Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Onamdan kechgandim, bolamdan qaytdi…
18:32
Onamdan kechgandim, bolamdan qaytdi…
— Bugun qariyalar uyida bayram. Sattor cholning nobop o'g'li, haytovur, to'g'ri yo'ldan yurib, bir vaqtlar qiyratib tashlab ketgan padari buzrukvorini «Xizmatingizni qilayin, poyingizni o'payin, otajon!» deb olib ketdi. «U dunyoyu bu dunyo o'g'limni kechirmayman!» deydigan qahri qattiq akamizning hali diydasi qotib ulgurmagan ekan. O'g'lining ko'zlaridagi o'kinch yoshlarini ko'rdi-yu, darrov iyib oldiga tushib ketyapti. Nima bo'lgan taqdirda ham, harna ko'nglida Xudo oqibatni uyg'otganiga shukr. Farzandlar ota-onasini qariganida xor qilib qo'ymasin. Farzand shirin, farzand aziz, biroq undan yaqinroq do'st ham, zolimroq dushman ham yo'q. Biz, nihoyat, bir-birini tushungan ota-bolani kuzatib qolarkanmiz, Tangriga yalinib-yolvoramiz: «Do'stga zor, dushmanga xor qilmagin». Nima bo'lganda ham, qariyalar uyida shunga o'xshagan bayramlarning ko'paygani ma'qul, chunki bundan biz keksalarning ko'nglimiz tog'day ko'tariladi. «Hartugul, uyiga qaytdi, — deymiz ko'ngilni xotirjam qilib, — narigi dunyoga emas». Chindan ham, bu yerda har yili qadrdonlardan birini tuproqqa topshiraverib, o'zimizni ancha oldirib qo'ygan edik. Harqalay, hammamiz ham keksamiz, hammamizning borar manzilimiz o'sha. Biroq tobutimizni bolamiz ko'tarsa qaniydi. Men onamning tobutini ko'targanmidimki, bolam menikini ko'tarsa…

Bundan bir necha yil burun katta xatoga qo'l urib qo'yganman. Bu shunday xato ediki, uni eslasam, hozirga qadar yuragim orqaga tortadi. Nahotki o'sha men edim, deyman. Qanchalar so'qir odam bo'lgan ekanman. Otam onamni jonidan ortiq ko'rardi. Shu sabab bir umr undan ajralmadi. Uni boshqalarning qo'liga ishonib topshirmadi. Ammalarimning aytishicha, onam meni dunyoga keltirib, parishonxotirlik kasaliga chalinibdi. U butkul xotirasidan ayrilib qolibdi. Yaqinlari otamga onamdan ajrashishni maslahat berishganda ham ko'nmagan. Onam meni faqat emizardi, xolos. Buvim esa meni ulg'aytirgan. Bolalikdan buvimning ta'sirida tuqqan, menga oq sut bergan onajonimga nisbatan dushmanlik kayfiyatida ulg'aydim. U menga ortiqcha yukday tuyilardi. Uni ko'rgani ko'zim yo'q edi. Onam meni tanimas, men esa uni xuddi shuning uchun yomon ko'rardim. Otamga bir kuni onamga nega buncha g'amxo'rlik ko'rsatishini so'radim. Axir u otamni ham tanimas edi. U menga bir hikoyani so'zlab berdi: «Men bu hikoyani onang shu kasalga chalinganda, ko'nglimda unga nisbatan mehr so'nayotganda o'qigandim va shu haqda o'ylaganim uchun o'zimni-o'zim kechirolmagandim.

Bir keksa odam ko'chada yurib ketayotgandi, kutilmaganda uni mashina turtib yuboribdi. Atrofdagilar otaxonni kasalxonaga olib borishibdi. Shifokor tekshiruv o'tkazish kerakligini aytsa, chol betoqatlanib, ketishga chog'lanibdi.

— Qaerga buncha shoshyapsiz? Axir bunday ahvolda sizni qo'yib yuborolmaymiz, — debdi uni nazoratdan o'tkazayotgan shifokorning jahli chiqib.

— Ayolim uyda kutyapti. Ertalab unga qaymoq olish uchun tashqariga chiqqandim. U har tong choyga qaymoq qo'shib yemasa, ko'ngli joyiga tushmaydi, — debdi.

Shifokor:

— Xotiningizga bugun qaymoq olib borolmaganingiz sababini o'zimiz tushuntiramiz, — debdi.

Qariya mung'ayib qolibdi va so'lg'in qiyofada:

— Ne qismatki, xotinim parishonxotirlik kasaliga yo'liqqan. U hech narsani anglamaydi, hatto kimligimni ham eslolmaydi, — debdi.

Shifokor hayrat bilan:

— Ayolingiz kimligingizni unutgan bo'lsa, nega uning yoniga buncha shoshasiz? — deb so'rabdi.

Chol esa:

— Ammo men uning kimligini va menga qilgan yaxshiliklarini unutganim yo'q-da, — degan ekan.

Mana shunaqa, o'g'lim, men ham onangdan voz kechib ketolmayman», degandi.

Men esa otamning bu olijanobligini, baribir, tushunmadim. Otam onamga g'amxo'rlik qilishda davom etardi. Yillar o'tdi. Otam bu dunyoni yosh tark etdi. Buvim ham olamdan o'tdi. Onam mening qo'limda qoldi. Shunda unga mehr ko'rsatmadim. Uylanganimdan keyin bechorani qariyalar uyiga topshirib yubordim. Uni bir kun ham eslamadim. U menga mehr bergani yo'q, onam emas, degan tushuncha mavjud edi menda. Farzandli bo'ldim, ularni oyoqqa qo'ydim. Ne qismatki, bugun farzandim meni qariyalar uyiga olib kelib qo'ydi. Men bir bechora kasal ayolga bekorga achchiq qilib, unga nohaqlik qilganimni tushundim. U menga mehr berolmaganda, men unga mehr ko'rsatishim kerak edi. Axir bergan oq sutining qadri bor edi-ku… Endi farzandlarimdan achchiqlanishimga umuman haqim yo'q. Shunday emasmi?

SULTONMUROD

Buxoro viloyati

— O'z ota-onasiga mehr ko'rsatolmagan farzandlar doim afsus-nadomatda qoladi va u hech qachon ro'shnolik ko'rmaydi. Ayniqsa, onasiga hurmat-ehtirom ko'rsatgan odam Xudoning marhamatiga erishadi. Hadislarda avval onangga, yana onangga va yana onangga, so'ng otangga yaxshilik qil, deb bekorga aytilmagan. Rivoyat qilishlaricha, bir podshoh yoshi anchaga borib qolganda o'g'il ko'ribdi. Lekin xotini vafot etib, farzandi kasalmand bo'lib qolibdi. Mamlakatning hech bir tabibi shahzodani davolay olmabdi. Shahzodaning ichi, tishi, qulog'i va ko'zi og'rir edi. Podshoh amir va amaldorlarga farmon beribdi:

— Shunday tabib chaqiringlarki, u o'g'limning dardiga shifo topsin.

Vahimaga tushgan davlat arkonlari zo'r tabib qidirib yurib, bir cho'lga ketib qolibdi. Yarim tunda bir cho'ponning uyida mehmon bo'lishibdi. Mehmondorchilik paytida ular cho'ponga podshohning amr-farmonini aytib, g'am-anduh chekishibdi. Dahlizda bolasini emizib turgan cho'ponning xotini ularning gapini eshitib qolibdi. U erini chaqirib, bir shisha suyuqlik beribdi va debdi:

— Mana bu dorini ularga bering, shahzodaga yarim qoshiqdan ichirishsin, ko'ziga surtib, qulog'iga ikki tomchidan tomizishsin.

Vazir shishadagi dorini noumid bo'lib olibdi va hamrohlari bilan saroy tomon jo'nabdi. Vazir borib, podshohga bo'lgan voqeani aytibdi.

Podshohning jahli chiqib, tutaqib ketibdi:

— Bu doriga ishonmayman. Bordi-yu, o'g'limga bir nima bo'lsa, men uni qatl ettiraman. Choparlar borib, cho'ponning xotinini saroyga olib kelishibdi. U uch kun shishadagi dori bilan shahzodani davolabdi. Uning ichi ham, qulog'i ham, ko'zi va tishlari ham tuzalib, o'zi darmonga kiribdi. Podshoh o'g'lining tuzalganini ko'rib, xursandchilikdan boshi osmonga yetibdi.

— Men seni nima bilan rozi qilay? — debdi u cho'ponning xotiniga. — Mol-dunyo beraymi, yo qasr qurib beraymi?

Cho'ponning xotini zaharxandalik bilan javob beribdi:

— Menga mol-dunyo ham, shohona qasr ham kerak emas, ona hech qachon o'z sutini sotmaydi.

Oqila xotinning bu gaplariga qoyil qolgan podshoh uning poyiga egilib, ta'zim qilibdi.

Podshohlar onaga egilib ta'zim qilganda, farzandlar onasini ardoqlab boshiga ko'tarib yurishga burchlidir. Ona-onamizni e'zozlab yashaylik. Keksayganida ularni xor qilib qo'ymaylik. Ota-onaga ko'rsatilgan mehr va ehtiromning, albatta, mukofoti bo'ladi. Onasini yig'latganni hech kim hech qachon kechirmaydi. Shuni unutmang!
Категория: Hayotiy | Просмотров: 97 | Добавил: Admin | Теги: bolamdan, Onamdan, QAYTDI, kechgandim | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz