Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 26 » Murdalar maliksai (Real voqelarga asoslangan )
10:53
Murdalar maliksai (Real voqelarga asoslangan )
… Dunyoni qizg'onma mendan, azizim,

Bu dunyoda mening ham o'z aytar so'zim va o'zim sig'inar azizlarim bor.

Qalbingni bosmasin shubha va so'roq, men boshqa manzilga tikkanman ko'zim,

U sening kulbangdan juda ham yiroq…

(qo'shiqdan)

* * *

Bu kecha Malika yomon tush ko'ribdi. Tushida qora mushuk unga tashlanib, hammayog'ini tirmalab tashlaganmish. Ammo hech qaeridan qon chiqmabdi. U bilagida kuchli og'riq tuyib ko'zlarini ochdi. Xayriyat, tush ekan. Uyqu orasida bilmay bir qo'lini boshi ostiga qo'yib olibdi. Shu qo'li uvishib, keyin igna sanchgan kabi jimirlab og'ribdi.

— Mushuk bo'lmay o'l, — deya yostiqdan boshini ko'tardi endigina o'n oltiga to'lgan Malika qayrilma qoshlarini chimirib. — Yuragimni yoray dedi-ya! Meni yig'latdi-ya tushimda! Qorang o'chsin!..

So'ngra u dast o'rnidan turdi-da, ko'zgu qarshisiga bordi. Oyni-da xijolatga qo'ygulik husniga o'zi ham bir muddat mahliyo bo'lgancha tek turib qoldi. Qalin va qayrilma qoshlarini o'zgacha havas ila qoqib-qoqib ko'rdi. Ohu ko'zlarini atayin yumib-yumib oldi. Bu mashg'ulot sabab bo'lib qalin, qaytarma lablariga tabassum yugurdi. Kayfiyati chog'landi. Tushdagi mushuk voqeasi miyasini tark etgandek picha yengil tortdi.

«Qaniydi menam Mo''tabar opamday chiroyli kelin bo'lsam! — ko'nglidan o'tkazdi Malika husnidan ko'z uzolmay entikkancha. — Yonimda tog'ni tolqon qila oladigan kuyov jilmayib tursa! Unga suyana, ishona olsam!.. Axir, qaysi qiz yaxshi joylarga kelin bo'lishni xohlamaydi?!. Opamning omadi borakan. Pochcham rosayam o'ziga munosib. Jiddiy, baland bo'yli, kamgap, kamsuqum, mag'rur ekan. Mo''tabar opam azaldan shunaqa yigitlarni berilib maqtardi. Ularga havas qilardi. Havas qilsa yetarkan. Ishqilib, baxtli bo'lishsin!.. Voy, esim qursin, bugun mehmonga kelishmoqchiydi-ku ular! Kechga tomon boramiz degandi opam. O'ziyam kuyov chaqiriqdan keyin uch oy o'tibdi-yu, endi kelishlari! Men nega turib qoldim? Tayyorgarligimni ko'rishim kerak-ku!.. Uf-f… Dadamminan oyim ham shu bugunni kutib turishganmi nima balo? Kelin-kuyovlar kelsa, to'yga ketishga balo bormidi ularga?.. Ko'plashib qarshi olardik!.. Mayli, bir o'zim ham kutib olaverman. Yosh bola emasman-ku!.. Xudo xohlasa, bugun tug'ilgan kunimni opam, pochchamminan birga nishonlayman. Qanday baxt! Hech qachon bunaqasi bo'lmagandi…»

Malika kun bo'yi yelib-yugurib, uy ichlarini tozaladi, alohida xonaga xontaxta qo'yib, atrofiga baxmal ko'rpachalardan to'shadi. Hovlini supur-sidir qildi, ora-sirada ovqat masallig'ini tayyorlagan bo'ldi. Iloji boricha hech narsani o'ylamaslikka, hayajonlanmaslik, xavotirga asir bo'lmaslikka intildi. Lekin baribir yuragi hapriqaverdi, eti jimir-jimir qilib, tizzalari dag'-dag' titrab qo'yaverdi.

«Biz eng baxtli oilamiz, — o'yladi ish orasida entikib. — Uch opam ham yaxshi joylarga kelin bo'ldi, akalarim mehribon, ota-onam kuyinchak va dilgir. Qanday yaxshi! Iloyim uyimizga, o'zlarimizga ko'z tegmasin!..»

* * *

Kech tushib, vaqt xuftonga yaqinlashganda, Malika pochchasi va opasi qarshisida uyalgan ko'yi yer chizib o'tirardi.

Pochchasiga to'ydan keyin yaxshilab razm solmabdi. Qoshlari qalin, nigohlari o'tkir, salobatli ekan. Lekin negadir ko'zlari qizargan, rangi oqarinqiragandek tuyuldi. Malikani tug'ilgan kuni bilan tabriklab qadah ko'tarayotganda qo'llari qaltirab-qaltirab qo'ydi. Mazasi qochgan shekilli…

Malika shunday o'ylar, hayajonlar qurshovida qizarib-bo'zargancha tezda dasturxonni yig'ishtirdi. Ana endi o'z xonasiga kirib yotsa ham bo'ladi. Tushunadi. Biladi. Opasi va pochchasi yangi kelin-kuyov. Ularning o'zaro gaplari bo'lishi mumkin. Tersayib o'tiraversa, pochchasiga malol kelar…

«Qolgan ikki pochchamni ko'rganda bu qadar xavotirlanmagan, xijolat tortmagandim, — o'ylardi Malika o'zi uchun o'rin to'shash asnosida. — Bu pochcham kattaroq yerda ishlaydi chog'i. Shunisini opamdanam so'ramagan ekanman. Oyim ham aytmagan-da rostini! «Bunisiminan ishing bo'lmasin, pochchang yaxshi oiladan, toparmon-tutarmon yigit» degan-u, jim bo'lgan. Ishqilib, opajonimning baxtiga hech qachon ko'z tegmasin!..»

Endigina o'ringa cho'zilmoqchi edi, xona eshigi bir-ikki taqilladi-da, opasi kirib keldi.

Mo''tabarning ko'zlaridagi bo'yoq deyarli o'chib, qovoq ostilari qizaribdi. Buni Malika darrov payqadi.

— Yig'ladingizmi, opajon? — so'radi yuragi taka-puka bo'lib. — Nima bo'ldi sizga? Mazangiz qochdimi?

Mo''tabar javob o'rniga karavotning bir chetiga omonatgina cho'kdi. Vujudidagi titroqlarni singlisiga sezdirgisi kelmadimi, o'tirgan yerida bir-ikki chayqalib, yo'talgan bo'ldi.

— Opa, aytsangiz-chi, — uni tezlay boshladi Malika yig'lamsirab. — Yomon bo'p ketyapman! Do'xtir chaqiraymi?

— Kerakmas, — deya mahzun jilmayish qilib Malikaning yelkasiga boshini qo'ydi Mo''tabar. — Men… Yaxshiman, jonim, yaxshiman.

— Unda nega yig'ladingiz?

Opasi nimanidir undan sir tutardi, aytolmasdi. Buni Malika hanuz taraddudlanaverishidan, ko'zlari alang-jalangligidan payqadi. Qaniydi, haddi sig'sa, ko'ngliga ming bir shubha, tashvishni solgan ko'yi tek o'tirgan opasini siltab-siltab so'zlashga, yorilishga majbur etsa!.. Afsuski, o'zi gap boshlashini kutishdan, chidashdan o'zga iloji yo'q…

— Singiljon, bir gapni aytmoqchi bo'lyapman-u, sira tilimga ko'chira olmayapman, — dedi nihoyat Mo''tabar ko'zlaridan duv-duv yosh to'kib. — Nima qilay? Aytsam ham kuyaman, aytmasam ham…

— Ayting, opa, yo'qsa hozir yorilib ketaman, — Malika qandaydir ko'ngilsizlikni sezgan kabi Mo''tabarni mahkam quchoqlab oldi. — Cho'zmang, ayting! Tezroq ayting, jon opa!

***

Mo''tabar shoshilmasdi. Hamon taraddudlanish, ikkilanish, o'y surish-u javdirashdan nariga o'ta olmasdi. Nigohlari borgan sari o'tmaslashayotgani shundoq ko'rinib turardi.

Garchi singlisi zo'rlasa, tezlasa-da, bir necha o'n daqiqa unsiz yig'lash, boshini sarak-sarak qilish bilan kifoyalandi.

— Pochchang… Narkomanakan, — o'zi ham uzoq vaqt bu taxlit o'tira olmasligini anglagan Mo''tabar oxiri yorildi. — U… Nashavand chiqib qoldi, singiljon.

— N-nima? — Malika oldiniga hech narsani tushunmay, opasiga angraydi. — U nima degani, opajon? Yomon ishmi?

— Soddasan-da, Malika, soddasan! — dedi Mo''tabar og'ir xo'rsinib, shu orada ko'z yoshlarini yengiga artarkan. — Nashani yaxshi odamlar chekmaydi. Shuni bilasanmi?

— Voy, endi nima qilamiz, opa? — shundan keyingina Malika battar yuragi vahimaga to'lib o'rnidan turib ketdi. — Endi nima bo'ladi?

— Nashavand bo'lib bizlarni tinch qo'ysa mayliydi, — davom etdi Mo''tabar singlisining oxirgi savolini javobsiz qoldirib. — Hozir senga bir gapni aytsam… Bilmadim nima bo'ladi? Shundan ko'ra yer yorilib ostiga kirib o'lsam bo'lmasmidi?..

— Tag'in nima gap, opa? — Bu gapdan so'ng Malikaning battar jazavasi ortdi. Isitmasi ko'tarilgan odam kabi bezovtalanib, a'zoyi badanini muzdek ter bosdi. — Aytavering, yashirmang! Menga aytmasangiz, kimga aytasiz?

— Tilim bormayapti, — dedi Mo''tabar ilkis yuzini ters burib. — Bu gapni aytaman-u, ammo bir umr o'zimni kechira olmay o'taman… Yo'q, o'lgunimgacha dard, nafratga qul bo'lib o'taman.

— Jinnimisiz? Nega halitdan o'limni bo'yningizga olvolyapsiz? Endi baxtingizni topdingiz-ku! Unaqangi sovuq nafas qilmang-da! Men qo'rqib ketyapman!

— Qo'rqma, — Mo''tabar qaytadan singlisi tomon bosh burib, yelkasiga qo'lini qo'ydi. — Mayli, aytaman… Faqat-chi, hovliqmasdan, vahima qilmasdan, baqir-chaqirga ruju qo'ymasdan eshitishga so'z ber, jonim!

— Xo'p, so'z beraman. Ayting! Yuragim qinidan chiqay deyapti!

— Pochchang… Pochchang Malika bu kecha bizminan yotsin deyapti!

Mo''tabar shu gapni aytdi-yu, ilkis ters o'girilib, piqillagancha yig'lay boshladi.

— Nima? — deya opasiga yopishdi Malika. — Nima dedingiz? Nega sizlarminan… T-tushuntiribroq gapiring, opa!

— Nimani tushuntiray, nimani? — tizzasiga mushtlay-mushtlay alamli shivirladi Mo''tabar atrofga alanglab. — Pochchang yoqtirib qopti seni. Agar bu kecha qo'shib bermasam….

— Nima qilarkan? Qo'shib bermasangiz…

— Meni o'ldirarmish. So'yib tashlarmish… Hozir to'yib ichvolgan, orqasidan chekvolgan, singiljon, chekvolgan, o'lguday mast! Men… Nima qilishni bilmayman, bilmayman! U-undan qo'rqaman. Judayam qo'rqaman! Singlingni olib kir deb meni haydab soldi…

— Opa, axir men… Qiz bolaman-ku! Meni… Yo'q, yo'q, u mastlikda aljiragan shunchaki-a? Shundaymi? Aljiragan-a? Nima deganini o'ziyam bilmagan-a?..

— Biladi. U yaramas ming mast bo'lgan taqdirdayam hamma narsani bilib turadi.

Boyagina Malikaning qalbini chulg'ab turgan havas, quvonch, mehr, faxr hissi opasining bir og'iz xunuk xabari tufayli qayoqqadir g'oyib bo'lgandi. Uning o'rnini muzlik egallab, barmoq uchlariga qadar qaqshata boshladi. Bokira va hali bu taxlit gap-so'zlarning asl ma'nisiga yetib ulgurmagan qiz qo'rquvdan dag'-dag' titrar, nima qilishni bilmasdi.

Ayniqsa, uch oylik kuyov, o'zi pochchalarining orasida eng yaxshisi, mehriboni, haloli va dangali deb bila boshlagan Mamanazar hozirgi tasavvurida aksil qiyofada namoyon bo'la boshlagandi. Pochchasining o'tkir nigohlari xuddi ertakdagi vahshiy jonzotniki kabi sovuq tuyulib Malikani behalovatlik botqog'i tomon sudraklardi. Vujudini tasodifiy nafrat xanjari tig'lardi.

***

«Bunday deyishga qanday tili bordi? — o'ylardi Malika. — Opamga uylanib turib singlisiga og'iz solishga qanday haddi sig'di? Shunchalar vahshiy, iflosmi? Uyalmadimi shu gapni tiliga ko'chirayotganda? Yo'q, men o'zimni axlat orasidan topgan emasman. Unday ifloslarga so'zimni berib qo'yadiganlardanmasman. Hozir shartta kiraman-u, yuziga shartta-shartta aytaman. Kerak bo'lsa, uydan haydab chiqaraman. Dod-voy qilib sharmandasini chiqaraman. Hamma ko'rib qo'ysin bu yaramasning asl basharasini. Undan keyin ota-onam meni kaltaklashsayam, qarg'ashsayam mayli. Sira xafa bo'lmayman. Yorug' yuz, sof ko'ngil bilan bu uyni tark etaman. Boshim oqqan taraflarga ketaman…»

— Opa, men hozir kiraman-da, sharmanda qilaman eringizni, — dedi beixtiyor Mo''tabarga yuzlanib u. — Qiz bolaga, qaynsingilga ko'z olaytirish qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yaman!

— Yo'q, yo'q, aslo! — Mo''tabar jonholatda singlisining bilagini siqimlab oldi. — Unday qila ko'rma! Uning kimligini bilmaysan. Men bilaman!.. Meni chavaqlab tashlashdanam toymaydi! Ishon, u ichib, chekib olganda vahshiy hayvondanam battar bo'p ketadi. Men… Qo'rqaman pochchangdan!

— E, pochchang demang o'sha marazni! — bir siltanib o'zini chetga oldi Malika. — O'shanaqa pochcham bo'lgandan ko'ra pochchasiz o'tganim yaxshi. Padariga la'nat! Iloyim menga olaygan ko'zlari ko'r bo'lsin, oqi-ib tushsin!

— M-menga rahming kelmaydimi, singiljon? — titroq aralash qo'rqa-pisa Malikaga qaytadan yaqinlashdi Mo''tabar. — Uni sevaman, o'sha iflosni sevaman, singlim!.. O'lib ketsam, achinmaysanmi? Meni yaxshi ko'rmaysanmi?

— Eh, opajonim-ey! — ikki kafti bilan boshini changalladi-yu, ortga tislandi Malika. — Yurakkinamni kuydiravermasangiz-chi! Men bokiraman, axir, bokira! Menam bir kun kelib yaxshi joylarga kelin bo'lishni orzu qilaman. Nega tushunmaysi-iz?

— Demak, achinmaysan menga, — deya oh tortdi Mo''tabar xonasiga kirishga chog'lanib. — O'lib ketsam ham baribir ekan senga! Na iloj? Bir boshga bir o'lim. Lekin-chi… Seni judayam yaxshi ko'raman, jonim! Har kuni xayolan bo'lsayam seni «mehribonim, asalim» deb erkalayman, yeru ko'kka ishonmayman!.. Mayli, alvido, singiljon, alvido! O'lsam, yig'lamagin, xo'pmi?! Sen yig'lasang, arvohim chirqillaydi, bezovta bo'laman, go'rimda tik turaman! Faqat… Ahyon-ahyonda bo'lsayam qabrim tepasiga borib turgin! Meni ilhaq qilmagin!..

Shunday dedi-yu, Mo''tabar ketishga shaylandi…

Malikaning ixtiyorida qandaydir soniyalargina qolgandi. Sezib, his etib turardi. Shu fursatni boy bersa, tamom, opasini qaytib tirik ko'rmasligi mumkin…

Nima qilsin? Qay yo'lni tanlasin? Nomusinimi? Yo opasining hayotinimi? Ikkovini ham jondan aziz ko'radi. Ikkovidan-da ko'z yumib keta olmaydi. Opasining iltimosini qanday qondirsin? Er-xotinning o'rtasiga qay yuz, qay vijdon bilan yotsin? Keyin-chi? Keyin nima bo'ladi? Yaqinlari, ota-onasi, aka-opalari, dugonalarining ko'ziga qanday qaraydi? Bilib qolishsa-chi? O'zini nima deb oqlaydi? Qaerdan quvvat oladi-yu, tik oyoqda yuradi? Shu kunga qadar egilmagan mag'rur boshi egilib qolmaydimi? Yo'q, bunday qila olmaydi. Vijdoniga, qalbiga qarshi borsa, adoyi tamom bo'ladi. Tirik murdaga aylanadi. Bunday yashagandan o'lgani durust, o'lgani. Ammo… Opasi-chi? Hozir ichkariga kiradi-yu, haqiqatni aytadi. Keyin esa anavi mahluq opasiga tashlanib, o'ldiradi. Uy ichi qiy-chuvga to'ladi. Malika bo'lsa, suyukli qorindoshining tepasida ho'ngrab-ho'ngrab yig'laydi. Bir umr xuddi shunday yig'lab, ich etini yeb o'tadi. Negaki, Mo''tabar opasi faqat uning qaysarligi, o'jarligi, nomusini jigaridan ortiq ko'rganligi tufayli o'ladi, yorug' dunyoni tark etadi. Jasadi qorong'i go'rda tosh qotadi. Ruhi-chi? Ruhi har kuni Malikani qarg'aydi, afsus chekadi, zorlanadi, azoblanadi, bezovtalanib, o'zini qo'o'yarga joy topolmaydi. Nahotki, opajonisining ruhini qiynoqlarga qo'yib o'zi bemalol hech narsa bo'lmagandek tag'in yer betida yuraversa, yashayversa, nafas olaversa, quvonaversa?..

— Opa-a! — deya sal qursa hayqirib yuborayozdi Malika yugurgancha borib Mo''tabarning bag'riga o'zini otarkan. — Men roziman, rozi! Faqat siz yashab qoling! Sizsiz tamom bo'laman, tamom! Siz yashashingiz… Ha, yashashingiz kerak. O'rningizga mana shu jonimni qurbonlar qilay, opa!..

— O'zimning mehribonim! — Mo''tabar singlisiga jo'r bo'lib tovushsiz yig'lardi-yu, nuqul Malikaning yelkasini, quyuq, tim qora, uzun sochlarini silardi. — Ishon, bu ishingni men va sendan bo'lak hech kim bilmaydi. Sirlarimiz, qilmishlarimiz hov o'sha isqirtliklarga ko'milmoqchi bo'lgan xosiyatsiz xonada qoladi. Faqat o'zingni qo'lga ol. Mamanazarning qarshisida qaddingni tik tut! Boshingni baland ko'tarib kir. Toki, tan bersin! Ertaga vijdoni azoblanib, qilgan marazliklariga pushaymonlar yesin! Sen qo'rqma! Sirayam qo'rqma!..

Malika seskana-seskana o'zini idora etgan bo'ldi-da, ko'z yoshlarini shosha-pisha dastro'molchasiga artib Mo''tabarga ergashdi.

* * *

Malikaning armonlari, alam-u nafrati, dardlidan-da dardliroq tuyg'ulari qo'zg'olon ko'targan, momotaloq tanasi simillab og'rib, yosh joniga ozor berayotgan, osmondagi oy nomus azobiga toqat qila olmay xiralashgan mahal yarim tun edi.

Uning ko'z o'ngida hanuz mast-alast xirillagan, alaq-jalaq so'zlarni aytib talmovsiragan ko'yi yotgan Mamanazarning turqi, mushfiq opasining o'ksinib-o'ksinib yig'lashi, silkina-silkina o'rtanishi gavdalanar, dunyodan, kelajakdan, odamlardan, qadrdon qishlog'idan, barcha qarindosh-urug'laridan, orzularidan umidini uzgandi.

— Chiday olmay ketyapman, Xudoyim, — telbalarcha zorlanardi Malika hovli chetidagi ariq suviga hissiz tikilgan ko'yi qo'lidagi bir metrli arqonga hissiz boqib. — Jonim tanamga sig'mayapti! Ifloslikka boqqan ko'zlarim, ifloslikning tafti tekkan tanam oqib tushay deyapti! Nima qilay-y? Kimlarga dod dey? Dodimni kim eshitadi? Kim menga hamdard bo'ladi? Hech kim! Endi kimgayam kerakman?.. Mendan ikki sinf baland o'qigan Hamid nuqul orqamdan yurgani yurgan edi. Partamning ostiga sevgi maktublarini yashirib ketardi. Yuzma-yuz kelib qolsak, o'zicha mehr ko'rsata boshlardi. Bilardim, sezardim, u meni sevardi. Hozir ham sevadi. Eh, Hamid aka, ahmoq ekanman. Sizday sofdil, halol yigitga noz qilibman. Maktublaringizga javob yozish, pokiza sevgingizni hurmatlash o'rniga lab burib ketibman. Endi-chi? Hozir ahvolimni bir ko'rsangiz edi. Ha, sizam yuz burib ketardingiz. Chunki it tekkan qovun kimgayam kerak? Men xuddi shu ko'yga tushdim, Hamid aka! Bundan buyon basharti sizni qayta ko'rish nasib etsa, xafa bo'lmang, ranjimang, ters o'girilib ketishga, sizdan yiroqlashishga majburman. Sababini esa faqat o'zim-u, Olloh biladi. Men sizday olijanob oshiqning hayotini zaqqumga aylantirmoqchi emasman… Yo'q, yo'q, bu kecha umrimning so'nggi lahzalari yaqinlashayotganini payqadim. Qora mushuk tushimga kirib a'zoyi badanimni tirnadi. Bu ajal ekanini endi-endi angladim. Siz-chi, bevafo, nomard, kalandimog'ga yo'ymang meni! Shunday yo'l tutishga, qora qismat yetovida ajal ostonasi tomon yurishga mahkumman…

To'xta, nega unday deyapman? Opam-chi? Mamanazar-chi? U o'lganimdan xabar topib osoyish topsinmi? Buzuq ko'ngli ko'chasida bayram bo'lsinmi? Opajonimni bir umr masxaralab, kamsitib, ta'nalarga ko'mib o'tsinmi? Hecham! O'ladigan ahmoq yo'q, ablah Mamanazar! Xudo xohlasa, men mag'rurona ko'zingga boqaman. Yoningdan dadil va mardona qadam tashlab o'tib ketaman. Ana o'shanda ko'raman ahvolingni! Yetmish ikki tomiringni harakatga keltirmasam, tanangda gupirib turgan iflosdan iflos qoning o'rnida zahru zaqqumlar oqizdirmasam odam emasman! Mening nomusimni bulg'ab, sha'ming yondimi? «Bopladim, hukmimni o'tkazdim, bo'ysundirdim, bayram qildim, miriqdim» deb o'ylab do'ppingni osmonga otmoqchimisan? Otib bo'psan! Hali qilmishlaringga pushaymonlar yeysan! Malika hech qachon bosh egmaydi! Tushkunlik botqog'iga botmaydi! U yashaydi, yashayveradi! Garchi qalb bog'ini xazonlar qoplasa-da, hech bo'lmaganda tirik murda yanglig' umr kechiradi.

Yo'q, nimalar deyapti? Nomusini boy berib qanday yashaydi? Orzu-umidi toptalgan qalb bilan yashab bo'larkanmi?.. Dugonalari, yo qo'shnilar, og'ziga kuchi yetmas mahalla ayollari hammasidan xabar topgach, yuziga solsa, uni qo'li bilan ko'rsatsa, yer yorilib yerga kirib ketmaydimi? Shunday masxaralanishlar, xo'rlanishlar girdobida umr kechirmoqchimi hali? Hech qachon!..

— Men bu yorug' dunyoda ortiq yashab qola olmayman, — dedi o'ziga o'zi Malika asabiy lab tishlab. — Bu dunyosi men uchun zindondan farq qilmaydi. Zindonda esa… Zindonda Malika hech qachon yashab qolmaydi. Opa, kechiring, so'zimda tura olmadim. Vijdonim yo'l bermadi bunga. Sizga… Sabr bersin! Nimayam qilardingiz?!. Peshona-da!.. Men o'lgach, sirayam yig'lamang. Yig'lasangiz, arvohim chirqillaydi. Go'rimda tik turaman! Bezovtalik quliga aylanaman! Men… O'z havaslarim, bo'shdan-bo'sh ko'nglim qurboniga aylandim! Alvido!..

Tongga yaqin Malikaning jasadini og'ilxonadan topishdi.

Qo'lidagi arqonga o'zini osib qo'yibdi.
Категория: Hayotiy | Просмотров: 135 | Добавил: Admin | Теги: Murdalar, maliksai | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz