Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 13 » «Otamni berib turing!»
19:46
«Otamni berib turing!»
«Salom, Gulsum muallima! Sizga maktub yo'llayotgan yana men — og'ir karvon o'quvchingiz Humoyunman. Xullas, o'sha tufliga arang yetishgandim. Aslini olganda-ku, nuqul kechikib yurardim. Etik olgunimgacha bahor, shippak olgunimgacha kuz kelib qolardi. Bugun bolaligimni ulg'aygan ongim bilan talqin qilishga urinsam, oyoq yalang o'tib ketgan Yassaviy, Mashrablarni tushungandek bo'laman. Mayli, chalg'imaylik. Garchi, barcha sinfdoshlarim allaqachon etikka o'tib bo'lgan, dekabr turqi sovuqligini ko'rsata boshlagan bo'lishiga qaramay, men tufli olganimdan xursand edim. Endi, mening ham poyabzalim bor.

Siz hech yangi poyabzalni kir-chir oyog'ingizga ravo ko'rmay, bir kunda sakkiz marta cho'milganmisiz? Uni hech bag'ringizga bosib, uxlayotganda yostig'ingiz ostiga tashlab qo'yganmisiz?

Onam arazlab qolgandi.

— Bu nimasi, bolam? U buyum axir, bosh ostiga qo'yish…

— Dadam do'ppi qo'ndirib yurardi-ku. Ikkalasi ham kerakli buyumimiz-ku, nega ajratasiz?

— Lekin bu poyabzal. Oyoq kiyimiga sajda qilish gunoh!

— Sizning oyoq ostingizga-chi?

Onam jim bo'lib qoladi. Boshimni silagancha xayoli olis-olislarga ketadi.

Onamdan uzoqda, hech qachon uni saslamaganman. Bilasizmi, nimaga? Onam nuqul takrorlardi: «Qachon, qaerda va qanday bo'lma, men sen bilanman. Sal ovoz bersang bo'ldi, bolajonim, uchib boraman oldingga». Men onamning aldayotganini bilardim. Chunki onamning qanotlari yo'q! Shuning uchun hech qachon, hech qaerda chaqirmasdim. Kelmay qolishidan qo'rqardim. Ammo hayotda nuqul qo'rqqaning oldingdan chiqarkan…

Mening onam shunaqa ayol edi. Oyog'i ostida qolib ketgan chumoli ham ranjimasdi undan. Bir kuni onamdan qimirlamay o'tirishini so'rab, uning rasmini chizmoqchi ekanimni aytdim. Chizib bo'lganimdan so'ng: «Yoningizda nimalarni chizay? Yoki odamlar bo'lsinmi?» — deb so'raganimda, onam bir nuqtaga tikilib: «Odamlar kerakmas, insonlarni chiz! Dunyo shundog'am odamlarga to'lib yotibdi», — degandi. Men bu gapning ma'nosini endi-endi tushunganday bo'lyapman».

* * *

«Salom, Gulsum muallima! Sog'lig'ingiz yaxshimi? Kecha Rislig'oydan eshitdim. Qo'lingizni mashina eshigi siqib qolibdi. Tangrim sizga shifo bersin. Qo'lingiz tuzalib ketsin. Men tavba qilgan holda shuni aytishim mumkinki, endi o'shanda meni, balki nohaq jazolaganingizni tushungan bo'lsangiz kerak.

Esingizdami, meni qoloq saviyam uchun darslardan keyin ham kechgacha olib qolardingiz. Sanashni o'rgatish uchun. Men esa nuqul sakkizda to'xtab qolaverardim:

— Bir, ikki, uch… sakkiz…

Siz har gal:

— To'qqiz degin, sakkizdan so'ng to'qqiz keladi, keyin esa o'n, — derdingiz. Mening javobim esa hamisha bir xil:

— Onamda boshqa barmoq yo'q, axir. Yo'q, axir yo'q!

Endi sizga yanayam aniqroq tushuntiraman. Onamning barmoqlarini ushlab o'rganganman sanashni. Onamning faqat sakkizta barmog'i bor edi. Fabrikada ishlagan paytda dastgoh olib ketgan ikkita barmog'ini. Men buni keyin bilganman. Sababi, onamning o'zi meni chalg'itgan va miyamga boshqacha singib qolgan. Mening boshqa bolalarniki kabi ko'plab yoki bir necha o'yinchoqlarim bo'lmagan. Har gal onamdan «Nega menda o'yinchoq yo'q?» deb so'raganimda, «Voy, senikini mushuk yeb ketibdi-ku, xuddi mening barmoqlarim kabi, mana, qaragin, qara!» derdi onam.

Har gal onam bilan tortishib qolsak, (umuman olganda biz faqat birgina holatda tortishib qolardik) sochlarimni hurpaytirib tashlardim, barmog'imni tishlardim, pardani tortqilab-tortqilab pastga tushirardim. Keyin esa uni qayta joyiga ilib qo'yardim. Mening eng sevimli mashg'ulotim edi bu. Pardani ilayotganimda derazani har bir bo'lagigacha yopib tashlardim. Ko'cha ko'rinmasligi uchun. Ko'chadagi odamlar ko'rinmasligi uchun. Bolasini yetaklab borayotgan otalarni ko'rmaslik uchun. Chunki aynan shuning uchun tortishardik onam bilan».

* * *

«Salom, Gulsum muallima! Siz bilan ona-boladek bo'lib ketishimizga sababchi bo'lgan o'sha «me'yoridan oshgan» gaplarim esingizdami? Dastlab buning uchun o'zimdan xafa bo'lganman, jahlim chiqqan, ammo keyinchalik tushunib yetganman. Ruxshonaga, Muzaffarga, Rustamga va menga qarata aytilgan o'sha kungi dashnomlaringiz yuragimga tegib ketganidan gapirib yuborgandim. «Siz ham bizni ozgina tushunsangiz bo'ladi-ku, axir sizning ham bolangiz bordir. Kimdir uni betarbiyaga chiqarsa, tarbiya bergan onasiga — sizga alam qilmaydimi?»

Sizga bildirgan ushbu e'tirozim haligacha quloqlarim ostida. Ammo ishoning menga, yolg'iz yashashingizni, farzandlaringiz yo'qligini bilmasdim o'shanda. Shuni alohida ta'kidlashim kerakki, aynan shu gaplarimdan so'ng siz menga uchinchi ko'z bilan qaray boshlagansiz. Bu munosabat esa bora-bora ona-bolalikkacha borib yetdi. Oltinchini tugatganimizdan so'ng, ya'ni ta'tildan kelgan paytimizda maktabda sizni topolmay rosa xunob bo'lganim esimda. Kimdir menga sizni turmushga chiqib ketganingizni aytganida xursand bo'lgandim. O'shanda Xudodan sizga farzand berishini, oldingi turmushingizdek ajralib ketmasligingizni so'raganman. Chunki boshimni yelkangizga qo'yib yig'laganingiz, menga aytib berganlaringizning mudom ta'sirida yurgandim. Biroq keyinchalik sizni bitta amakiga ikkinchi xotin bo'lib tekkaningizni, uning birinchi ayoli, farzandi yig'lab qolganini eshitdim-u, o'sha oilaga nisbatan achinish hissi uyg'ondi yuragimda, garchi ularni tanimasam ham. Sizga kelsak, bundan bexabar bo'lgan, agar bilganida atay bunday qilmagan bo'lardi, deya ovutganman o'zimni. Chunki sizni juda yaxshi bilardim-ku, axir siz mehribon, sodda va ochiq ko'ngil, dardkash bir so'z bilan aytganda, mening ikkinchi onam edingiz-ku. Bugun esa o'ylash, siqilish tugul qattiq azoblanayotgan bo'lsam ham, dalda bera oladigan, aqalli yonimda bo'la oladigan na siz borsiz yonimda va na onajonim.

Hamma tilaklarimiz reallashaversa, taassuf qilish tugul, tasavvur etish uchun ham hech narsaning qizig'i qolmaydi. Shuning uchun, ehtimol, insonning irodasini mustahkamlaydigan sinovlarning bo'lgani yaxshidir. Ammo… bu hodisa nega aynan siz bilan sodir bo'ldi?

Nazarimda mening bolaligim — podsholigim bo'lmagan. Mening bolaligim — otmagan tongim, botmagan kecham, yo'qotganlarim va yo'qotishga boshqa hech vaqoyim yo'qligi».

* * *

«Salom, Gulsum muallima! Bir paytlari xuddi siz istaganingizdek aqlli odam bo'lishga harakat qilyapman. Shunday harakat qilyapmanki, onda-sonda faylasuflik ham qilib turaman. Jumladan, yaqinda o'zimga yana temir qoidalardan bir-ikkitasini yaratdim. Jumladan, hissiyotlar borasida. Odamlarning ichki tuyg'ulari, kechinmalari hamisha mushohadaga chorlaydi.

Xayollar va orzular.

Haqiqat va yolg'on.

Va hokazo…

Men shuni tushunib yetdimki, haqiqatni axtargan har kimning bir kuni, baribir, yolg'on bilan to'qnasharkan. Agar birorta yolg'on bo'lmasa, demak, haqiqatning o'zi bo'lmagan. Axir haqiqat yolg'onga qarama-qarshi vujudga keladi-ku. Demak, yolg'on ham haqiqat bilan bir zamonda tug'ilgan, u bilan bir havodan nafas olib yashayapti va vaqt o'tgani sayin tajriba orttirib boryapti. Xullas, yolg'onlar tajribalar. Yolg'onlar insonning ko'zini ochadi, tarbiya qiladi. Vaholanki, yolg'on insonni tarbiyalar ekan, nega u yolg'on? Balki, yolg'on tarbiyalangan tajribadir, ehtimol, tajriba tarbiyalangan yolg'ondir. Ana shunaqa, odam katta bo'lgani sari aqlli-aqlli fikrlay boshlarkan. «Boshga tushganni ko'z ko'radi», deganlaridek, oldingdan chiqqan har narsa seni tarbiya qilarkan.

Nima bo'lganda ham, aksariyat hollarda haqiqatdan ko'proq aziyat chekarkan inson, shunday emasmi? Haqiqatni bilganingizdan so'ng siz qanday his etdingiz o'zingizni? Men o'zimdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, ba'zan televizor ichida haqiqiy odamlar bor, deb o'ylaydigan bolakaydek, ba'zan esa sevib qolib, so'ng aldanishga moyil bo'lib qolgan balog'at yoshidagi o'spirindek sezaman o'zimni.

Ba'zan aqldan ko'ra hissiyotlarga ko'proq quloq osgim kelib qoladi. Aynan nima uchunligini aytib berolmayman. Balki, vaqtni orqaga qaytara olmasligimni tushunganim holda ortiq azoblanmaslik uchun o'zimni ovutamanmi yoki haqiqatan ham, sizni to'g'ri tushunamanmi, xullas, goh-gohida yolg'onlarga ishongim keladi. So'ng sizga e'tirof etolmay qolgan mehrimni, hurmatimni qarshi qo'yaman haqiqat nazariyasiga qarshi… Onamning bolasiman-da, «Sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi», deyishadi-ku. Bunday qudratni men onamda dastlabki bor ko'rganim ham aynan o'sha kun — otam bizni tashlab ketgan kun edi. O'shanda tuni bilan yig'lab chiqib, bir kechada sochlariga oq qo'ngan, yuzi jiqqa ho'lu ko'zlari qizarib ketgan onajonim — otamning qo'liga palto tutqazib: «Ko'cha sovuq, shamollab qolmang», — degani hamon esimda. Qolaversa, dadam eshikka yetganida onamning oxirgi xitobi ham hamisha xayolimda: «Eshikni qattiqroq yopib ketmang!»

* * *

«Salom, Gulsum muallima! Ikkinchi sinfda o'qiyotganimda yozdirgan inshongiz esingizdami? Baxt haqida.

«Men, onam va…»

Inshoni boshlab qo'ydimu, ammo davom ettirolmay o'ylanib qoldim. Balki, baxt mening uchun shuning o'zi bo'lsa kerak.

— Nega to'xtab qolding?

— Mana, yozdim.

— Shugina xolosmi?

— Menga shuyam yetadi, ustoz!

Garchi bu xuddi xarita ustiga o'tirib «Men Italiyadaman», degandek bo'lsa-da, ba'zi-ba'zida odamlarning hammasidan insonlardan qolgan insoniylikni sog'inaman, ba'zan talab qilaman.

O'shanda siz menga uch nuqta qo'yish shart emasligini aytgandingiz.

— Uning o'rniga kichkina nuqta qo'y!

— Nega, muallima?

— Chunki nuqta ichida u dahlsiz bo'ladi. Qolaversa, nuqtadan so'ng nima bo'lsa, katta harflar bilan yozasan.

— Masalan, nima u?

— Qaydam? — yelkalaringizni qisdingiz.

— Unda nima qilaman kichkina nuqtani?

— Hamma katta narsalar kichkina narsalardan boshlanadi…

O'shanda sizga bo'lgan mehrim yanayam oshgandi. Shu-shu bo'ldi-yu, hammasi o'zgarib ketdi. Hayotim umuman yangicha tus oldi.

Ko'z-quloq bo'lib turishi uchun bir ko'zimni uyga, onam oldida, ikkinchi ko'zimni maktabga, sizga hadya qilib qo'ygandim. Bir oyog'im uyda bo'lsa, bir oyog'im maktabda bo'lardi. Bir zum uyda bo'lsam, bir zum maktabda. Bir zum darsda bo'lsam (sizning darsingiz), ikkinchi darsda uyda bo'lardim (sizning darsingiz mustasno). Bir gal o'z-o'zimga so'z bergandim. Onamga ham, Gulsum muallimamga ham 8-martga katta sovg'a hozirlayman. Ularni tanishtirib qo'yaman, deb o'y qilgandim. Ammo otam hammamizga yetarlicha sovg'a tayyorlab qo'yganidan boxabar edim. Hamon, hamon ko'z oldimdan ketmaydi, chap chakkasida kulgichi bor muallimam bilan yuzini ajin egallagan onam. Rang-barang kiyinib yuradigan muallimam bilan xolamdan qolgan eski ko'ylaklardan bo'lak kiyim ko'rmagan onam. Onamdan menga faqat bitta yo'l meros qoldi. O'ziga olib boradigan. Borganimda esa tashrifimga haqli bo'lishim uchun bor-yo'g'i bittagina farzim bor, xolos. Uning amalga oshish-oshmasligi esa deyarli sizning qo'lingizda. Shuning uchun sizdan iltimos qilmoqchiman, Gulsum muallima. Sizga onam haqida maktub yozadigan stolda pichoq turibdi. Mana pichoq, mana ko'kragim. Nimaiki qilmang, roziman, faqat onam uchun meni tushunishga urinib ko'ring! Iltimos!

Otam meni sizdan ayirdi, onamdan ayirdi. O'shanda bu so'zni lug'atimga boshqacharoq yozib qo'yganman. Ya'ni baxt so'zining old qo'shimchasi xo'shni bad bilan almashtirdim, xolos. Qolgani o'z-o'zidan mantiqan bog'lanib ketdi. Nazarimda, onam dunyodan o'tmagan, faqat ko'zlarini yumgan. Juda ko'p narsalardan. Juda ko'p odamlardan. Shuning uchun men onamni yo'qotganman, deb hisoblamayman. Chunki yo'qotgan umuman boshqacha bo'ladi. Masalan, dunyoning ayrim burchaklaridagi bolalar, qirg'irinbarotdan qolgan asorat yerlar, yelkasi qichiyotgan qo'li kesik odam va hokazo…»

* * *

«Salom, Gulsum muallima! Bugun yana bitta kitobni o'qib tugatdim. Aslida-ku, bu kitobni avvallari ham o'qiganman, ammo har safar shu kitobni qo'limga olsam, bolaligim esimga tushadi… Nilufar uchun Azizdan har kuni kaltak yeyaverish dastlab jonimga tegib ketardi. Keyinchalik bu narsa shartli refleksga aylandi. Ammo taslim bo'lgim kelmasdi. Har kun bir xil vaziyat. Odatdagidek, Aziz chiqadi «missiya»si bilan yo'limni to'sib.

— Qayoqqa?

— Ichkariga, — deyman o'zimni ehtiyotkor tutib, chunki ehtiyot bo'lmasam, musht qayoqdan kelganini ko'rmay qolishim mumkin-da.

— Darsing tugadi-ku, pishirib qo'yibdimi maktabda?!

— Navbatchilik qilgani keldim, senga nima?

— Menga nima? — qoshlarini chimiradi Aziz. — Sen bola gapga tushunmaysanmi? Eshikdan chiqarsam teshikdan, teshikdan chiqarsam, tomdan kelasan. Kaltak yeyish joningga tegmadimi? Qachon tushunasan? Axir Nilufar meniki, tushunyapsanmi, meniki!

— Bekorlarni aytibsan, u meni yoqtiradi-ku, seni bo'lsa har kuni «mol» deb haqorat qiladi.

Bu gapim mushtlashuvga doya bo'ladi. Uyga kelganimda esa onam ishonmaydi yiqilib tushganimga.

«Xudoga sol, bolam, Xudoga sol!» deydi burchakda ko'rpa qavib o'tirgancha nursiz ko'zlari bilan menga tikilib. Onamning har bir gapi aziz menga. Siz esa buni noto'g'ri talqin etgansiz. Azizning Nilufarga yozgan maktubini menga to'nkashganida ishondingiz ularga.

— Bunaqa maktub yozishga uyalmaysanmi? Bunaqada qip-qizil muttaham bo'lib ulg'ayasan-ku! Qachon odam bo'lasan-a, qachon? Aslida, senga o'xshaganlar buzyapti jamiyatni. Senga o'xshaganlar bor ekan, nikohsiz bolalar ko'payaveradi, yetimxonalar ko'payaveradi.

Bu gaplaringizni o'shanda yaxshi anglolmagandim. Ikkinchi onam deb biladiganim, bu hayotda suyanishim mumkin bo'lgan ikkinchi odam — mening jonajon Gulsum muallimamning menga ishonmaganidan, tushunmaganidan dastlab xafa bo'lgandim. Ammo yillar o'tgan sayin ancha bosilib qoldim va tushunib yetdimki, o'sha nikohsiz bolalar, to'g'rirog'i, mening nikohsiz tug'ilgan ukam…

Ha, mayli, qolganini keyinroq gaplashamiz. O'zingizni ehtiyot qiling!»

* * *

«Mana, tilanchi xurjunini yelkasiga otguncha oradan o'n besh yil o'tdi. Darvoqe, xuddi siz aytgandek «katta odam» bo'ldim. Odamlarning nazarida, hozir qo'limni qayoqqa cho'zsam yetarkan. Molu dunyoim yo'q! Lekin har tugul ism-sharifim bor. Agar kezi kelganida g'ururni sal berkitib tursam, to'g'risi, hozir boyvachcha bo'larmidim. Shunday bo'lsa-da, odamlar, ayniqsa, qishloqdoshlar men haqimda «Oshig'i olchi», deyishadi. Sababini boya aytdim. Qo'limni qayoqqa uzatsam yetarkan. Ammo, aslida, unday emas. Men qo'limni ko'p bora cho'zib ko'rdim. Ammo na onamni, na otamni va na sizni ushlay oldim. Sizga maktub yo'llashimdan maqsad esa keyingi payshanbada onamning tug'ilgan kuni. Rahmatli onamning bor barmoqlari bilan hisoblaydigan bo'lsam, sakkiz kundan keyin. Elga osh berib, Xudoyi qilmoqchiydim. Agar, mumkin bo'lsa, otamni berib turing! Aqalli bir kungina bo'lsa ham mayli. Birrovga bo'lsa ham uyimizga kelib ketsin! Otamning hidini hech bo'lmaganda ruhi his etsin onamning. Iltimos bilan o'g'lingiz Humoyun…»
Категория: Fantastik | Просмотров: 68 | Добавил: Admin | Теги: «Otamni, turing, berib | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz