Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Erim uch bolali ayolga ilakishib, men bilan ajrashmoqchi
19:36
Erim uch bolali ayolga ilakishib, men bilan ajrashmoqchi
— Men o'z hayotini har kimga so'zlab yuradigan ayollar toifasidan emasman. Biroq bugun shuncha yillik sabr kosam to'ldi. Kimgadir yorilmasam bo'lmaydi. Shuning uchun ham sevimli gazetamga murojaat qilishga qaror qildim. Toki, hech bir ayol men qilgan xatoni qilmasin.

Bugun turmushimizga o'n yil bo'ldi. Biroq bu kunni biz ba'zi bir er-xotinlarday xursand-chilik bilan nishonlayotganimiz yo'q. Chunki bu kun erimning esidan chiqib ketganiga ancha bo'ldi. Bir vaqtlar, ya'ni turmushimizning boshida meni sevganini ham unutgan. Garchi ota-onamizning rozi-rizoligi bilan oila qurgan bo'lsak-da, bir-birimizni sevib turmush qurganlardan ortiqroq qadrlardik. Ayniqsa, xo'jayinim meni yeru ko'kka ishonmasdi. Shunday munosabat hozir qanday qilib butkul aksiga aylanganiga tushunolmayman. Kim aybdor ekan, tag'in o'tmishga nazar solaman. Axir hamma-hammasi yaxshi edi. To birinchi farzandimiz nobud bo'lgunga qadar. Bo'yimda bo'lganida Suhrob akam o'zida yo'q xursand edi. Shunday aziz edimki, asti qo'yaverasiz. Biroq bolajonimga yashab ketish baxti nasib qilmadi. Uning nobud bo'lgani ikkimizga ham qattiq ta'sir qildi. Ayniqsa, men juda siqildim. Shifokorlar o'zimga qarashni va homiladorlikdan saqlanishni tayinlashdi. Biroq qaynonam buni tushunmasdi. «Ketsin, endi tug'maydi. Umringni o'tkazasan!» deb o'g'lini koyirdi. O'g'li javobimni bermagani uchun uning oriyatiga tegadigan so'zlarni aytardi. Bir ko'nglim, ket, derdi, ammo umr yo'ldoshimni ko'zim qiymasdi. Suhrob akamning menga munosabati esa kundan kunga sovuqlashib borardi. U avvalgiday meni qadrlamasdi. Umr yo'ldoshimning munosabati o'zgarishini istaganim uchun shifokorlarning gapiga qaramay homilador bo'ldim, biroq salomatligim yaxshi emasdi. Men tez-tez kasal bo'lganim uchun bolam ham nimjon tug'ildi. Qaynonam o'g'liga: «Bu xotining kasal. Kasal xotinni boshingga urasanmi? Senga kimlar tegmaydi. Kasal xotin boqishdan boshing chiqmaydi. Ajrash!» degani-degan edi. Endi butun oila menga qarshi. Qaynonamga qo'shilib qaynopa-qaynsingillar, ovsinlarimu qaynog'alarim ham mendan ayb izlaydigan, izimdan erimga yomonlaydigan odat chiqarishdi. Oramizda katta jarlik paydo bo'ldi. Endi umr yo'ldoshim menga sira yaxshi gapirmasdi. Biror ishim o'xshamasa yo sal tobim bo'lmay qolsa, dunyodagi eng yomon so'zlar bilan haqoratlardi. Men esa tag'in o'sha, birga baxtli yashagan kunlarimiz ortga qaytishiga ishonardim va umid qilardim. Bu orada Suhrob akamning ishi Toshkentga ko'chdi. U meni ham katta shaharga olib keldi. Bir-ikki yil ijarada yashadik. Ikkimiz ham ishlardik. O'g'limiz esa bog'chaga borardi. Turmushimiz oydekkina edi. Ancha-muncha pul ham yig'ib oldik. Ota-onam turmushim o'nglanganidan quvonib, Toshkentdan uy olishimizga ko'maklashdi. Biz yangi uyga ko'chib kirishimiz bilan hammasi o'zgardi. Qishloqdan kim kelsa, biznikida turardi. Shirin munosabatimizga tag'in darz keta boshladi. Qaynonam har kelganida janjal qo'zg'ab ketadigan bo'ldi. Qaynsinglim biznikiga kelib tilla uzugini yo'qotgan ekan, meni o'g'riga chiqardi. Qaynopalarim mehmonga kelganida bolasi kasal bo'lgandi, bunga ham men sababchi bo'ldim. Xullas, mana shunday ayblar mening ayovsiz kaltaklanishimga bir bahona edi. Dunyoga kelganimga pushaymonlar bo'lib ketardim. Bu orada erim telefonda qizlar bilan gaplashadigan odat chiqardi. Menga deyarli e'tibor bermas, asosiysi, meni kaltaklamay qo'ydi. Men shunisidan quvonib, undan ortiqcha hech narsa so'ramasdim. Bekor qilgan ekanman, u bo'ydoq yigitlarday yashaydigan bo'ldi. Endi ro'zg'orga deyarli hech narsa olib kelmasdi. Biz och o'tirsak, unga, baribir, edi. Bu orada tag'in homilador bo'lib qoldim. Ikkinchi farzandimning tug'ilishi uning munosabatini o'zgartirarmikin, deb umid qilgandim. Yo'q, battar bo'ldi. Qizalog'im ham nimjon tug'ildi. Uning ham akasiga o'xshab tez-tez tobi qochib qolardi. Erim endi ochiqchasiga: «Uydan ket! Sen faqat kasal bola tug'asan! Sen ham, kasal bolang ham kerak emas!» derdi. Men bolalarimni olib, tag'in qishloqqa, ota-onamning uyiga keldim. Bolalarimning ikkisi ham ancha sog'ayib qoldi. Otam uchalamizni Toshkentga olib keldi. Kuyovi bilan gaplashdi. U qo'lini ko'ksiga qo'yib, hammasi yaxshi bo'lishini ta'kidlardi. Dadam bechora uydan ko'ngli to'q bo'lib chiqib ketdi. O'zim ham erimda oz bo'lsa-da vijdon uyg'onishiga ishonardim. Biroq qaerda, chuchvarani xom sanagan ekanman. U otam ketishi bilan meni ayovsiz kaltakladi. Qaytganim uchun tug'ilganimga pushaymon qilishini aytdi. Shu-shu, hammasi eski tos, eski hammomligicha qoldi. U qizlar bilan gaplashar, menga esa e'tibor qilmasdi. Uyga kech kirib kelardi. Qaerdaligini so'rasam, «Nima farqi bor senga, o'zimni xursand qilib kelyapman-ku!» derdi. Men ham»Ha mayli, o'zini xursand qilayotgan bo'lsa, bilganini qilsin», derdim. Lekin xato qilgan ekanman. U ko'chaga chiqib ketayotganida yo'lini to'sishim kerak ekan. «Qizlar bilan gaplashsa ham, ularni tashlab ketyapti-ku», deb ko'nglim to'q yuraveribman.

Qizalog'imni bog'chaga berib, o'zim ishga chiqdim. Ro'zg'orga erimdan bir so'm so'ramasdim. U ham pul bermasdi. Yaqinda esa umr yo'ldoshim ajrashamanga tushib qoldi. So'rab-surishtirsam, yoshi kattaroq, uch bolali, boshi ochiq bir xotinga ilashib qolibdi. O'sha xotinning oldiga bordim. U: «Biz faqat do'stmiz, oramizda hech qanday munosabat yo'q», deb tan olmadi. Men o'sha ayolning so'zlariga ishondim. Biroq erim kundan kunga vahshiyga aylanib borardi. O'sha ayolnikiga borib, kechgacha ichib o'tiradi. Uning bolalariga g'amxo'rlik qiladi, o'z bolalari haqida esa o'ylamaydi. Tug'ilgan kunimda: «Tabriklayman, xotin!» deb aytishga yaramagan odam o'sha ayolning tug'ilgan kuniga qilgan sovg'asini ko'rib, og'zim ochildi. Shu ayolga ilashganidan buyon meni tez-tez kaltaklaydi. Bolalar otasining ichib kelib, meni urishidan bezillaydigan bo'lishdi. Otam ularning ruhiyatiga bizning tortishuvlarimiz yomon ta'sir qilayotganini, ikkisi ham qo'rqoq bo'lib o'sayotganini ko'rib, nabiralarini qishloqqa olib ketishini aytganida erimning bir tuki qilt etmadi. Uning yo'lini to'smadi ham. Men turmushimni saqlab qolish uchun hamma ishni qildim. Erimga yaxshi so'zladim ham, e'tiborsiz bo'ldim ham, o'zimga qarab, unga yoqishga harakat ham qilib ko'rdim, o'sha ayol bilan nikoh o'qitishiga ham rozi bo'ldim, biroq hech narsa kor qilmadi. U meni xo'rlagani-xo'rlagan. Turmushimni qanday saqlab qolishga hayronman. Vaqtida erim o'zini-o'zi xursand qilib yuribdi-ku, deb loqayd bo'lganimning jabrini tortyapman. Nima qilsam erimning munosabati o'zgaradi? Turmushimni qanday saqlab qolsam bo'ladi?

ShARIFA

Iqbol ADILOVA, psixolog:

— Rahmatli onam: «Bolam, erkak zotining ayolidan ko'ngli qolsa, o'nta bola ham saqlab qololmaydi», derdi. Chindan ham shunday, turmush o'rtog'ingiz bilan orangizda katta jarlik bor. Bunga atrofdagilar ham, o'zingiz ham qisman aybdorsiz. Lekin bunday vaziyatda nima qilsam ekan, deb qo'l qovushtirib o'tirib bo'lmaydi. Avval e'tiborsizlik qilgan bo'lsangiz, endi eringizga e'tiborni kuchaytiring. Uch bolali ayol sizdan katta bo'lsa ham eringizning ko'nglini olishga erishibdi-ku. Nahot bu sizning qo'lingizdan kelmaydi? O'zingizga bu qadar past baho berib, ishonchingizdan ayrilmang. Agar istasangiz, uni o'zingizga qarata olasiz. Asosiysi, ishonch! Siz o'sha ayoldan kam emassiz. Aksincha, yosh va go'zalsiz. Tobingiz bo'lmasa ham, o'zingizni bardam tuting. O'zingizga oro berib, chiroyli kiyinib yuring. Eringiz kech kelsa ham kulib kutib oling. Uni dunyoda sizdan g'amxo'rroq ayol yo'qligiga ishontiring. Shunda hammasi yaxshi bo'ladi. Bolalarni uyga qaytaring. Otalik mas'uliyati ham erkak kishini xato qilishdan asraydi.

Sabr har bir ishning kaliti. Sabr qilgan odam hammasiga erishadi. Bir yilning yozu qishlari bo'lganidek, turmushda ham yaxshi-yomon kunlar bo'ladi. Yaxshi kunlarda fikr, yomon kunlarda sabr qilib, turmushimizni arab qolaylik, azizlar!
Категория: Hayotiy | Просмотров: 93 | Добавил: Admin | Теги: ajrashmoqchi, ayolga, uch, Men, Bilan, Erim, bolali, ilakishib | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz