Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Jonginamning sovg'asi
19:09
Jonginamning sovg'asi
Ayris Aleksandra

TUSh

— Men cho'kyapman!

— Xavotir olma, jonginam, sen xavfsiz joydasan.

— Hozir jarlikka qulab ketsam kerak!

— Bunday bo'lishiga aslo yo'l qo'ymayman!

U shunday deya qo'limdan mahkam tutdi. Men uning nafasini, baquvvat qo'llarining taftini his qildim. Uyg'onganimda esa bari tushligini ang­ladim. Bag'rimga bosganim esa u sovg'a qilgan yagona yodgorlik — paxmoq ayiqcha ekan…

Kurt Xoman

AKS SADO

Yaqindagina to'yi bo'lib o'tgan, katta imperiyaning yagona egasi va misli ko'rilmagan boylik merosxo'ri juftiga zavq bilan xitob qildi:

— Sevgilim, qara, bu yerda nima deb yozib qo'yishibdi — «Sayyohlar uchun sirli dara. Qichqirib so'rang, aks-sado sizga javob qiladi».

Deyarli muallaq turgan panjaraga osilib qiz baqirdi:

— Rostdan ham u meni sevadimi?

— Sevadi! Sevadi! — javob qildi aks-sado. Bundan zavqlanib, u yana urinib ko'rdi:

— Baxtsizlik yaqinmi?

— Yaqin! Yaqin! — dedi ovoz va bo'lajak sug'urta puli egasi qo'lini yengilgina siltadi.

Marta Jara

SEHRGAR VA UNING YoRDAMChISI

Karmin Buyuk Nina unga xiyonat qilganiga hali ham ishongisi kelmasdi. Qizdan o'ch olish fikri uni ich-ichdan qamrab ola boshladi. Nina shirin ta'zim qilib, katta quti ichiga kirgach, uning final chiqishi boshlandi. Bu nomer dasturning gultoji edi. Karmin Buyuk sahnada ham chinakamiga buyuk edi — unga allaqanday sehrli kuch yordam berayotgandek edi. Oxirgi qilich quti ichiga suqilgach, uning ichidan qisqa qichqiriq eshitildi.

— Abrakadabra! — dedi Karmin.

Kurt Xoman

KO'R KO'RNI QORONG'UDA TOPADI

U rafiqasi yotgan to'shakka ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib, karavot oldiga tiz cho'kdi.

— Prissilla, azizam, u men uchun hech kim emas! Meni qachondir kechira olarmikansan?

Ayol qizarib ketdi.

— Ha, Jon. Sevish — bu kechirish demak.

— Sen farishtamsan!

Yigit rafiqasidan bo'sa olib, miltiqni yelkasiga ilgancha ko'chaga chiqib ketdi.

Prissilla shu zahotiyoq karavot tagiga qaradi.

— Chiqaqol, Maylz, — dedi u.

Elizabet Yula

GO'ZALLIK SALONI

— Bilasizlarmi, — deya so'zlarini davom ettirdi kreslodagi ayol, — uning xotini judayam ishonuvchan. Bill har doim kegli o'ynashga ketyapman, desa u ishonarkan!

Sartarosh ayol jilmaydi.

— Mening turmush o'rtog'im ham keglini yaxshi ko'radi. Hech qachon bormagan. Hozir esa deyarli butun vaqtini o'sha yerda o'tkazyapti…

U to'satdan so'zlashdan to'xtab, qotib qoldi.

So'ng uning yuzida achchiq tabassum uchqunlari porlay boshladi.

— Endi jingalak qilishga o'tamiz. Siz juda go'zal bo'lib ketishingizga aminman.

Fren Manna

SOG'LIG'INGIZ UChUN

Vinoni unga to'y kuni sovg'a qilishgandi. Ular uni ochmasdan alohida vaziyat uchun asrab qo'yishdi. Birinchi farzandlari tug'ildi, keyin ikkinchisi. Shisha burchakda chang bosib yotaverdi. Ayolni kattaroq lavozimga ko'tarishdi, er esa xotini quvonchini sherik bo'lishni istamadi.

Taqdir taqozosi bilan ular ajrashishgach, ular shishani ochmoqchi bo'ldilar. Axir bundan boshqa imkoniyat ham tug'ilmaydi-da. Vino achib, sirkaga o'xshab qolgandi…

Alan Mayer

OMADSIZ

Men butun tanamda kuchli og'riq bilan uyg'ondim. Ko'zimni ochganimda, karavotim yonida hamshira turardi.

— Mister Fujima, — dedi u, — omadingiz bor ekan, siz ikki kun avval Xirosimaga tashlangan atom bombasidan omon qoldingiz. Endi gospitaldasiz, xavotirlanishingizga asos yo'q.

Men zo'rg'a savol berdim:

— Qaerdaman?

— Nagasakida, — dedi hamshira.

Alan Roberts

BENUQSON MANTIQ

Yigit: «Qiz biladi» deb o'yladi. Qiz esa: «Yigit bilmaydi» deb o'yladi.

Qiz: «Harakatlarimdan meni tushunadi» deb o'yladi. U ham qizning o'zi bilib olishini istadi.

Ular shahardagi kafeda uchrashishga kelishib olishdi.

Yigit qiz qachon kelish vaqtini biladi deb ishondi.

Qiz esa qaerda uchrashishlarini yigit ichki sezgisi bilan sezadi deb ishondi.

Ular uchrashmadilar.

Ikkisi ham taqdirim emas ekan deb xulosa chiqarishdi…

Aleksandr Neverov

MUHABBAT

Bahor kelishi bilan oq, sariq, qizil va binafsharang gullar ochildi. Ular uzra yosh va quvnoq kapalaklar uchib yurar, biridan ikkinchisiga qo'nib, qisqa hayotning go'zalligidan zavqlanardi. Bir kuni jozibali kapalak bo'tako'zga qo'ndi va gul unga oshiqi beqaror bo'lib qoldi.

— Azizim, uchib ketma, iltimos! — dedi yolvorib bo'tako'z.

— Qo'yvor, — dedi kapalak, — anavi na'matakka qo'ngim kelyapti.

— Yo'q, menikisan, umrimning oxirigacha seni sevaman!

Bo'tako'zning muhabbati bag'oyat kuchli edi. Kapalak esa gulga hijron azobi ozor yetkazmasin uchun uchib ketmadi. Biroq ko'p o'tmay o'zi zerikishdan vafot etdi.
Категория: Romantik | Просмотров: 163 | Добавил: Admin | Теги: sovg'asi, Jonginamning | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz