Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Sehrli portfel
19:45
Sehrli portfel
«Muhayyo hammasini jahl ustida aytdi. Hozir o'ziga kelib qoladi va shunda uning yonida bo'lishim kerak», deb o'yladi Abdurashid. Shunday xayollar bilan o'rindiqdan turib, sinfdoshining ortidan ergashdi. Ammo niyat bilan maqsad birlashmadi. Muhayyo unga ortiq ergashmasligini, bo'lmasa akalariga aytib tanobini tortib qo'yishini aytib, Abdurashidni tag'in haydab soldi.

— Sarvar bilan gaplashmasang, men ham seni tinch qo'yaman.

— Nima?! Sen kimsanki, menga buyruq berasan?! Qarab tur, hali o'ziga aytib beraman sening shu gapingni.

Muhayyo ketdi. «Nima desang de, qo'rqadigan joyim yo'q undan», dedi Abdurashid ichida. Yigitlik g'ururi da'vat etdimi yoki qizning yuragidan chiqayotgan nolalari ko'zlarida aks etdimi, xullas, Abdurashid ortiq uning ortidan ergashmadi. To uning qorasi ko'zdan yo'qolmaguncha so'ppayib turaverdi. Keyin ketishga taraddudlandi. Bexosdan portfelini boyagi o'rindiqda unutib qoldirgani esiga tushdi. Zudlik bilan o'sha tomonga qarab yugurdi. Ammo yetib kelib ne ko'z bilan ko'rsinki, portfeli qo'ygan joyida yo'q edi. Alanglagancha tevarak-atrofni kuzatdi. To'rt tomonga chopqilladi.

«Bolalar — alohida dunyo», deganlari yana isbotini topdi. Darhaqiqat, bola dunyosi o'zgacha bo'ladi. Hozirgina o'n ikkiga kirmagan bola sinfdosh qiziga sevgi izhor qilgan-u, «mahbuba»si esa uni rad etib ketganida bu qadar siqilmagan Abdurashidning portfeli yo'qolganidan ko'ziga dunyo tor bo'lib ketdi. U portfelini izlab yugura boshladi. Dastlab bog'ni aylanib chiqdi. Keyin tashqariga chiqdi. Katta ko'chani aylandi, ammo topolmadi. Chopayotib yiqilganida shilingan tizzasiga ham, bilagidagi og'riqqa ham e'tibor qaratmadi. Katta ko'chani kesib o'tayotganida ham ko'zlari portfel ushlagan odamlarda edi. Tormozni bosishga zo'rg'a ulgurgan haydovchilarning baqir-chaqiriga ham e'tibor bermadi. Hammayoqni aylanib chiqdi. Biroq portfel hech qayoqda yo'q edi.

* * *

Abdurasul yetim. Otasi yoshligidan qora mehnatda katta bo'lgan. To'rt yil oldin vafot etgandi. Otasining vafotidan so'ng sho'rlik bola og'ir dardga chalingan onasi bilan ikki yilcha yashadi, xolos. Onasi ham oq va qorani hali ajratishni o'rganolmagan mushtdekkina bolasini yolg'iz tashlab ketdi. Hayot atalmish katta doshqozonning bitta qulog'iga osilib qolgan bolaga yo'qchilikda yashab o'tgan ota-onasidan eni bo'yidan, bo'yi enidan qisqa bitta xona va og'ilxona hajmicha tomorqa meros qoldi. U nafaqat ota-onasi bor, balki usti-boshi but bolalarga ham yurak-yurakdan havas qilardi.

Abdurasul ham yangi kiyimi va portfeli bo'lishini, maktabda tahsil olishni xohlardi. Biroq hademay o'n ikkiga chiqadigan, nonini o'zi topa olishi mumkin bo'lgan o'spiringa «Sen o'qishdan chalg'ima, qorningni men to'yg'izaman!» deydigan mard topilmasdi. U maktabni tashlab, bozorda, avtoparklarda mayda-chuyda sotib tirikchilik qila boshladi. Abdurasul bir nechta yaxshi odamlarning sa'y-harakati bilan maktabga qaytdi. Boquvchisi yo'qligini inobatga olib, maktab portfel, o'quv anjomlari bilan ta'minladi. Abdurasul judayam xursand edi. Quvonchi olamga sig'masdi. Eng suygan buyumi esa, shubhasiz, yal-yal yonib turgan portfeli edi. Portfelni yo'qotib qo'yishidan cho'chib yuradigan Abdurasul uning ichiga ism-sharifining bosh harflarini ham yozib qo'ydi. Biroq… «Asralgan ko'zga xas tushadi», deganlari rost ekan. Kutilmaganda u portfelini yo'qotib qo'ydi. Bozorda hammollik qiladigan kunlari Abdurasul portfelini ham o'zi bilan birga olar, maktabga bozordan chiqib ketardi. Bugun esa bir ayolning yuklarini mashinasiga olib borib qaytganidan so'ng gummaxonaga qaytib keldi-da, muzqaymoq sotadigan xolaga ishonib qoldirgan portfelini topolmadi. Xoladan so'raganida esa mijozlar bilan bo'lib e'tibor qilmaganini, kim olganini ko'rmay qolganini aytib, uzr so'radi. Abdurasulning ustidan xuddi qahratonda muzdek suv quygandek bo'ldi o'ziyam. O'zini qo'yarga joy topolmay har tomonga zir yugurdi. Bozor o'rtasida bitta qizni turtib yuborgani uchun o'sha qizning yigitidan bir juft chiroyli tarsakini ham qabul qilib oldi. Naq ikki soatlik izlashi havoga uchib, bozorning o'rtasida so'ppaygancha qolaverdi. Keyin esa… yelkalari titrab-titrab yig'lay boshladi.

* * *

Bir kuni saharmardondan eshik taqilladi.

Taqillaganidayam shunchaki emas, xuddi hozir yo eshik sinib ketadigandek, yo uy qulaydigandek taqilladi.

Abdurasul apil-tapil yugurib bordi-da, eshikni ochdi: ostonada ko'zlari chaqnab, qo'llarini musht qilib tuggan Abdurashid turardi.

Abdurasul:

— Nima bo'ldi, kim kerak senga? — deb so'radi vahima aralash.

— Portfelimni olib chiq! — dedi Abdurashid.

Abdurasul shundagina vaziyatni to'g'ri baholadi:

— Demak, sen ekansan-da portfelimni o'g'irlagan.

— Nima?! Hali sen aybingni menga to'nkamoqchimisan?

Abdurashid uning javobini ham kutib o'tirmay ichkariga otilib kirdi va Abdurasulning yoqasiga yopishdi. Abdurasul bor kuchi bilan bir siltanib uning qo'llaridan qutuldi-yu, ammo o'zini o'nglab olmasidan yana kuchli panjalar domiga tushdi. Abdurashid uning bo'yniga osilib olganida ikkala bola ham muvozanatini yo'qotib, gurs etib polga ag'anashdi. Ur-sur, musht-tepki galma-galiga o'rin almashina boshladi…

Charchoq, baribir, kuchini ko'rsatdi. Ular halloslab qolishdi. Abdurasul polda yotgan joyida labining qonini artib tashladi-da, qaddini ko'tarib, chordona qurib o'tirib oldi. Abdurashid esa shishib ketgan lab-lunjini silagancha devorga orqasini suyab o'tirdi.

Ko'zlar to'qnashdi. Bir tekis olinayotgan nafas bir zumga maromini yo'qotdi va saldan so'ng yana yelkalari qimirlay boshladi.

— Portfelimni ber! — dedi Abdurasul.

— Nega portfelimni deysan, insofing bormi? Meniki-ku u!

— Yolg'on gapirma, tullak. U meniki, sen o'g'irlab ketgansan. Esladingmi? Parkda!

— Men o'zimning narsamni qaytarib oldim. Sen uni bozordagi gummaxonaning ichida o'g'irlab ketgansan. Portfelimni bermayman, ovora bo'lma!

— Ey-y, qanaqa bozor? Nega aljiraysan?

— Bor gapni aytdim!

Abdurasul o'rnidan turdi. Ko'rpachalar yig'ib qo'yilgan sandiq oldiga borib, ko'rpachalarning orasidan portfelni oldi. Abdurashidga ko'rsatmoqchi bo'ldi-yu, ammo qo'lidan tortib olishi mumkinligi uchun ham qaroridan qaytdi va turgan joyida portfelning ichini ochdi. Abdurasul uning ichiga «A. I» deb yozib qo'ygan ekan.

— Buni menga davlat bergan maktab formamga qo'shib. Mana, qara, ichiga yozib qo'yganman «A. I» deb. Ko'rdingmi? Abdurasul Isajonov. Lekin oldiga yozmagandim. Sen yozdingmi?

— Oldindagi «A. I» — Abdurashid Ibrohimov. Men uni sotib olganman.

— Aldama!

— Eski bozordagi amakidan sotib olganman. Demak, sendan o'g'irlagan odam menga sotgan.

— Ko'rdingmi? Bu meniki, bermayman.

— Ey, axir men pul berib olganman. Tushimga kiribdimi seniki ekanligi?

— Bermayman, sotgan odamni topib, pulingni qaytarib ol!

— Sen o'zing o'g'irlagan odamni topib, undan portfelingni qaytib ol!

— Unda boshqasini sotib ol. Mening qurbim yetmaydi.

— Nima-nima?! Bitimni sotib olamanmi? Pulim bo'lganida yangisini olardim, eski-tuski sotadigan bozorga tushmasdan.

Abdurashid boshqa hech narsa demadi. Abdurasul ham javob bermadi. Oraga sukunat cho'kdi. Abdurasul unga zimdan razm soldi. Ahvoliga unchalik ham havas qilib bo'lmasdi. To'g'rirog'i, Abdurasul uning boshqa portfel sotib olishiga umid qilishdan ko'ra, Abdurashidning «Boshqasini sotib ololmayman», degan gapiga ishonishi osonroq edi.

O'z navbatida, Abdurashid ham Abdurasulning ahvolini tushuna boshlagandi. Uning otasiz, onasiz ekanligi, hatto biror-bir yaqini ham yo'qligiga, uning uyini qidirib kelgan payti qo'ni-qo'shnilari orqali ishonch hosil qilgandi. Shuning uchun uni tushundi. Unga portfelni shundoq tashlab ketishi ham mumkin edi-yu, ammo oqibatini o'yladi. Har kuni qarz so'rab keladiganlardan yashirib-berkitib zo'rg'a bir-ikki so'm yiqqan sho'rlik onasi yana qanday qilib portfel olib beradi unga? Shundog'am bechora yarim jon bo'lib qolgan. Og'ir dardiga qaramay bozorda xonim sotib, kechasi farroshlik qilib, zo'rg'a Abdurashid va uning to'rtta singlisini boqyapti. Yangisi tugul eski portfelning puliga ular oilasi bilan bir hafta qorin to'yg'azishadi axir. Harqalay, bu yaqin orada onasi unga boshqa portfel olib berolmasligi tayin edi. Portfel ishlatmaslikning esa iloji yo'q, sinfidagi hammada portfel bor. Ayniqsa, Sarvar nuqul yangi ust-boshini, ba'zan portfelini ko'z-ko'z qilaverishi va shuning oqibatida uni pisanda qilmay yurishi Abdurashidning bo'g'ziga kelgandi. Muhayyoning Sarvar bilan apoq-chapoq ekanligi, u ham Sarvarga qo'shilib ustidan kulib yurgan shunday qaltis vaziyatda ko'zga ko'rinadigan sanoqli buyumlarining bittasidan kechish…

Dabdurustdan Abdurashidning miyasiga yarq etib bitta fikr kelib qoldi.

— Bunday qilamiz, — dedi u xuddi biror katta ish ustida mulohaza yuritayotgan kattalarga o'xshab yuziga jiddiy tus bergancha, — darsing tushdan keyin ekan-a?

— Ha! — dedi Abdurasul hayron bo'lib.

— Meniki ertalab. Avval men foydalanaman, tushdan keyin esa sen foydalanasan, — deya unga qo'lini uzatdi Abdurashid.

— Qo'lingga tushsa, qaytib bermaysan, — dedi Abdurasul boshini chayqab.

— Onam haqi qasam ichaman!

Bir zum bo'lsin onasini xayolidan ketkaza olmaydigan, uning yodi bilan uxlab, yodi bilan uyg'onib yurgan onasiz bola uchun bu gap yetarli bo'ldi. Abdurashidning kaftiga kaft tashladi. Keyin esa ikkilana-ikkilana unga portfelini tutqazdi.

— Ma, ol! — dedi burnini etagiga artib olib.

Abdurashid portfelni qo'liga oldi-da, darrov keta qolmay, birpas taraddudlanib turdi. Abdurasulga qaradi. Rahmi kelganidan yuragi uvishdi. Ertaga tush paytiga kelishini aytdi va chiqib ketdi.

* * *

Soat 12:50 bo'ldi. Abdurashiddan hamon darak yo'q edi. Abdurasul siqilib ketdi. Hatto tushlikda tuz ham totmadi. Dam-badam ko'chaga chiqib, yo'l poylay boshladi. Soddaligidan xafa bo'ldi. Unga ishongani uchun o'zini uzoq koyidi. Nima qilarini bilmay u yoq-bu yoqqa borib kelaverdi. Vaqt bo'lganida esa… uzoqdan Abdurashidning qorasi ko'rindi va Abdurasulning ko'ngli joyiga tushdi.

Portfelini qo'ltiqlab maktabga shoshilgan Abdurasul shu kuni barcha fanlarda xuddi Abdurashidga o'xshab faol bo'ldi, yaxshi baholar oldi. Kun bir zumda o'tib ketdi. Oqshom tushib, izidan tong ham otdi. Nonushtani derazaga qarab o'tkazgan Abdurashid choyini ichib bo'lgach, hovliga chiqdi. U katakka o'tib, tovug'iga don sepdi. Vaqt tezroq o'tsin, deb tovuqxonani tozalab, suvini yangilab ham chiqdi. Baribir, vaqt imillayotgandek edi, nazarida. Aslida, bunchalik ovoragarchilikka hojat ham yo'qligi, unga ishonishda davom etishini, harqalay, undan shubhalanishga hali vaqt ertaligini o'ziga-o'zi uqtira boshladi. Nihoyat, vaqt bo'ldi. Abdurasul esa ulgurdi. Abdurashid kitob-daftarlarini portfeliga joylab, maktabga shoshildi.

Kunlar shu zaylda almashinib, ko'z ochib yumguncha bir oy o'tib ketdi. Ertalab Abdurasul Abdurashidga, tush paytida esa Abdurashid Abdurasulga portfelni yetkazar, o'zaro suhbat qurishlariga, yaqindan tanishib olishlariga esa ularda na vaqt yetar va na bunga ehtiyoj sezishardi. Toki Abdurasul kelmay qolgan kungacha.

Abdurashid uni ancha kutdi, soat to'qqiz, o'n, o'n bir bo'ldi. Axiyri uning uyiga yo'l oldi. U Abdurasulnikiga vaqtida yetib kelgan ekan. Abdurasul qattiq yiqilib tushganidan oyog'ini shikastlab olgan, hatto o'rnidan qo'zg'alishga ham og'riq yo'l bermayotgan edi. Abdurashid «Tez yordam»ni boshlab keldi. Oyog'i chiqqan ekan. «Tez yordam» ketganidan so'ng Abdurasul ovora qilgani uchun Abdurashiddan uzr so'radi.

— Hojati yo'q! — dedi Abdurashid ensasini qotirib. — Sendan xavotir olib kelganim yo'q. Portfel bo'lmaganida, ko'zim uchib turgani yo'q edi, o'g'ri…

Abdurashid portfelni olib eshikka qarab yo'naldi.

— O'zing o'g'risan, bildingmi? — dedi Abdurasul uning ortidan. — Birovlarning narsasiga ko'z olaytiradiganlar ham o'g'ri deyiladi. Tekintomoq, vijdonsiz!

— Valdirama! Ertaga kelmayman, shekilli…

Abdurasul bog'lab tashlangan oyog'iga qaradi.

— Bir hafta yoki o'n kun kelmasang kerak!

— Battar bo'l!

— Nima bo'lganda ham, baribir, bugungi yaxshiliging uchun rahmat!

Abdurashid chiqib ketdi. O'sha kuni maktabga bormadi. To'g'rirog'i, kech qoldi. Uyida esa Abdurasulni o'yladi. Dastlab «Qo'pollik qildim unga», deb o'zidan xafa bo'lgan bo'lsa, keyinchalik «O'zi shunga loyiq edi», deb o'zini yupatgan bo'ldi. Ertalab esa tag'in uni eslab qoldi. Negadir shundoq ketgisi kelmadi. «Mayli, mendan nima ketdi», deya Abdurasulning sinf rahbariga uchrashdi. Unga Abdurasulning ahvolini tushuntirdi. Sinf rahbari boshchiligida butun sinf Abdurasulni ko'rgani borishdi. Berilgan yordamlar samarasi o'laroq Abdurasul tezda oyoqqa turib ketdi.

* * *

Abdurashid muyulishdan burilgan edi hamki, oldidan ikki sinf yuqorida o'qiydigan Sarvar sheriklari bilan chiqib qoldi.

— Ha, professor, kelyapsanmi? — dedi Sarvar Abdurashidning yelkasiga qo'l tashlab.

— Nima edi?

— Ie! — deya Sarvar mensimagandek yoqimsiz irjaydi va sheriklariga qo'shilib hiringladi. — Ona suting og'zingdan ketgan, shekilli, tiling chiqib qolibdimi?

— O'n ikki yil bo'ldi.

— Hoy, mishiqi! — uning yoqasidan oldi Sarvar. — Men senga Muhayyodan uzoqroq yur, deganmidim? Degandim. Bo'lmasa ta'ziringni yeysan, deganmidim? Degandim. Sen latta nima qilding?

— Sening gaping nima, o'zing nima, deb gapingga kirmadim, nima edi?

— Voy, maraz!

Sarvar Abdurashidning yuziga musht tushirdi. Yerga dumalab tushgan Abdurashid jonholatda o'zini o'nglab oldi-da, bir siqim tuproq bilan Sarvarning betini siyladi. Sarvar ko'zlarini ishqalab, bo'kira boshlaganida Abdurashid uning tizzasiga tepib cho'kkalatdi-da, keyin ustiga o'zini otib, tagiga bosib oldi. Bunday bo'lishini kutmagan Sarvarning o'rtoqlari zudlik bilan Abdurashidni ajratib olishdi-da, o'rtaga olib tepkilay boshlashdi. Ko'zlari yoshlanib, tuproq ivib chiqib ketganidan so'ng Sarvar biroz o'ziga keldi va o'kirib-bo'kirganicha Abdurashidga tashlandi. Qo'llarini juft qilgancha uning yuziga musht tushira boshladi. Ammo shu payt singan g'ishtning katta bo'lagi uning ensasiga kelib tegdi-da, muvozanatini yo'qotib qo'ydi. Yalt etib tosh kelgan tomonga qaraganida esa sal narida, yuguraverib halloslab qolgan, qo'llarini musht qilib tuggan Abdurasul turardi. U yugurib kelib o'zini Sarvarning ustiga otdi. «Portfelchi»lar o'zlaridan katta to'rtta yigitga bor-yo'g'i ikki daqiqagina bas kela olishdi. Kuchlar teng emasligi o'z samarasini berdi. Sarvar va uning o'rtoqlari Abdurashid bilan Abdurasulni rosa do'pposlab, keyin juftakni rostlashdi. Yigitlar o'ziga kelib olish uchun o'rinlaridan turmay, birpas devorga suyanib o'tirishdi.

— Qattiq lat yemadingmi? — deb so'radi Abdurasul uning yelkasiga qo'l tashlab.

— Senga nima?! — deb baqirdi shundog'am xo'rligi kelib turgan Abdurashid yig'lamsirab. — Sendan yordam so'raganmidim?!

— Ko'zim uchib turgani yo'q edi, — bo'sh kelmadi Abdurasul ham, keyin o'rtada yotgan portfelga ishora qilib qo'shib qo'ydi. — Men mana bundan xavotir oldim.

Abdurasul o'zini zo'rlab bo'lsa ham o'rnidan turishga harakat qildi. Yarim turib, yarim emaklab borib portfelni qo'liga oldi.

— Rahmat!

Abdurasul Abdurashidga qaradi. Abdurashid «rahmat»ni boshqa qaytarmadi. Yuzini chetga burdi. Abdurasul uning yoniga qaytib, yana yerga cho'kkaladi.

— Mening ismim Abdurasul.

— Meniki Abdurashid.

O'rtada kulgi ko'tarildi.

* * *

Oradan yillar o'tdi. Bolalar katta bo'lishdi. Maktabni, keyin esa institutni tamomlashdi. Har kim taqdir qayoqqa uchirsa, o'sha tomonga parvoz qilib ketdi. Muhayyoda hisob-kitobga moyillik kuchli bo'lganligi uchun moliya sohasini tanladi. Yuksak iqtidori tufayli kredit bo'limi boshlig'i lavozimigacha ko'tarildi.

— Muhayyo To'laganova!

Muhayyo kotiba qizga o'girildi.

— Eshitaman.

— Tunov kuni kelib ketgan tadbirkorlar yana kelishdi, — dedi kotiba, — xonangizda kutib o'tirishibdi.

— Xususiy firma ochmoqchi bo'lib kredit so'rayotganlarmi?

— Xuddi o'shalar.

— Mayli, rahmat! — boshini silkidi Muhayyo va xonasiga kirdi.

Xonasiga kirganidan so'ng mehmonlarga ko'zi tushdi-yu, ikki qadam bosar-bosmas to'xtab qoldi. «Nahotki?! Nahotki portfel ishlab chiqaradigan korxona ochish uchun kredit so'rayotgan tadbirkorlar shular bo'lsa?!» deb o'yladi Muhayyo sobiq maktabdoshlarini ko'rib. Bu paytda esa Abdurashid bilan Abdurasul Muhayyo bilan salomlashish uchun qo'llarini cho'zgancha u tomonga kelishardi.
Категория: Fantastik | Просмотров: 67 | Добавил: Admin | Теги: portfel, SEHRLI | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz