Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Parkentdagi sharpaga qul bo'lgan qiz
19:29
Parkentdagi sharpaga qul bo'lgan qiz
Bundan uzoq yillar avval sodir bo'lgan bu voqeani uni boshidan o'tkazgan odamning o'zidan eshitganman.

Xullas, Davlat aka oilasi bilan shaharga ko'chib kelib, yangi uy qidira boshlabdi. Uzoq qidirgandan keyin bir uyni topishibdi. Uyning ham hashamatli, ham arzonligi ularga ma'qul tushibdi. Shundan keyin ko'chib kelib, yashay boshlashibdi. Oradan ma'lum vaqt o'tgach esa…

Kunlarning birida Davlat aka nimaning-dir taraqlashidan uyg'onib ketibdi. O'rnidan turib, oshxonaga borayotsa, o'g'li uxlab yotgan xonaning eshigi sekin yopilibdi. Shunda u “O'g'lim oshxonaga chiqqandir-da”, deb o'ylab, xonasiga qaytibdi. Ertasi kuni nonushta vaqtida esa o'g'lining gapi uni ajablantirib qo'yibdi.

— Dada, kecha oshxonada nimaningdir taraqlagani eshitildi, kimdir chiqqanmidi? — deb so'rabdi Doniyor.

— Sen chiqmaganmiding? — ajablanibdi Davlat aka.

— Yo'g'-e, yarim kechasi uyg'onib ketadigan odatim yo'qligini bilasiz-ku!

— Lekin men o'sha ovozni eshitib, xonamdan chiqqanimda sening eshiging sekin yopildi-ku! Men sen chiqqan bo'lsang kerak, deb o'ylab…

— Men chiqmadim. Eshikni ham ochib yopganim yo'q.

Ularning suhbati Diyorani qo'rqitib yuboribdi.

— Dada, u arvoh bo'lsa-chi? — debdi u ko'zlarini katta-katta ochib.

— Qo'ysang-chi bunaqa gaplarni, qizim, — deya qizini ovuta boshlabdi ota. — Shamolmi, nimadir bo'lgandir-da…

Ammo Davlat akaning ko'ngliga vahima oralabdi. Chunki u taraqlagan ovozlarni aniq eshitgan, bu hech qanday shamolning oqibati emasdi. Qolaversa, hamma joy yopiq, shamol bo'lgan taqdirda ham xonadagi narsalarga ta'sir ko'rsata olmaydi-ku! Idishlar tushib ketgandir-da, deb o'ylaydigan bo'lsa, ular tushib ketadigan darajada omonat turgan emasdi. Lekin Davlat akaning oila a'zolarini xavotirga solish uchun hech narsa demabdi.

Xayriyatki, ertasi kuni hech qanday g'aroyib, qo'rqinchli hodisa sodir bo'lmabdi. Bu esa Davlat akaning ko'nglini xotirjam qilibdi, u ilgari sodir bo'lgan voqeani shunchaki tasodifga yo'yib qo'ya qolibdi. Biroq…

Yarim kechasi Diyoraning chinqirgan ovozidan uyg'onib ketgan Davlat aka qizining xonasiga yugurib boribdi. Uning ortidan qolganlar ham kelishibdi. Davlat aka xonaga kirib, darhol chiroqni yoqibdi. Qarasa, Diyora ko'rpani boshiga o'rab olib, ko'zlarini javdiratgancha bir nuqtaga tikilib o'tirganmish. Yuzi oqarib ketibdi. Bu ahvoldan Davlat aka qattiq qo'rquvga tushibdi.

— Senga nima bo'ldi, qizim? Yuzing oqarib ketibdi, tinchlikmi?!

— Amaki… — zo'rg'a tili aylanibdi qizchaning… — Begona amakini ko'rdim…

— Qanaqa amaki, nimalar deyapsan?! — xavotir aralash so'rabdi onasi.

— Hozirgina manavi yerda, — deya eshik oldini ko'rsatibdi Diyora, — menga qarab turgandi. Mo'ylovi bor… O'zi g'alati qaradi! Qo'rqib ketdim!

Davlat aka boshqalarni tinchlantirish uchun:

— Bosinqiragan, shekilli, — debdi. — Ko'ziga ko'ringan bo'lsa kerak.

U shunday deb qizining boshini silabdi.

— Qizim, u shunchaki ko'zingga ko'ringan bo'lsa kerak. Mana, qara, eshik oldida hech kim yo'q! Qaragin…

Diyora eshik tomonga qaragach, otasi:

— Hech kimni ko'rmayapsan-a? — deb so'rabdi.

— Yo'q, — deya boshini sarak-sarak qilibdi qizcha.

— Ko'rdingmi? Hech kim yo'q. Sen shunchaki tush ko'rgansan, xolos! Menga ishonasanmi?

— Ha…

— Unda yotib uxla. Hech narsa bo'lmaydi!

Davlat aka qizini amallab tinchlantiribdi. Lekin Diyora, baribir, yolg'iz yotishga qo'rqibdi.

— Mayli, biz bilan yotaqolsin, — debdi onasi.

Shundan keyin Diyora tinchgina uxlabdi.

Bu voqealardan ham hayron bo'lgan, ham xavotirga tushgan Davlat aka ertasi kuni “Balki, kimdir dushmanlik qilib, falokatga yo'liqtiradigan biror narsa tashlab ketgandir”, degan xayolga borib, uyni yaxshilab tekshirib chiqibdi. Ammo hech narsa chiqmabdi.

Bu safar ham ilgarigidek holat kuzatilibdi. Ya'ni keyin hammasi tinchib ketibdi. Diyora ham, boshqalar ham ma'lum muddat hech qanday g'aroyib holatga guvoh bo'lishmabdi. Shu bo-is Davlat aka: “Bo'lgan voqea Diyoraning tasavvuridagi vahima”, degan xayolga boribdi. Keyin yana biroz vaqt hammasi unutilibdi.

Ammo Diyoraning xarakterida g'alati o'zgarishlar yuz bera boshlabdi. Odamovi bo'lib qolibdi, hadeganda gapiravermaydigan odat chiqaribdi. Bundan hayron bo'lgan Davlat aka esa qizini shifokorga ko'rsatibdi, lekin shifokor tushkunlik, qattiq siqilishdan boshqa hech qanday tashxis qo'ya olmabdi. Oradan biroz vaqt o'tgach sodir bo'lgan voqea esa Davlat akani tamomila karaxt ahvolga solib qo'yibdi.

Ishga ketishga chog'langan Davlat aka erkak kishining ovozini eshitib, cho'chib tushibdi. Chunki birinchidan, erkak rus tilida gapirgandi, ikkinchidan, uyida boshqa erkak kishi yo'q edi. U hayron bo'lgancha ortiga qarasa, Diyora unga termilib turganmish. U yon-atrofda hech kimni ko'rmagach, qulog'imga shunday eshitilgandir, deb o'ylabdi. Ammo eshikka yaqinlashganida yana o'sha ovozni eshitibdi. Ortiga o'girilganida esa dahshatdan qotib qolibdi. Chunki unga rus tilida gapirayotgan erkak qizalog'i Diyora ekan. Davlat aka nimalar bo'layotganini tushunmabdi, keyin qizi yana rus tilida va erkak kishining ovozida gapirgach, ko'rayotganlari tush emasligini bilibdi.

— Nega bunday gapiryapsan, qizim? — deb so'rabdi Diyoraga yaqinlashishdan cho'chib.

Ammo qizi yana ruscha gapiribdi. Davlat aka esa beixtiyor qizalog'ining ko'zlariga qarabdi. Diyoraning nigohida yovuzlik, sovuqlik ifodasini ko'rgach esa bu yerda qandaydir sinoat borligini tushunibdi. Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, bu uyda oldin rus millatiga mansub odam yashagan, u o'lgach esa ruhi shu uyda o'rnashib qolgan ekan. Oshxonadagi idishlarning taraqlagani, qizining ko'ziga erkak kishining ko'ringani tasodif emasligi oshkor bo'libdi. Eng yomoni, ruh Diyoraning vujudiga o'rnashib olib, uni boshqara boshlagan, o'shaning ta'sirida rus tilini umuman bilmaydigan qiz ruscha gapirgan ekan. Agar bu yerdan ko'chib ketmasa, bundan-da ayanchliroq voqealar sodir bo'lishini bilgan Davlat aka boshqa uy topib, oilasi bilan bu xonadonni tark etishibdi. Diyorani esa kerakli muolajalarni qo'llagan holda amallab o'ziga keltirib olibdi. Ko'chib ketganidan keyin hech qanday g'alati hodisalar sodir bo'lmabdi. Hozir Davlat aka nafaqada. Diyora ham ulg'ayib qolgan. Davlat aka o'sha mash'um voqeani esga olganida bu dun-yoda har qanday voqea sodir bo'lishi mumkinligiga yana bir marta ishonadi.
Категория: Fantastik | Просмотров: 83 | Добавил: Admin | Теги: sharpaga, qiz, qul bo'lgan, Parkentdagi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz