Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 26 » Sariq shayton vasvasai
10:47
Sariq shayton vasvasai
Husan bozordagi savdosini tugatib, endigina uyiga kirgandi. Odatiga ko'ra, tezroq yuz-qo'lini chayib, bir kunlik daromadini xomcho't qilmoqchi edi. Xotini Xursanoy kutilmaganda qo'shni xonadan turib qichqirdi.

— Dadasi, tez keling! Dadam siz bilan gaplashmoqchi!

U sezdiki, qaynotasi qo'ng'iroq qilgan. Aftini bujmaytirgancha xona eshigiga yaqinlashdi.

— Menga qara, — dedi qovoqlarini uygancha shivirlab. — Dadangga uxlab qoldi deb qo'ya qolgin! Hozir hech kimga ko'zim uchib turgani yo'q.

— Voy, bu sizning dadangiz, — deya kuldi Xursanoy. — Eshityapsizmi? Sizning dadangiz deyapman!

— Mening dadam? — Husan bu gapni eshitgani zahoti tusi o'zgarib xotiniga xezlandi. — Hadeb sayrayvermay, go'shakni joyiga qo'y. Mening dadam yo'q. Dadam o'lgan mening!..

— Xudodan qo'rqing, dadasi, — deya qaynotasi eshitib qolmasligi uchun go'shakni kaftlari bilan berkitib oldi Xursanoy. — Shuncha yildan beri xabar olmagan bo'lsangiz!.. Sog'ingandir-da qarigan chog'ida! Bir og'iz hol so'rash shunchalik qiyinmi?

— Mayli, — zardali javob qildi Husan. — Oldin so'ra, muddaosi nimaykan? Agar xabar olishim kerak bo'lsa, ayt, kelasi haftada birrov borib kelaman!.. Ha, men shunaqa odamman! Past ketishni yomon ko'raman!.. Qizig'-a odamlar! O'n besh yildan beri bir marta bolam boridi deb qo'ymagan odam endi qo'ng'iroq qilgani-chi!?. Menga o'tkazib qo'ygan yeri yo'q!

Xursanoy, indamay, go'shakni qaytadan qulog'iga bosdi va birpasdan keyin erining yoniga chiqib keldi.

— Hay, dadasi, suyunchi bering, — dedi u Husanning bo'yniga osilib. — Dadam sizga bir dunyo tilla yig'ib qo'yganakan. «Husanboydan bo'lak merosxo'rim yo'q, tez kelsin, omonatini topshiray», dedi.

— Tilla? — Husan quloqlariga ishonmay, xotiniga baqraydi. — Qanaqa tilla?

— Men qaerdan bilay? Dadam shunday dedi. Ertagayoq borib merosni qabul qilib olarkansiz! Aytgancha, menam boraman-a? Harqalay, shuncha boylikni bir o'zingiz opkelishingiz xavfli-da, dadasi!..

Husan tilla so'zini eshitgandayoq go'yo dunyoni unutgandek edi. Rangiga qon yugurib, og'zining tanobi qochgancha hanuz Xursanoyga tikilardi.

— Hoy, dadasi, — uni turtdi Xursanoy. — Sizga nima bo'ldi?

Husan beixtiyor bir qadam ortga tislandi-yu, atrofga alangladi.

— Xotin, yaxshiyam dadam bor-a! — Husan darhol «choponini o'zgartir»di. Yaqindagina otasining nomini ham eshitishni istamagan quloqlari qizib, ko'zlari xuddi parda tortilgan kabi qisilgancha bosh silkita boshladi u. — Qara, bir dunyo tillani men uchun yig'ib yurgan ekan! Yo'q… Otajonimdan albatta xabar olishim kerak! Qarib qolgandir sho'rlik otam! Ha, xotin, nima oborsam ekan-a? Televizor oboraymi? Yo… Hazillashdimikan-a? Nima deysan?

— Qari odam hazillasharmidi? O'ylab gapiryapsizmi?

— Ha-ya!.. — dedi kaftlarini bir-biriga ishqalab Husan. — Ertagayoq borib «paxan»dan xabar olish kerak!

— Boyagina dadangizni ko'rishga ko'zingiz bo'lmayotgandi-ku, — dahanaki gina qilgan bo'ldi Xursanoy. — Qayoqdan kun chiqdi? Boylikning daragini eshitib…

— Qanaqa boylik? — xotinini jerkib tashladi Husan. — O'sha boylikni bermasayam borardim ko'rishga dadajonimni!.. Eh, o'zimning kuyinchak dadam-a! Qarigan chog'ingizdayam mening tashvishimni tortibsiz-da!..

— Endi tez-tez xabardor bo'lib turarsiz-a dadamizdan? — so'radi Xursanoy. — Yo ishingiz bitgach, yana bahonalar to'qiysizmi?

— Ahmoqona gaplarni qo'y, — dedi Husan qulochini kerib. — Albatta xabardor bo'laman! Axir, dadam-ku!.. E, bas qilgin jinnicha savollar berishni! Undan ko'ra, narsalarimni tayyorlashni boshla! Azonda yo'lga tushaman!

— Meniyam oborasizmi?

— Nima? Xotin kishiga pishirib qo'yibdimi boylik ketidan quvib? Ayol kishi aralashgan ish teskarisiga ketadi. Meni kutasan uyda! Kelishimga quling o'rgilsin palovxonto'ra damlaysan! Mayli, men kirib dam olay! Erta turishim kerak!..

* * *

Husanning ota uyi kattakon bir qishloqning oxirida joylashgan edi.

Kesakdevor bilan o'ralgan ko'rimsizgina hovliga qaradi-yu, Husanning ensasi qotdi.

— Bu… Uyning turishi manavinaqangi bo'lsa… Boboy laqillatmaganmikan ishqilib? Shunday yo'l bilan meni ko'rishga oshiftamasmikan? Agar shunday bo'lsa… Kechirmayman uni, ha!..

Shunday xayollar bilan hovliga qadam qo'ydi. Hali hovli o'rtasiga yetmay, tandirxonadan yuzlari oftobda kuygan, qoramag'iz, chuvakkina juvon chiqdi. Husanga ko'zi tushdi-yu, lablari pulkillagancha yaqin keldi.

— Voy, Husanboyimmisan? — Husanni mahkam quchib yig'i aralash so'radi juvon. — O'zimning jiyanimmisan? Voy, bo'ylaringga bo'y tumor! Seni sog'inib ketdim-ku!..

«Uf-f, endi manavinaqangi qora-qura amma yetmay turuvdi, — xayolan ensasini qotirdi Husan. — Buning ustamonligi-chi?!. Sog'inganmish! Sog'insang, allaqachon uyimni topib borardilaring!..»

— Dadam shu yerdami? — so'radi Husan ammasiga sir boy bermay. — Yo…

— Meni tanidingmi o'zi? — javob o'rniga Husanning ikki yelkasini mahkam siqimlab oldi juvon. — Men Xolnisa ammang bo'laman! Bu uydan ketganingda kichkinagina bolayding! Seni o'zim har kuni halinchakda uchirardim, o't terishga chiqsam ham o'zim bilan birga opketardim…

— Iltimos… Amma… — Bu so'zni majburan bo'lsa-da tiliga ko'chirdi Husan. — Albatta tanidim! Faqat… Dadamdan xavotir olib sal kayfiyatim yo'g'idi. Kechiring! Buning ustiga juda vaqtim izq edi. Shunga… Dadamni ko'rsam devdim!..

Xolnisa opa javob berishga shoshilmay, ko'z yoshlarini ko'ylagi etagiga artib dahlizga ishora qildi.

— Ha, akam sho'rlik o'sal yotibdi. Senga yuragi oqib ketdi, o'rgilay! Qari dadangni mahtal qilmay kiraqolgin unda, Husanboy! Men darrov do'ppiday osh damlayman!..

Husan ammasining gaplariga umuman e'tibor bermay dahliz tomon yurdi. Xayolida esa faqat bir jumla aylanardi: «Ishqilib boboy aldamagan bo'lsin!..»

Dadasi Halimboy ota juda ozib ketgan, qalin qilib qavilgan baxmal ko'rpaga o'rangancha shiftga tikilib yotardi. Husanboy xonaga kirishi bilan ilkis boshini u tomon burdi va farzandini tanib o'rnidan turishga chog'landi.

— Yo'q, yo'q, turmangiz, — dedi Husan otasining yelkasidan bosib. — Turmangiz!

— Husanboyim-a, — deya xirillagan tovushda so'z qotdi Halimboy ota. — Seni ko'rmay o'lib ketarmikanman deb o'ylovdim. Xayriyat, xudoning o'zi yetkazdi seni! Xo'sh, tinchmisan? Kelinim yaxshimi?..

«Shu odam ekan-da dadam, — o'yladi Husan rangi paxtadek oqargan, oppoq soqoli ko'ksiga qadar tushayozgan Halimboy otaga yer ostidan boqib. — Shu turishida tilla nima qilardi unda!?. Essiz… Bekor kelgan ko'rinaman!.. Boboyning aldayotgani aniq…»

— Mayli, bolam, — oradagi sukunatni buzib gap boshladi Halimboy ota. — Bilaman, mendan xafasan. Xafa bo'lishga haqing bor! Chunki kichkinaligingda sendan xabar ololmadim, hol so'rolmadim. Shunday ekan… Tilponda aytganim… Haligi… Picha davlatim bor. O'shanga o'zing egalik qilgin! Dadang o'tib ketgandan keyin yuragingda armon qolmasin! Yayrab yashnagin, o'ynab-kulib yurgin! Men ko'rmagan yaxshi kunlarni sen ko'rgin!

Boylik daragini eshitgandan keyingina Husanning ikki yuziga qon yugurdi. Beixtiyor kulimsirab, qariyaga qattiroq tikildi. Tili ham qalbiga bo'ysunmagan holda aylana ketdi.

— Dada, nega unday deysiz? — dedi Husan yasama mehr bilan. — Men xafamasman sizdan. Salomat yursangiz bas! Doim xayolimda bo'lgansiz! Sizni xayolan tasavvur qilib, uxlab qolardim… Aytgancha… Nega bu ahvolda yotibsiz? Axir… Sizni kasalxonaga yotqizish kerak! Hozir… Men telefonimni topvolay!..

— Qo'y, kerakmas, — deya Husanni bilagidan tortib tinchlantirdi Halimboy ota. — Mening kasalim bannisanikimas. Undan ko'ra, bor, og'ilga kirsang, qoplar taxlangan. Taxini ochsang, boshqa bir qopda sening merosing turibdi. O'shani opchiq, bolam!..

— X-xo'p bo'ladi, dadajon!.. — Husan yana yasama mulozamat bilan dadasining ikki yelkasini kaftlari bilan silab qo'ygan bo'ldi-da, dast o'rnidan turib og'ilxonaga yo'l oldi.

* * *

Kichik qopchadagi tilla tanga-yu, taqinchoqlarni jomadoniga joylagancha katta yo'l chetida ketib borardi-yu, Husan go'yo yettinchi osmonda parvoz qilardi. Oyoqlari xuddi yerga tegib-tegmay odimlar, tili-yu, dili bir xilda so'ylardi.

— Bannisaga bormaymanmish, — g'udranardi o'zicha u. — Meniyam ko'zim uchib turgani yo'q edi bu odamni bannisaga oboraman deb. Ha endi, manavi boyliklarni bergan bo'lsa, otalik burchi-da! Odamlarning otalari kerak bo'lsa o'g'illariga samolyot oberyapti. Umuman, bir jihatdan qariyaga achinaman. Haligiday kesakdevor uyda umri o'tibdi. Lokigin juda pishiq ekan. Shuncha boylikni og'ilxonada asrabdi-yu, birovga miq etmabdi. Og'zi qattiq-da! Shuning uchunam mendan — yolg'iz farzandidan munday xabardor bo'lishga yaramagan. Mayli, mana endi kimsan Husanboyga aylandim-qoldim. Qani endi uncha-munchasi yo'limga g'ov bo'lsin-chi, mana shu tilla tangalar bilan bir urib og'zini yoraman! Qandingni ur, Husanboy, zamon seniki buyog'iga!..

Husan g'udrana-g'udrana avtobusga chiqdi-da, zum o'tmay shaharga yetdi. Poezdga chiqib darhol uyga jo'nashni negadir xohlamasdi. Qo'lidagi boyliklarning selini chiqarish, aysh qilish ilinjida yonardi.

«Yallo qilish bizdaqa boylarga yarashadi-da, — ko'nglidan o'tkazdi u yo'l-yo'lakay. — Hademay, qadrdon uyimga yetib olsam, xotinboyniyam og'zi qulog'iga yetadi. Endi ko'pro-oq hurmatlaydigan bo'ladi. E, qarshimda ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib ta'zimda bo'lmasin-chi… Kavushini to'g'rilab qo'yaman!..»

Shu tobda qarama-qarshi tarafdan kelishgan bir juvon o'tib ketayotib o'tli boqqandek tuyildi. Husan juvonning ko'z qarashini darrov angladi. Taqqa to'xtadi-yu, chamasi ellik metrcha nari ketib ulgurgan juvon tomonga qaradi. U ham qur-qur Husan tarafga bosh burib borayotgan ekan. Yurishdan to'xtab, kulimsiragancha turib qoldi.

— Ja ketvorga ekanmi qizitaloq? — dedi o'ziga o'zi Husan. — Aftidan men bilan ketgisi bor. Nima qilsamiykin? Chaqirsam kelarmikan? Albatta keladi. Menday boyvachcha ixtiyor qiladi-yu, nozlanarmidi?!. Mana shu jonon bilan hamsuhbat bo'lsam, armonim qolmasdi…

Husan tavakkal qo'l siltab juvonni o'zi tomon chorladi. Juvon ham shuni kutib turganmi, pildiragan ko'yi yurib kelib Husanning qarshisida to'xtadi.

— Ha, oka, menda gapiyz bormi? — so'radi muloyimlik bilan. — Nega chaqirdiyz?..

— Muncha chiroylisiz? — deya gapni xushomaddan boshladi Husan. — Sizning ro'parangizdan ketolmay qoldim-ku! Endi nima bo'ladi?..

— Yuring, unda bir piyola choy ustida suhbat quramiz, — dedi juvon ham dangal. — Yo qo'rqasizmi?

— Men-a? — beo'xshov tirjaydi Husan. — O'v, jonidan, meni Husanboy deb qo'yibdi. Xafa qilma-ang unday!..

— U holda ketdik menikiga!

— Gap yo'q. Faqat… Tuzuk-quruq do'konni ko'rsatsangiz, mayda-chuyda olvolardim! Harqalay, quruq choy bilan cheklansak yaxshi bo'lmas.

— Xo'p bo'ladi, yaxshi yigit!

— Yo'q, — dedi Husan hiyla jiddiy tortib. — Meni «boy aka» deb chaqiring!

— Rostdanam boymisiz? O'xshamaysiz-ku!

— Oldin uyingizga yetvolaylik, ana undan keyin o'xshatamiz. Aytgancha, otingiz nima o'zi?

— Marhabo. Sizniki-chi?

— Husanboy mening otim. Ammo boyagi gapim gap.

— Tushundim, boy aka! Xo'sh, ketdikmi?

— Ketdik!

* * *

Juvon uni tor, ko'rimsiz kvartiraga boshlab kirdi. Kirib o'tirgach, Husan idishlardagi ichimliklarni muzlatkichga qo'ydirdi. So'ngra azbaroyi hovliqayotgani, maqtangisi kelayotganidan Marhaboni yoniga chaqirdi.

— Mening boyligimga shubha qilding-a, shundaymi? — so'radi u Marhaboni «sen»lab. — Mana mening boyliklarim. Bu mingdan bir qismi, xolos.

— Voy o'lay-y, — Marhabo jomadon ichidagi tilla tanga va taqinchoqlarni ko'rib hayratdan tosh qotay dedi. — Sh-shularning hammasi siznikimi?

— Meniki bo'lmay katta xolamniki bo'larmidi? — zarda aralash javob qildi Husan. — Albatta meniki-da! Qani, yana bir marta «boy aka» desinlar-chi, xonim! Toki boy akangning ko'ngli chog'lansin!

— Boy aka-a, — dedi Marhabo Husanning qulog'iga shivirlab. — Ming martalab boy akamsi-iz!..

— Ana shunaqa-a, — kerilib jussasini divanga tashlab yubordi Husan. — Biz boymiz, ha! Vey, xohlasam-chi, seniyam avlod-ajdoding bilan sotib olib qo'yaman! Yo ishonmaysanmi?

— Ishonaman, — Husanning so'nggi gapi alam qilib, Marhabo qovog'ini uydi. — Ishonmay o'libmanmi?.. Voy, esim qursin, boy aka, istaysizmi sizni bugun bi-ir mehmon qilaman?

— O', ishtahalar zo'r-ku, — dedi Husan Marhaboga masxaraomuz boqib. — Xo'sh, nima bilan mehmon qilasan?

— Siz opkelgan ichimliklar muzlatkichda tura qolsin! Men judayam zo'rini berkitib qo'ygandim. Sizga nasib qilgan ekan. Yo'q demasangiz, opkelaman!

— Opkel, — buyurdi Husan hanuz kerilishdan tiyilmay. — Boy akang bugun saxiy. Foydalanib qol!..

Marhabo ko'z ochib yumguncha patnisga ichimlik quyilgan ikkita bokal, gazak uchun shokolad qo'yib pildiragancha chiqib keldi va bokallardan birini ikki qo'llab Husanga uzatdi.

— Qani, boy aka, bugun faqat siz uchun qadah ko'taramiz!..

Oradan bir necha o'n soniya o'tdimi-yo'qmi, negadir Husan lohaslanib, ko'zlari suzilgancha bir nuqtaga tikilib qoldi. Saldan keyin beixtiyor ko'zlarini yumdi-yu, dong qotdi…

Uyg'onganda esa yonida na jomadon, na Marhabo bor edi. O'zi zax hidi ufurib turgan qandaydir yerto'lada yotardi.

Husan bir muddat o'zini qo'lga olishga tirishib, atrofga alangladi. Aldanganiga, chuv tushganiga amin bo'lgach, boshini changallagancha oh tortib yubordi. Biroq shu ahvolda ham o'z aybini, gunohlarini tan olmasdi. Otasiga nisbatan aytgan haqoratli so'zlari, qora niyati xudoga-da xush kelmaganini idrok etmasdi. Yerto'lani boshiga ko'tarib to'tidek bir gapni takrorlardi:

— U otammas! Atayin menga dam solingan, qarg'ish yog'dirilgan boyliklarni bergan! Kuyib, rasvoyi olam bo'lib o'lsin degan!. Meni ko'rolmaydi u, ha, ko'rolmaydi-i!!!
Категория: Fantastik | Просмотров: 85 | Добавил: Admin | Теги: vasvasai, shayton, Sariq | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz