Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 25 » Telpak
17:07
Telpak
Kuzakning so'nggi kunlari edi. Mashinamda tog'am bilan qishloqdan qaytayotgandik. Kechga yaqin havo sovib ketdi.

— Jiyan, toychog'ingga ozroq ko'mir qala-chi! — dedi tog'am doimgiday hazillashib. — Oyoqdan sovuq o'tyapti-ku!

Mashinaning isitgichini yoqdim. Birpasdan so'ng tog'am kurtkasini yechib, uzoq homuza tortdi.

— Ozroq mizg'ib olay esa, — dedi so'ng. — Sen chalg'imay, ehtiyot bo'lib hayda.

Tog'am dam o'tmay, xurrak ota boshladi. Men esa, musiqa tinglab kelyapman. Bu paytda shom cho'ka boshlagan, yo'l ola-quruq ko'rinadi. Old tarafdan g'ira-shirada chirog'ini o'ynatib kelayotgan mashinalar yorug'i ko'zni qamashtiradi.

Shu ko'yi poytaxtga yarim tundan o'tganda kirib keldik. Avval tog'amni uyiga qoldirishim kerak edi. Eshigi oldiga kelib to'xtadim. Tog'am tushib, uyushib qolgan oyog'ining chigilini yozdi. Yukxonadan yo'l sumkasini oldi, kurtkasini yelkasiga ildi. Uyqusi chala qolgan, horg'in qiyofada xayrlashdi.

…Ertalab zo'rg'a uyg'ondim. Soat millari ishga kechikayotganimni ko'rsatib turardi. Yo'l azobi yomon, odamni charchatadi. Ayniqsa, ruldagi kishiga qiyin: yo'ldan ko'zini uzmay tikiladi, ko'z qotib qoladi.

Apil-tapil nonushta qilib, hali motori sovib ulgurmagan mashinani o't oldirdimu g'izillab ishga jo'nadim. Kuni bilan uyqusirab yurdim. Kompyuterga tikilib turgan ko'zim ilinay-ilinay deydi.

Ishxonaga kech kelgan erta ketolmaydi. Hammadan keyinga qolib, ishlab o'tirgandim, bir mahal eshik taqilladi. Qorovul ekan.

— Mabodo, bugun uyga ketmaysizmi, uka? — deydi jilmayib.

— Ketaman, — deyman kulib.

— Bola-chaqaning oldiga boraylik bo'lmasa, — deya shama qiladi qorovul. — Binoda sizdan boshqa odam qolmapti.

— Mana, yo'ldaman! — deb hazillashaman men.

Uyga qaytayotganimda yo'lda bir kishi qo'l ko'tardi. Yaqinlashganda razm soldim: kelbatli, ziyolinamo bir odam. To'xtadim, yo'lim tushsa, ola ketaman deb xayol qildim.

— «Chinobod» sanatoriysiga tashlab qo'ying, uka, — dedi u. — Iltimos!

Ana, aytmadimmi, yo'lim ekan. «O'tiring», dedim. Shunda haligi kishi «Hay, kelinglar-ey!» deya kimlargadir imo qildi. Qarasam, daraxt panasidan yana uch kishi oyog'i chalkashib, chopqillab kelyapti. Ular kela solib, o'zini mashinaga urishi bilan «gup» etib araqning hidi anqidi.

«Eh, ablahlar! — dedim ichimda. — Bular qaerdadir ziyofat qilib, sarmast bo'lgan. Orasida eng hushyori qo'l ko'tarib, mashina to'xtatgan, qolganlari panada, oyog'ida zo'rg'a turibdi ekan-da…»

Lafz — lafz. Endi, tushinglar mashinadan, deyish uyat.

— Dam olish qanday bo'lyapti, akalar? — deyman toza havoga zor bo'lgancha yon oynani bor bo'yi tushirar ekanman.

— Zo'r! — dedi orqada o'tirgan bittasi.

— Yil bo'yi changga botib, ekin ekkandan keyin dam olish ham kerak-da, — dedi boya qo'l ko'tarib to'xtatgani.

— Organizmni bir «remont» qilib ketaylik deb keldik-da, uka! — dedi orqada o'tirgani yana.

Fermerlar ekan. Ular «erta bahordan kech kuzgacha chumoliday mehnat qilar» ekan.

Aytilgan manzilga to'xtadim. Ular bir-birini suyab tushishdi. Bittasi pul uzatdi. Olmadim. Takror-takror rahmat aytib qolishdi.

Hammasi ertasi ertalab sodir bo'ldi. Shundoq mashinaga o'tirsam, orqa o'rindiq tepasida — orqa oyning tagida bir telpak turibdi. Olib qarasam, yangigina. Tog'amning telpagiga o'xshab ketdi. Yo kechagi shovvozlarnikimikan? Chatoq tomoni, ularni tanimayman. Endi nima qilsam ekan?

O'ylab-o'ylab, tog'amga qo'ng'iroq qildim.

— Mashinamda bir telpak turibdi ekan, mabodo sizniki emasmi, tog'a? — deb so'radim.

Tog'am kuldi:

— Hech zamonda biror narsamni qoldirib ketganimni ko'rganmisan? Dovdir emasman, akovsi! Meniki uyda! Qo'ygan joyimda turibdi!

— Unda yaxshi, — dedim. — Kecha uch odam mindirgandim mashinamga, o'shalarniki qolib ketgandir-da.

— Ehtimol…

Endi bu telpakni nima qilaman? Birovnikini kiyib bo'lmasa. Tashlab yuboray desa, yap-yangi! Ko'z qiymaydi. Egasiga topshiray desam, tanimayman, qaerdan izlashni bilmayman… Ie, to'xta, ular kecha «Chinobod» sanatoriysiga tushib qolishdi-ku? Balki haliyam o'sha yerda dam olishayotgandir?

Shunday xayol bilan to'g'ri sanatoriy tomonga yo'l soldim. Qorovulga uchrashib, kecha kechda to'rt kishi shu yerga tushib qolganini, sanatoriyda dam olishayotganini aytdim. Qorovul pinaginiyam buzmadi.

— Bu yerga bir kunda yuzlab odam kelib-ketadi. Qaysi birini eslab qolaman? — dedi.

Hafsalam pir bo'ldi.

— Siz, yaxshisi, tashlab keting, — dedi qorovul. — O'tgan-qaytgan dam oluvchilar ko'zi tushadigan joyga qo'yib qo'yaman. Egasi chiqsa, bervoraman!

Qorovulning gapida jon bor. Kecha sarxush odamlar bugun kiymoqchi bo'lib telpagini qidiradi. Topolmasa, yuragiga o't tushadi. Qimmat, yangi, ohorli telpak. Mol achchig'i — jon achchig'i. Yo'qolgan nina ham yurakni achishtiradi.

Telpakni qorovulga topshirdim.

— Egasi topilsa, tayin berib qo'ying! Omonat bu, — dedim.

Qaytguncha qilgan ishimdan ko'nglim tog'day ko'tarildi. Yengil tortdim. Narsa yo'qotib qo'yib, topganlar, topib olib, egasiga qaytarganlar, insof, odamgarchilik haqida ko'p o'qiganman. Ozmi-ko'pmi, bu haqda o'zim ham maqolalar yozganman. Mana, men ham birovning omonatini egasiga topshirdim hisob. Birovning moliga xiyonat qilmadim! Egasi topib olsa, rosa alqaydi endi! «Otasiga rahmat», deydi. Insofli, diyonatli kishi ekan, deb odamlarga maqtanib yurishiyam aniq!

O'zimdan-o'zim mamnun holda, ko'nglim yorishib, uyga keldim.

O'sha kecha tuni bilan yomg'ir maydalab yog'ib chiqdi. Havo yana sovib ketdi. Ertalab qalin kiyinib chiqdim. Ishda o'tirsam, telefonim jiringladi. Go'shakni ko'tarsam, salom yo'q, alik yo'q, birov shang'illab baqiryapti:

— Telpagim qani mening?!

Bu — tog'am edi.

Bo'lgan voqeani aytdim. Tog'am tutaqib ketdi:

— Kallang ishlaydimi sening? Nega telpagimni birovga bervorasan?

Ana sizga tomosha! Axir, kechagina «telpak yo'qotadigan dovdir emasman» degan o'zlari emasmidi? Kallam ishlamay qoldi deng: «Endi nima qilaman?»

Tog'amga telpakni albatta topaman, topolmasam, o'rniga yangisini olib beraman, deb va'dani quyuq qilib, tinchlantirdim.

— Bugun sovuqda kiyaman desam, yo'q ekan, — dedi tog'am sal hovuridan tushib. — Keyin bildim, o'sha kuni mashinangda qoldirib ketibman. Senga uyda turibdi, deganim, o'g'limniki ekan. Ikkovimizniki bir xil edi…

Ishxonadan qaytishda to'g'ri «Chinobod»ga bordim. Qorovul qora choy ichib, mudrab o'tirgan ekan. Ikki kun avvalgi gapni aytsam, uzoq o'ylandi, so'ng «tanidi».

— Telpaging boshga bitgan balo bo'ldi. Kuni bilan odamlardan so'rab charchadim. Hech kim telpak yo'qotmagan ekan. Oxiri, bugun tush mahali bir odam uyiga qaytayotgan ekan, shundan so'rasam, ha, meniki edi, deb olib ketdi, — desa bo'ladimi…

Qo'ltig'imdan tarvuzim tushib yorildi. Endi tog'amdan baloga qolishim aniq. Juda chatoq ish bo'ldi-da. Lekin undan ham chatog'i, bitta telpakning egasi ikkita bo'lib qolgani edi!
Категория: Fantastik | Просмотров: 59 | Добавил: Admin | Теги: Telpak | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz