Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Muzrabot tumanida yongan alvasti
19:27
Muzrabot tumanida yongan alvasti
Hayotda nimalar sodir bo'lmaydi, deysiz. Agar biror tanishim menga “Alvastiga duch kelgan odam bor”, desa, sira ishonmasdim. Ammo xuddi shunday voqeani eshitganimdan keyin bu hayot turli sir-sinoatlarga boy ekanligiga amin bo'ldim.

O'shanda hali yosh edik. Dehqonchilik bilan shug'ullanar, kattagina yerga mavsumga qarab ekin ekardik. Ayniqsa, sholi eng asosiy ekinlardan sanalardi. Yerimiz daryo bo'yida joylashgani uchun sholi o'stirish birmuncha qulay edi.

Shunday kunlarning birida yer boshida kechgacha qolib ketdim. Mendan boshqa yana to'rt-beshta og'aynim bor edi. Ular bilan gaplashib, vaqt o'tganini ham bilmabman. Chunki suhbat qiziq kechdi. Har xil qo'rqinchli hodisalar, jin-ajinalar, alvastilar haqida suhbatlashdik.

— Tasavvur qiling, hozir yonimizga sochlari yoyilgan, ko'zlari chaqchaygan ajina kelsa, — dedi Barot degan og'aynimning ukasi.

— Nimasini aytasan, — deya uning gapini ma'qulladi Mengli degan og'aynim. — Uning sochini shartta tortardim-da, aytganimni qildirardim.

— Nega? — so'radim hayron bo'lib.

— Nega deysanmi? Chunki ajinaning sochini bosib, tortsang, xohlagan ishingni qiladi.

— Ja olasan-da, — dedim uning gapiga ishonqiramay. — Birinchidan, ajinani ko'rsang, o'rningdan qimirlay olmay qolsang kerak. Oyoqlaring qaltirab, tiling aylanmay qoladi. Ikkinchidan, ajina oldingga kelib, “Mana, sochimni ushla, bos”, deb o'tirarkan-da.

— Sen ishonmaysan, lekin ajina, alvastilar kechqurun daraxt panalarida, ovloq joylarda sochini tarab o'tirarkan. Bunaqa paytda uncha-buncha narsaga e'tibor bermaskan. Uning sochini bir urinishda ushlab olsang, olding, bo'lmasa, tamomman, deyaver.

— U haq, — suhbatimizga qo'shildi Jalil degan og'aynimiz, — alvastilar chindan ham mavjud. Ular, ayniqsa, ilgari juda ko'p bo'lishgan ekan.

— Rostdanmi? — baravariga unga qaradik biz.

— Ha, dadam alvastilar haqida gapirib berardi. Hatto o'zi bir marta alvastiga duch kelgan ham ekan.

— Yo'g'-e, — uning gapiga ishonmadik biz, — dadang alvastini ko'rgan ekanmi?

— Albatta, — uning gapiga ishonmaganligimizni bilib, gapini alohida ta'kidladi Jalil, — o'z ko'zi bilan ko'rgan.

— Gapirib ber!

Jalil avval unamadi. “Qo'yinglar, o'sha voqeani eslatmanglar”, deb ko'navermadi. Ammo biz jon-holiga qo'ymaganimizdan keyin majbur bo'ldi.

— Otam yeridan qaytayotgan ekan, — deya hikoyasini boshladi u. — Yelkasida ketmon. Kechqurun yurishga o'rganib qolgani uchun xotirjam kelayotgan ekan. Daraxtlar oralab o'tayotganda esa kutilmaganda qandaydir tutunni ko'rib qolibdi. “Tavba, yarim kechasi kim bu yerda olov yoqayotgan ekan?” deb hayron bo'libdi. Bir zumda daraxtzorni tutun qoplab olibdi. Shunda dadam bu yerga kimdir o't qo'ydi, shekilli, degan vahimali o'y bilan daraxtzor orasiga yugurib kiribdi. Qarasa, qandaydir odam olov ichida jon holatda tipirchilayotganmish. Dadam biror kim olov bilan o'ynashib, yoqib yuborgan, keyin o'zi ham olov ichida qolib ketganga o'xshaydi, deya o'sha odamga yordamga shoshilibdi. Ammo olovni o'chira olmabdi. Boyagi odam esa battar baqirishga tushibdi. Dadam qo'lidan hech narsa kelmaganidan achinib, bor ovozda “Yordam beringlar, odam yonyapti”, deb baqira boshlabdi. Keyin bu ahvolga chiday olmay, kalima qaytaribdi. Bir payt qarasa, daraxtzorda na olov bor emish, na boyagi odam. U avval ko'ziga ishonmabdi. Vahimaga tushganim uchun shunday ko'rinayotgandir, deb o'ylabdi. Ammo uning ovozini eshitib, daraxtzorga yugurib kelganlar: “Bu yerda hech kim yo'q-ku! Nega chaqirding bizni?!” deganidan keyin ko'rayotganlari haqiqat ekanligiga ishonibdi. Odamlarga bo'lgan voqeani aytib beribdi. Keyin esa o'zi uyiga qaytib ketibdi.

O'shandan keyin dadam ancha vaqtgacha yotib qoldi. Nuqul alahsirardi. Hatto ba'zan kechalari “Olov, alvasti, yonyapti”, deb chiqadigan bo'ldi. Kerakli choralarni qo'llaganimizdan keyin esa tuzalib ketdi.

Jalil hikoyasini tugatganida hammamizning ko'nglimizga biroz qo'rquv oraladi. Endi imkon qadar kechqurun yurmaslikka qaror qilgandik.
Категория: Fantastik | Просмотров: 83 | Добавил: Admin | Теги: yongan, alvasti, Muzrabot, tumanida | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz