Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » O'g'lining arvohi bilan tillashuvchi ona ezor
19:40
O'g'lining arvohi bilan tillashuvchi ona ezor
«Sharofat xolaning o'g'li Mansur o'tib qolibdi!» Bu xabar yashin tezligida tarqaldi. Men ham bu shum xabarni eshitdim-u, qishloqqa qaytdim. Sharofat xolaning ikki nafar o'g'li bor: kattasi Murod, kichkinasi Mansur. Mansur anchadan beri og'ir kasal edi. Turli vositalar bilan umrini uzaytirib kelishdi. Ammo, baribir, kasallik yengibdi-da.

Yo'l olis bo'lganligi uchun men yetib kelgunimga qadar marhumni so'nggi yo'lga kuzatib bo'lishgan ekan. Atrofga qorong'ilik yoyilib qolgani uchun Sharofat xoladan ertasi kuni ko'ngil so'rashga qaror qildim.

— Xola qattiq tushkunlikka tushgan, — dedi onam kechki ovqatni yeyayotganimizda. — Bechoraning esi kirdi-chiqdi bo'lib qolganga o'xshaydi. O'zicha nimalarnidir gapiradimi-ey!

— Farzand dog'i juda og'ir, onasi, — deya choy ho'pladi otam. — Bunday qismatni hech kimga ravo ko'rmayman.

Ularning gapini eshitarkanman, ko'z oldimga men bundan olti oy oldin ko'rgan ayol gavdalandi. Xursand, doim kulib yuradigan Sharofat xolani boshqacha qiyofada tasavvur qila olmasdim. Ammo…

Ertasi kuni ko'ngil so'rash uchun bordim-u, hayratdan yoqa ushladim. Chunki qarshimda men bilgan ayol emas, aksincha, sochlari oqarib, ko'zlari ich-ichiga kirib ketgan, bir nuqtaga ma'nosiz tikilib o'tirgan ayol turardi. Salom bergandim, boshini ko'tarib, menga qaradi-da, ko'zlarida qandaydir ilinjga o'xshash tuyg'u paydo bo'ldi.

— Ie, qizim, keling, qani, o'tiring! — deya o'rnidan turib joy ko'rsatdi u.

— Sharofat xola, endi bu Xudoning irodasi, bu yog'iga sabrli bo'lasiz.

— Nega, qizim? Yoki sen ham Mansurjonimni o'lgan deb hisoblayapsanmi?!

— Men… — nima deyishimni bilmay, dovdirab qoldim.

— Bolam tirik, u o'lmagan, har kuni yonimga kelib turadi.

— Yo'g'-e, — yana kalovlanib qoldim. Chunki «Bunday bo'lishi mumkin emas», desam, Sharofat xolaning ko'nglini og'ritib qo'yaman. Shu bois indamadim.

— Mana, kecha kechqurun u meni ko'rgani keldi. Uxlolmay, u yoqdan bu yoqqa ag'darilib yotdim. Hech ko'zim ilinay demasdi… Boshqalar toshdek qotib qolgan, lekin men… Shunda qulog'imga «Oyijon!» degan ovoz eshitildi…

Sharofat xola gapirishdan to'xtab, bir nuqtaga tikilib qoldi. Nigohlaridagi quvonch o'rnini ma'yuslik egalladi. Achchiq jilmaydi. Yuziga bir-ikki tomchi ko'z yoshi yumalab tushdi.

— Shundoq qarasam, derazaning oldida o'g'lim, Mansurjonim menga qarab o'tiribdi. «Oyijon, nega uxlamayapsiz, shundoq ham ancha toliqdingiz, dam oling!» dedi. Men uni aniq tanidim. Mehribonligidan, g'amxo'rligidan tanidim! Keyin esa ko'zdan g'oyib bo'ldi. Boshimni yostiqqa qo'ygandim hamki, uxlab qolibman. Bir mahal ko'zimni ochsam, hamma yoq yorishib ketgan. Keyin sen kirib kelding!

Onamning: «Bechoraning esi kirdi-chiqdi bo'lib qolganga o'xshaydi», degan gapini eslab, Sharofat xolaning gaplarini mubolag'aga yo'ydim. Ammo ayni damda qarshimdagi mushtipar onaga buning umuman ahamiyati yo'q, uning xayol dunyosida faqat o'g'li yashardi, xolos.

Nima deyarimni bilmay turganimda Sharofat xola o'rnidan qo'zg'aldi.

— Yuring, qizim, sizga o'g'lim yaxshi ko'radigan bog'ni ko'rsataman.

Sharofat xola ko'nglidagilarni kimgadir aytgisi kelayotganini sezdim. Shuning uchun uning taklifiga qarshilik bildirmadim. Hovli adog'idagi bog'da olxo'rilar g'arq pishib yotar, bir-ikkita shoxlari osilib turardi.

Ertasi kuni esa Sharofat xola meni boshqacha qarshi oldi.

— Qizim, yana Mansurjonim keldi, — deya gap boshladi u meni yoniga o'tirg'izib. — Kechqurun bezovta bo'lib, hovliga chiqqandim, qarasam, daraxtlardan birining tagida chelak turibdi. O'g'lim esa daraxtdagi olxo'rilarni terib, chelakka solyapti! Bolamni judayam sog'inib ketgandim, qizim, bag'rimga bosayin deb yoniga shoshildim. Lekin unga yaqinlashgandim hamki, g'oyib bo'lib qoldi! U o'lmagan, qizim, tirik u!

Sharofat xolaning bu gaplariga ishongim kelmadi.

— Balki, ko'zingizga ko'ringandir, axir o'g'lingizni o'zingiz…

— Yo'q, — deya gapimni bo'ldi xola, — yur, senga bir narsa ko'rsataman. Yuraqol!

U meni to'g'ri boqqa, olxo'ri daraxtlarining oldiga yetaklab bordi.

— Qaragin, — dedi u daraxtlardan birini ko'rsatib, — o'g'lim anavi daraxtning shoxlaridagi mevalarni terib oldi!

Ishonasizmi, ne ko'z bilan ko'rayki, kecha mevalari g'uj-g'uj bo'lib yotgan daraxt, pastga egilib qolgan shoxda birorta ham olxo'ri yo'q edi. Hayron bo'lib qolganimni ko'rgan Sharofat xola:

— Endi ishondingmi, — dedi menga qarab jilmaygancha, — bu mevalarni o'g'limdan boshqa hech kim tergani yo'q. Qolaversa, uning qo'lida turgan chelak biznikida umuman bo'lmagan! Uning olxo'ri yegisi kelgan, shuning uchun kechasi qaytib kelgan!

Men hech narsa demadim. Chunki hozir chindan ham g'aroyib holatning guvohi bo'lgandim. Olxo'rilarni boshqa hech kim terishi mumkin emas, chunki bizda kimdir yaqinda vafot etgan xonadonda meva terish mumkin emasdi. Ayniqsa, Sharofat opa bunaqa irim-sirimlarga qattiq amal qilardi. Shu bois hech narsa deya olmadim.

Shu-shu Sharofat xola xayolga cho'mib yuradigan, kimni ko'rsa, Mansurjon kelganini aytadigan, meni ko'rganida esa uyiga chaqirib olib, o'g'lini ko'rganini hikoya qilib beradigan odat chiqardi. Kunlarning birida esa aql bovar qilmaydigan voqeani aytib berdi.

— Mansurjonim har kuni keladi, bolam, — deya odatiy hikoyasini boshladi, — kecha ham keldi. Chanqabdi bolajonim! Bir-ikki kun oldin hovlida yotgandim, bir mahal obdastaning qimirlayotganini ko'rib qoldim. Atrofda hech zog' ko'rinmasdi. Birozdan keyin esa obdasta qimirlamay qo'ydi. Shunda ko'nglim nimanidir sezgandek bo'ldi. O'rnimdan turib qarasam, obdastadagi suv kamayib qolibdi. Shundan bildim o'g'lim kelganini. Endi har kuni obdastani to'ldirib qo'yaman o'g'lim qiynalib qolmasin deb…

Tabiiyki, bu gapga ham ishongim kelmadi. Biroq xuddi olxo'ri voqeasidagi kabi buni ham menga isbotlab berganidan keyin taajjubga tushdim. Bu jumboqning yechimini topa olmay, hayron edim.

Sharofat xolaning kundan-kunga parishonxotir, odamovi bo'lib borayotgani uning oilasidagilarini xavotirga qo'yardi. Xola faqat menga quloq solgani uchunmi (ehtimol, uning dardini tinglaganim, suhbatdosh bo'lganim uchundir) ular mendan Sharofat xola bilan gaplashib ko'rishni iltimos qilishdi. Men esa paytini topib xola bilan bafurja gaplashib oldim.

— Mansurjonni biz ham yaxshi ko'rardik, lekin u endi oramizda yo'q. Bunga ko'nikishingiz kerak. To'g'ri, sizniyam tushunaman, ammo boshqa farzandlaringiz ham bor, siz ularga ham keraksiz. Iltimos, xolajon, o'zingizni qo'lga oling! Hali siz kerak bo'lgan ko'plab yaqinlaringiz borligini unutmang!

Sharofat xola gaplarimni eshitib, uzoq yig'ladi. Unga boshqa gapirmadim.

Hozir ham o'sha voqeani eslasam, marhum bilan bog'liq voqealar meni ajablantiradi. Kechqurun terilgan olxo'rilar va obdastadan ichilgan suv bilan bog'liq jumboqning yechimini hamon topa olganim yo'q!
Категория: Fantastik | Просмотров: 85 | Добавил: Admin | Теги: Bilan, O'g'lining, arvohi, Ona, tillashuvchi, ezor | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz