarini bilmay qolarkan-da, a? — dedi so'ng dabdurustdan.

Nazokat bu gapning mag'zini chaqolmay turdi.

— Bu nima deganing? — deya so'radi keyin.

— Eringning lavozimi oshib, puling ko'paygandan keyin yangi sarguzashtlarni xohlab qoldingmi?

Bu gap endi Nazokatni umuman gangitib qo'ydi.

— Nima deyapsan?! Qanaqa sarguzasht?!

— Tuppa-tuzuk Odilni yo'ldan uribsan-ku!

— Nima?! Shu gapni sen a ytyapsanmi?! Axir qanaqaligimni bilasan-ku!

— Bilaman deb o'ylardim. Lekin odamning olasi ichida bo'larkan-da, dugon!

— Haddingdan oshma, Salima, hammasiga o'sha Odiling aybdor.

Salima kresloga yastanib o'tirdi-da, ikki kaftini bir-biriga urishtirib, qarsak chaldi.

— Buning nimaligini bilasanmi?! Bu “Qars ikki qo'ldan chiqadi”, degani. Javob bermagin edi, yozmagin edi.

— Nima, axir o'zing-ku bechora, jabr chekkan, yaxshi suhbatdosh degan.

— Voy-voy-voy, buning gapini qaranglar, — Salima yon-atrofiga qarab oldi. — Hali hammasiga sen aybdorsan dersan, a?

— Nima, men aybdormanmi bo'lmasa?! — qoshini chimirdi Nazokat.

— G'unajin ko'zini suzmasa, buqa odnoga kirmaydi. Ey, men sen bilan janjallashgani kelganim yo'q. So'raganimni olib keldingmi?

Nazokat sumkasidan ikki dasta mingtalik chiqardi. Pulni ko'rgan Salimaning esa ko'zlari yonib ketdi.

— Bu boshqa gap. Shu pul jigardan bo'lgani rost ekan-da. Buni qachon qaytaray?!

— Topgan payting berarsan. Agar bir muammoyimni hal qilib bersang, shu puldan kechib yuboraman.

— Yo'q-e, seni nima qiynayapti?

— Anavi Odiling mendan ikki-uch million so'rayapti. Har oyda shunchadan berib turishim kerakmish. Bo'lmasa, Davron akamga aytib…

— Meni shu muammoga aralashtirmasang, yaxshi bo'lardi. Oilaviy mashmashalarga tobim yo'q. O'zing hal qilaver…

— Endi chetga chiqmoqchimisan?! Hamma narsani boshlab qo'yib-a?

Salima oldinga engashdi. Nazokatga sovuqdan-sovuq qaradi.

— Senga hozirgina aytdim meni ayblama deb. Yo gap bu qulog'ingdan kirib, narigisidan chiqib ketadimi, a?

— O'zingni oppoq qilib ko'rsatma. Agar sen o'sha bilan tanishtirmaganingda…

— Sen yosh bolamisan mana bu bilan gaplash, desa, gaplashib ketaveradigan. Gaplashmagin edi. O'zing o'lib turganding-ku qachon Odil bilan tanisharkinman deb. Bo'lmasa, “Sizni sevaman, Odil akajon” deb yaltoqlanib, qo'yniga ilondek sirg'alib kirib olarmiding?!

Nazokat ortiq chidab tura olmadi. Dugonasining yuziga chang soldi. Buni kutmagan Salima o'zini keskin ravishda orqaga tashladi, natijada muvozanatini yo'qotib, ortga yiqilib tushdi. Yiqilayotib esa stol ustidagi dasturxonga tarmashdi, oqibatda dasturxon ham Salima bilan birga yerga tushdi, piyola-yu choynaklar esa chil-chil bo'ldi.

— Hali shunaqami?! — dedi Salima o'rnidan turarkan, Nazokatga chaqchayib. — Endi o'zingdan ko'r. Eringga hammasini aytib berib, oilangni buzmasam, otimni boshqa qo'yaman.

Salima restorandan chiqib keta boshladi. Vaziyat juda keskin tus olganini bilgan, nima qilib qo'yganini sezgan Nazokat esa dugonasining ortidan ergashdi.

— Shoshma, Salima, — dedi dugonasining qo'lidan tortib, — kechir, asabim chatoq bo'lib qolgan oxirgi paytlarda. Hozir ham o'zimni boshqara olmay qoldim. Mendan xafa bo'lma, iltimos. Erimga hech narsani aytib berma…

— Sen shu yerdayam o'zingni o'ylayapsan! Yo'q, bunaqasi ketmaydi. Mana buni kim to'laydi? — deya Salima qahva to'kilib, ho'l bo'lgan ust-boshini ko'rsatdi.

— Pulini beraman! Faqat shashtingdan qayt, — yalina boshladi Nazokat, — oilam buzilib ketmasin! Rahming kelsin menga!
Категория: Detektiv | Просмотров: 76 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (11-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz