<

Qaynonasinikiga mehmonga borolmagan kuyov

Yakshanba kuni qaynonamning uyiga mehmonga borishni rejalashtirdim. To'g'ri, agar xotiram pand bermayotgan bo'lsa, uch oydan beri bu mehmondorchilikni deyarli har yakshanba rejaga kirityapman. Ammo goh ishim, goh boshqa yumush sabab orqaga surib kelayotgandim. Bu safar xotinim masalani ko'ndalang qo'ydi:

— To'rt oy bo'ldi onamning uyiga bormaganingizga, dadasi!

O'ttiz kunga adashibman, qarang!

— O'zingdan bir oy qo'shib gapiryapsanmi, xotin?

— Qo'shayotganim yo'q, besh kunni kam qilib aytyapman. To'rt oyu besh kun! Qarindoshlarim «Ering bilan yashayapsanmi yo ajrashib ketdinglarmi?» deb so'rashni boshlashdi. Xullas, gap shu. Ertaga bolalarni olib, onamnikiga borib kelamiz. Eng asosiysi, to uyga qaytgunimizcha qo'l telefoningiz o'chiq turadi!

«Xo'p», deb qo'ya qoldim. Men jinoyat qidiruv bo'limining tezkor xodimi — kapitan Akbarovman, begim kunlari ishdan so'ng va yakshanbadan dushanbagacha unvonimu mansabim inobatga olinmaydi.

Shanba kuni kechki payt xotinimning qat'iy talabidan keyin mashina motorini sinchiklab ko'zdan kechirdim. Chunki mashinamning qaynonamnikiga borishni rejalashtirganimda nuqul o't olmaydigan odati bor edi.

— Atay o't olmayapti! — hukm chiqarardi jig'ibiyron bo'lgan xotinim bunday paytlarda. — Mashinangiz ham o'zingizga o'xshaydi, onamnikiga boraylik desam, oyoq tirab oladi!

— Birinchidan, bunday deyishingning o'zi noo'rin. Chunki mashina temirdan yasalgan, uning joni yo'q. Ikkinchidan, tirab turib olishga oyoqlari ham yo'q! Taksida yo'lga chiq, men motorni tuzatib, orqangdan yetib olaman.

Xullas, shu holat tag'in takrorlanib xotinimning asab tolalari aziyat chekmasligi uchun motordan tortib g'ildiraklargacha ko'zdan kechirdim. Qaynonam qishloqda yashar, uyiga yetguncha yigirma besh kilometr yo'l, uyimizga qaytib kelgunimizcha tag'in shuncha yurishga to'g'ri kelardi. Demak, yoqilg'i quyib olish kerak. To'g'ri, qishloq yo'lida qaynog'amning peshtoqiga bahaybat harflar bilan «AYoQSh» deb yozilgan yoqilg'i quyish shahobchasi bor. Uyidayam yo'q deganda o'nta mashinaning bakini to'ldirishga yetadigan benzin saqlaydi. Balki, xotinim onasiga erkalansa, onasi qaynotamni turtkilasa, qaynotam o'g'liga tayinlasa, qaynog'am benzin quyib berar, biroq men buni istamasdim. Chunki xotinim onasiga erkalanishi, onasi qaynotamni turtkilashi, qaynotam o'g'liga tayinlashi mumkin, biroq qaynog'am, baribir, quygan benzinining pulini undirib oladi. Chunki u…

— Yo'q, mening akam ziqna emas! — deydi xotinim.

Bahslashib o'tirmayman.

— To'g'ri, akang ziqna emas, ammo undan qishda qorni ham tekinga olishning iloji yo'q!

Xullas, ertalab bolalar bilan uydan chiqdik. Xotinim eshikni yopdi, men qulf soldim. Mashinaga yaqinlashdik.

— Bolalarni olib, orqa o'rindiqqa o'tir!

— Avval motorni o't oldiring!

— Xotirjam bo'l, tixirlik qilmaydi, kecha yaxshilab tekshirganman. Mana!

Kalit ulangan pult tugmachasini bosdim. Keyin barmog'imni yana ishga solishimga to'g'ri keldi. Pult tugmachasi bosilganidan keyin mashina eshiklarining qulfi minnat qilgan misol taqillagan tovush chiqarib ochilishi kerak edi. Ammo hatto uchinchi marta tugmachani bosganimdan keyin ham ochilgani yo'q.

— Bilaman, atay buzib qo'ygansiz, deb menga ayb qo'ymoqchisan, — dedim kalit bilan eshikni ochib rulga o'tirarkanman. — Eshik qulfi mayda ish, kalit bilan ochishim ham mumkin.

— Gap motorda demoqchisiz-da, a?

— Yo'q, motorga gap yo'q, kalitni burashim bilan gurillab o't oladi. Mana!

Shu so'zni ikkinchi marta ishlatganim yoqmadimi, motor g'irillab mashinani titratdi, biroq o't olgani yo'q. Tag'in kalitni buradim. Yana o'sha ahvol! Uchinchi marta buraganimdan keyin xotinimning lablari qimtilganini, to'rtinchi urinishdan so'ng peshonasiga chiziq tushganini ilg'adim. Navbatdagi omadsiz urinishdan keyin esa uning chehrasidagi muloyim ifodadan asar ham qolmadi.

— Onamnikiga borishni istamaysiz-a, dadasi?! — bir dunyo norozilik bilan so'radi xotinim katta-katta ko'zlarini koreys seriallari qahramonlarining ko'zlariga o'xshatib. — Aslida, kecha atayin mashinani buzib qo'ygansiz!

— Nohaq ayblov! Ishonsang, xotin, uch oy, yo'q, to'rt oyu besh kundan beri onangnikiga borish haqida o'ylayman! Hatto onang yashaydigan qishloq tushlarimga kirib chiqyapti. Tushimda…

— Yana mazax qilyapsiz…

— Aslida, men emas, manavi la'nati mashina ikkalamizni mazax qilyapti! Kecha tekshirib kalitni buragandim, motor «gur» etib o't oldi! Bugun ertalab tag'in tekshirib ko'rdim, yana o't oldi! Endi esa… Yana bir urinib ko'ray-chi!

Keyingi urinishlarim ham ish bergani yo'q. Mashinani oyog'ini tirab turib oladigan qaysar jonivorga qiyoslab, ikki og'iz nordon gap aytganimdan so'ng xotinimga yuzlandim.

— Endi bunday qilamiz. Sen bolalarni olib taksiga o'tirasan, men mashinani tuzatib, orqangdan yetib boraman.

— Yana o'sha gap! Orqangdan boraman deysiz-u, qishloqdan qaytganimizda hovlida kutib olasiz!

— Bo'pti, orqangdan emas, sendan oldin onangnikiga yetib boraman! Ishonmasang, mashinamni o'rtaga qo'yib qasam ichishim mumkin! Qasam ichaymi?

— Shart emas! — bosh chayqadi xotinim. — Qo'l telefoningizni bersangiz bo'ldi. Chunki ishxonangizdan qo'ng'iroq qilishsa, ichgan qasamingizni unutasiz-qo'yasiz!

Telefonni qurbon qilib, oilamni taksiga o'tqazganimdan keyin uyga qaytdim. Pult tugmachasini bosgandim, mashina eshigining qulfi «tarq» etib ochildi. Rulga o'tirib kalitni buradim. «Gur» etib o't oldi, yaramas! Mana, sizga joni yo'q temir!

— Yaxshiyam, bu ishingni xotinim ko'rmadi, — dedim eshikni yoparkanman, — yo'qsa, seni ertagayoq mashina bozoriga chiqarishga majbur qilgan bo'lardi! Endi qaynonamnikiga yo'l olamiz!

Ammo joyimdan jilishga ulgurganim yo'q. Shundoq oldimga qop-qora «Neksiya» kelib to'xtadiyu, eshigi ochilib, basharasi mashinasining rangiga mos o'zim tengi yigit otilib chiqdi.

— Shoshma, Farrux! — deyarli xitob qildi oynaga egilib. — Salom, Farrux!

— Shoshyapman, Hurmat! — ming'illadim uning tashrifini xushlamay. — Salom, Hurmat!

Hurmat ham sobiq sinfdoshim, ham mahalladoshim, bu ham yetmaganday, qarindoshim ham edi. Nimadandir qattiq hayajonlansa, o'zini haqoratlangan his qilsa yoki juda qattiq suyunsa, shunaqa dovdiraydigan odati bor. Demak, u hozir yo hayajonlanyapti, yoki kimdir uni nohaq haqorat qilgan, yoxud… Yo'q, keyingisiga o'xshamaydi, qattiq suyungan odam unga o'xshab shalvirab turmaydi. Adashmagan ekanman!

— Uyimga o'g'ri tushibdi, Farrux!

— Militsiyaga xabar ber!

— Senga aytyapman-ku, mana!

— Bugun yakshanba! Aravangni chetga ol!

Hurmat «uf» tortib, qaddini rostladi. Biroq talabimni bajarishga shoshilgani yo'q. Mashinamni aylanib o'tdi-da, old o'rindiqqa cho'kdi.

— Ochig'ini aytsam, bu ishga militsiyani aralashtirishni istamayman.

— Menga aytyapsan-ku!

— Bugun yakshanba! Qolaversa, sen qarindoshimsan…

— Bir sinfda o'qiganimiz, qo'shni ekanimizni ham eslatib o't!

— Iltimos, Farrux…

Bu safar men «uf» tortib, motorni o'chirdim. Hurmatning to ishi bitmaguncha xira pashshadek tinchingni bermaydigan odati ham bor. Muammosiga yechim topmagunimcha o'z holimga qo'ymaydi endi.

— Kim uyingga o'g'irlikka tushibdi?

— Kimligini bilsam, sening yoningga kelarmidim?!

— Nimalarni o'g'irlashibdi?

— Yuz ming so'm pul o'g'irlangan.

— Jiddiy jinoyat! Nega ichki ishlar bo'limiga xabar berishni istamayapsan?

Ko'zlarini olib qochgan Hurmat mashina oynasidan tashqariga qaradi.

— Chunki Nurmatdan gumonim bor…

— Ustadanmi?

Nurmat uning yon qo'shnisi edi.

— Nima uchun undan gumon qilyapsan?

— Bir kun oldin Nurmat mendan qarzga yuz ming so'm pul so'ragandi. Bermagandim. Bersam bo'larkan…

— Faqat shuning uchun undan gumon qilyapsanmi?

— Boshqa sabab ham bor. Bilasanmi…

— Bilmayman!

— Yaxshisi, uyimga boraylik, o'zingga ko'rsataman.

— Obbo!

Bir odamning o'zi sobiq sinfdoshing, qo'shning, qarindoshing bo'lsa, so'zini sindirish qiyin bo'larkan. Ayniqsa, gap sodir etilgan jinoyatga borib taqalganida buning sirayam iloji yo'q. Motorni o't oldirdim. Hurmat o'zining mashinasiga o'tdi. Zum o'tmay uyi oldida mashinalardan tushdik. Qarindoshim meni old eshikdan uyiga emas, bog' devorga o'rnatilgan pastak eshikdan orqa hovlisiga boshlab kirdi.

— Sizlarning tilingiz bilan aytganda, jinoyat mana shu joyda sodir etilgan!

Uning ishorasidan keyin uyga taqab qurilgan kichkina binoga qaradim. Bu binoni Hurmat ulfatlari bilan xotin, bola-chaqaning chug'ur-chug'uridan nari o'tirish uchun qurdirgandi. Kirish eshigi alohida, bino oshxona, katta mehmonxona va kichkina yuvinish xonasidan iborat ekanligini bilardim.

— O'g'ri eshikdan kirgan…

— Avval, biz ham ichkariga kiraylik, — dedim uning so'zini bo'lib.

Mehmonxonaga kirdik. Dasturxon yig'ishtirilmagan, bir chekkaga «P» ko'rinishida uchta ko'rpacha to'shalgandi.

— Kecha xotinim bolalarni olib onasinikiga ketgandi, — tushuntirish berdi Hurmat. — Kechga tomon uyga qaytadi. Shuning uchun yig'ishtirilmagan dasturxonga qarayvermay menga quloq sol. Kecha kechqurun Rustam mo'ylov bilan Olim taksichi mehmonga kelgandi. Yedik, ichdik. Allamahalgacha gap-gashtak qilib o'tirganimiz uchun ulfatlarim yotib qoladigan bo'lishdi…

Hurmat aytgan odamlarni yaxshi tanirdim. Rustam mo'ylovning uyi ko'chamiz boshlanishida bo'lsa, Olim taksichi ko'cha oxiridagi uyda yashardi.

— Shoshma, — yana uning so'zini bo'ldim. — «Edik-ichdik»ka aniqlik kiritaylik. Ko'p ichdinglarmi?

— Judayam ko'pmas-u…

— Ming'illamay rostini aytaver! Aslida, cho'chqadek ichib, o'chib qolgansizlar! Aks holda uyingga o'g'ri kirganini payqagan bo'larding!

Shalvirab qolgan Hurmat tan olishdan o'zga chora topolgani yo'q.

— O'chib qolganimiz rost, — dediyu, jon kirgan misol bidirlay boshladi. — Nurmat shundan foydalanib uyimga kirgan va yuz ming so'm pulimni o'g'irlab, g'oyib bo'lgan!

— Birovga dalil-isbotsiz ayb qo'yishga shoshilma!

— Senga dalil-isbot kerakmi?! Yur men bilan!

Unga ergashdim. Hovliga chiqqanimizdan keyin mezbon oyoq ostiga ishora qildi.

— Mana, senga isbot!

Hovli sathiga bir kun oldin ezib suv sepilgan, loyda oyoq kiyimining izlari qolgandi. Izlar eshikdan boshlanib, Nurmatning hovlisini ajratib turgan devorga yetgach, g'oyib bo'lgandi. Izlarga nazar tashlashim bilan peshonam tirishayotganini his qildim.

— Nega aftingni burishtiryapsan, Farrux?

— Aftimni burishtirayotganim yo'q, peshonam tirishyapti! O'lay agar, g'irt bema'nilik!

— Nima bema'nilik?

— O'g'rining qilgan ishi bema'nilikdan boshqa narsa emas! O'chib qolishdan oldin eshikni ichkaridan tambalaganmiding?

— Tambalagandim.

— Aniqmi?

— Qasam ichaymi?

— Shart emas! Hozir men ichkariga kirib, tambani tushiraman. Sen ahmoq esa tashqarida turib, eshikni ochasan! Tushundingmi? Basharang tushunganingni oshkor qilyapti. Ishga kirish!

Uyga kirib eshikni yopdim-da, tambani surdim. Oradan bir necha lahza o'tgach, eshik tashqariga tortildi, keyin ichkariga itarildi. Bu holat bir necha marta takrorlaganidan so'ng tepki tovushi eshitildi. Biroq eshik ochilgani yo'q.

— Nima uchun ochmading? — so'radim tambani tushurib.

— Ocholmadim, — po'ng'illadi Hurmat. — Chunki men o'g'ri emasman! Nurmat esa o'g'irlik qilgani uchun o'tirib chiqqan!

— Nurmat bir emas, o'n marta o'tirib chiqqan bo'lsa ham, tashqarida turib, ichkaridagi tambani surolmasdi! Chunki buning iloji yo'q! Derazangga esa temir panjara o'rnatib qo'yibsan! Nima demoqchiligimni tushundingmi?

Hurmat ko'zlarimga baqrayib qotib qoldi. Bu holat uning hech baloga tushunmaganidan dalolat berardi.

— O'g'rilik tashqaridan ichkariga kirib emas, ichkarida o'tirib amalga oshirilgan, demoqchiman. Endi tushundingmi?

— Gapingga-ku tushundim, ammo maqsadingga tushunolmayapman. Nima, sen yaqin og'aynilarimdan gumon qilyapsanmi?

— Boshqa fikr bormi?

— Nurmat…

— Nurmatni o'z holiga qo'y! U ahmoqlik qilib bir marta kuygan, endi muzlatkichda turgan qatiqniyam ichishdan oldin puflab ko'radi. Qimor o'ynadinglarmi?

— Yo'q!

— O'ynamagan bo'lsanglar, nega yolg'on gapiryapsan?! Ko'rpachalarning to'shalishiga qara! Har ko'rpachada bittadan o'yinchi o'tiradi, o'rtaga pul qo'yilib, qarta suziladi! Tan olasanmi yo ichki ishlar bo'limiga xabar beraymi?!

— Sening yoningga bormay men har balo bo'lay, — ming'illadi Hurmat. — Kecha bir shunaqa bo'lib qoldi-da, Farrux… Shugina ishni deb qarindoshingni sharmanda qilmoqchimisan?

— Bu qiliqni tashlaganingni eshitgandim. Yana boshlagan ko'rinasan. O'ylab ish qil, qarindosh, o'zing boshingga kaltak sotib olib, yig'lab yurma tag'in!

— Kechagi o'yin oxirgisi edi. Ishon, Farrux. Istasang, qasam ichishim mumkin. Jin ursin, o'sha yuz ming so'm pulni! Kechdim…

— Ammo men kechganim yo'q! Rustam bilan Olimga sim qoq. Agar o'n daqiqa ichida shu yerda paydo bo'lishmasa, o'zlaridan ko'rishsin.

Meni shashtimdan qaytarolmasligini anglagan Hurmat so'lg'in tin olib, qo'l telefonini chiqardi. To'g'ri, gumondorlar o'n daqiqada paydo bo'lgani yo'q. Shuningdek, men hech qaysi xizmatni bezovta qilganim ham yo'q. Hovliga kirib kelishgach, avval Rustam, so'ng Olim bilan qo'l olishib, maqsadga o'tdim.

— Hammamiz bir mahallada yashaymiz. Shuning uchun militsiya xodimi emas, qo'shni sifatida o'g'ridan Hurmatning yuz ming so'm pulini qaytarishini so'rayman.

Turgan gapki, so'rovimga ijobiy munosabat bildirilmadi. Rustam mo'ylov norozilik bilan ming'illadi, Olim taksichi mijozni manzilga eltib kira haqini ololmagan kirakash yo'rig'ida po'ng'illadi, Hurmat ulfatlari oldida xijolat bo'lganini oshkor qildi. Men esa pul egasiga qaytarilishini talab qildim.

— Mening gumonim, baribir, Nurmatda! — cho'rt kesdi Hurmat. — Puldan kechganimni aytdim. Qo'yaylik endi shu ishni, Farrux?

— Yo'q! — men ham cho'rt kesdim qarindoshimning so'zini. — Olim, hozircha qaytarib aytaman, ho-zir-cha faqatgina bitta dalil senga qarshi guvohlik beryapti!

Olim taksichi turgan joyida tizza bo'yi sapchib tushdi.

— Men yaqin do'stimning pulini o'g'irlaymanmi?! O'ylab gapiryapsanmi, Farrux?!

— Loyda qolgan izlarga qarab aytyapman. Hurmat, Nurmatni ko'z oldingga keltir. Agar u shu yerdan bog' devori tomonga yurgan bo'lsa, oyog'idan shunchalik kichkina iz qolgan bo'larmidi?

Hurmat tog'dek gavdali usta qo'shnisining katta oyoqlarini ko'z oldiga keltirdi chog'i, loyda qolgan izlarga qarab qo'ydi.

— Bu gapingda jon bor! Uning oyog'i bunchalik kichkina emas!

— Ana endi o'zingga kelding, qarindosh! Qolaversa, Nurmat bir marta adabini yegan. Agar yana o'g'irlikka qo'l urgan bo'lsa, o'zini fosh qiladigan izni qoldirmasdi!

— Shuning uchun mendan gumon qilyapsanmi? — so'radi taksichi menga noxush nazar tashlab.

— Nafaqat! Rustam, iz yoniga oyog'ingni qo'y!

Rustam shosha-pisha buyrug'imni bajardi. Uning oyog'idan qolgan iz ham loydagidan ancha katta edi.

— Istasang, sen ham shu ishni qilishing mumkin.

Xuddi o'ylaganimdek, Olim taklifimni qabul qilgani yo'q.

— O'zing yorilasanmi yo qo'shningdan jinoyat qidiruv bo'limi xodimiga aylanaymi?

Keskin tarzda javob qaytarishga chog'langan Olim taksichi bundan foyda yo'qligini angladi chog'i, shashti so'nib, yerga qaradi.

— Shart emas. Meni shayton yo'ldan urdi. Pulingni qaytaraman. Kechir, do'stim…

Ammo Hurmat uni kechiradigan ahvolda emasdi. Qoramtir yuzi yanada ko'proq qorayib, Olimning yoqasiga chang soldi.

— Kechir?! Tuzimni ichib, pulimni o'g'irladingmi, muttaham?!

— Muttaham menmi, senmi?! — siltanib yoqasini bo'shatdi Olim. — G'irrom o'ynab, bor pulimni yutib olding! Aslida, men o'g'irlik qilganim yo'q, pullarimni qaytarib oldim, xolos!

— Men g'irrom o'ynadimmi?! Ablah ekansan, Olim!

— Ha, sen g'irrom o'ynading! O'zing ablahsan!

— Asli, ikkalang ham ablahsanlar! Qimorni tashlagandinglar, qayta boshlamanglar, deb ming marta aytdim. Quloq solmadinglar. Mana oqibati!

Ikkovlan yalt etib Rustam mo'ylovga qarashdi.

— Biz ablah bo'lsak, sen kimsan?! Farishtamisan?!

— Men ahmoqman. Ahmoq bo'lmasam, senlarga qo'shilarmidim?!

Shu gaplarni aytib, Rustam mo'ylov hovlidan chiqib ketdi. Oraga og'ir sukunat cho'kdi. Atay jimlikni buzganim yo'q, jabrlanuvchi bilan o'g'rining tilga kirishini kuta boshladim.

— Meni… — og'ir xo'rsindi Olim taksichi sukutni buzib, — qamoqqa olasanmi?..

— Hurmatning arizasisiz bunday qilolmayman, — dedim men. — Ammo o'zimga qolsa, Nurmatni yomonotliq qilishga uringaning uchun seni boplab savalagan bo'lardim!

— Kechir meni, Farrux…

— Agar vijdoning bo'lsa, mendan emas, Nurmatdan kechirim so'raysan! Unutma, Olim, jinoyatchi har qancha hiyla ishlatmasin, baribir, jazodan qutulib qololmaydi!

Soatga qarab, Hurmatning hovlisidan chiqdim. Xotinim onasining uyiga yetib borgan bo'lsa kerak. Hechqisi yo'q, to ovqat pishgunicha dasturxon atrofidan joy olishga ulguraman!

Shu o'y bilan mashinaga o'tirdim. Kalitni buradim, ammo motor o't olgani yo'q. Tag'in buradim, keyin yana, so'ng yana… Har kalit buraganimda mashina titrar, ammo jin urgur motor sira o't olay demasdi…

Категория: Hayotiy | Просмотров: 110 | Добавил: Admin | Теги: mehmonga, borolmagan, kuyov, Qaynonasinikiga
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ