<

Dugonamning nayrangi

— Men bu ayol bilan ishxona hovlisida tasodifan tanishib qoldim. Doimo ko'zoynakda yuradigan qirq besh yoshlardagi baland bo'yli, oq-sariqdan kelgan bu ayolning g'alati kiyinishi, o'ta mulozamatliligi, doimo jilmayib turishi har qanday odamda unga nisbatan qiziqish uyg'otar edi. Mening u bilan do'stlashib ketishimga ham ayolning g'ayritabiiy fe'li yoki o'ta mulozamatliligi sabab bo'lgandir, ehtimol…

Dugonamning ismi jismiga monand — Mubhama (nomi o'zgartirildi) edi. Mubhama bilan ancha vaqtdan buyon muloqotda bo'lsam-da, dugonamning menga na ichki dunyosi va na maqsadi yashirin edi.

Dugonam takabbur, gapdon, san'at shaydosi bo'lib, uch-to'rtta tilda so'zlasha olardi. Aktyorlik mahoratini-ku maqtamasam bo'lmaydi. Xonalarimiz yonma-yonligi uchun ishxonada tez-tez birga tushlik qilib, dardlashib ham turardik. Mubhama o'zi, oilasi haqida gapirsa-da, sir bermas, mening «men»im haqida bilib olayotganini sezmasdim ham. Chunki men bir qop yong'oq edim. Axiyri Mubhama mening sodda tomonlarimni bilib, vujudimga kirib olganini sezmay qoldim. Unga shunday o'rganib, ishonib qolgandimki, endi uning maslahatisiz qaror chiqarmasdim.

Hatto men ahmoq yillar mobaynida mashaqqat bilan uy sotib olish uchun yiqqan pullarimni ham beixtiyor dugonamga topshirganimni bilmay qoldim.

Uning «Dugonajon, shu paytgacha dilimga yaqin insonni topa olmagandim. Endi sendek sirlashib, dardlashadigan do'stim bor. Seni bir kun ko'rmasam, sog'inib qolaman», deya qilgan tilyog'lamaliklariga ishonibman.

Bir kuni Mubhama biznikiga mehmonga keldi. Bolalarim bilan quyuq salomlashdi, suhbatlashdi. Men esa dasturxon tuzash bilan ovoraman. Gaplashib o'tirdik, tamaddi qildik. Anchadan so'ng uni kuzatib qaytarkanman, to'ng'ich o'g'lim «Ona, dugonangizning so'zlari xuddi yasamaga o'xshaydi. Ko'rinishi, hatto kulgisi ham yasamadek. Siz esa juda soddasiz. Ishqilib, ehtiyot bo'ling, negadir dugonangiz menga yoqmadi», dedi.

«Hammadan ayb izlayverma. Shu odating yomon-da. Mubhama ochiqko'ngil ayol. Menga yomonlik qilayotgani yo'q-ku», deya javob berdim o'g'limga.

Bir kuni Mubhama «Dugona, siz uchun mahallamdan bir kampirning uyini arzon-garovga gaplashib, 200 dollar ham berib qo'ydim. Yiqqan pullaringizga uyini olib bersam, ikkovimiz bordi-keldi qilib yurardik», deb qoldi.

Men quvonganimdan uni quchoqlab oldim. «Pullaringizni avval Turkiyaga borib, tijoratga sarf qilamiz va ko'paytirib, so'ng uy olamiz. Men garovga bergan pulni keyinroq olaveraman», dedi Mubhama. Dugonamning aytishicha, har yili Turkiyaga tijorat maqsadida borib, ayollarning kiyim-kechaklarini olib kelib sotar va anchagina daromad qilar ekan. Pul jamg'arganimni bilgach meni ham Istanbulga borishga qiziqtirib, hatto men to'g'rimda u yerdagi do'stiga aytganini ta'kidlardi. Mubhama turk xalqining hayoti, dengiz go'zalligi haqida so'zlab, mening u yurtga qiziqishimga olov purkardi.

Bir kuni xorijdagi do'stining ijodimga qiziqayotgani, agar borsam, u yerda kitobimni chop ettirishda yordamlashmoqchi ekanini aytdi. Agar kitobim bosilib, katta miqdorda gonorar olsam, kelib hovli sotib olishim mumkinligini aytganida Mubhamaning gapiga chippa-chin ishondim.

Bir kuni Mubhama menga bir turk yigitining rasmini ko'rsatib:

— Mana, do'stim rasmini yuboribdi. Agar Turkiyaga borsak, bizni Istanbul, Anqara, Antaliya shaharlariga aylantirib, tomosha qildirmoqchi. Tayyorgarlik ko'ravering! Men bilan birga ketasiz! — dedi.

— Yo'g'-e! O'n yildan buyon yiqqan pulimni ishlatib qo'ysam, uysiz qolaman-ku!

— Namuncha qo'rqasiz? U yerdan ikki baravar qoplaydigan narsalar olamiz. Turkiyada qora mayizni juda qimmatga olishadi. Men milliy so'zana va kashtalarimizdan olib qo'yganman. U yerda oladigan mijozlarim bor. Siz esa qora mayiz sotasiz.

— Men sotuvchilikni bilmasam, qanday sotaman?

— Yoningizda men borman, nimadan qo'rqasiz?

— Bo'pti, borganim bo'lsin.

Mubhamaning gapidan quvonib, safarga tayyorgarlik ko'ra boshladim. Dugonam tanishlarining oldiga sovg'asiz bormasligini, men ham sovg'a uchun xarajatlarga pul berishimni so'radi. Aytgan pulini berdim. Ikkimiz pulimdan 100 kilo qora mayiz ham xarid qildik. Jo'nash oldidan pullarimni yo'qotib qo'ymaslik uchun Mubhamaga berdim. Samolyotga chipta oldik. Tong saharda yuklarni qutilarga joylab, aeroportga jo'nadik. Samolyotga chiqish oldidan ortiqcha har bir kilo yuk uchun haq to'lanar ekan. Ichim zil ketib, ortiqcha har bir kilo yukim uchun besh dollardan pul to'ladim.

Samolyot havoga ko'tarildi. Birinchi uchishim emasmi, juda hayajondaman, yuragimda qo'rquv, xavotir…

Xayolimga har narsa kelar, negadir ketayotganimga pushaymon edim. Bir necha soatdan so'ng styuardessa Istanbulga qo'nayotganimizni e'lon qildi. Yuklarni postdan juda qiyinchilik bilan olib o'tdik. Olgan mayizlarim uchun ancha to'xtatib ham turishdi. Ayniqsa, ularni taksiga joylaguncha qora terga botdim. Biz Istanbul markazidagi arzon mehmonxonalardan biriga joylashdik. Erkaklar ham ko'tarolmaydigan yuklarni ortmoqlab, rosa charchagan ekanman, toshdek qotib uxlab qolibman. Ertalab tursam, hammayoq charog'on.

Shahar dengiz bo'yida joylashgani uchun juda gavjum va go'zal edi. Ammo havosi nam va dim bo'lib, namlikdan negadir o'pkamga havo yetishmasdi.

Nonushta qilganimizdan so'ng yuklarni aravaga ortib, «Misr bozori» qaydasan?» deya aravakashning ortidan jo'nadik. Tog'li hudud tomon emaklab, tinka-madorim quridi.

Jahon bozoriga dunyoning har tomonidan tijoratchilar kelarkan. Bu bozor juda katta bo'lib, odamlarning ko'pligidan yurib bo'lmasdi. Qiynala-qiynala bozor ichkarisidan Mubhamaning tanishlarini topdik. Ular narsalarimizni sotish uchun bizga kichkina joy berishdi. Ikki-uch kundan buyon bozordamiz, qani birov «Mayiz necha pul?» deb so'rasa. Dugonam ikki kunda narsalarini sotdi-da, tanishlarini izlab ketdi. Men esa bozorda qoldim.

Xayriyatki, yonimda o'zbek tilini biladiganlar mayizni sotishimga yordamlashdi. O'n kun deganda mayizni ikki baravar arzonga sotib, dahmaza yukdan qutulganimga xursand edim. Dugonam tanishlarining oldiga ketar, biz faqat kechga mehmonxonada ko'rishardik.

Bir kuni Mubhamaga meni nashriyotga olib borishini, do'sti kitobimni chiqarishga yordam bermoqchiligini eslatdim. Va'dasiga binoan do'sti bilan uchrashtirishni so'radim. Mubhama esa uchrashuvni paysalga solardi. Yigirma kunlik sayohatning yarmi o'tganda Mubhamaning tanishi keldi. U rasmdagi yigit edi. Dugonam meni aldagan ekan, tanishi men haqimda bilmas ham emish. Shunda meni aldab olib kelganini tushundim. Ehson ismli yigit bizni uch kun mashinasida shahar bo'ylab aylantirdi. Paroxodda dengizga sayr ham qildik, hatto bir muddat qimmat mehmonxonada yashadik. Ularning munosabatidan avvaldan yaqinliklarini bildim. Kunlarning birida Mubhama bir lahzaga tashqariga chiqqanida Ehson menga shilqimlik qildi. Men bundan qattiq g'azablandim. Shundan so'ng yigitning menga munosabati teskarisiga o'zgardi-qoldi. U Anqaraga qaytdi. Ehson qandaydir qurilish ob'yektiga rahbar bo'lib, ikki kundan so'ng Ehson dugonamni yoniga taklif etdi. Men esa dugonam bilan yolg'on gapirgani uchun urishib qoldim.

Ammo ertasiga dugonam o'zi bilan Anqaraga borishimni so'radi. Men o'zim mehmonxonada qolishdan qo'rqib, Mubhamaga ergashdim. Avtobus bekatiga borgach, yo'l chiptasining qimmatligini ko'rib, borishdan voz kechdim.

«Nima qilsang, qilaver, men ketdim», degancha jo'nab ketdi Mubhama. Men yig'lagancha mehmonxonaga qaytdim. Mubhama besh-olti kun Anqarada qolib ketdi. Yolg'iz qolgan kunlarim men uchun yildek edi. Ikki-uch kun xonadan chiqmay, uyquga zo'r berdim va ovqatlanmadim ham. Bir kuni ertalab xonamga o'ttiz yoshlardagi ayol keldi.

— Ikki-uch kun shu yerda tunayman. Xonamizda ustalar ishlayapti, — dedi u.

— Bemalol. Qaerliksiz, nima ish bilan keldingiz? — deb so'radim.

— Eh, siz so'ramang, men aytmay, opa. Men samarqandlikman. Bir dugonam bilan bu yerga kelganimizga ikki yil bo'ldi. Endi o'z uyimga qayta olmayapman. Dugonam esa bir boyvachchaga tegib olgan. Meni deport qilishgan. Katta jarimam bor, to'lamasam qo'yib yuborishmaydi. Buning ustiga, buyragimni shamollatib, it azobini tortyapman.

— Doktorga ko'rinsangiz bo'lmaydimi?

— Qayoqda. Bu yerda shifokor xizmat haqi juda baland. Hatto dorixonadan dorilarni olishga kuchim yetmayapti-yu.

— Unda uyingizga qayting!

— Qarzlarimdan qutulay, albatta, ketaman. Uyda qari onamga ikki qizimni tashlab kelganman. Bilsangiz, ularni sog'inib, har kuni yig'layman. O'zingiz nima ish bilan kelgansiz?

— Biz dugonam bilan sayohat uchun kelgandik.

— Biz yurtimizni sog'inib ketolmayapmiz-u, sizlar yurtdan bu yoqqa kelibsizlar. O'rningizda bo'lsam, aslo bu yerlarga kelmasdim. O'z yurtingdan aziz narsa yo'q ekan.

— Biz ham sayohat, ham tijorat uchun kelgandik.

— Ha, ikki kun oldin sizlarga ko'zim tushgandi. Dugonangizni taniyman. Burungi yili ham kelgandi, suhbatlashgandik. Negadir meni tanimadi. Rosa gapdon ayol. Bizga ko'p va'da berib, aldab ketgan…

— Ha, u bu yerga kelgach, men bilan ham muomalasi o'zgardi. Men o'zimcha «Pulim borligi uchun meni bu yerga olib keldimikin?» degan xayoldaman. Bilmadim, meni begona joyda yolg'iz tashlab, tanishining oldiga ketgani uchun juda xafaman. Ammo kutishdan boshqa choram ham yo'q.

— Juda sodda ekansiz. Ishqilib, unga aldanib qolmang. Ha-a, shaharga aslo yolg'iz chiqmang! Bu yerning erkaklari begonaligingizni sezishsa, darrov ortingizdan ergashadi. Biz o'rganib qolganmiz. Endi pushaymon qilganimiz bilan kech. Men ham aldanib, musofir yurtda ikki yilki sarsonman. Har kuni onam va qizlarimni tushimda ko'raman. Ona yurtning sog'inchi yuragimni pora qiladi. Sarson-sargardonlik, aldov, zo'rlash kabi qabihliklarga duch keldim. Boy xonadonlarda xizmatchi, qariyalarni parvarishlash kabi ishlarni bajardim. O'z yurtingning qadrini bilmay o'zgalardan qadr kutib bo'lmas ekan. Ayniqsa, har bir narsa pul bilan o'lchanadigan bu yurtda xo'rlanishlardan ko'zim qotib ketdi. Endi bolalarim va onamni ko'rish istagidan o'zga maqsadim qolmadi. Ammo qachon jarimani to'lab, yurtimga qaytaman, buni Alloh biladi, — deya ko'zlarida yosh qalqdi ayolning.

— Unday demang. Hayotning sinovlari ko'p. Har kimning taqdiri Alloh tomonidan peshonasiga yozilarkan. Xatolaringizni anglabsiz, nasib etsa, onangiz va bolalaringiz bag'riga qaytasiz. Qolgan hayotni mehnat qilib, gunohlardan forig' bo'lish yo'liga bag'ishlang. Vatanga qaytsangiz, ko'rmagandek bo'lib ketasiz, noumid bo'lmang! Mana, men ham dugonamning shirin so'zlariga aldanib, necha yillab mehnat qilib topgan pullarimdan ayrilib o'tiribman. Undan ko'ra, issiq uyimda, bolalarimning bag'rida o'tirmaymanmi. Bunday bo'lishini kim bilibdi?

— Opa, agar yurtimga qaytish nasib etsa, hech qachon o'zga yurt nonini havas qilmayman. Astoydil mehnat qilaman, bolalarimga, uy-joyimga egalik qilaman.

Irodaga (ayolning ismi shunday edi) taskin berib, uxlagani yotdim. Tush ko'ribman. Tushimda Mubhama Anqaradan kelib, Ehsonning «Jip»ida Istanbulni aylanib yurganmish. Men ularning ortidan «To'xtanglar!» deya yugurarmishman. Ular esa meni mazax qilgancha mendan uzoqlashib borisharmish. Ertalab ko'rgan tushimdan ta'bim xira bo'lib uyg'ondim. «Ishqilib, dugonam meni begona yurtlarda tashlab ketmasin-da! Xudo asrasin, unda jigarbandimlarimning ahvoli nima kechadi?!» deya xavotirga tushdim. Xayollarimdan o'zim qo'rqib, yig'lay boshladim. Xudodan dugonamga insof tiladim. O'sha kuni aksiga olib,
Mubhama kelmadi. Siqilganimdan «Nima bo'lsa bo'lar, meni bo'ri yermidi?» degan o'y bilan shahar aylangani chiqdim. Oqsaroy mavzesidan o'tayotib, mehmonxona yonida turgan tanish «Jip»ga ko'zim tushdi. Yuragim dukullay boshladi. Atrofga alangladim. Dugonam va Ehsonning shu yerdaligini anglab, mehmonxonaga kirdim. Nazoratchidan so'rab, ularni ikki kundan buyon shu yerda yashayotganligini bilgach, yig'lab yubordim va afsuslangancha mehmonxonaga qaytdim.

Xo'rligim keldi. Nahotki dugonam pullarimdan foydalanib, menga nisbatan shunday vijdonsizlik qilsa?

Shumi do'stlikka javob, shumi sadoqat? Demak, u menga soxta do'st tutinib, yasama mulozamat ko'rsatgan ekan-da. Men ahmoq unga aldanib o'tiribman-a?!

Ketadigan kunimiz jo'nashga ikki soat qolganda hech nima bo'lmagandek, iljaygancha xonaga Mubhama kirib keldi.

— Dugon, yaxshi o'tiribsizmi? Biz hozirgina Anqaradan keldik. Qarindoshlari qo'yishmadi, rosa mehmon qilishdi. Hoynahoy, tushlik qilmagandirsiz, deb sendvich olib keldim. Issiqqina, yeb oling!

Men ovqat yemasligimni aytdim. Uning nega yolg'on gapirayotgani, kecha mehmonxona oldida mashinalarini ko'rganimni aytib, dodlab yig'ladim. Dugonam biroz jim turgach, sensirab baqira boshladi:

— Ha, sen meni kim deb o'ylaganding?! Men undan mehr topdim, yaxshilik topdim. Shu paytgacha erim bera olmagan mehrni berdi u. Ketgan pullaringga achinyapsanmi? Unda kelma edi. Sen bilan borganimda gaplashaman. Ana, xohlasang, katta ko'cha, ketaver o'zing. Mening orqamdan xorijni ko'rib, rahmat deyish o'rniga yuzimga sapchiyapsanmi? Sen oppoq yuribsanmi? Meni kim deb o'ylayapsan? Agar borganimizdan so'ng men haqimda birovga bir nima desang, ustingdan shunday mag'zava ag'daramanki, boshingni ko'tarib yura olmaysan. Sen bilan adi-badi aytishish uchun kelganim yo'q. Odamgarchilik yuzasidan kelgandim. Endi o'zing ketaver, aeroportda uchrashamiz.

Mubhamaning shang'illashidan qotib qolgandim. U qo'ynimga kirib olgan ilon, undan har narsani kutish mumkin edi. Men na til bilardim va na biror kishini tanirdim. Xo'rligim kelsa-da, ilojsiz xushomadga o'tdim.

— Bir og'iz qo'ng'iroq qilib qo'yish shuncha qiyinmidi? Nahotki do'stga munosabatingiz shunday bo'lsa? Sizdan kutmagandim. Do'stlik pul bilan o'lchanmaydi-ku. Do'st bo'lsangiz, yonimda turing!

— Qolganini borganda hal qilamiz. Mana, mendagi pulingning qolgani. Meni kutib qolishdi, — deya Mubhama arzimagan pulni qo'limga tutqazdi. Shu onda sayohatni havas qilib yo'lga chiqqan kunimga, dugonamga va nodonligimga la'natlar o'qidim.

Mehmonxonada turganimda ishlagani kelgan toshkentlik shifokor ayol — Mahfuza opa bilan tanishib qolgandim. U menga salomatligim borasida maslahatlar bergandi. Mahfuza opa bilan ikki kun bir xonada yashadik. U mendan bir nechta tibbiy uskunalar va qiziga atalgan sovg'alarni Toshkentga yetkazishimni so'radi. Mahfuza opa omonatini katta yelim xaltaga solib berdi.

Jo'nash vaqti yaqinlashar, men xavotirda edim. Dugonamga qo'ng'iroq qilsam, ikki-uch chaqiriqdan so'ng go'shakni ko'tarib, «Kelavering, aeroportda uchrashamiz», dedi. Qo'limdagi omonat va bolalarimga olgan sovg'a-salom bilan aeroportga yo'l oldim. Negadir borguncha xuddi qolib ketadigandek, yuragimni qo'rquv va hayajon qamrab olgandi. Dugonamni yana ancha kutdim va «Endi nima qilaman?» deya diqqatim oshib turgandi:

— Qaerlarda yuribsiz? Ichkariga kirib, jomadoningizni topshiring, men topshirib bo'ldim. Samolyotning jo'nashiga o'n daqiqa qoldi, haliyam o'tiribsizmi? — deya nazoratdan o'tish uchun keta boshladi Mubhama.

Dugonamning gaplarini eshitib, eshik tomon otildim. U istehzo bilan «Sizni kuta-kuta kechikkaningizdan so'ng o'zimnikini topshirdim. Mana, chipta va pasportingiz, sizni samolyotda kutaman», degancha nazoratdan o'tdi-ketdi. Gapim og'zimda qoldi. Yig'lay desam, yig'lay olmayman. Eng yomoni, til bilmayman. Shunda sarosimada uning ortidan yugurgancha yuklarimni ko'tarishda ko'maklashishini so'radim. Mubhama ortiga burilib, zaharxandalik bilan:

— Qanday olgan bo'lsangiz, shunday ko'tarasiz, dugona. Men ham qiynaldim, — dedi.

Shunda men iltijo bilan:

— Hech qursa, sumkacham va mana bu paketni olib keting, iltimos, — deya yalindim.

Mubhama qoshini kergancha:

— Mayli, do'sting uchun zahar yut, deyishgan. Bera qoling, — deya bir siltab, qo'limdan omonat paket va sumkachamni oldi. Men jomadonimni topshirish uchun yugurdim. O'shanda qolib ketishimni yuragim sezgan ekan.

Men yukni topshirishga borganimda, turk tilida jomadonlarni qabul qilish tugagani e'lon qilindi. Birpasda tanam muzga aylanib, qo'rquvdan badanimni sovuq ter bosdi. Til bilmasligim pand berdi. Qancha yalinmay, yukni olishmadi.

Uchish e'lon qilindi. Men dodlab yig'lagancha aeroportda qoldim. Odamlar ingliz va turk tilida chug'urlashar, ohu zorim esa hech kimni qiziqtirmasdi. Begona yurtda til-zabonsiz, umidsiz qolgandim. Meni qo'rquv va dahshat qamrab olgan, jigarlarimni ko'ra olmaslik titrog'i ila Mubhamani qarg'ardim. Biror kimsa topilmasdiki, dardimga sherik bo'lsa.

Shu payt ko'kragiga aeroport xodimlari belgisini taqqan kishidan chala-chulpa turk tilida yordam so'radim. U gapimni tinglab, o'z xonasiga boshladi va so'zlarimni tinglagach, kutishimni aytib, pasport va chiptamni olib ketdi. Tezda qaytib, samolyotdan qolib ketganim uchun keyingi reysda uchishim mumkinligini, ammo o'rnim bo'sh ketgani uchun ellik dollar jarima to'lashimni aytdi. Men pulim yo'qligini, dugonam meni shu holda tashlab ketganini tushuntirdim. Ammo u bosh chayqagancha o'z ishiga sho'ng'idi. Haligi kishi oradan ancha vaqt o'tgach bir stakan qahfa va sedvinchni qo'limga tutqazdi. Yonimda bir qariya ham ovqatlanardi. U yig'idan shishib ketgan ko'zlarimga qarab, turkchalab «Ne o'ldi?» deb so'radi. Men amallab bo'lib o'tgan hodisani aytib berdim. Qariya indamay ovqatini yedi. So'ng cho'ntagini kavlab, menga pul uzatdi.

Rad etsam, u pulni yana oldimga surdi. Begona bo'lsa-da, rahmdil qariyaga chin qalbdan minnatdorchilik bildirdim. Menga g'amxo'rlik qilgan aeroport xodimi esa ikki soatdan so'ng pasportimning ichiga ellik dollar solib, tutqazdi va to'rt soatdan so'ng Istanbul — Toshkent yo'nalishi bo'yicha samolyotga chiqishimni tayinladi. Unga minnatdorchilik bildirishga ojiz edim. U menga besh nafar qizi borligini, bir marta O'zbekistonda bo'lib, xalqimizning mehmondo'stligi yoqib qolgani, shuning uchun menga yordam berayotganini aytdi va xayrlashdi. Men xorijda ham oqibatli, saxovatli insonlar borligidan to'lqinlanib yig'lardim.

Yukimni topshirgach, uchishimga ishonchim ortib, yengil tortdim. Samolyotga chiqqach, bolalarimni yana bag'rimga bosish baxtiga muyassar bo'lishimga to'liq ishondim. Yo'l davomida do'stning xiyonati, tortgan iztiroblarimni o'ylab, ko'zimdan tinmay yosh dumalar, dugonamning ko'rsatgan nayranglarini Allohga topshirib, pichirlardim. Uyga kelayotganim haqida bolalarimga xabar bera olmadim. Chunki telefonim sumkachamda ayol bergan omonat bilan Mubhamaning qo'lida ketgandi. Ammo institutda tahsil olayotgan o'g'lim keyingi reysda kelishim mumkinligini anglab, meni kutishga aeroportga chiqqan ekan.

Toshkent aeroportiga qo'narkanmiz, Allohga shukronalar aytdim. Aeroportdan chiqishimga o'g'lim kelib bag'rimga otildi. Omonatning egasi bilan ko'rishib, unga voqeani tushuntirdim va tong otgach, dugonamdan olib berishimni aytdim. Tongda shirin uyqudagi ikki dilbandimni bag'rimga bosib, ularning diydori aziz va bebaholigini yana bir bor his etdim.

O'g'lim dugonam kelgan kuni omonat egasi bilan aeroportga chiqishgani, samolyotdan ikki arava yuk bilan tushgan dugonamni eri, bolalari kutib olishganini aytdi. Mubhama o'shanda «Onang nodonligi uchun kechikib, reysdan qolib ketdi, ertaga keladi», deya mensimay paket va sumkachamni o'g'limga bermay ketganini eshitib, g'azabdan titrardim. Ertasiga omonatni va o'z narsalarimni olish uchun o'g'lim va Mahfuza opaning qizi bilan dugonamnikiga bordik. Mubhama o'rtamizda hech narsa bo'lmagandek, beorlarcha bizni kutib oldi.

— Voy, dugonajon, yaxshi yetib keldingizmi? Rosa diqqat bo'ldim-a. Chiptangiz borligi uchun ortimdan kelishingizni bilib, tinchlandim. Bolalaringiz qo'rqmabdimi, ishqilib?

Dugonam ko'rsatgan nayranglari uchun kechirim ham so'ramay, yuzimga tik boqqancha bidirlardi:

— Paketdagi narsa allambalo apparat ekan, postdan o'tkazishmadi. Narsalaringizni ham. Ularga pul qistirib, zo'rg'a o'tdim. Mana, sumkachangiz, teginganim yo'q. Kecha o'g'lingizga berish xayolimdan ko'tarilibdi.

— Axir apparat birovning omonati-ku? Mahfuza opaga endi nima deyman? Rostini ayting, qizil paket kecha qo'lingizda ekan, o'g'lim ko'ribdi. Nega uni o'g'limga bermadingiz? Vijdoningiz bormi o'zi?

— Hoy, nega uyimga kirib olib baqirasiz? Olib qolishgan bo'lsa, men nima qilay? Sizning narsalaringizga zormidim? O'zim bir dunyo narsa bilan kelganman. Ana, uyni ko'ring, narsalaringiz bo'lsa, oling-da, jo'nang! — deya peshgirlik qila boshladi Mubhama.

— Xudodan qo'rqsangiz bo'lardi, onasi bergan omonatni qaytaring bu qizga. Menikini bermasangiz ham mayli. Axir u qimmat narsa edi. Men qanday to'layman uning pulini? Sizni ona tuqqanmi o'zi?

— Qo'lingizdan olmaganimda nima qilardingiz? Xizmatga tuhmatmi endi? Men tufayli Turkiyani ko'rib kelganingizga rahmat deng. Aeroportda olib qolganidan keyin «Olib qoldi», deyman-da axir.

— Siz do'st emas, naq ilonning o'zi, firibgar ekansiz. Birovning omonatiga xiyonat qilganingiz uchun Alloh jazongizni bersin. Bermasangiz, shu narsa sizga sadaqa! Ketdik, diydasi tosh bu ayolga yalinish befoyda! — deya dugonamning uyidan chiqib ketdik.

Bir necha marta sim qoqqan Mahfuza opa mendan xafaligini aytdi. Men yo'qolgan narsalarni ishlab to'lashimni, dugonamning xiyonati tufayli ularni qiziga yetkaza olmaganimni tushuntirib, kechirim so'radim. Ammo bu befoyda edi.

Mahfuza opa meni qiynashni istamadimi, narsalaridan voz kechdi. Men ancha vaqt vijdon azobidan qiynaldim. Sog'lig'imga putur yetib, kasalxonada davolandim. Eng muhimi, ayyorlikda tulkini yo'lda qoldiradigan makkora dugonadan voz kechdim. Ammo unga nisbatan g'azab va nafrat yuragimdan hamon o'chgani yo'q. Bir-ikki marta yo'lda unga nogahon duch keldim va doimgidek «Dugona, yaxshimisiz?» deya tirjayganini ko'rib, teskari qaradim.

Qizig'i, yaqinda Mubhama bir tanishimni ko'rib, meni «Uyimga bir kelib ketsin, menda bir buyumi qolib ketgan, olib ketsin», debdi.

Men borishni ham, uni ko'rishni ham istamadim. Unda qolgan narsadan ham allaqachon voz kechganimni aytdim. Eshitishimga qaraganda, u hozir oilasidan ham ishidan ajralib, og'ir ahvolda qolgan emish.

Категория: Fantastik | Просмотров: 106 | Добавил: Admin | Теги: Dugonamning, nayrangi
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ