Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Qarshidagi arvoh it
19:37
Qarshidagi arvoh it
Yoshligimizda juda sho'x bo'lganmiz. Tengdoshlarimiz bilan deyarli har kuni bitta muammo chiqarmasak, ko'nglimiz joyiga tushmasdi. Endi bolalik shunisi bilan zavqli edi-da. Ammo inson yoshligida ko'p narsalarni o'ylamay qilarkan, qilayotgan ishining to'g'ri yoki noto'g'riligi bilan ishi ham bo'lmaskan.

Biz yashaydigan uyning pastrog'ida daraxtzor bo'lar, uning yonidan esa kanal oqib o'tardi. Yozning issiq kunlarida shu kanalda maza qilib cho'milardik. Men sizga hikoya qilmoqchi bo'lgan voqea ham xuddi shunday kunlarning birida sodir bo'ldi.

Odatdagidek, kanalda maza qilib cho'mildik. Ammo suvdan chiqqimiz kelmasdi. Shu payt ozg'ingina o'rtog'im Bunyod:

— Qaranglar, it! — deb baqirib qoldi.

It kanalning narigi tomonida izg'ib yurardi.

— Nima bo'pti shunga? — dedim pinagimni ham buzmay.

— Bu nima deganing? Bu narigi mahallaning iti. Bizni urgani uchun qo'shni mahalladagi bolalarning alamini itidan olamiz.

Yoshlikda oddiy, hatto mubolag'aga to'la gap ham haqiqatdek tuyilaveradi. Qolaversa, ko'ksingdagi g'urur hissi gapingni yolg'on deb hisoblashga yo'l qo'ymaydi. Biz ham xuddi shunday so'qir o'jarlikka tobe yoshda edik. Shu bois Bunyodning gapini rost deb o'ylab, qo'shni mahalladagilarning alamini itdan olishga chog'landik. Kiyimlarimizni shosha-pisha kiydik-da, itning ortidan quvdik. Bir-ikkita bola bo'lganimizda, ehtimol, it bizdan qochib qutulardi, ammo “Ko'pchilikdan quyon qochib qutulmas”, deganlaridek, it o'ndan oshiq bola ta'qibidan qochib qutula olmadi. Aniqrog'i, it jonholatda o'zini daraxtzor orasiga urganida Elbek degan o'rtog'imning otgan toshi uning naq boshiga tegdi. It shu zahoti yerga yiqildi. Birozdan keyin esa qimirlamay qoldi.

— Qoyil, mergan ekansan, — dedik biz baravariga, aslida, katta xatoga yo'l qo'yganimizni bilmasdan.

Elbek ham bolalarga xos gerdayib qo'ydi.

— O'ldimikin? — dedi Karim degan o'rtog'im.

— Ha, ana, qimirlamay yotibdi-ku! — javob berdim men.

Uning oldiga borishga hech birimizning yuragimiz betlamadi. Chunki it yotgan joyga qadam bosishga hatto kunduzi ham cho'chirdik. Qolaversa, itning o'lib yotganini ko'rishga yuragimiz dov bermadi. Hammamiz uy-uyimizga tarqadik. Hamma ko'ngilsizliklar shundan keyin boshlandi.

Oradan ikki kun o'tib, odamlar orasida mish-mish tarqaldi: Elbek kechqurun arvohga yo'liqibdi. Hozir labiga uchuq toshib alahlab yotganmish. Bu gapni eshitgan zahotim o'rtog'imnikiga bordim. Biz devor-darmiyon qo'shnimiz. Uyiga kirib borganimda Elbek chindan ham ko'rpa-to'shak qilib yotib olgan, oldida qorakuya (tayoq yoki cho'pning kuygan qismi) aralashtirilgan suv solingan (bizda qo'rqqan odamga qorakuya ichirsang, qo'rquvi bosiladi, degan gap bor edi) kosa turardi. Chindan ham labiga uchuq toshib ketgandi.

— Tinchlikmi? Nima bo'ldi? — dedim og'aynimning yoniga cho'kib. — Men eshitgan gaplar rostmi?

— Ha, ammamnikidan qaytayotgandim, kech qolib ketdim, shuning uchun…

— Xo'sh, keyin-chi…

— Shu payt oldimdan birdan it chiqib qoldi. Menga shunaqa qaradiki…

Elbek aytayotgan gaplari xuddi hozir ko'z o'ngida sodir bo'layotgandek ko'zlarini mahkam yumdi. Yuzi oqarib ketdi.

— Seni qarayu, — dedim uning ahvolidan kulgan bo'lib, — kap-katta bola kelib-kelib itdan qo'rqasanmi? Endi kechasi kanal bo'yida birorta it yurgandir-da!

— Yo'q, — boshini sarak-sarak qildi Elbek, — u qaysi it ekanligini bilasanmi?

— Aytmasang, qaerdan bilaman?

— U biz o'ldirgan it edi, xuddi o'zi! Peshonasi g'urra, ko'zlari olaygan!

Endi qo'rquv Elbekdan menga o'tdi.

— Yo'g'-e, — dedim o'zimni ovutishga harakat qilib, — uning o'lganini aniq ko'rgandik-ku!

— O'lgandi-ya, — menga umidvor ohangda tikildi o'rtog'im, — unda nega ko'rdim uni? Shoshma, arvoh bo'lsa-ya! Ha-ha, u arvoh bo'lgan, ar-voh!

— Ovozingni o'chir-e, — dedim yoqamga tuflagan bo'lib, — arvohmish. Itniyam arvohi bo'larkanmi? Agar bilsang, arvoh faqat odamlarda bo'ladi. Buvim aytib berardi arvoh, ajinalar haqida. Ular sochini yoyvolib, kechasi sayoq yurganlarni qo'rqitarkan. Ha, buni buvim aytib bergan menga.

— Rostdan-a? — qo'rquvdan ko'zlari katta-katta bo'lib ketdi Elbekning.

— Albatta. Sen arvohni emas, itni ko'rgansan, xolos. Menimcha, qorong'ida ko'zingga o'sha itga o'xshab ko'ringan. Shuning uchun vahimaga berilma, xo'pmi?

Elbekning ko'zi quvonchdan porlab ketdi.

— To'g'ri aytasan, itda arvoh nima qiladi? Shunchaki ko'zimga ko'ringan, ha, xuddi shunday bo'lgan.

Bu voqeani unutib yuborgan ham edikki, endi yanada vahimali mish-mishlar bolaladi. Kanal atrofida o'ynab yurgan Bunyodga qandaydir it tashlanganmish. Bunyodning yuzi shilinib, bir ahvolda yotganmish.

Bu gapni eshitishimiz bilanoq Elbek bilan birga Bunyodnikiga bordik. Onasi hovlida yurgan ekan.

— Bunyodga it tashlangani rostmi? — so'radi Elbek salom-alikni ham yig'ishtirib.

— Bilmadim, bolam, — yelka qisdi Bunyodning oyisi. — Ko'chada o'ynayman, deb chiqib ketgandi. Bir mahal dod solgancha yugurib chiqdi. Yuzi ko'kargan, nuqul “Oyi, it, it”, deydi. Menimcha, yiqilib tushgan bo'lsa kerak. Ko'ziga birorta it ko'ringanmi?

Bu gapga unchalik ishonqiramadim. Chunki shu gapni o'zim Elbekka aytgandim. Ammo oradan hech qancha vaqt o'tmay, mana bu voqea sodir bo'lib turibdi. Biz shoshilgancha Bunyodning oldiga kirdik. U ham Elbekka o'xshab ko'rpa-to'shak qilib olgan, yuzi oppoq bint bilan bog'langandi.

— Senga nima bo'ldi? — so'radim battar xavotirga tushib.

— Kanal bo'yida it tashlandi menga, — dedi u ko'zini olaytirib. — O'ynab yuruvdim, qarasam, irillab turibdi! Eslasam, hozir ham qo'rqib ketaman.

— Biz o'ldirgan itmi? — so'radim hovliqib.

— Sen qaerdan bilding? Yo senga ham…

— Yo'q, mengamas, Elbekka ko'rinibdi. Unga ham tashlanibdi. Lekin u o'lgandi-ku!

— Menimcha, u — arvoh! — dedi Bunyod qo'rquv aralash bo'shliqqa qarab qolarkan. — Bizdan o'ch olgani kelgan!

— Jim bo'l, — dedim uni jerkib. — Qayoqdagi gaplarni topasan!

Ammo bu safar mening ham ko'nglimga chinakamiga vahima oralagandi. “Rostdan shunday bo'lsa-ya, — o'yladim qo'rquvdan terga botib, — endi navbat menikimi? Endi menga tashlanadimi?”

O'sha voqeadan keyin kechqurun ko'chaga chiqmay qo'ydim. Quyosh botar-botmas uyga yuguraman. Xayolimda yo'limdan o'sha it chiqib qoladigandek tuyilaveradi.

O'rtoqlarimiz bilan kelishib, it o'lgan joyga bordik. O'zimizcha qilgan ishimizdan pushaymon bo'lib, tavba qildik.

— Meni kechir, — dedi Bunyod yalingannamo. — Boshqa bunday qilmaymiz.

Biz ham uning gapini takrorladik. Shu sabablimi yoki boshqa bir sababdanmi, itning arvohi ko'zimizga boshqa ko'rinmadi. Ammo biz uni hech qachon yodimizdan chiqara olmadik. Eng muhimi, bu bizga yaxshigina saboq bo'ldi. Shu-shu hayvonlarga boshqa ozor bermaydigan bo'ldik.
Категория: Detektiv | Просмотров: 86 | Добавил: Admin | Теги: arvoh, It, Qarshidagi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz