Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Tuzoqqa tushgan kelin (10-qism)
19:49
Tuzoqqa tushgan kelin (10-qism)
— Men gaplaringga ishonmayman, sen aldayapsan! Agar bu rasm Davronchikka yetib borsa bormi?!

Nazokat qo'rqib ketdi. Chunki Davron xiyonatni umuman kechirmasligini Nazokat yaxshi bilardi.

— Yo'q-yo'q! Aslo! Iltimos, Salima, bu haqda erimga churq etib og'iz ochma! Xo'pmi?! Iltimos, sendan!

— Mayli, aytganingni qilaman! Faqat sen ham bir-ikki marta ishim tushganda yo'q demasang bo'ldi.

— Xo'p, xo'p!

Nazokat telefonni o'chirgach, yostiqqa yonboshladi. Bir ko'ngli eriga qo'ng'iroq qilib, “Masalan, dugonam biror joyga bormagan bo'lsa ham, lekin o'sha joyda dugonamni bor qilib video olish mumkinmi?” deb so'ramoqchi ham bo'ldi. Lekin turmush o'rtog'ining xarakterini bilgani uchun indamadi. Boisi, Davron Nazokat biror-bir sababsiz hech narsa so'ramasligini bilar, shu bois ayoli nimadir so'rasa, masalaning tagiga yetmaguncha qo'ymasdi. Nazokatning miyasi g'ovlab ketdi.

* * *

— Hormang, Davronjon, ishlaringiz tuzukmi?

Davron Tolibni ko'rib, ishini to'xtatdi.

— Tuzuk, o'zingizniki-chi?

— Dahshat, — ko'z qisib qo'ydi Tolib. — Bir iltimos bilan kelgandim oldingizga.

— Qo'limdan kelsa, yo'q demayman.

— Siz boshliqsiz-ku, qo'lingizdan keladi. Xullas, bir kunga ruxsat so'ramoqchiman.

— Ruxsat?! Tinchlikmi?

— Ha, Gulimni bir aylantirib kelmoqchi edim.

— Guli?! — Davron ajablanib qoldi. — E, ha, anavi internetda tanishganingizmi?

— Xuddi o'zi. Xo'sh, endi va'da berib qo'yganmiz, bormasak…

— Iloji yo'q, jiddiyroq sabab bo'lsa ham mayli edi. Lekin bunga ruxsat berolmayman.

— Davronjon, tushunsangiz-chi, lafz qilib qo'yganman. Bormasam bo'lmaydi. Yo'q demang endi.

Tolib yalinavergach, Davron ruxsat berishga majbur bo'ldi.

— Faqat bu oxirgisi, — dedi eshikdan chiqib ketayotgan Tolibga qarab. — Boshqa qaytarilmasin.

“Eh, odamlargayam hayronsan, — deya o'yladi so'ng kresloga suyanarkan. — Tuppa-tuzuk oilang bor, ishing bor. Bolalaring bor. Senga nima kerak shu boshog'riq? Hali o'sha Guli deganlari oqibat qiladimi, yo'qmi?”

* * *

Nazokat Salimadan kelgan SMSni o'qib, biroz xotirjam bo'ldi.

“Nazokat, menga biroz pul kerak edi, qarzga, berib tura olasanmi?” degan edi Salima. Nazokat darrov rozi bo'la qoldi.

“Mayli, biror kun uchrashsak berib yuboraman”.

“Qaerda uchrashsak bo'ladi?”

“Sen qaerda desang, shu yerda-da”.

“Bo'pti, o'zim xabar qilaman”.

Yozishmalar shu yerga kelganda Salima xabar yozishni to'xtatdi. Biroq bu Nazokat uchun bugungi oxirgi yozishma emasdi. Endi uni Odil bezovta qildi.

“Ofatijonim, qalaysan endi?”

Odilning sensirashga o'tishi Nazokatning g'ashini keltirdi.

“Menga qarang, sizga nima kerak o'zi?! Nega oilamni buzmoqchisiz?! Nega bunday qilyapsiz?! Men sizni yaxshi odam deb yursam…”

“Yaxshi odam?! To'g'ri o'ylabsiz, men judayam yaxshi odamman. Agar yomon bo'lganimda ko'zni quvnatadigan rasmlarimiz-u quloqqa xush yoqadigan dil izhorlaringiz allaqachon Davroningizning telefonida bo'lardi”.

Nazokat qo'rqib ketdi. “Davron dedimi? Demak, erimni ham tanib olibdi-da”, deya o'yladi. Yuragini battar vahima bosdi. Birozdan keyin yana xabar keldi.

“Qo'rqib ketdingizmi?! Menga boqqan shahlo ko'zlaringiz katta-katta bo'lib ketgandir-a! Qo'rqmang, aytdim-ku sizga yaxshi odamman deb. Aytganday, sizga bir narsa jo'nataman, eshitib ko'ring, yil qo'shig'i”.

“Bu palakat yana nima jo'natyapti?” deya asabi buzilgan Nazokat telefoniga kelgan qo'shiq formatidagi narsaning ustiga barmog'ini ikki marta bosdi.

— Meni rostdan ham sevasanmi? — degan ovozi eshitildi Odilning.

— Men sizni jonimdan ham ortiq sevaman, azizim!

Nazokat boshini changallab qoldi. Chunki bu uning ovozi edi. Ha, aynan uning ovozi! Adashishi mumkin emas. Ayol gangib qoldi.

“Qalay, yangi qo'shiq yoqdimi?”

Odilning bu xabari ayolni adoyi tamom qildi. Yig'lab yubordi.

— Qanaqa odamsan o'zi, ablah?! Shunaqayam razil bo'lasanmi?! — deb baralla yig'lab yubordi. So'ng Odilga javob yozdi:

“Iltimos, meni tinch qo'ying, oilamni buzmang! Ayting, nima qilsam, meni o'z holimga qo'yasiz?!”

“Ana endi o'zingizga keldingiz, oyimtilla, — endi sizlab yozdi Odil. — Men ko'p narsa istamayman, so'raganimni berib tursangiz bo'ldi”.

“Nima kerak sizga?”

“Pul. Ja ko'pmas, shu har oyda ikki-uch million berib tursangiz, sizni umuman tashvishga qo'ymayman”.

“Ikki-uch million?! Esingizni yeb qo'yibsiz? Qaerdan topaman shuncha pulni?!”

“Bunisi endi sizning muammoyingiz. Agar oilangiz buzilishini istamasangiz, aytganimga ko'nasiz, tamom”.

Nazokatning miyasi g'ovlab ketdi. Ayolni arosatda qoldirish uchun Odil ham internetdan chiqib ketdi. Nazokat internetga kirgan kuniga mingdan-ming pushaymon edi. Uni mana shu boshog'riq saytga a'zo qilgan Salimani yomon ko'rib ketdi. Shu payt miyasiga bir fikr keldi-yu, yuziga sal qizillik yugurganday bo'ldi.

— Salima bilan uchrashsam, Odilga meni tinch qo'yishini aytishini so'rayman. Axir uning tanishi-ku, bir amallar.

U shu xayolda biroz yengil tortib, kechki ovqat tayyorlashga kirishdi.

* * *

Uchrashuv joyiga yaqinlashgani sari Tolibning yurak urishi tezlashib boraverdi. Nihoyat, yozishmalarida aytilgan joy, xiyobonga keldi-yu, nigohlari bilan yangi suhbatdoshini qidirdi.

— Mabodo… mabodo meni qidirmayapsizmi?
Категория: Detektiv | Просмотров: 63 | Добавил: Admin | Теги: Kelin, tushgan, (10-qism), Tuzoqqa | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz