Логин:
Пароль:
Главная » 2018 » Январь » 12 » Chorsudagi sirli jumboq: shkaf ichidagi ayol faryodi
19:15
Chorsudagi sirli jumboq: shkaf ichidagi ayol faryodi
Chorsu dahasidagi uyga ko'chib o'tganimdan keyin tunlari ayol kishining faryodi eshitila boshladi. Avvaliga buning sababini tushunmadim, keyingi kunlari ham aynan shunday ovozlarni eshitganimdan so'ng qo'shnimdan surishtirdim.

— Bu xonadonda bir kampir yashaydi, aqldan ozib qolgan, o'g'li uni bir xonaga qamab qo'ygan, agar chiqarib yuborsa, boshqa oila a'zolariga xavf solishi mumkin, — dedi qo'shnim achingannamo. — Bechora, avvallari yaxshi edi, tuppa-tuzuk ishlab yurardi. Kutilmaganda aqldan ozib qoldi. Eshitishimga qaraganda, o'sha xonadonda bezovta ruh panoh topganmish. Menimcha, o'sha ruh kampirni aqldan ozdirgan. Uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishga o'g'li uyaladi.

Oradan ko'p o'tmay, ovozlar tinib qoldi. Shunday kunlarning birida yo'lakda yana o'sha qo'shnini ko'rdim.

— Anavi kampir olamdan o'tibdi, — dedi qo'shnim mahzun qiyofada. — Uni tongda shkaf ichidan topishibdi. Kampir nimadandir cho'chib, shkafga kirib olgan ekan. Men sizga aytgandim-ku xonadonda bezovta ruh bor, deb. Menimcha, o'sha ruh kampirning joniga qasd qilgan.

Dam olish kuni qo'shnim bilan yo'lakda suhbatlashib o'tirsam, ikki yoshgina yigit yonimizdan o'tib qoldi. Qo'shnim yigitlarni yoniga chorladi.

— Menga qaranglar, yigitlar, — biroz o'ylanib turib, gap boshladi qo'shnim, — ro'paradagi uyda ijaraga tura boshlabsizlar.

— Ha, shaharga o'qishga kelganmiz, anchagacha kvartira qidirdik, mana, nihoyat topdik. O'qishimizga ham yaqin ekan, — deya javob berdi Erkin ismli yigit. — Bundan tashqari, juda arzon narxda kelishdik.

— Yosh ekansizlar, balki, bunaqa narsalarga ishonmassizlar. O'sha xonadonda bezovta ruh bor, deb eshitganmiz. Tuppa-tuzuk yurgan kampir aqldan ozib, olamdan o'tganidan keyin xonadon egalari boshqa joyga ko'chib ketgan. Ehtiyot bo'linglar. Iloji bo'lsa, tezda boshqa kvartira topib, chiqib ketinglar.

— Biz bunaqangi narsalarga umuman ishonmaymiz, — kulib qo'ydi ikkinchi yigit Azimjon.

Qo'shnim bizdan uzoqlashgan yigitlarga afsus bilan qarab qoldi.

— Sanobarxon, bu xonadon bexosiyat, — deb bosh chayqab qo'ydi so'ng. — Avval ham mana shu xonadondagilarga ruh ko'ringan, bitta qizi aqldan ozib qolgandan so'ng arzonginaga sotib ketishgan. Endi birov bu uyni sotib olmaganidan keyin egalari ijaraga bergan ko'rinadi. Yigitlarni ogohlantirish kerak edi-da. Uy egalari yigitlarni aldagan. Pulini olyaptimi, uy haqida to'liq ma'lumot berishi shart edi.

Erkin bilan Azimjon umuman qo'shni ayolning gaplariga ahamiyat qilishmadi. Hatto qo'shnim ogohlantirganida ustidan kulishdi. O'sha kuniyoq tunda besaranjomlik boshlandi. Kutilmaganda lampochka kuyib qolardi. Yigitlar almashtirishi bilan bir soat o'tar-o'tmas yana lampochka kuyardi. Ertasi kuni elektrik chaqirtirishdi. Hamma joy tekshirildi, lekin bironta ham nosozlik topilmadi. Keyingi kunlarda esa yigitlarning narsalari turli joylarga o'tib qolar, ba'zan o'qishdan qaytishganda uy ostin-ustun qilingan bo'lardi.

— Anavi ayolning gaplari to'g'riga o'xshaydi, — deya o'ylanib qoldi Erkin kunlarning birida. — Balki, boshqa joy topganimiz ma'quldir.

— Esingni yeb qo'yibsan, — ensasi qotdi Azimjonning. — O'sha ayolning gapidan keyin cho'chiydigan bo'lib qolibsan. Ruh bu olamga o'tolmaydi, u bizga ziyon yetkazishi mumkin emas. Qo'rqqaning uchun hamma narsa vahimali ko'rinyapti.

* * *

Erkin cho'chib uyg'ondi, badanini sovuq ter bosib ketgandi. Tushiga bundan besh yil oldin olamdan o'tgan buvisi kirgandi. U oppoq kiyimda nabirasiga yaqinlashib, tezda bu xonadondan chiqib ketishini so'rardi.

Nonushta paytida Erkin tushini Azimjonga gapirib berdi.

— Bunaqa narsalarga e'tibor qilaverish kerak emas, — gapini qayirib tashladi Azimjon. — Hech qanaqangi ruh yo'q, tushundingmi, bugundan miyangga quyib ol.

— Tunov kuni o'qishdan qaytganimizda uydagi narsalar sochilib yotgandi-ku. Bunga nima deysan?

— Menimcha, uyning avvalgi egalarida yoki bizdan oldin turganlarda kalit bo'lgan. O'shalardan bittasi kelgan. Narsalarning ichidan nimanidir axtarishgan. Ikkimiz ham talaba, ortiqcha boylik yo'q. Arvohning bunday to'polon qilishi esa aqlga sig'maydi.

Erkinning tushiga tag'in buvisi kirdi. U go'zal bir bog'da kezib yurar, Erkinga duch kelganida ma'yus tortgancha:

— Bolaginam, tezda bu uydan chiqib ketishing kerak. Bu yerda bezovta ruh bor. U istagan paytida senga ziyon yetkazishi mumkin. Bolam, ehtiyot bo'l, chiqib ket! — dedi.

Erkin har safar sovuq terga botib uyg'onardi. Azimjon esa uning gaplariga e'tibor ham qilmasdi.

— Bizlar nechanchi asrda yashayotganimizni unutib qo'yibsan, do'stim, — ustidan kulardi Azimjon. — Menga mana shu xonadon ma'qul. Ha, aytgancha, ertaga tug'ilgan kunim, bir-ikkita do'stlarim kelishadi.

O'sha kuni Azimjon tug'ilgan kunini nishonladi. Do'stlari bilan dasturxon tuzashdi. Xonadonda g'alati narsalar sodir bo'la boshladi. Damlab qo'yilgan osh gaz balandlab ketgani uchun kuyib ketgandi. Kutilmaganda pastki qavatdagi qo'shni chiqib, yuvinish xonasidan suv oqayotganini aytib ogohlantirdi.

— Ana, ko'rdingmi, bizning to'polonimiz kimgadir yoqmayapti, — ma'noli qarash qildi Erkin. — Ertagayoq chiqib ketishimiz kerak. Ayniqsa, ichimlik olib kelinganligi kimgadir yoqmagan. Mana endi qo'shnining hammomini ta'mirlab berishimiz kerak.

— Kimdir jo'mrakni o'chirmagan, menimcha, Hasan bo'lsa kerak, u ichib olgandi, — bu safar ham Azimjon bahona topdi. — Kech bo'ldi, yotamiz, dasturxonni yig'ishtirish kerak.

Hasan shu kecha tunab qoldi. Ertalab Azimjon uyg'onganida Hasan oshxonada o'tirardi.

— Nega buncha erta uyg'onding? — so'radi ajablanib Azimjon. — Hali vaqtli, yotsang bo'lardi.

— Tuni bilan uxlolmadim, — ko'zlarini ishqalab, gap boshladi Hasan. — o'alati tush ko'rdim, tushimda shkafdan ayol kishining mungli ovozi eshitildi. U tezroq uydan chiqib ketishimni, yo'qsa, qandaydir bezovta ruhning qahriga uchrashimni, aqldan ozib qolishim mumkinligini aytib ogohlantirdi. Uyg'onib ketdim, qarasam, o'z-o'zidan shkafning eshigi ochildi. Qandaydir sharpa chiqib kelgandan so'ng oshxonaga o'tib oldim.

Azimjon Hasanning gaplaridan kuldi.

— Kamroq ichish kerak edi, hamma gap ichkilikda.

— Men ko'p ichmadim, aqlim joyida edi, — e'tiroz bildirdi Hasan. — Shkafning eshigi ochilib, sochlari to'zg'igan, ust-boshi yirtiq bir sharpa chiqdi.

Azimjon e'tibor qilmagach, Hasan nonushta ham qilmasdan chiqib ketdi.

* * *

— Darsdan so'ng qarindoshimiznikiga boraman, — dedi Erkin o'rtog'iga qarab. — Qo'rqyapti deb o'ylama. Qarindoshimizning tug'ilgan kuni, kech qolsam, o'sha yerda tunayman, ertaga to'g'ri institutga o'taman.

— Ha, tushunarli, — bu safar ham istehzoli kulib qo'ydi Azimjon. — Bir o'zi yota olarmikan, deb o'ylayapsan-da. Men umuman ruhlaru arvohlarga ishonmayman.

O'sha kuni Azimjon uyga kechroq qaytdi. Atrofga oqshom cho'ka boshlagandi. Ko'p qavatli uylarga yaqinlashgandi, xonasida chiroq yonib turganini ko'rdi.

«Axir Erkin bugun kelmayman, degandi-ku, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Bormagan ko'rinadi yoki meni yolg'iz qoldirmaslik uchun ertaroq qaytgandir».

Azimjon yo'lakka kirish oldidan yana tepaga qaradi. Shu mahal qandaydir ayol kishining sharpasi pardani ochib, tashqariga qaradi. Azimjon «Menga shunday tuyilgan bo'lsa kerak», deb tepaga yana qaradi. Endi ayol derazani ochib, tashqariga mo'raladi. Azimjon kirishini ham, qaytishini ham bilmay qoldi. Nariroqqa borib, uy oldidagi o'rindiqqa cho'kdi. Dam-badam derazaga qarab qo'yardi. Kutilmaganda deraza oldida Erkin ko'rindi.

— Meni qo'rqitmoqchi bo'lgan, uning gaplariga ishonmaganimga hazillashgan, — birdan hursand bo'lib, yo'lak tomon yurib ketdi Azimjon. — Obbo do'stim-ey, endi bunaqa hunar chiqaribdi-da.

Azimjon ichkariga kirib borganida oshxonada chiroq yonib turar, lekin Erkin ko'rinmasdi. Ostonada uning tuflisini ko'rib, uydaligini bildi-da, xonaga o'tib bordi. Lekin Erkin bu yerda ham yo'q edi. Azamat shkafni ochganida Erkin burchakka tiqilgancha turar, ko'zlari ochiq holda jonsiz qotib qolgandi. Azimjonning qichqirig'i butun uyni tutib ketdi. Tundagi hayqiriqni eshitib kirib kelgan qo'shnilar xona o'rtasida aqldan ozib, yerda o'tirgan Azimjonni ko'rishdi.
Категория: Detektiv | Просмотров: 74 | Добавил: Admin | Теги: Faryodi, ichidagi, Sirli, Ayol, shkaf, jumboq, Chorsudagi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Шаблоны для uCoz

Ресурс U-TORRENTINO.RU © 2013-2014 не содержит никакой нелегальной информации. На сервере хранятся только торрент-файлы содержащие в себе хеш-суммы файлов.

Любой торрент файл будет удален по требованию правообладателя. uCoz