<

O'lmay turib ko'milgan singlim!..

Singlim Nozimaning yuragi bolaligidan vaqti-vaqti bilan xuruj qilib turardi. Uni doimiy ravishda tekshirib turadigan shifokor: «Yuragidagi xastalik tug'ma, unga davo yo'q. Ammo doimiy muolaja va yaxshi e'tibor tufayli kasallik zo'rayib ketmasligiga erishsak, umrini uzaytirishimiz mumkin, xolos» degandi. Shuning uchun ham onam uni hech qachon yolg'iz qo'ymas, muolajalarini kanda qilmas, hatto tunlari ham uni o'zi bilan birga olib yotardi. Biror ish bilan band bo'lib qolganida esa uni yolg'iz qoldirmasligimizni tayinlardi. Singlimning o'zi ham yolg'iz qolishni istamas, ko'pchilik bo'lib o'ynashni xush ko'rardi. Maktabga muntazam yubora olmasdik. Tez-tez kasal bo'lgani sabab sinf rahbari o'qituvchilarni uyimizga yuborib turardi.

Nozima ana shu zaylda ulg'aydi. U 17 yoshga kirganida ko'rinishidan shunchalar sog'lom va tetik ediki, ko'rgan kishining havasi kelar va uning kasal ekanligiga hech kim ishonmasdi.

Tashqaridan qaraganda, sog'lom va baquvvat, boz ustiga chiroyli singlimni so'rab, xonadonimizga sovchilar kela boshladi. Ammo shifokorlar ota-onamga: «Qizingiz turmushga chiqishi mumkin, biroq farzand ko'ra olmaydi», deyishgani bois kelgan sovchilarga rad javob berilardi.

Shunday kunlarning birida singlim maktabdagi bitiruv oqshomiga tayyorgarlik ko'rayotgan sinfdosh o'rtoqlari bilan maktab faollar zalida qolishni so'radi. Onam uning ra'yini qaytarmadi, ammo unga eng yaqin dugonasini biriktirib qo'ydi. Sinfdoshlarining biri qo'shiq kuylar, biri she'r aytar, boshqa bir guruhi esa qiziqarli sahna ko'rinishi tayyorlayotgandi. Singlim esa raqsga tushishni o'z zimmasiga olibdi.

Xullas, shu kun keldi. Maktabda so'nggi qo'ng'iroq bo'lyapti. Maktab hovlisi o'quvchi, o'qituvchi va ota-onalar bilan liq to'la. Bitiruvchilar birin-ketin tayyorlagan qo'shiq, raqslari va sahna ko'rinishlarini namoyish eta boshladilar. Kutilmaganda mahzun, ammo juda yoqimli kuy taraldi. Singlim raqqosalar libosida davraga chiqib keldi. U raqsni shunchalar berilib ijro etdiki, tadbirga kelganlarning barchasi lol bo'lib qoldi. Yonimda turib singlimni kuzatib turgan onajonim esa quvonchdan yig'lab yubordi.

Singlimning yuzi baxtiyorlikdan yal-yal yonar, ko'zlari esa quvonchdan porlab turardi.

Tushga yaqin uyga qaytganimizda ham singlimning hayajoni bosilmagan, bayram yaxshi o'tganini, o'zi ham yayrab raqsga tushganini takror va takror gapiraverardi. Go'yo bir lahza ichida u butunlay sog'ayib ketgandek edi.

Nozimaning quvonchi uzoqqa bormadi. Tushdan keyin, soat ikkilarda tobi qochib qoldi. U qattiq hansirar va zo'rg'a nafas olardi. Zudlik bilan «Tez yordam» chaqirdik. Singlim esa hushidan ketdi. Qanchalik urinmaylik, o'ziga kelmadi. «Tez yordam» mashinasida kelgan shifokor singlimizni tekshirib ko'rgach, hammamizni larzaga keltiradigan xabarni aytdi: «Qizingizga endi yordam bera olmaymiz… Bandalik ekan, sabrli bo'linglar!» Hammamiz dod solib qolaverdik.

Yoz endi boshlangan bo'lsa-da, kun juda issiq, go'yo butun olam otash bo'lib yonardi. Shu sababli ham qishloq oqsoqoli ota-onamga «Mayitni ertaga qoldirib bo'lmaydi, tezroq tayyorgarligingizni ko'ring», dedi.

Nozimani so'nggi manzilga kuzatib qaytayotganimizda esa hayot go'yo to'xtab qolgandek edi.

To'ng'ich akam Salohiddin singlimni juda yaxshi ko'rardi. Unga mehri bo'lakcha edi. Ayriliq unga qattiq azob berayotgani bois tuni bilan mijja qoqmay, hovlida yurib chiqdi va tong otar-otmas, shoshilgancha qabristonga borib kelishini aytib, chiqib ketdi. Lekin ketganiga ancha vaqt bo'lganiga qaramay, haligacha undan darak yo'q edi.

Telefon qilsak, qo'l telefoni ham o'chiq. Otam xavotirlanib: «Biroving qabristonga borib kel! Akang bora solib qaytaman, degandi-ku?!» dedi. Men boshqalarni kutib ham o'tirmay, zudlik bilan qabristonga jo'nadim.

Qabriston jimjit, faqat singlimning qabri oldida kimdir kuymalanardi. Yugurib borsam, akam behush yotibdi, qabriston qorovuli esa uni o'ziga keltirishga urinardi. Men ham yordamga shoshildim. Akam birozdan keyin o'ziga keldi, ammo xayoli parishon edi. Ko'zlarini bir nuqtaga qadagancha: «Bilmay qolibmiz, seni tiriklay ko'mibmiz, bizni kechir, singiljon, shoshib qolibmiz!» deya zo'rg'a pichirlardi.

U bilan ovora bo'lib, e'tibor bermagan ekanman. Akam tikilib turgan tomonga qaradim-u, haykaldek qotib qoldim. Singlimning qabri ochilgan. U o'ralgan kafan chala ochiq, bir qo'li esa kafandan tashqarida yotardi. U yotgan joyidan bor tanasi bilan yonboshiga o'girilgan, ko'zlari yarim ochiqligicha qotib qolgandi. Butun badanim chumoli o'rmalagandek jimirlab ketdi, ammo o'zimni qo'lga olishga urindim. Chunki akamning ahvoli juda yomon, uni bu yerdan olib ketmasam, o'lib qolishi hech gap emasdi. Qo'limga telefonimni olib, ikkinchi akamga qo'ng'iroq qilib, unga qabristonga mashina bilan kelishini tayinladim. Keyin qorovul yordamida singlimning kafanini to'g'rilab qo'ydim.

Akam birpasda yetib keldi va katta akamni birgalashib mashinaga o'tqazdik. Qorovuldan esa vaziyatni otam va oqsoqollarga yetkazib, qabr masalasini hal qilishini so'rab, u yerdan ketdik.

Kasalxonaga yetib borgunimizcha Salohiddin akam yana hushidan ketdi. Shifokorlar voqea tafsilotini eshitgach: «Bu shunchaki stress holat. Akangiz yaxshilab dam olishi lozim. Uni bezovta qilish, o'ziga keltirishga urinish xavfli», deyishdi. Bu orada ota-onam va boshqa qarindoshlarimiz ham kasalxonaga yetib kelishdi.

Bir jigarimizdan ayrilib, ado bo'layozgandik. Akamning tuzalib ketishini Xudodan tilab, kutishdan boshqa ilojimiz yo'q edi.

Qabriston qorovuli otam va oqsoqolga bo'lib o'tgan voqeani batafsil aytib bergan ekan, ko'pni ko'rgan oqsoqol: «Sal shoshibmiz-da, qizingiz o'lmagan, balki, klinik o'lim holatiga tushib qolgan ekan, shekilli», debdi.

Qorovuldan keyinchalik bilsak, voqea bunday bo'lgan ekan: Salohiddin akam qabr boshiga borib fotiha o'qiyotganda, qabr ichidan ovoz eshitilibdi. Qo'rqib ketgan akam duoni tugatishi bilan orqaga qaytibdi. Uning rangi o'chib, qora terga tushgancha qaytayotganini ko'rgan qorovul: «Nima gap, o'g'lim?» deb so'rasa, akam: «Shunchaki, qo'rqdim, shekilli. Qabr ichidan ovoz eshitilganday bo'ldi», debdi. Qorovul esa bu ovoz kechadan buyon tinmaganini, tonggacha unga uyqu bermaganini aytibdi. Buni eshitgan akam yugurgancha singlimning qabriga boribdi va shosha-pisha qabrni ochishga urinibdi. Qorovulning hayhaylashiga qaramay, kechagina ko'milgan emasmi, tuproqni osonlikcha har tomonga olib tashlabdi. Qabr ochilganda esa akam singlimizni boya men tasvirlagan holatda ko'rib, hushini yo'qotibdi…

Salohiddin akamning bir umrga odamovi bo'lib qolishiga sabab bo'lgan o'sha mash'um voqeani hamon unuta olganimiz yo'q.

Категория: Fantastik | Просмотров: 116 | Добавил: Admin | Теги: singlim, komilgan, Olmay, turib
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ