Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » O'lmasxon Hoshimova: "Yozuvchi nega yig'laydi?"
19:04
O'lmasxon Hoshimova: "Yozuvchi nega yig'laydi?"
Ulug' yozuvchi Abdulla Qodiriy hayotiga oid bir voqea haqida ko'p yozilgan. Adib odatda, o'z asarlarini qish pallasida yozar ekan. Kunlardan bir kun yozuvchining umr yo'ldoshi uyga kirsa, Qodiriy domla yig'lab o'tirganmish. Ayoli: “Sizga nima bo'ldi?” – desa, Qodiriy: “Kumush o'lib qoldi!” – degan ekan.

Adabiyotdan uzoq odam uchun bu – afsona bo'lib tuyulishi mumkin. Lekin ijod jarayonidan ozmi-ko'pmi xabardor odam bu – ayni haqiqat ekaniga shubha qilmaydi…

O'tkir Hoshimov bilan turmush qurganimizga qirq yil bo'ldi. Xudoga shukur, o'g'il-qizli, qo'sha-qo'sha nabirali ham bo'ldik… Turmushimiz bayramdan iborat bo'ldi, desam, rost gapirgan bo'lmayman. Hayot quvonchlarini ham ko'rdik, tashvishlarini ham… Mana qirq yildirki, ijodiy mehnat naqadar mashaqqatli va mas'uliyatli jarayon ekaniga guvoh bo'lib kelayapman…

Oltmishinchi yillarda adabiyotga kirib kelgan O'lmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Xudoyberdi To'xtaboyev, Shukur Xolmirzayev, Uchqun Nazarov, Ne'mat Aminov kabi iste'dodli shoir va yozuvchilar ijod olamiga yangi havo olib kirgandek bo'ldilar, nuqul siyosatni emas, Insonni tasvirlaydigan asarlar dunyoga kela boshladi. Endi bilsak, buning sababi, bir tomondan Xrushchyov zamonida paydo bo'lgan xiyla erkin fikrlash bo'lsa, ikkinchi tomondan bu ijodkorlarning ko'pchiligi Toshkent Davlat universitetida tahsil ko'rgan, ular chuqur bilimli, haqgo'y, talabchan ustozlarning sabog'ini olgan ekanlar. Shunday shogirdlar qatorida O'tkir Hoshimov ham bor edi… Birinchi kitobi uchinchi kursa o'qiyotganida chop etilgan, birinchi yirik badiiy asari ustoz adiblar tahsiniga sazovor bo'lgan talabalar unchalik ko'p bo'lmaydi. O'tkir Hoshimov esa shunday talaba edi. Uning “Cho'l havosi” degan birinchi qissasi talabalar orasida mashhur bo'lib ketdi.

Yozuvchining keyingi qirq yil davomida yaratgan asarlari qanday tug'ilganiga guvohman.

* * *

Yangi asar yozish paytida adib xayolchan, bir qadar tajang bo'lib qoladi. Kechami-kunduzmi hamma narsani unutib, yozadi. Lekin asar bitmaguncha hech kimga ko'rsatmaydi. Biz ham yozuvchi ishlayotgan paytda bezovta qilmaymiz, nima yozilayotganini ham so'ramaymiz (oilada shunday tartib bor). Adib yozganidan o'zining ko'ngli to'lsa, chehrasi ochilib, bizga beradi. Shu tariqa oila a'zolari – farzandlar ham qo'lyozmani birinchi bo'lib o'qiymiz. Asar haqida aytilgan fikrlarni muallif og'rinmay qabul qiladi. So'ng deyarli barcha asarlar Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim G'afurov, Abdug'afur Rasulov, Nosir Fozilov, To'lqin Rasulov kabi ustoz va do'stlari nazaridan o'tkazilgan.

Basharti asar muallifning o'ziga yoqmasa-chi? Bunday hollar bir necha marta bo'lgan. Adib qo'lyozmani yirtib, yoqib tashlagan (ba'zan hatto matbuotda yangi asardan parchalar bosilgandan keyin ham).

Badiiy asar katta hayajon bilan, shavq bilan yozilishi kerak. Bu haqda yozuvchi bunday deydi: “Kitob yozayotgan qalamkash hayajoni kitob o'qiyotgan o'quvchi hayajonidan o'n karra kuchliroq bo'ladi. Kitob o'qiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, o'sha sahifalarni qalamkash rosmana kulib yozgan. Kitob o'qiyotganingizda ko'zingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, qalamkash o'sha sahifalarni rosmana yig'lab yozgan”.

1982 yili Qora dengizga — Pisundaga bordik. Yozuvchilar ijodiy uyidan xona berishdi. Men bolalarni dengizga olib boraman. Adasi deyarli xonadon chiqmay ishlaydilar… Oradan o'n kunlar o'tdi. Bir gal xonaga qaytsak, yozgan narsalarini yirtib tashlayaptilar. “Hay-haylab” bir qismini olib qoldim. Qo'lyozma sarlavhasini shunda ko'rdim. “Ertaga – kuz”. Yuz betlar yozilgan ekan, deyarli hammasi yirtilib bo'pti…

– Nega unday qildingiz? – desam, qo'l siltadilar:

– Bo'lmaydi! Sig'mayapti! Xom!

Qo'lyozmaning omon qolgan sahifalarini o'qib ko'rsam, binoyidek… Nima “bo'lmagani”, nima “xom”ligini oradan ikki yil o'tgach, “Ikki eshik orasi” romani qog'ozga tushganidan so'ng angladim. “Ikki eshik orasi”dek salmoqli, falsafiy, psixologik roman avvalgi uslubga ham, qolip (kompozitsiya)ga ham sig'ishi mumkin emas ekan…

“Ikki eshik orasi” romani minglab o'zbek xonadonlariga kirib bordi. Deyarli uch yuz ming nusxada o'n marta nashr etildi. Boshqa tillarga tarjima qilindi.

Darsliklar va o'quv dasturlariga kiritildi…

“Tushda kechgan umrlar” romanining dunyoga kelish tarixi ham o'ziga xos. 1991 yili O'tkir Hoshimov tavalludining 50 yoshi nishonlandi. O'sha oqshom Prezidentimiz adibga tabrik yo'llaganlari biz uchun unutilmas voqea bo'ldi. Shu arafada adibning ustozlaridan biri – Umarali Normatov shogirdga jo'yali maslahat berdilar:

– Odatda, ijodkorlar o'z to'yiga yangi asar bilan keladi. Siz ham yangi asar yozing!

Adib Umarali akaning shu taklifini aytganlarida sevinib ketdim.

– Domla to'g'ri aytibdilar, – dedim. – Hamma ijodkorlar shunday qiladi. Siz bo'lsangiz anchadan buyon kattaroq asar yozganingiz yo'q.

Gapim negadir yozuvchiga yoqmadi.

– Boshqalar nima qilsa o'zining ishi. Men kuchanib yozmayman! Asar tug'ilgisi kelsa o'zi tug'iladi.

Oradan ko'p o'tmay, adib betob bo'lib qoldi. Shifoxonaga yotdik. Do'xtirlar operatsiyani qilamiz, deb tiqilinch qiladi, adasi ko'nmaydilar… Kech kuz edi. Bir oqshom adasi balkonga chiqib, uzoq hayallab qoldilar. Izillab shamol esib turibdi. Jonim halak bo'lib, ichkari kiring, degim keladiyu, iymanaman…

Bir mahal o'zlari palataga kirib, “qog'oz bormi?! deb so'radilar. Kasalxonada qog'oz nima qilsin? Shu kecha shifoxona palatasida tong otgunga qadar chiroq yonib chiqdi. Ertalab tutunga to'lib ketgan xonaga kirgan do'xtir koyidi:

– O'zingiz bu ahvolda bo'lsangiz, ustiga-ustak bosib chekaversangiz, nima, joningizda qasdingiz bormi?

Do'xtir chiqib ketishi bilan adib o'z qarorini aytdi.

– Uyga ketamiz.

Uyga qaytishga qaytdik, lekin asar yozish tag'in orqaga surildi. Orada safar chiqib qoldi. Ibrohim G'afurov, Dadaxon Nuriy, Ahmadjon Meliboyevni chet elga xizmat safariga yuboradigan bo'lishibdi. O'tkir Hoshimov safarga borishni aslo xohlamas edi.

– Shu safarga mendan boshqa odam borsa bo'lmasmikan?!

Yo'ldan qolishning iloji bo'lmadi. Oradan ancha o'tib, “Tushda kechgan umrlar” romani e'lon qilingach, kitobxonlar bilan uchrashuvlarning birida Ibrohim aka chet el safari yozuvchiga aslo tatimaganini aytib berdilar: “O'tkirjon, safarda yurdiyu, chamasi hech nimani ko'rgani yo'q. Fikri-zikri boshqa yerda edi. Keyin bilsam, roman yozayotgan ekan…”

Safardan qaytishi bilan adib deyarli kecha-kunduz to'xtovsiz ishlab, romanning ilk variantini bir oyning nari-berisida yozdi. Asarda qandaydir mungli ruh sezilib turar, uning birinchi jumlasi esa bunday boshlanar edi: “Kuz – o'lim to'shagida yotgan bemorga o'xshaydi. Oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi”. Bu – o'sha kech kuz oqshomi yozuvchi kasalxona balkoniga chiqib kuzatgan manzara bo'lsa ajab emas…

Bu romanning qismati ham yorug' bo'ldi. Ko'p marta nashr etildi, boshqa tillarga tarjima qilindi… Agar Mustaqillik bo'lmasa, bu asar dunyo yuzini ko'rmasligi aniq edi. Negaki, unda mustabid tuzum fosh qilib tashlangan. Xudo asrasin, sobiq sho'ro tuzumi bo'lsa, bu roman uchun yozuvchi mislsiz balolarga qolishi mumkin edi.

* * *

1980 yili oyimlar (qaynonam) to'satdan vafot etdilar (Xudo rahmat qilgur xoksor, mehribon va dono ayol edilar). “Dunyoning ishlari” kitobida Ona qiyofasi aynan tasvirlangan. Adib bu judolikdan juda qattiq iztirobga tushdi. Shusiz ham o'ta ta'sirchan odam yanada ma'yus, hayolchan bo'lib qoldi. Oxiri Abdug'afur Rasulov, Bahodir G'ulomov (domlaning joylari jannatda bo'lsin) bilan maslahatlashib, Sijjakka – Opoqxo'ja aka degan eski qadrdonlarinikiga chiqib ketishdi. “Dunyoning ishlari” kitobining dastlabki boblari o'sha yerda yozilgan. Adibning o'zi ta'kidlashicha, bunga Abdug'afur aka da'vat qilganlar. “Boshqalarda yo'q imkoniyat sizda bor-ku, o'zingiz his etayotgan shu iztiroblarni qog'ozga tushirsangiz, bir tomondan, dardingiz yengillashadi, ikkinchidan, xolamlarning ruhini shod qilgan bo'lasiz”.

“Dunyoning ishlari” boshqa asarlarga o'xshab tez va shiddat bilan yozilgani yo'q. Har bir hikoya mustaqil asar sifatida tug'ilgan. Ammo ularning hammasida Ona obrazi bor. Bu kitobning dunyoga kelishida atoqli shoira Zulfiya opaning katta hissasi bor. Adib bo'lajak kitobning birinchi boblarini “Saodat” jurnaliga olib borganida Zulfiya opa bu juda yaxshi asar bo'lishini ta'kidlab, uni davom ettirish kerakligini, jurnal esa kitobni sonma-son bosib borishini aytgan ekanlar. Bu haqda muallif o'z maqolasida yozgan… Shunday qilib kitob bir yildan ortiq muddatda dunyoga keldi. Uning eng oxirgi sahifasi qanday tug'ilgani hamon ko'z o'ngimda turibdi. Bahor edi. Kechasi gumbirlagan tovushdan uyg'onib ketdim. Momaqaldiroq bo'layotgan ekan. Qarasam, xonada adasi yo'qlar. Ayvonga chiqdim. Soat to'rtdan o'tibdi. Narigi xona eshigidan chiroq nuri tushib turibdi. Kirishga tortindim. Choy qo'ydim. Ancha ikkilanib turib, eshik oldiga keldim. Sekin ichkariga kirib yaqin bordim. Qarasam, adib unsiz yig'layapti… Qo'rqib ketdim. “Nima bo'ldi?” – desam, indamay chiqib ketdilar… Ko'z yoshi tomgan sahifalarni beixtiyor o'qidim. O'qib, yig'lab yubordim. Bu – “Iltijo” degan bob edi. Mana o'sha bob:

“Oyi men keldim… Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim…

Qarang, oyi, tag'in ko'klam kirdi. Esingizdami, har yili bahor kirishi bilan Sizni dalaga olib chiqardim. Siz charaqlagan oftobni, tiniq osmonni, ko'm-ko'k maysalarni ko'rib quvonardingiz. Esingizdami, nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni ko'zingizga surtib, “omonlik-somonlik” qilardingiz…

Bugun… o'zingizning ustingizdan boychechak o'sib chiqibdi… Yo'q, yo'q, oyijon… yig'layotganim yo'q. Bilaman, men yig'lasam, siz bezovta bo'lasiz… Hozir… hozir o'tib ketadi. Mana bo'ldi…

Ertalab-chi, oyi, yomg'ir yog'di. Qattiq yomg'ir yog'di. Siz bahor yomg'irini yaxshi ko'rardingiz… Keyin oftob chiqib ketdi. Qarang, oftob charaqlab yotibdi… Esingizdami, siz menga oftob haqida cho'pchak aytib berar edingiz. O'sha oftob charaqlab yotibdi… Ko'rayapsizmi…

Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast bo'lib uxlab qolardim. O'sha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman. Nima qilay, oyi, men alla aytishni bilmayman. Qabringizni silab qo'ysam orom olasizmi… Mana, oyijon, mana… Yo'q, yo'q, yig'layotganim yo'q. Hozir, hozir o'tib ketadi…”

Balki bu parchani alohida o'qigan kitobxon unchalik hayajonga tushmas. Biroq, “Dunyoning ishlari”ini bir boshdan o'qib, Onani qattiq sevib qolgan kitobxon bu satrlarni o'qiganda larzaga tushmay qolmaydi. “Iltijo” bobini ko'zda yosh bilan yoddan o'qib bergan ko'plab talaba va o'quvchilarni ko'rdim. Darvoqe, “Ikki eshik orasi” romanining “Zilzila”, “Tushda kechgan umrlar” romaning “Oppoq-oppoq qorlar yog'di” bobini larzaga tushib, yodaki o'qigan kitobxonlar ham oz emas. Balki muallifning o'zi ularni rosmana yig'lab yozgani uchun ham shundaydir. Nima bo'lganda ham adiblar yig'isi o'quvchining qalbiga nur olib kiradi. Yozuvchilik qismati shunday bo'lsa kerak ehtimol.
Категория: Hayotiy | Просмотров: 83 | Добавил: Admin | Теги: O'lmasxon, Hoshimova, Yozuvchi nega yig'laydi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz