Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 28 » Onamdan xat
13:14
Onamdan xat
Poytaxti azimda o'qib yurgan kezlarim edi. O'qish bilan bo'lib (har holda o'zimni shunday oqlardim) ayamga qo'ng'iroq qilmaganimga ham bir haftadan oshgandi. «Bugun gaplasharman, erta gaplasharman», degan o'yda yuravergan ekanman. O'sha kunlarning birida pochtachi ijara uyimizga kommunal to'lovlardan qarzdorligimiz haqidagi bir nechta xatni tashlab ketdi. Ikki-uch oydan buyon to'lov qilmaganimiz bois konvertdagi xabarlar har holda xushkayfiyat ulashmasligini bilardik. Shu sabab televizor yonidan joy olgan maktublar ikki kun qarovsiz qoldi. Na o'zim, na ijaradoshlarim «Xo'sh, qani, qancha qarzimiz bor ekan?» deyishga jur'at topolmadik.

Bugun darsimiz rosa cho'zildi. Shundanmi qornim ochgan. Biror yegulik tayyorlashni o'ylab, erinib kiyimlarimni almashtirdim. Shu payt beixtiyor televizor yonida savlat to'kib turgan konvertlarga ko'zim tushdi. Shu safar jur'at topib, konvertlarni qo'limga oldim-da, manzil va tashkilot nomi yozilganlarni o'qiy boshladim. Mana bunisi issiq suvniki, bunisi telefonniki, bu esa elektr energiyasiniki. Ie, bunisi qaerdan bo'ldi? Tanish manzilni ko'rib, ko'zlarim katta-katta ochildi. Axir bu uy manzilimiz-ku! Tezlikda konvertni ochib, ichidagi qozog'ni oldim va xatni kim yozganligini darrov angladim: ayam! Ayam bechora konvert ichidagi xatga qo'shib yuraklarini ham berib yuborgan ekan. Xat shunday edi:

«Salom, aziz farzandim.

Sog'liging, o'qishlaring yaxshimi? Qorning to'qmi ishqilib? Kunlar ham sovib qoldi. Issiq kiyimlaringni kiyib yuribsanmi? Jo'ralaring-chi? Doim tansiq taom pishirganimda seni nima yeb, nima ichayotganing haqida o'ylayapman. Qaniydi, yaqinda bo'lsang-u, har kuni kechqurun o'zim ovqatingni olib borsam.

O'qishga ketganingga bugun roppa-rosa uch oy bo'ldi. Hisoblab yuribman. Ishqilib, kursdoshlaring, domlalaring bilan chiqishib ketdingmi? Hech kim bilan urishib-talashmayapsanmi? Sendan cho'chiyman, bolam. Doim nimalarnidir topib, haqligingni aytib yurasan. Mayli, joyi kelganda, haq bo'lsang ham nohaqman, deb turaver. U yer katta shahar. Hech kiming yo'q yoningni oladigan. Men ham bir marta borganman Toshkentga. Dadang o'qirdi u payti. Shunday katta shaharda bir kunda nechta odam bilan yuzma-yuz bo'lasan. Lekin sanoqli odamlar bilangina salom-alik qilasan. Shunisi yoqmagan menga. Lekin juda chiroyli shahar ekan. Hamma joy toza, ozoda, gullar yashnab turadi. Hozir o'sha paytdagidan yuz chandon go'zallashib ketganini televizordan ko'raman. Televizorda Toshkentni ko'rsatishsa, ko'z uzmay qarab o'tiraman. Seni ham ko'rsatib qolarmikin, deymanda, bolam.

Qishloqda duch kelgan odam seni so'rayapti. «Student qalay, telpon qilib turibdimi?» deb. «Ha, har kuni gaplashib turibmiz. O'qishlari yaxshi. Xudo xohlasa, katta odam bo'lib qaytadi», deyman mag'rurlanib.

O'tgan hafta tug'ilgan kuning haqida gaplashgan edik. Dadang Safar shofyordan mayiz, yong'oq, olma, anor, ozgina pul berib yuborgandi. Uchrashibsizlar, «O'g'lingiz shaharlik bo'lib ketibdi», deb rosa kuldirdi. Tug'ilgan kuningni yaxshi o'tkazib oldingmi, jo'ralaring oldida uyalib qolmadingmi? O'sha kuni osh damladim. Dadang ikkimiz endi ovqatlanamiz deb tursak, sinfdoshlaring kelib qoldi. «Har yili tabriklab kelardik, bu yil o'zi bo'lmasa ham kelaverdik», deydi baraka topgurlar.

Kecha dadang bilan gaplashib o'tirdik. Yoshligingni, sho'xliklaring haqida eslab, dadangning ham ko'ziga yosh keldi. Sog'inibdi. Menga ko'z yoshini ko'rsatmaslikka harakat qildi-yu, baribir, sezib qoldim. Mayli, kelganingda buni dadangga bildirib yurma. Baribir, erkak kishi ko'zidagi yoshini ko'rsatgisi kelmaydi-da.

Mana, bugun ham uyda bir o'zim o'tiribman. Dadang ishda. Kechki payt keladi. Zerikmay, deb sigirga qarab yuribman. Dadang buni kontrakt pulingga asrab o'tiribdi. Tezroq yangi yil kelsa-yu, ta'tiling boshlanib, uyga kelsang. Pishirib beradigan ovqatlarim ro'yxatini tuzib qo'yganman. Birinchi o'rinda o'zing yaxshi ko'radigan g'ilmindi turibdi.

O'qishga ketayotgan kuning esingdami, o'g'lim? Dadang ishiga vaqtli ketgani uchun seni kuzatishga o'zim chiqqandim. Ko'cha boshida ulov kutib turganimizda katta amaking mashinasida kelib: «Ha, student, ketdingmi? O'tir, katta yo'lgacha olib chiqib, avtobusga mindirib yuboraman», degandi. Menga esa: «Bo'ldi, sen qolaver, kelin, o'zim kuzatib qo'yaman», deya xayrlashishimni aytganida, noiloj yuzingdan o'pib, oq yo'l tilab qolgandim.

Bu gaplar bilan o'qishingdan chalg'itib qo'ymaymanmi, bolam? Agar yo'q, desang aytaqolay. O'sha payti amakingning mashinasi yurdi-yu, o'pkam to'lib ketdi. Chiday olmay yo'lovchi ulovlardan biriga o'tirdim-da, izingdan yurdim. Mashinadan tushib qarasam, oldinroqda bitta avtobus turgan ekan. Hoynahoy, shu avtobusga chiqqan bo'lsang kerak, deb o'sha tomonga odimlay boshlaganimni bilaman, avtobus menga qasdlashgandek sekin joyidan qo'zg'aldi. Qadamimni qanchalik tezlatsam, u ham shuncha tezlashdi. Nazarimda juda sekin yurayotgan edim. E'tibor bermabman — kavushim yirtilgan ekan. So'ng kavushimni qo'limga olib, yugura boshladim. Qancha yugurmayin, yeta olmadim. Balki, o'sha payti meni ko'rganingda avtobusni to'xtatarmiding. Men esa seni yana bag'rimga bosib xayrlashardim. Yig'lab ortga qaytdim…

Mayli, bolam, bunaqa gaplar bilan xayolingni buzmay. Qaerda bo'lsang ham omon bo'lsang bas. Nasib qilsa, tez kunlarda qaytib qolasan-ku. Dadang shunday dedi.

Endi xayr. O'zingni ehtiyot qil! Yaxshi o'qi. Jo'ralaringga ham salom de. Seni sog'inib ayang!»

Xatni o'qib bo'ldim-u, ichimda nimadir uzilib ketdi. Mushtipar onamni qanchalik sog'inganimni shu lahzalarda his qildim. Darrov narigi xonadagi telefonga yugurib, uyimiz raqamini terdim-da, go'shakni qulog'imga tutdim. Undan esa dona-dona so'zlar eshitildi: «Aloqaga cheklash o'rnatilgan. Iltimos, telefon haqini to'lab qo'ying!»
Категория: Fantastik | Просмотров: 70 | Добавил: Admin | Теги: xat, Onamdan | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz