<

Qo'yliqdagi afsun qilingan uy

Hozir nafaqadaman. Ilgari o'qituvchi bo'lib ishlardim. Hayotimdan nolimayman, faqat to'ng'ich qizimning baxtsiz bo'lgani meni tushkunlikka soladi, xolos. Ayni damda u turmushidan ajragan. Bunga esa bir paytlar sodir bo'lgan voqea sabab edi.

O'shanda Qo'yliqqa ko'chib kelgandik. Biz sotib olgan uy shinamgina, har tomonlama qulay edi. Shundanmi, bu uyning arzongina narxga sotilgani meni unchalik ham ajablantirmadi. Rafiqam:

— Dadasi, uy tuppa-tuzukkina ekan, nega egasi bunchalik arzonga sotdi ekan-a? Bir balosi yo'qmikin, ishqilib? — deya so'raganida ham unchalik parvo qilmadim.

— Pul zarur bo'lgandir-da, ham pulini bo'lib-bo'lib berishimizga rozi bo'ldi. Shunday ekan, bu biz uchun omadli xarid.

Boshida turmushimiz osoyishta kecha boshladi. Ishlarim joyida edi. Shundanmi, ayolim ham, men ham uy haqidagi noxush xayollarni miyamizdan chiqarib tashladik. Ammo…

Oradan olti oycha vaqt o'tgach, to'ng'ich qizim uyga yig'lab kirib keldi. Uni uzatganimizga hali yarim yil ham bo'lmagandi. Meni ko'rdi-yu, boshini egdi.

— Nima gap? — deb so'radim qandaydir noxushlikni sezib.

— Lola eri bilan ozroq aytishib qolibdi, — dedi ayolim nimanidir yashirib. — Hechqisi yo'q, yarashib olishadi.

— Mendan hech narsani yashirma. Nima gap o'zi?

Ayolim rostini aytishga majbur bo'ldi:

— Gap shundaki, kuyov giyohvand ekan!

— Nima? — esxonam chiqib ketdi mening. — Giyohvand?! Tuppa-tuzuk yigit edi-yu! Yoki endi o'rgandimikin?!

— Aslida, bu mashmashalar olti oy oldin boshlangandi, — dedi qizim ko'z yoshini artib. — Hammasi yaxshilik bilan tugar, bu og'uni tashlar, deb o'ylagandim. Ammo…

Qizim tag'in yig'lab yubordi. Mening esa fig'onim falakka chiqdi.

— Giyohvandlik o'tib ketadigan narsa emas, qizim, nega shuni oldinroq aytmading?

Qizim lom-mim demadi. Boisi, savolimning javobi shundoq ham ma'lum edi. U bizni tashvishga qo'yishni istamagan. Lolani ortiq qiynamaslik uchun indamay xonamga kirib ketdim.

Ertasi kuni esa kuyovim bilan gaplashib ko'rdim. Yo'q, u insoniylik qiyofasini yo'qotib ulgurgan ekan.

— Men buni tashlay olmayman, — dedi u ko'zimga tik qarab. — Ilojim yo'q. O'lib qolaman usiz! Menga aqllilik qilgandan ko'ra, puldan cho'zsangiz bo'lardi. Yana men o'lib, qizingiz beva bo'lib qolmasin!

Kuyovimning tirjayib turgan basharasiga musht tushirgim keldi. Ammo o'zimni qo'lga oldim. Qudalarim bilan gaplashib ko'rdim, lekin…

— O'g'limni bu yo'ldan qaytarishga urindim, — dedi erkak qudam. — Lekin hozircha hech narsa qila olmayapmiz. Kap-katta erkakni to'g'ri yo'lga solish qiyin bo'larkan. Bizni kechiring!

O'g'lining dastidan bosh egib turgan otani ko'rib, achinib ketdim. Bor alamimni ichimga yutishga qaror qildim. Kuyovim endi insofga kelmasligiga ishonch hosil qilganimdan keyin esa qizimni undan ajratib olishga qaror qildim. Axir boshqa ilojim qolmagandi. Ayniqsa, uyiga ketganidan ikki kun o'tib, qizim ikki ko'zi ko'karib qaytib kelgach, bu holatga ortiq qarab tura olmadim.

«Dard kelsa, qo'shalashib keladi», deganlari rost ekan. Qizimning dardida kuyib yurganimda endi o'g'limning muammosi dard ustiga chipqon bo'ldi. Uni o'zi ishlayotgan qandolatchilik korxonasida moliyaviy tomonlama turli firibgarliklarda ayblashibdi.

— Nima bo'ldi o'zi? Ochiqroq gapir, — dedim uyga bir ahvolda qaytib kelgan o'g'limga.

— Bu — tuhmat, dada, — dedi u ko'zimga tik qarolmay. — Tekshiruvchilar kelishgandi. Hisob-kitoblarda anchagina kamomad chiqibdi. Meni asosiy aybdor deb ko'rsatishyapti.

Meni bir narsa o'ylantirardi. Shu paytgacha tinch-totuv kechayotgan hayotimiz nega birdaniga alg'ov-dalg'ov bo'lib ketdi? Qaysi ishni noto'g'ri qildim? Qancha o'ylamay, birin-ketin kelayotgan muammolarning yechimini topa olmasdim.

Shunday kunlarning birida eshik taqilladi. Ochsam, ostonada yoshi kattaroq lo'li ayol turibdi. «Domgayam kelarkan-da bular?» deb hayron bo'ldim. Lo'li esa ostonaga qadam qo'ydi-yu, aftini bujmaytirdi.

— Ibi, uyingni kimdir afsunlabdi. Sani dushmaning balo-qazoga duchor qilmoqchi, — dedi menga achingandek qarab.

— Yo'g'-e, — dedim uning vahimali gaplariga ishonqiramay, — qo'ysangiz-chi…

— Ibi, mana buning gapini qarang, man sanga to'g'risini aytopman. Qiz bachang uyingga qaytib keldi, to'g'rimi? O'g'il bachangga tuhmat qilishgan. Buyam to'g'ri-a?

Odatda, fol, bashorat degan narsalarga ishonmasdim. Ammo hozir qarshimdagi lo'lining gaplari meni o'ylantirib qo'ydi.

— To'g'ri, — dedim o'ylanib.

— Hammasini uyingdagi afsun qilopti. Uni yo'qot.

— Qanaqa afsun? — so'radim ajablanib.

— Bir tutam soch ko'milgan.

— Qanaqa soch? Nega ko'mishadi?

— Aytopman-ku buni dushmaning qilgan deb. Ko'milgan soch barakani qaytaradi, balo-qazoni chaqiradi.

Lo'li meni turli xayollar girdobiga tashlab ketdi: «Menga kim dushmanlik qilishi mumkin? Hech kimga yomonlik qilmagandim, shekilli. Endi nima qilsam ekan?»

Boshim qotdi. O'sha la'nati soch tutamini qaerdan izlashni bilmasdim. Aksiga olib, lo'li bu haqda hech narsa demagan, men ham so'ramagandim. Axiyri uyning burchaklarini qidirishga qaror qildim.

— Nima qilyapsiz? Tinchlikmi? — dedi ayolim gilamlarning tagini birma-bir qarayotganimni ko'rib. — Nima, tilla yo'qotdingizmi?

— Yo'g'-e, qanaqa tilla? Lo'lining aytishicha, uyimizga soch ko'milganmish. Kimdir afsun qilganmish.

— Ey, — qo'lini siltadi ayolim, — kelib-kelib lo'lining gapiga ishondingizmi? Bular og'ziga kelganini gapiraveradi-da.

— Lekin u hammasini to'g'ri aytdi. Qizimizning ajrashganiniyam, o'g'limizning boshiga tushgan baxtsizlikniyam…

Qancha qidirmay, hech narsa topa olmadim. Ayni damda “Nahotki lo'li aytgan gaplar chin bo'lsa? Nahotki afsun degan narsa chindan ham bo'lsa”, kabi savollar miyamda charx urardi. Nima qilishni bilmay, boshim qotdi. O'ylay-o'ylay boshqa joyga ko'chishga qaror qildim.

Uyni sotib, boshqa uy xarid qildim va ko'chib chiqdim. Oradan ikki haftacha vaqt o'tib, o'g'lim xursand holda kirib keldi.

— Nima gap? Yangi ish topdingmi deyman, — so'radim oldingi ishidan bo'shab, yangi ish qidirib yurgan o'g'limdan.

— Yo'q, oldingi ishxonamdan qo'ng'iroq qilishdi. Hujjatlarda anglashilmovchilik bo'lgan ekan. Endi ishga qaytishim mumkin!

O'g'limning gaplarini eshitib, negadir xayolimga lo'lining gaplari keldi: “Hammasini uyingdagi afsun qilopti”. Aslida ham yangi uyda yashay boshlaganimizdan keyin hayotimiz sekin-asta iziga tusha boshladi. Faqat to'ng'ich qizimninggina hayoti hanuz o'nglangani yo'q. Lo'li aytgan sinoat esa haligacha meni o'ylantiradi.

Категория: Hayotiy | Просмотров: 88 | Добавил: Admin | Теги: Afsun, qilingan, Uy, Qo'yliqdagi
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ