<

Bo'kadagi tilsimot: tunda eshitiladigan vahimali ovozlar

Ilgari turli sharpalar haqidagi gaplarga ishonmasdim. Ammo…

Ish yuzasidan Bo'kaga ko'chib ketdik. O'z soham bo'yicha faqat shu joyda ish topgandim, xolos. Bo'ka menga ta'riflashganidan ham yaxshi joy ekan. Ayniqsa, tabiati yaxshi. Daraxtlar ko'p. Borgan zahotim ishga kirdim. Ishxonadagilar bilan tez til topishib ketdim. Xullas, hamma ishlarim ko'ngildagidek ketayotgandi. Ertalab uydan ishga, kechqurun esa ishdan uyga shoshilaman. Kunlar bir-birini quvib o'taverdi.

Shunday kunlarning birida ishim ko'payib qoldi. Aksiga olib, bemorlar oldingidan ko'proq edi. Bitta bemorning ahvoli kutilmaganda og'irlashib qoldi. Uning hayotini saqlab qolish uchun ancha harakat qildik. Bu paytda bor diqqat-e'tiborim bemorda bo'lar, boshqa hech narsaga e'tibor qilmasdim, hatto vaqt o'tayotgani ham bilinmasdi. Shu boisdan atrofga qo-rong'ilik yoyilib bo'lganini ishimni tugatganimdan so'nggina bildim. Ammo muhimi bu emasdi. Muhimi bemorning hayotini saqlab qolganimiz edi. O'zimda yo'q quvonib kasalxonadan chiqdim. Kech tushgan, havo biroz sovuqroq. Uyim esa shifoxonadan yarim soatlik yo'l. Uyim oldiga qatnaydigan yo'nalishli taksilar ham to'xtab bo'lgan. Aksiga olib, birorta mashina ham ko'rinmasdi. Hayron bo'ldim. Chunki, odatda, yarim kechasi ham mashinalar qatnab turardi. Ammo hozir mashina tugul birorta yo'lovchi ham ko'rinmasdi.

Noiloj piyoda yo'lga tushdim. Hamma yomon narsalar bekorchilikdan paydo bo'ladi, deganlari rost ekan. Kallamga har xil xayollar kelaverdi. Ayniqsa, yo'lning ikki chetidagi daraxtlarning shitirlashi qulog'imga vahimali tarzda eshitila boshladi. Aksiga olib, shamol tezlashdi-yu, bu vahimali ovozlar battar kuchaydi. Men esa bunga parvo qilmaslikka urindim. Shu payt telefon jiringlab cho'chitib yubordi. Rafiqam qo'ng'iroq qilayotgan ekan.

— Boryapman, — dedim uning salomiga alik olib, — xavotir olma. Yaqinlashib qoldim.

— Tezroq keling, dadasi, — deya vahima qila boshladi ayolim, — kechqurun bu yerda har xil ajinalar yurarkan, hushyor bo'ling, ish-qilib…

— Jim bo'l-e, — urishib berdim uni. — Maqsading meni qo'rqitishmi yoki dalda bo'lishmi?!

Telefonni o'chirib qo'ydim. «Ajinamish, kap-katta ayolning gapini qara. Yana shunaqa paytda ham aytasanmi?» deya xayolan koyindim.

Yo'ldan o'ngga qayrildim. Bu yer eng qo'rqinchli joy. Daraxtlar ko'p. Yana juda qorong'i bo'ladi. Bir narsaga hech tushunmayman, kechqurun Oy hamma joyga birdek nur sochadi. Lekin aynan shu yer negadir boshqa joylarga qaraganda qorong'iroq. Qadamimni tezlatdim. Yana bir-ikki da-qiqa shu tezlikda yursam, o'tib ketaman, qo'rquvim ham ortda qoladi. Shunday xayollar bilan endi qayrilib bo'lgandim hamki, kimningdir qattiq kulgisi eshitildi. Taqqa to'xtadim. Oyoqlarim turgan joyida qotib qoldi. «Balki, erkaklar gaplashib o'tirgandir», deb o'yladim. Ammo bu xayollarim o'zimni ovutishdan boshqa narsa emasligi kundek ravshan edi. Chunki bu joy haqida turli vahimali gaplar tar-qalgan, shundanmi, hech kim qorong'ida bu daraxtzor orasiga qadam bosmasdi. «Qo'rqqanga qo'sh ko'rinar», deganlaridek, ehtimol, mening ham qulog'imga eshitilayotgandir», degan xayolga bordim. Biroz jim turdim, hech narsa eshitmadim. Bu esa menga dalda bo'ldi: «Adashmabman, qulog'imga eshitilibdi». Beixtiyor yuzimga tabassum yugurdi. Tepalikdan tushib ketib, o'sha lahza qiynalib jon bergan, ammo uyg'onib ketgach, bu voqea tush ekanligini bilgan odamdek quvonib ketdim. Hatto ovozimni chiqarib:

— Tavba, yo'q narsadan ham qo'rqadimi odam? — deb ham qo'ydim.

— Ey, Eshmat, seni qara-yu, nega bunday qilasan-a?

Gapirib bo'lganimdan keyin eshitilgan bu ovozdan cho'chib tushdim. Yon-atrofga qo'rqa-pisa alangladim. Lekin hech kim ko'rinmasdi. So'ng sekin daraxtzor tomonga qaradim. U tomonda ham jimjitlik. Shu payt bir daraxtning shoxi shitirladi. Keyin qandaydir ovozlar eshitildi. Faqat bu safar hech narsani tushunmadim. Bu ovoz odamnikimi, shamolnikimi, bilib ham bo'lmasdi. Oyog'imni qo'limga olgancha yugurdim. Kap-katta odam nimadandir qo'rqib, uyiga chopib kelsa, g'alati ko'rinadi. Shu boisdan uyga kelib, eshikni taqillatdim-u, o'zimni xotirjam tutishga urindim. Biroq ayolim mendagi o'zgarishni sezdi.

— Terlab ketibsizmi? — dedi xavotir aralash tikilib. — Nima bo'ldi?

— Tinchlik, tinchlik. Shunchaki yugurgim keldi!

Boshqa hech narsa demasdan uyga kirib, kiyimimni almashtirdim. Keyin yuz-qo'limni muzdek suvga yuvdim. Biroz o'zimga kelgandek bo'ldim.

— To'g'risini ayting, nima bo'ldi, rangingizda rang yo'q! — ayolim tepamda parvona bo'la boshladi.

— Hech nima, hammasi yaxshi, juda charchadim. Uxlamoqchiman!

— Ovqatlanmaysizmi?

Shunday paytda odamning tomog'idan ovqat o'tarmidi. Rafiqamga qornim to'qligini ayt-dim-da, joyimga kirib yotdim. Uxlashga harakat qildim. Chunki bir uxlab tursam, hammasini unutarman, deb o'yladim. Bunaqa vaziyatga ilgari sira tushmaganim uchun meni vahima chulg'ab olgandi. Ko'zimni yumdim deguncha o'sha daraxtlarning shitirlashi ko'z oldimda gavdalanaverdi. Qulog'im ostida esa «Ey, Eshmat, seni qara-yu, nega bunday qilasan-a?» degan ovoz qo'ng'iroqdek jaranglab turardi. Bir u yonimga ag'darilaman, bir bu yonimga. Xuddi shunday qilsam, hamma narsa oson unutiladigandek. Biroq shu kecha tuzuk uxlay olmadim. Bir amallab tong ottirdim. Ertasi kuni ertalab esa nonushta qilarkanman, xotinimning gapi karaxt ahvolga solib qo'ydi:

— Kecha aytish yodimdan ko'tarilibdi. Narigi mahallaga ta'ziyaga chiqarkansiz.

— Ta'ziyaga? Nega? Kim o'tibdi?

— Eshmat aka degan usta bor edi-ku, Lola opaning eri. O'sha kishi o'tib qolibdi!

— Nima?! Hali yosh edi-ku!

— Bu ham bir baxtsizlik-da! Kecha kunduzi bo'kib ichgan ekan. Uyiga kelib, uxlabdi-yu, qaytib turmabdi. Kun issig'ida ichkilik zo'rlik qilgan, shekilli! Odamlar shunaqa deyishyapti.

Lop etib xayolimga kecha kuchqurun daraxtzordan eshitilgan ovoz keldi. Demak, bejizga emas ekan-da. Bu ovoz chindan ham rahmatli Eshmat akaning o'limi bilan bog'liqmikin?

Shu voqeadan ke-yin yana ikki-uch marta muyulishdagi daraxtzor oldidan o'tishga majbur bo'ldim. Ammo bu safar hech qanday ovozlar eshitilmadi. O'sha kungi voqea esa men uchun hanuz jumboq bo'lib qolmoqda.

Категория: Detektiv | Просмотров: 139 | Добавил: Admin | Теги: ovozlar, eshitiladigan, tunda, vahimali, tilsimot, Bo'kadagi
«Betakror.Uz» telegram каналига қўшилинг ва энг сўнгги янгиликлардан хабардор бўлинг!

Поделиться

АВТОРИЗАЦИЯ НА САЙТЕ