<

Qalbni yaralagan tun

Bundan buyon aktyorlik to'garagiga bormaydigan bo'ldim. Bu shunchaki ermak emas, san'at ekanligini onamga hech ham tushuntira olmadim. Boshida rozi bo'lgandi. Keyin birdan aynib qoldi. Aktyorlik kasbini bema'ni mashg'ulot deb, meni ona tili to'garagiga yozdirib qo'ydi. «G'ing» deya olmadim. Chunki onamdan juda qo'rqaman. Ukam ham qo'rqadi.

Biz oilada to'rt kishimiz. Otam, onam, ukam va men. Men dadamga, ukam esa onamga o'xshaydi. Hamma shunday deydi. Bizning uyda qonun-qoidalar bisyor. Hammasi faqat biz — farzandlar uchun ishlab chiqilgan. Qonun chiqaruvchi onam. Chunki dadam kun bo'yi ishda bo'ladi. Dam olish kunlari biz uchun bayram. Barcha qonunlar unutiladi. Onamning qovog'idan qor yog'adi. Biz esa yayraymiz.

Biz barvaqt, hech kim uyg'otmasidan turishimiz shart. Uyimiz atrofini aylanib turli yumushlarni bajarishimiz, onamga salom berib kirishimiz, televizorga qarab vaqt o'tkazmay, tezda ovqatlanishimiz, xullas, ko'p vazifalarni bajarishimiz zarur. Shulardan biriga ko'p gapirmaslik, aksincha, ko'p o'qish kiradi. Onam o'zi kamgap, uyda ukamning biroz onamga erkalanib qolishini aytmasa, hech qanaqa shovqin yo'q. Mehmonlar kelsa, mehmonga borsak, chet elga chiqsak — hamma narsa uchun qonunlar bor edi. Biz bunday chegaralardan chiqib ketishni xayolimizga ham keltirmasdik. Lekin bir kuni…

Sap-sariq, yuzida onamnikiga o'xshagan sepkili bor ukam maktabdan bir gap topib keldi. Sotuvchi Alimardon unga qiziq gap aytibdi. Ukamning og'zi ko'pirib, duduqlanib aytgan gaplaridan uning maqsadini tushundim. U ukamga «Allamahalda Lobar opa bilan kelayotgan mashhur aktyorni ko'rmayapsizlarmi, ko'rib qolsanglar, suratga tushiringlar, falon pulga sotib olaman», deganmish. Meni bu gap juda qiziqtirib qo'ydi. Ammo ikkimiz ham unga ishonmadik. Birinchidan, Alimardon aka juda ayyor, ikkinchidan, yolg'onchi edi. Biz Lobar opanikiga keladigan mashhur aktyorni yashirincha suratga olib bergan taqdirda ham, u va'da qilingan pulni bermasdi. Buning ustiga, u onamga hammasini gullab qo'yishi aniq. Shunda kelayotgan kuzgi ta'til ham azoblarga boy bo'lishi tayin.

«Alimardon bizni ko'cha ko'rmagan bolalar deb, xohlagan ishini qildirmoqchimi? Xato o'ylaydi». Miyamdan shu fikrlar o'tsa-da, ukam bilan tasvirga olishga ahd qildik va tushadigan pulni arra qilishni kelishib oldik. Chunki bizga uning pulisiz ham bu ish juda qiziq va sarguzashtga boy bo'lib ko'rinayotgandi. U go'yo onam bizni o'rab qo'ygan zerikarli olamdan sershovqin, zavqli boshqa bir olamga mo'ralash kabi sirli edi.

Menga kuz fasli juda yoqadi. Quyoshning nurlari biram yoqimli. Atrof tiniq, musaffo. Daraxt barglari turfa rangda tovlanib, dilni shavqqa to'ldiradi. Oyoqqa uriluvchi xazonlarni aytmaysizmi, joni bordek bosib ketishga qo'rqaman ba'zan…

Bizga qo'shni bo'lib ko'chib kelgan Lobar opaning behayo ayollardan ekaniga avval ishonmadim. Men opaning oppoq, lo'ppi, chiroyli yuziga qarab, sira unaqa ayol deb o'ylamagandim.

Onamning necha soatlab miyamizning biror bo'sh joyini ham qoldirmay uqtirgan o'gitlarini bir chekkaga surib, Lobar opa haqida mahalladagi mish-mishlarni kitob titgandek titib chiqdik. Ular shunchalik bolalab ketgandiki, umuman, ikkita odam haqida gap ketayotganday edi. Bir guruh mish-mishchilar ayolni uchiga chiqqan buzuq, jirkanch, aft-basharasiga qaraganlar ham gunohi azimga yo'liqishi mumkinligini uqtirishsa, ikkinchisi, opaning oyog'i egriligini inkor etmagan holda, mehribon va doim porlab turuvchi ko'zlari hamisha samimiy boqishini aytishardi. Lekin ko'pchilik yosh bola deb, bizni ko'rishi bilan jim bo'lib qolishardi. Xuddi biz u haqda hech nima bilmaydigandik.

Ukam bir kuni to'satdan hammasidan zerikib, Lobar opaning uyiga shartta kechasi bostirib borishni taklif qildi. Men unga «Bunday ahmoqona fikr faqat sening mana bu qovoq boshingdan chiqadi», deya dakki berib, o'zim olimlarga o'xshab bosh qotira boshladim. Yaqinda o'n to'rt yoshga to'lib, aqlim ancha yetilib qolganini ich-ichimdan his qilib tursam-da, o'zimda ham bundan boshqa tuzukroq fikr yo'q edi. Lekin ukamning fikri, birinchidan, xavfli, ikkinchidan, jinoyat, uchinchidan, agar hammasi birdan fosh bo'lsa, bu qiziqarli boshlangan qidiruv-sarguzashtga boy ishlarim jo'ngina tugab qolishidan, o'zim o'ylagan qahramonlik ham qulog'ini ushlab ketishini anglab, bunga aslo rozi bo'lmadim.

Shu zayl kunlar o'tib ketaverdi. Kuzning ayrim kunlariga hayron qolasan, kunduzlari qancha issiq bo'lsa, kechalari shuncha sovuq bo'ladi va tuman tushadi. Ukam pishillab uxlab qolgan tunlari allamahalgacha daydi mushuklarning vahimali miyovlashidan ham qo'rqmay uxlamay yotib, derazamizdan etimni junjiktirib bo'lsa ham, bizdan ikkita uy naridagi qo'shnimizning temir darvozasiga, qora panjara bilan himoyalangan derazasiga qarab qo'yishni sira kanda qilmadim.

Xullas, joyimga yotgancha kuzning musaffo havosiyu, daraxt barglari kabi turli-tuman xayollar bag'riga sho'ng'ib ketardim.

Bir kuni maktabdan qaytayotganda ko'cha boshida omonat do'koncha qurib olgan Alimardon aka bilan o'zim gaplashib olishga qaror qildim. Chunki boshqa payt onam ko'chaga chiqishimga yo'l qo'ymaydi. Biz allamahalgacha uxlamay o'tirsagu, Alimardon aka shunchaki aldagan bo'lsa, nima bo'ladi?! U bilan hammasini aniq-tiniq gaplashib olishim kerak. Alimardon aka biram yoqimsiz odam-da. Chunki yoshmi, qarimi, demay har xil uyat gaplarni aytib yuboraveradi. To'g'risini aytsam, men uchun juda ko'p sir bo'lib tuyulgan narsalarni uning behayo og'zidan eshitganman. Ukamni uning oldiga olib borib bo'lmasdi. Uning ham kallasini o'zining sharmandali gaplari bilan zaharlab qo'yishini aslo xohlamasdim. Bundan tashqari, ukam maktabda fanlardan oqsayotgandi. Masalan, adabiyot fanidan. U beshinchi sinf bo'la turib bironta ham she'r bilmaydi. Bu oilamiz qonunlariga ko'ra, mening o'zimga o'n ikki kunlik jazo tayinlanadi, degani. Onam aytganidek, qulog'ini «astagina» cho'zib qo'yishim kerak. Bo'lmasa, oqibati yomon bo'ladi.

Do'kon oldida doimgiday bekorchi bolalar yig'ilgandi. Xaridor esa yo'q. Chunki Alimardon aka hamma narsaning narxini o'ylamay oshirib yuborardi. Odamlar boshqa do'konlarda kerakli narsa qolmagandagina uning makonidan savdo qilishga majbur bo'lardi. Lekin sotuvchining dimog'i osmonda.

Alimardon akani asta chaqirdim. So'lagi oqib, uning gaplariga mahliyo bo'lib o'tirgan mendan bir-ikki yosh katta bolalar menga bo'zrayib qarashdi. Oldidagi shirin murabboni olib qo'ygandek noqulay his qilib ketdim o'zimni.

— Nima deysan?! — dedi to'ng'illab do'konchi.

— Menga bitta suv bering, aka.

— Qanaqasidan?

— Farqi yo'q.

— Ma…

— Aka!

— Nima?

— Sizdan bitta narsa so'ramoqchiydim, — deya orqaroqqa tisarildim. — Qo'shnimiz Lobar opa ishdan qachon qaytadi?

Alimardon aka yangi mavzu ochilganidan basharasi bujmayib, lablari qiyshayib ketdi. Orqadagi suhbatdoshlarini ham unutdi. Uzoq kulgach, menga ahmoqqa qaraganday qaradi.

— Qimmat u. Qanday mashinalar olib kelishini bilasanmi? Aktrisalarga o'xshaydi, — deya birdan boshimga bir urdi. — Eri katta joyda ishlaydi. Tutib olsa, o'ldiradi hammangni! Eshityapsanmi?

— Qachon keladi?

— Soat ikki yo uchlarda.

— Ha, rahmat.

— Onangdan so'ramadingmi?

— Nima? Nega onamdan so'rayman? — deya qo'rqib ketdim.

Aytgandim-a, bunga ishonch yo'q deb.

— Hech nima… Shunchaki, aytaman-da.

— Iltimos sizdan, aka. Onamga aytmang.

— Boshqa ishim yo'qmi?! Menga desa… Yana gaping bormi?

— Yo'q.

—…

— Rahmat, aka!

Tezda qochib qoldim. Alimardon aka mening nima so'raganimni suhbatdoshlariga aytgan, shekilli, ortimdan so'kish aralash kulgi ovozi eshitildi.

Men onamga bildirmasdan ikki marta cho'milib chiqqanimda ham soat hali-hamon ikki bo'lmagandi. Bu orada shunchalik uyquning qadriga yetdimki, asti qo'yaverasiz, o'sha onda oppoqqina, yumshoqqina bolishimni hech nimaga almashmasdim. Men nima qilishni, qanday vaqt o'tkazishni bilmay «Ona tili» fanidan berilgan vazifani bajarishga kirishdim. Uyga vazifa «Xazon fasli — kuz» mavzusidagi matndan ikkinchi darajali bo'laklarni topib, ularni belgilab chiqish edi. O'qituvchimizning qancha uqtirib tayinlashiga qaramay, bugun kun bo'yi rejam haqida o'ylab, hech nimaga qo'lim bormagandi. Matnni o'qib chiqdim. Juda katta ko'rinib ketdi ko'zimga. Ayni shu paytda ko'cha tarafdan mashinaning g'iyqillab to'xtagani eshitildi. Men sekin chiroqni o'chirdim-da, deraza oldiga uchib bordim. Baland ustunlarga osilgan yorqin ko'cha chiroqlari ostida kalta qora plashch kiyib, sharf o'ragan Lobar opa ko'rindi.

Mashinadagi odam joyida o'tirgancha biroz uni gapga tutib turdi-da, so'ng o'zi ham tushib, uning oldiga bordi. Men negadir o'zimni boshqacha his qila boshladim, terlab ketdimmi, bilmadim. Ular mening og'ir jinoyatimni ko'rib qolishayotganday edi go'yo. Bu odamni yaxshi tanirdim. Bizning mahallada hamma bilsa kerak uni. Yana parda ortiga berkindim. Soniya o'tmay qaradim, berkindim, qaradim. Ko'zlarim qizarib ketgandi. Uyalib ko'zimni olib qochdim. Shu payt ne ko'z bilan ko'rayki, pastda onamning derazasi ochiq, chirog'i yoniq. Chopib ayvon derazasidan onamning xonasiga qaradim. Onam deraza yonida ko'chaga qarab turardi. U mendek uyalmasdi ham, nigohini olib qochmasdi ham, har kunlik serialini tomosha qilayotgandek tosh qotgandi. Juftlik ham onamni ko'rmasligi mumkin emasdi. Chunki onam chiroq yorug'ida qorong'udagi manzarani tomosha qilardi. Boshim gangib qoldi.

Nega?

Alimardon aka nima uchun unday dedi?! Yaramas!

Nimaga kun bo'yi onamning ko'zlari qizarib yuradi?

Endi o'zimni uxlashga majbur qilsam-da uxlolmas, titrardim. Hammasi ertaga turganimda tush bo'lib qolishini istardim.

Otam bilan onam bir-birini qattiq sevishiga biz aka-uka negadir juda ishonardik. Bunga ularning to'y kuni tushgan suratlari sabab bo'lsa kerak. Ular juda chiroyli va samimiy tabassum qilardi. O'sha kuni to'yib-to'yib yig'ladim.

Ukam hech nimadan bexabar ertalabki qoida bo'yicha belgilangan soatdan kechikmasdan o'rnidan turdi. U yuz-qo'llarini yuvib, onamning oldiga tushganida, dadam hali uxlab yotardi. Ukamning baqirganidan chopib, onamning xonasiga kirdim. Ukamning sepkil toshgan yuzi dahshatdan titrar, yerda yotgan onamni quchoqlagancha qaqshab yig'lardi. Ukam ovozimni eshitib, onam hozir uyg'onib ketadi, degandek qo'rquv aralash dodlardi. Lekin onam qimirlamas, uning uzun sochlari yoyilib ketgan, shahlo ko'zlari ochilmasdi.

* * *

Uyimizga kelgan doktor onam haqida dadamga shunday dedi: «Uzoq vaqt og'ir azoblar iskanjasida yashaganga o'xshaydi». Men shunda dadamning yuziga qaradim va onam nima uchun mening aktyorlik to'garagiga borishimni taqiqlab qo'yganligini tushundim.

Buvim bizni onamning ma'rakalari o'tgach olib ketishini otamga aytganida, ukam «Uydan ketmayman, men dadamni yaxshi ko'raman», deb turib oldi. Na iloj…

Men ukam bilan xayrlashib, qishloqda yashovchi buvimnikiga ketar ekanman, unga havasim keldi. Buvim onamga juda o'xshardi.

O'zim bilan birga onamning bir-ikkita suratini va o'sha kuni deraza oldidan topib olgan bir tola uzun sochini ham olib ketdim. Men uni buvimning xazonlarga burkangan behi bog'ida, turnalar g'iy-g'iylashib uzoq manzillarga uchib ketayotgan paytda uchirib yuboraman. U olovrang barglarga aylanib, turnalar kabi osmonning cheksiz bag'riga singib ketadi. Osmonda uchib ketayotgan turnalar bizni hecham aldamaydi. Ular hammadan balandda bo'lsa-da, ularni hamma ko'rib tursa-da, tomosha ko'rsatishmaydi. Mo''jizaviy qo'shiqlarini aytganicha kuchli havo bo'ronlarini yorib, issiq o'lkalar tomon qanot qoqishadi.

Категория: Romantik | Просмотров: 247 | Добавил: Admin | Теги: yaralagan, Qalbni, TUN
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ