<

Panjara ortidagi ona

Ayolning xo'rligi keldi. Suhbatdoshining tezroq gaplashib bo'lishini, keyin esa o'zi va'da qilganidek, uning uchun ham vaqt ajratishini kutayotgandi.

Nihoyat, qamoqxona boshlig'i go'shakni joyiga ildi. Keyin o'rnidan turdi-da, tanish mehmon bilan yuzma-yuz bo'lish uchun stolni aylanib o'tdi va uning ro'parasiga o'tirdi.

— Yana o'sha gapmi?

Ayol miq etmadi. Uning ma'yus chehrasida mungli ko'zlari bilan uyg'unlashib ketgan tortinchoqlik, parishonxotirlik va istihola bor edi.

— Axir, opa, sizga aytdim-ku, bizga ishchi xodim kerak emas, boshqa joyga uchrashing, deb.

— Ukajon, oldin quloq soling, men ishlashim kerak. Shunchaki farroshlik qilmayman, ishimni tugatgach, boshqalarga ham yordamlashaman. Hamma yoqni kuniga ikki martalab tozalab chiqaman.

— Bo'lmaydi, bu gaplaringizdan naf chiqmaydi.

— Uch marta yuvib, tozalasam-chi? — birdan kutilmagan qarorga kelgan odamdek ko'zlari chaqnab ketdi ayolning.

— Bo'lmaydi, — boshliq o'z fikrida qat'iy turib olgandi.

U o'rnidan turib, kreslosiga o'tirdi. Suyanchig'iga boshini qo'yib, birpas xayolga berildi. Uning og'ziga termilib, tobora ichikayotgan ayol:

— Maosh kerakmas, qornim to'ysa, qatnashimga yo'l kiram bo'lsa bo'ldi, — dedi g'amgin ovozda.

— Bitta gapdan qoling endi! — keskin gapirdi boshliq g'azab bilan. — Namuncha yopishib oldingiz, a?

Erkak shu gapni aytishga aytdiyu, ayolga qarab yuragi allanechuk bo'lib ketdi. Ayolning qizg'ish yuzi g'amgin va achinarli tus olgan, yana biror qattiqroq gap eshitsa, yig'lab yuboradigandek edi go'yo.

— Siz mendan ranjimang, opa, — unga tasalli berishga urindi boshliq. — Ochig'i, mendan nima istashingizni bilolmayapman. Ish so'rab kelgan kuningizoq maslahat berdim axir. O'sha do'konga nega bormadingiz? Sizga nimasi yoqmadi, sharoitimi? Menga to'g'risini ayting, opa, bu yerda biror yaqiningiz bormi? Faqat rostini ayting!

— Ha, — boshini qimirlatdi ayol.

— Kim u?

— Katta o'g'lim! Bolajonim!

U ortiq gapirolmadi, yig'lab yubordi.

— Lekin sizga bundan naf chiqmaydi-ku. Baribir, qamoqxonani mahbuslar tashqarida yurganda tozalaysiz. O'g'lingiz bilan bir vaqtda bir joyda bo'lolmaysiz. Uni ko'rolmaysiz axir. Bu mumkin emas.

— Aqalli uzoqdan bo'lsa ham ko'rib tursam bo'ldi. U yuradigan yo'laklarning changini yuvib tozalab qo'ysam, u ovqatlanadigan stolning ustini artib qo'ysam bo'ldi, menga shuning o'zi kifoya.

Ayol yana ko'z yoshlariga erk berdi. O'zini qo'lga olishga urindi. Ro'molining uchini g'ijimlab, ko'z yoshini artdi, lekin… Boshliq «Hammasi tushunarli», degandek chuqur nafas oldi. Oradan biroz vaqt o'tgach, so'rashga jazm etdi:

— Nimaga qamashgan?

O'rtaga bir lahzalik sukut cho'mdi. Ayol uzun, ingichka barmoqlarini bukib-eggancha o'tirardi. Uning boshi egilib qolgan, yuzida esa iztirob uchqunlari bor edi. Bir mahal u ko'zlarini yumdi-da, ohista so'zlay boshladi:

— Hammasiga o'zim aybdorman. Unga hech qachon onalik qilolmadim. Rahmatli erim bilan turmush qurganimizdan so'ng uning oldin ham oilasi bo'lgani, ikki yashar bolasini xotiniga tutqazib, ajrashganini bildim. Farzandimiz uch yoshga to'lganida esa sobiq xotini vafot etgani haqida xabar keldi. Erim o'g'lini uyga olib keldi. Mendan uning uchun ham quchoq ochishimni yalinib-yolvordi. «Turmush — musht», deb bariga chiday boshladim. Erim hayotligida sabrim etdi. Ammo u vafot etganidan so'ng sakkiz yashar o'gay va besh yashar o'z bolam etagimda qoldi. O'shandan keyin eslolmayman men gumroh qachon unga — Furqatga quchog'imni ochganimni. Har gal unga qarasam, yo'qotgan yillarimni, baxtimni o'ylardim. Bu esa tobora nafratga aylanib ketgan ekan. Bilasizmi, Furqat og'ir-bosiq, o'ylab ish qiladigan, ko'ngli ochiq va sodda bola bo'lib ulg'aydi. Farhod esa butunlay teskarisi.

— Furqat o'gay o'g'lingizmi?

— Ha… Nuqul ta'na-dashnomlar, dakkilar ostida yashadi, ko'zimga qadalgan nish bo'lib yashadi sho'rlik. Men gumrohlik qildim. Hammasini tushunib yetganimda esa…

— Aynan nimani?

— Shu kungacha uning sha'niga aytilib kelingan dakkilar, aslida, unga emas, Farhodga qaratilishi lozim ekan.

Ona yana yig'lab yubordi. Boshliq uni qanday ovutishni bilmay, suv quyib uzatdi. Ayol bir nuqtaga tikilgan ko'yi davom etdi:

— Shu kungacha Farhodning barcha aybini, qilmishlarini, xatolarini Furqat to'g'rilab kelgan ekan. Uning xatolari, ayblari uchun jazolanib kelgan, eng muhimi, u hech qachon va hech kimga miq etib og'iz ochmagan. Hammasini o'z ixtiyori bilan, o'z xohishi bilan qilgan. Butun tevarak-atrof, qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug' va oilasi oldida hamisha u yomonotliq bo'lib kelgan.

— Uni bunga nima majbur qilgan deb o'ylaysiz? — istamaygina so'radi boshliq.

— O'g'irlikni nazarda tutyapsizmi?

— Ha.

— Furqat bunday qilmagan. U qilmagan bu ishni.

— Ya'ni?!

— Buning endi ahamiyati yo'q, bilasizmi, nima?..

Ayol u yog'ini gapirmadi. Sumkasini titkilab, bitta uvadasi chiqib ketgan maktubni oldi va uni boshliqqa tutqazdi. Boshliq ko'zoynagini taqib, uni o'qishga tushdi.

— Bularni, baribir, his qilolmaysiz, siz shunchaki, men qalam bilan belgilab qo'ygan joyni o'qing, ovoz chiqarib o'qing!

U maktubda ko'rsatilgan qismini o'qishga tushdi:

— Endi nima ahamiyati bor, sen onamni ehtiyot qil! Savolingga kelsak, mening borim ham, yo'g'im ham bilinmaydi, baribir. Onamga biror korhol bo'lishini istamayman, sendan iltimos, onamni ehtiyot qil! Doim yonida bo'l!

Boshliq jim bo'lib qoldi. Ayolga qaradi. Uning ko'zlari yosh bilan to'lib qolgandi. Bu nigoh boshliqni ayoldan yuzini o'girishga majbur qildi.

— O'g'irlikni Farhodingiz qilganmi? — deb so'radi so'ng.

Ayol javob bermadi. U javob bera olmasdi. Boshliq o'rnidan turdi. Xonada u yoqdan-bu yoqqa qatnay boshladi. Birozdan so'ng stoli oldiga kelib, go'shakni ko'tardi:

— Bo'ronovni chaqirib bering!

U go'shakni qo'yib, ayolga o'girildi. Uning ming iltijo, ilinj bilan termilib turgan ko'zlariga bir muddat qarab, nimanidir uqib olishga o'zida kuch ham, iloj ham topolmadi.

— Sizga yordam berishga urinib ko'raman, — dedi keyin siniq ovozda.

Ayolning yuzi birdan yorishib ketdi. Xuddi orzu qilgan qo'g'irchog'iga erishgan qizaloqday ko'zlari chaqnab, lablariga tabassum yugurdi.

— Rahmat sizga, ukajon, ilohim bolalaringizning rohatini ko'ring! — deya minnatdorchilik bildirdi mayin ohangda.

* * *

Oradan yigirma olti kun o'tdi.

Panjara ortidagi quyosh nurlarini tevarakka taqsimlay boshlaydi. Ikki dunyoni ajratib turgan panjara. Bir tomonda mis idishning jarangi «Hayot davom etyapti», degan kuyni chalsa, panjaraning bu tomonidagi «Hali bitmagan hayot»ni esa supurgining shitir-shitiri bilan chelakdagi suvga shalob etib tushgan lattaning ovozi tarannum etadi. Ichkaridagi mis idishning jarangi tashqaridagi afsus va nadomatga yo'g'rilgan yurakning qalb nidosi bo'lib yangraydi. Tashqaridagi shaloplash va shitirlash ichkaridagi mushtoq ko'ngilning ko'z yoshiyu, yuragidagi xavotirga monand shitirlaydi va bu shitirlash xayol yordamida panjaradan tashqariga qochishi mumkin-u, biroq yurakni tark eta olmaydi.

Vaqt bu olamdagi bir kunlik paymonasi to'lganini anglab, etagini yig'ib olgani zahoti tevarakka qorong'ilik yoyila boshlaydi. Allakimning yuziga sog'inch, allakimning yuziga xavotir yoyiladi. Biri panjaraga umidsizlik bilan tikilsa, yana biri tuganmas umid bilan mo'ltiraydi. Biri panjaradan tashqaridagi hayotga havas qilib, xayollarga berilsa, ikkinchisi panjaradan ichkariga kirishni orzu qilib, o'sha yerda yuragi orom topishiga ishonadi.

— Bir yuz o'n ikkinchi, beriroq tur!

Qo'riqchi yigitning nazarida dumi gajak katta bir chayonga o'xshab tuyiladi, ovozi bilan zaharlaydi. O'qtin-o'qtin talpinish tashqi olamda qolib ketadi, bo'lak-bo'lak umid esa ichki dunyoda mo'ltiraydi. Biri o'z fikri, amali va tavarakdagilarning gaplaridan ozodlik istab, ichkariga qo'l silkitib qolsa, ikkinchisi hech qachon ro'shnoligu qozonning qirindisichalik mehr topolmagan o'sha dunyoga tag'in va tag'in, ustma-ust intilaveradi, intilaveradi. Ammo nima bo'lganda ham har ikkala ko'ngilda tom ma'noda kuch, chidam va xotirjamlik bor. Xolbuki, tunning tongi, o'tmishning buguni, bugunning esa kelajagi bor. Vaholanki, biz istaymizmi, yo'qmi, tonglar otaveradi, kunlar o'taveradi. O'g'liga mushtoq ona, demak, hayotning ertasi bor ekan, o'g'lining diydorini qaytalaydi. Bolajonisi bilan diydorlashuvini ta'minlaydigan supurgisi va fartugini mehr bilan silaydi va shkafning ichiga, lattani chelakka solib qo'yadi.

«Ertagacha, bolajonim», deya shivirlaydi ona qo'riqchilarning qurshovida ketib borayotgan mahbus o'g'lining ortidan termilgancha. Keyin ko'z yoshlarini ro'molining uchi bilan artib qo'yadi. Bir qo'li bilan dunyoni tebratib turgan onasidan bexabar o'g'il esa doim onasiga mushtoq bo'lib, ammo havoda muallaq qolib kelgan qo'llarini orqaga qilib, kamerasi tomon odimlaydi. Ozodlikda qo'llari oldinga talpinardi. Onasi bor edi, axir u tomonda.

O'g'il ertaga yana shu maydonda bo'ladi, shu panjaradan tashqariga termilib o'tiradi. Onasiga dalda bo'lgudek umidlari bilan tikiladi.

Ona ertaga yana shu maydonni supuradi, yo'laklarni yuvib, tozalab qo'yadi… Axir ertaga bu yerlardan bolajonisi o'tadi.

Категория: Hayotiy | Просмотров: 114 | Добавил: Admin | Теги: ortidagi, Ona, Panjara
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ