Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » Poyabzal do'konidagi voqea
19:58
Poyabzal do'konidagi voqea
Poyabzal sotiladigan do'kon sotuvchisi yangi mollarni vitrinaga joylayotganini bolakay ko'chada, oyna ortidan kuzatib turardi. O'quv maskanlariga ta'til berilganligi sabab ayni damda sport poyabzallariga ehtiyoj ko'proq edi. Garchi mollar juda oliy sanalmasa-da, ammo kichkina bir do'kon uchun kifoyat qadar edi.

Sotuvchi mollarning eng chiroylilarini o'ng tomonga, ko'zga shundoq ko'rinib turadigan joyga qo'yayotganida bolaning vitrina tagiga yaqinlashayotganini ko'rdi. Bola qo'ltiqtayoqqa suyanib olgandi. Sotuvchi unga nazar soldi. Shalvorining chap tomonining ichi sal kam bo'sh edi. Aniqroq aytganda, uning chap oyog'i tizzasidan kesib tashlangandi.

Shu sababdan goh o'ng tomoniga va goh chap tomoniga og'ib ketardi. Sotuvchi uning poyabzallarga razm solayotganiga amin bo'ldi. Bir muddatdan so'ng, bola ortiga o'girilib keta boshlaganida sotuvchi tashqariga chiqib:

— Ha, bolakay — deya o'ziga qaratdi uni. — poyabzal olmoqchimiding? Bular so'nggi modellardan, eng yaxshi va chiroylilari!

— Haqiqatan ham juda chiroyli ekan! — dedi bola tabassum bilan. — Ammo mening bir oyog'im tug'ma… xullas, nuqsonim bor

— Menimcha, buning ahamiyati yo'q! — dedi sotuvchi. — bu dunyoda nuqsonsiz odamning o'zi yo'q! Kimningdir oyog'i, kimningdir qo'li yo'q! Kimningdir aqli bo'lmasa, yana kimnidir insofi. Va hokazo…

Bolakay indamadi. Sotuvchi esa gapida davom etdi:

— Koshki insofsiz bo'lgandan ko'ra, oyoqsiz bo'lganimizda.

— Sizni tushunmadim — dedi bola hayron bo'lib unga tikilarkan.

— Sodda ekansan-da, — dedi sotuvchi. — Agar vijdonimizni yo'qotsak, oxiratda javobini beramiz. O'zimiz qiynalamiz. Ammo oyoqlarimiz bo'lmasa, bu muammo emas. Tanamiz har qancha majruh bo'la turib ham jannatiy bo'la olishimiz mumkin. U yerga oyoqsiz ham kirsa bo'ladi…

Bola jilmayib qo'ydi. Shu kunga qadar chekkan og'riqlari biroz bo'lsin yengillashgandek bo'ldi. Sotuvchi esa vitrinaga ishora qildi:

— Boya sen tikilib qolgan poyabzal senga juda yarashadi, — dedi. — Kiyib ko'rishni istaysanmi?

Bola boshini inkor tariqasida silkitdi:

— Narxiga 30 lira yozilgan. Imkoniyatim yo'q!

— Senga 20 liraga beraman. O'z narxiga

Bola biroz o'ylanib turib:

— Keyin uning ikkinchi poyini nima qilasiz? Kim oladi uni? — deb so'radi.

— Birorta o'ng oyog'i nogiron bola topilib qolar, — dedi sotuvchi.

Bola uning ortidan qarab qoldi. Sotuvchi ichkariga kirib ketdi. Ayni shu poyabzalning turlari yashiklarda bisyor bo'lsa-da, ammo u bola ko'rgan, yoqtirgan, vitrinada turgan poyabzalning o'zini qo'liga oldi. Bolani do'konga olib kirib, stulga o'tirg'izdi. Eski poyabzalini yechib tashlab, yangisini kiygizib qo'ydi.

Bola o'zini huddi tushdagidek his etardi. Hayotidagi eng shirin va eng go'zal tushlardan biri.

Katta hayajon bilan qo'lidagi pulni sotuvchining qo'liga tutqazdi-da, o'rnidan tura boshladi. U na qo'ltiqtayoqqa va na sotuvchiga ehtiyoj sezdi. O'zi turdi. Shundan so'nggina qo'ltiq tayog'ini qo'liga oldi.

Beg'ubor tabassum bilan sotuvchiga qarab tashakkur aytdi, so'ng qo'shib qo'ydi:

— Otam to'g'ri aytgan ekan. Nogiron bo'lganligim uchun afsuslanishimga sabab yo'q!

Shunday deb bola tashqariga chiqdi va kelgan yo'li bo'ylab keta boshladi. Uning ortidan termulib turgan sotuvchi u ko'zdan yo'qolgach o'z-o'ziga gapira boshladi:

— O'z narxiga emish. Shundayam besh lira foyda qildim-ku. Ikkinchi poyini ham birorta nogironga sota olsam yana 20 lira. Qoyil! Bitta 15 liralik poyabzalni ikkiga bo'lib sotsam, jami 25 lira foyda qilarkanman. Ko'paysin nogironlaa-aar!!!
Категория: Hayotiy | Просмотров: 62 | Добавил: Admin | Теги: dukonidagi, voqea, Poyabzal | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz